“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 03 2024, 04:56
ЎЗO‘Z

Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylarga tabrik yoʻlladi

28 sen, 22:50 6 792 O‘zbekiston
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylarga tabrik yoʻlladi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi. Prezident matbuot xizmati davlat rahbarining tabrigi matnini eʼlon qildi.

Muhtaram ustozlar!

Qadrli doʻstlar!

Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda oʻz hayotini yosh avlod tarbiyasidek sharafli ishga bagʻishlagan barcha yurtdoshlarimizni
1 oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bogʻliq” degan soʻzlari sizlarning mashaqqatli, ayni vaqtda olijanob faoliyatingizga berilgan yuksak bahodir, desak, oʻylaymanki, adashmagan boʻlamiz.

Haqiqatan ham, biz oʻzimizdagi jamiki yaxshi fazilatlar, hayotda erishayotgan barcha yutuqlarimiz uchun siz, azizlardan umrbod qarzdormiz.

Ushbu qutlugʻ ayyomda sizlarning shaʼningizga eng goʻzal soʻzlar, ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, barchamizning kamol topishimiz, jamiyatda munosib oʻrin egallashimizda bor bilim va tajribasini, qalb haroratini baxsh etib kelayotgan mehridaryo ustozlarimizga chin yurakdan minnatdorlik bildiramiz.

Hurmatli doʻstlar!

Barchamiz yaxshi tushunamiz, taʼlim-tarbiya – har qaysi davlat va jamiyatning nafaqat bugungi, balki ertangi kunini ham hal qiladigan eng muhim va ustuvor masaladir.

Shuning uchun mamlakatimizda bu masalaga davlat miqyosida ulkan eʼtibor qaratilmoqda.

Bu haqda gapirganda, oxirgi vaqtda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini mutlaqo yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladigan bir necha muhim qarorlar haqida alohida toʻxtalishni oʻrinli, deb bilaman.

Avvalo, 2017 yil 30 sentyabrda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq yurtimizda birinchi marta Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Shu asosda oʻtgan qisqa davrda ushbu tizim tubdan yangicha negizda tashkil etilgani, 980 dan ortiq bogʻcha qurilib, ishga tushirilgani, bu maskanlarda taʼlim-tarbiya ishlari mazmun va sifat jihatidan eng ilgʻor usul va vositalar yordamida olib borilayotganini qayd etish lozim.

Yana bir muhim hujjat – 2018 yil 14 avgustda qabul qilingan Prezident qaroriga binoan boshlangʻich va yuqori sinf oʻqituvchilarining maoshlari tenglashtirildi, yangi yildan boshlab mutaxassis oʻqituvchilarning oshirilgan oylik ish haqi miqdori 54 foizga, oliy toifali pedagoglarniki esa 64 foizga yetishi koʻzda tutilmoqda.

Shu bilan birga, pedagog xodimlarni namunaviy arzon uy-joylar, avtotransport vositalari bilan taʼminlash maqsadida uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berish, ularning oila aʼzolariga tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kreditlar ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Ana shu ishlarning davomi sifatida shu yil
 5 sentyabrda qabul qilingan “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni soha taraqqiyotida yangi ufqlar ochib beradi, deb oʻylayman.

Farmonda, jumladan, xalq taʼlimi muassasalarini boshqarish tizimini takomillashtirish, moddiy-texnik va oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash, nodavlat umumtaʼlim maskanlari tarmogʻini yanada rivojlantirish, “Zamonaviy maktab” davlat dasturini tayyorlash, ishlab turgan pensioner oʻqituvchilarga pensiyalarini toʻliq miqdorda toʻlash kabi masalalar aniq belgilab qoʻyilganidan sizlar albatta xabardorsiz.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Yangi oliy oʻquv yurtlari bilan birga chet eldagi nufuzli universitetlarning filiallari ochilmoqda, oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari oshirilmoqda, koʻpgina yoʻnalishlar boʻyicha sirtqi boʻlimlar faoliyat koʻrsatmoqda.

Bularning barchasi taʼlim-tarbiya jarayonlarining sifati va darajasini zamon talablari asosida tubdan yaxshilash, zahmatkash ustozlarimiz, mazkur sohada faoliyat koʻrsatayotgan barcha fidoyi insonlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish, ularning qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ayniqsa ahamiyatlidir.

