“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 04 2024, 02:04
ЎЗO‘Z

«Qo‘qon shamoli» — oddiy bo‘lmagan oddiy film

07 okt, 22:35 3 903 Madaniyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
«Qo‘qon shamoli» — oddiy bo‘lmagan oddiy film Foto: «Telegram»
Oxirgi yillarda Qo‘qon mavzusi trendga chiqib qolganini sezyapsiz, chog‘i. Gap faqat yaqinda o‘tgan festivalda emas, albatta.
Shanba kuni «Qo‘qon shamoli» filmining yopiq premerasida bo‘ldik. Film haqida fikrlarim bir-biriga qarshi, taassurotlarim qorishiq.

Avvalo, yutuqlar haqida
Mavzu va davr juda to‘g‘ri tanlangan. Film bundan uch asr ilgari Qo‘qon xonligining eng yorqin va ziddiyatli davri haqida hikoya qiladi. Ya’ni shoira Nodirabegim va uning turmush o‘rtog‘i Amir Umarxon haqida.

Amir Umarxonni Nodirabegimning eri sifatida tilga olishimda aslo feministik asos yo‘q, shunchaki odatga ko‘ra aytdim. Chindan ham bizda doim Mohlaroyim siymosi eridan ustunroq, balandroq qo‘yib kelingan (sovet propagandasi ta’siri). Film shu afsonani yo‘qqa chiqarishga harakat qiladi, ya’ni davr va voqealar markaziga Umarxonni olib chiqadi. Olib chiqqanda ham shoir emas, hukmdor sifatida ko‘rsatishni maqsad qilib oladi.

Xonliklar davri, xonlar saroyi, taxtu saltanat katta fitnalar va fojialar makoni ekani sir emas. Film shunday fitnalardan birini fosh qilish ustiga qurilgan, ya’ni Amir Umarxonning taxtga o‘tirishini legitim ekanini isbotlamoqchi. Chunki tarixda Umarxon akasi Olimxonni o‘ldirib taxtga chiqdi, keyin esa jiyani o‘smir Shohrux mirzoni ham o‘ldirib, taxtini da’vogarlardan xoli qildi degan qarash bor. Ijodkorlar Umarxonni oqlashni istaydilar va bunga bir qadar muvaffaq ham bo‘ladilar.

Umarxon va Nodirabegim roliga tanlangan aktyorlar menga juda yoqdi, shunchaki ekranda chiroyli ko‘rinib qolmay, o‘ziga xos jozibasi va viqori bor, «fakturnыy» aktyorlar ekan.

Jang sahnalari dinamikali, ishonchli va qiziq chiqqan.

Esda qoladigan sahnalari ham bor: masalan, fitnachi kampirning bo‘riga tiriklay yem qilinishi (kampir, aytgancha, Yo‘ldosh A’zamovning «O‘tkan kunlar» filmidagi ayyor Jannat xolaga quyib qo‘ygandek o‘xshaydi).

Yana bir muhim jihat: rejissyor Dilmurod Masaidov bugungi kunda o‘zimizda olinayotgan tarixiy filmlar uchun urf bo‘lgan «Muhtasham yuz yil» yoki «Jumong» kabi seriallarga ergashish an’anasidan voz kechgan. O‘zimizga qadrdon «Navoiy» yoki «Bobur» videoseriallari an’anasini davom ettirgani menga yoqdi.

Rahmatli aktrisa Gulbahor Yo‘ldosheva esa alohida mavzu — amirlar Olimxon va Umarxonning onasi Ulyo xonim rolini maromiga yetkazib o‘ynash bilan birga (Gulbahor opaning maromiga yetmagan rolini bilmayman), og‘ir kasal holida, saraton bilan kurasha turib umrining so‘nggi kunlarida ishni nihoyasiga yetkazgani qoyil qoldiradi, ta’sirlantiradi, kartina uchun qayg‘uli ham ayni vaqtda yoddan o‘chmaydigan chizgi beradi. Ulyo xonim obrazi asardagi asosiy personajlardan, jarayonga kamerton vazifasini o‘tagan shaxs bo‘lib gavdalangan. Kuchli shaxsga — kuchli obraz.

Endi kamchiliklari to‘g‘risida
Nazarimda, film biroz cho‘zilib ketgan. Tomoshabinni kiprik qoqmay o‘tirishga majburlaydigan nimadir yetishmayapti. Bir tashqariga chiqib kelsangiz ham, ko‘p narsa yo‘qotmaydigandeksiz.

