Toshkentning «Lokomotiv» va «Bunyodkor» klublari Oliy liganing 2017 yilgi mavsumida ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi, deb yozadi "Daryo.uz" nashri. Sergey Lushchan boshqaruvidagi «Bunyodkor» o‘z maydonida «Qizilqum»ni qabul qilib, 0:1 hisobida yengildi. Bunga qadar «qaldirg‘ochlar» «So‘g‘diyona» ustidan 1:0 hisobida zafar quchgan, «Olmaliq» hamda «Obod» bilan durang o‘ynagandi.
«Lokomotiv» esa «Sho‘rtan» maydonida 2 ta gol farqi bilan mag‘lub bo‘ldi — 0:2. O‘yinga ikki kun vaqt qolganida «Sho‘rtan» bosh murabbiy Aleksandr Volkovni iste’foga chiqargan va ikki futbolchi bilan shartnomani bekor qilgandi. Shundan keyin klub O‘zbekiston chempioni ustidan zafar quchishga erishdi.