Yurtimizda joriy yil Investitsiya dasturi doirasida 356 ta taʼlim muassasasida 684 milliard 700 million soʻmlik, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari boʻyicha esa 371 ta umumtaʼlim maktabida 424 milliard soʻmdan ziyod qurilish-rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, shu yil avgust oyiga qadar davlat byudjetidan 12 trillion 366 milliard soʻm yoki yalpi xarajatlarning 26 foizdan ziyodi aynan taʼlim-tarbiya sohasiga yoʻnaltirilganini hisobga oladigan boʻlsak, ushbu tizimdagi islohotlarimizning koʻlami va miqyosi yanada yaqqol ayon boʻladi.

Albatta, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulkan ishlarning amaliy taʼsiri va natijadorligini taʼminlashda oʻqituvchi va murabbiylarning oʻrni va roli beqiyos ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Shuning uchun ham yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallagan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli insonlar etib voyaga yetkazishda avvalo sizlarga tayanamiz.

Ayniqsa, butun dunyoda murakkab va tahlikali vaziyat hukm surayotgan hozirgi vaqtda yoshlar hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishda sizlarning ibratli faoliyatingiz ulkan ahamiyatga ega.

Shu boradagi oʻta masʼuliyatli vazifalar sizlardan oʻz ustingizda tinimsiz ishlash, farzandlarimizni yangicha tafakkur, yuksak insoniy tuygʻular bilan oshno etish, ularda mustaqil va ijodiy fikrlash qobiliyatini uzluksiz rivojlantirib borishni talab etmoqda.

Ishonchim komil, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, Vatanimizning har bir farzandini oʻz bolasidek sevib, ardoqlab, ularni barkamol insonlar etib tarbiyalash uchun sidqidildan mehnat qilayotgan siz, hurmatli Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylari bu vazifalarni albatta sharaf bilan ado etasiz.

Bu yoʻlda sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlash, barcha zarur sharoitlarni yaratib berish uchun davlatimiz va jamiyatimiz oʻzining bor kuch va imkoniyatlarini bundan buyon ham ayamaydi.

Aziz va muhtaram ustozlar!

Barchangizni bugungi umumxalq bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Olijanob va masʼuliyatli faoliyatingizda kuch-gʻayrat, yutuq va omadlar, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman

Hech qachon kam boʻlmang, mehribon ustozlar!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti




Mavzuga oid yangiliklar
  • Prezidentning yangi qarori bo‘yicha ma’lumot berildi 30 apr, 19:54 529
  • O‘zbekistonning demografik ko‘rsatkichlari e’lon qilindi 28 apr, 13:43 135
  • “O‘zgidromet” 29 aprel kuni kuzatiladigan ob-havo prognozini e’lon qildi 28 apr, 11:05 119
  • «O‘zgidromet» 26 aprel kuni uchun ob-havo prognozini e’lon qildi 25 apr, 16:10 210
  • «O‘zgidromet» 23 aprel kuni uchun ob-havo prognozini e’lon qildi 22 apr, 12:20 144
  • O‘zbekistonda 22 aprel kuni kuzatiladigan ob-havo ma’lumoti 22 apr, 00:55 174
  • So'nggi yangiliklar
  • Rossiya kubogi. SSKA ilk o‘yinda Zenit bilan durang o‘ynadi, Fayzullayev zahiradan tushirildi 02 мая, 23:39 64
  • U-23 Osiyo kubogi. Iroq 3-o‘rinni va Parij Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi 02 мая, 23:35 73
  • Kuleba Rossiya qachon muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligi haqida gapirdi 02 мая, 23:30 126
  • Keksayganda ham yosh ko‘rinish uchun qanday hayot tarzini kechirish kerak? 02 мая, 23:23 35
  • Shifokor kartoshkaning ayrim zararlarini ochiqladi 02 мая, 23:02 56
  • Turkiya Isroil bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatdi 02 мая, 22:50 131
  • Makron Yevropaga tahdid solayotgan uchta xavf haqida gapirdi 02 мая, 22:07 194
  • O‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmalar uzoqqa bormaydi 02 мая, 21:28 120
  • Turkiya Kurdiston ishchi partiyasiga aloqador 43 nafar terrorchini yo‘q qildi 02 мая, 21:20 28
  • Surxondaryoda dunyodagi eng katta so‘zana tikildi 02 мая, 20:36 36
  • Samarqandda haydovchidan pora so‘ragan YPX xodimlari ishdan bo‘shatildi 02 мая, 20:33 105
  • Navoiyda YPX xodimlari ko‘z oldidagi qoidabuzarlikka ko‘z yumdi 02 мая, 19:45 151
  • Bo‘limlar