Ko‘p sahnalar tet-a-tet va davra suhbatlariga ketib qolgan. Ya’ni dinamika, syujet evrilishlari, kulminatsiya bo‘rtiqligi yetarli darajada emasdek tuyuldi. «Termiziy» filmida ham shunday his paydo bo‘lgandi.

Kartina katta fitnani fosh qilishga bel bog‘lagan, lekin o‘sha fitna syujetga to‘liq singdirib yuborilmay, eng qaymog‘i, ya’ni muhim tafsilotlari va yechimi bir personaj tilidan ikki og‘iz gap bilan aytib qo‘yaqolindi. «Vau» effekt bo‘lmadi, xullas.

Ijodkorlar «biz shoir emas, shohni ko‘rsatmoqchi edik» deganlari uchun bir kartinada uchta zabardast shoiri davron (Amiriy, Gulxaniy, Nodira) bo‘lgani holda, ularning bironta she’ri o‘qilmaganini, mayli, kechiramiz (yo‘q, sal adashdim, Gulxaniy va Amiriydan bir-ikki baytlar aytildi.).

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, katta byudjetli «Skorpion»dan yaxshiroq asar (byudjeti ularga nisbatan kamxarj ekan, bilsak). O‘sish bor. Ammo tarixiy filmlar suratga olish maktabini boy berganimiz sezilyapti va bu sohada hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ayniqsa, qozoqlarning «To‘maris» filmiga ishlangan treylerni ko‘rib, alamdan yig‘lavoray dedim...

Lekin, baribir, «Qo‘qon shamoli»ni bir ko‘rish kerak: tarixni o‘rganish, xulosa chiqarish, chiroyli saroylar, kostyumlar, personajlar va jang sahnalaridan mazza qilib bahra olish uchun.

Manba: Xabar.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • Baxt aslida nimadaligini tushunishga yordam beradigan 5 ta film 03 мая, 11:37 72
  • Surxondaryoda dunyodagi eng katta so‘zana tikildi 02 мая, 20:36 74
  • Rassom oddiy narsalardan sehrli va qiziqarli san’at asarlari yaratmoqda 01 мая, 20:33 41
  • Internet-qaroqchilik. Buning uchun qanday javobgarlik bor? 30 apr, 15:37 170
  • Shahrisabzda turizm bo‘yicha xalqaro tadbir o‘tkazildi 27 apr, 13:50 64
  • O‘zbek telekanallarida har shanba «Milliy kino kuni» o‘tkaziladi 26 apr, 06:46 49
  • So'nggi yangiliklar
  • Timur Kapadze Yaponiyaga qarshi kechgan finaldan so‘ng nimalar dedi? 04 мая, 00:43 37
  • O‘zbekiston OTJ U-23 Osiyo kubogi "Fair Play" sovrini bilan taqdirlandi 04 мая, 00:35 13
  • O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda chiqindilarni yoqish zavodi quriladi 04 мая, 00:23 4
  • Ukraina bosh vaziri: “Rossiya urush davomida Ukrainada 250 mingdan ortiq turar joy binosini vayron qildi” 04 мая, 00:03 11
  • O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlarining "S" guruhidan joy oldi 03 мая, 23:35 110
  • U-23 Osiyo kubogi. Abduvohid Ne’matov turnirning eng yaxshi darvozaboni deb topildi! 03 мая, 23:25 55
  • Oltmish yillik muhabbat: 86 yoshli qariya o‘z kursdoshiga uylandi 03 мая, 23:20 37
  • Rossiyada o‘zbekistonlik qul savdogari qo‘lga olindi 03 мая, 23:15 131
  • Iroq qarshilik kuchlari Isroil poytaxtiga havo hujumi uyushtirdi 03 мая, 23:07 136
  • Shaxmat. Nodirbek Abdusattorov "TePe Sigeman" turnirida chempion bo‘ldi 03 мая, 23:03 48
  • U-23 Osiyo Kubogi. O‘zbekiston so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi va 2-o‘rin bilan yakunladi 03 мая, 22:43 80
  • Bayden: “AQSH butun dunyoda matbuot erkinligi bo‘g‘ilishiga javoban sanksiyalar joriy qilmoqchi” 03 мая, 22:39 78
  • Bo‘limlar