“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 04 2024, 06:43
ЎЗO‘Z

Enrike Iglesias konsertining faol yoshlarga bepul tarqatilgan chiptalari 5 mln so‘mgacha sotildi...

28 dek, 23:20 6 798 Madaniyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Enrike Iglesias konsertining faol yoshlarga bepul tarqatilgan chiptalari 5 mln so‘mgacha sotildi... Ispaniyalik jahonga mashhur xonanda Enrike Iglesias bugun 28 dekabr kuni Toshkentdagi «Istiqlol» san’at saroyida konsert berdi. «Mehmon otangdan ulug‘» deyishganidek, Iglesias sabab taniqli so‘z ustasi Obid Asomovning uch kunlik konsertidan bir kuni 2018 yilga o‘tib ketdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu konsert Alisher Usmonovdan O‘zbekiston yoshlariga Yangi yil sovg‘asi ekani aytildi. Enrike Iglesias Facebook’dagi sahifasida «Toshkentdagi konsert chiptalari allaqachon sotuvda!», deb yozgani bilan, chiptalar faqat faol va iqtidorli yoshlarga tarqatilishi ma’lum qilindi.
Lekin…«Chiptalar sotilmaydi, faol va iqtidorli yoshlarga sovg‘a qilinadi», deyishgandi…

Enrike Iglesiasning Toshkentda konsert berishi haqidagi gap-so‘zlar dekabr oyi o‘rtalarida, Robbi Uilyamsning konsertidan so‘ng paydo bo‘lgan edi. «Istiqlol» san’at saroyi direktori Isroil G‘ulomov 19 dekabr kuni «Daryo»ga bergan qisqa intervyusida ispaniyalik xonanda haqiqatan ham 28 dekabr kuni Toshkentda kuylashini tasdiqlab, «chiptalar narxi hozircha ma’lum emasligi»ni bildirgan edi.

Isroil G‘ulomov konsertga chipta sotilmasligi, barcha tomoshabinlar unda taklifnoma asosida mehmon bo‘lishi haqida 23 dekabr kuni «Daryo»ga ma’lum qildi. Shu kuni «Nuz.uz» nashri Enrike Iglesiasni Toshkentga rossiyalik milliarder Alisher Usmonov olib kelayotgani, konsert chiptalari Madaniyat vazirligi va Yoshlar Ittifoqi, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlari va Mehribonlik uylari orqali iqtidorli, faol yoshlarga tarqatilishi haqida xabar berdi.

Bundan tashqari, o‘qishda va jamoatchilik ishlarida ma’lum bir yutuqlarga erishgan o‘quvchi va talabalar ham ispaniyalik xonandaning konserti chiptalarini bepul qo‘lga kiritishi mumkinligi aytilgan edi. Bu gaplar tasdig‘i o‘laroq, 26 dekabr kuni Xalqaro press-klub O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligining milliarder Alisher Usmonovga yo‘llagan tashakkurnomasini e’lon qildi.

«Bizga beg‘araz asosda taqdim etilgan chiptalar davlat stipendiyalari sohiblariga aylangan iqtidorli talabalar hamda ota-onasiz talabalar orasida tarqatildi… Yordamingiz — mamlakatimizda xayriya ishini rivojlantirishga qo‘shilgan bebaho hissa… Ota-ona mehrisiz qolgan talabalar muammolariga befarq munosabatda bo‘lmaganingiz uchun samimiy tashakkurimizni aytamiz», — deyilgan edi vazirlik tashakkurnomasida.

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi 24 dekabr kuni o‘zining Telegram’dagi kanalida tashkilot Enrike Iglesiasning konsertiga chipta tarqatayotgani haqidagi xabarlarni «mish-mish» deb atab, «bu gap-so‘zlar hech qanday asosga ega emasligi» haqida bayonot berdi. 26 dekabr kuni esa tashkilot rahbari Qahramon Quronboyev «Yoshlar Ittifoqi ushbu konsert uchun o‘ziga ajratilgan bepul taklifnomalarni iqtidorli va eng faol yoshlarga tarqatayotgani» haqida xabar berdi.

«Daryo» muxbiri 28 dekabr — konsert bo‘ladigan kun tongida «Istiqlol» san’at saroyida bo‘lib, chiptalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi. Saroy atrofida o‘nlab chiptafurushlar faoliyat olib bormoqda. Ular, albatta, faqat Enrike Iglesiasning konserti chiptalarini sotish bilan shug‘ullanayotgani yo‘q, lekin ular uchun ham bugungi kunning bosh mavzusi — shu ispaniyalik xonanda. Eng qimmat chiptalar ham uning konsertiga.

«Daryo» muxbiriga to‘qnash kelgan birinchi chipta olibsotari balkondan bitta bileti borligini, 600 ming so‘mga sotishini aytdi. «Balkonning biletlarini 800 ming — 1 million so‘mdan sotishyapti. Ustiga bor-yo‘g‘i 100—200 ming so‘m qo‘yib sotyapmiz, xolos», — deydi chiptafurush. Uning aytishicha, ikkita yonma-yon o‘rinli chiptalarni topishning deyarli imkoni yo‘q.

«Juda yonma-yon bo‘lmasa ham, yon-atrofidan qilib bera olamiz, so‘rab-surishtirib. O‘zi rasman sotuvda yo‘q bu biletlar, biz shu yo‘q narsani ham topib beryapmiz», — deydi olibsotar. Bu, katta ehtimol bilan, tegishli tashkilotlar orqali bittadan chiptani qo‘lga kiritgan shaxslar ularni olibsotarlarga sotib ketayotganini anglatishi mumkin.

Ikkinchi olibsotar 500 ming so‘mga balkondan joy olib bo‘lmasligini aytdi. «Balkon chiptalarini 700—800 ming so‘mdan sotyapmiz. Ikkita olsangiz, balki, 650 mingdan qilib berishar bolalar, lekin shunda ham yonma-yon bo‘lmaydi». Balkondagi ba’zi o‘rinlar 1 million so‘mgacha bo‘lgan narxda, zaldagi joylar esa 5 million so‘mgacha narxda sotilayotganini aytdi. «Zaldan 2,5 million so‘mga ham chipta topolmaysiz», — dedi u. Chiptafurushning aytishicha, bunday qimmat narxga konsertga tushgandan tushmagan yaxshi. «Lekin bu Enrike-da!», — deb qo‘shimcha ham qilib qo‘ydi.

Ayni vaqtda, u chet ellik xonandaning konserti chiptalari bu qadar qimmatligida chiptafurushlarni ayblash noo‘rinligini ta’kidladi. «Huv anavi yerda turgan ko‘zoynakli bolani ko‘ryapsizmi, sizga o‘xshagan oddiy bir bola. Tekinga olgan to‘rtta biletini 11 million so‘mga bermayapti. Tekinga olganini o‘zi tan olib turibdi, yigitlar naqd 11 million so‘mni shunday olib kelib berishdi, yo‘q deb turibdi. Yana ham qimmatroqqa sotmoqchi ekan. Biz shundan olgan biletimiz ustiga 100 ming so‘m qo‘yib sotsak, ko‘zingizga qanday ko‘rinamiz? Kim yomon? Biletchi yomon», — dedi biletchi.

Olibsotarlardan birining aytishicha, Iglesiasning konserti uchun san’at saroyining sahnasi «xuddi Yevropadagidek» o‘zgartirilgan — sahna o‘rtasidan zal tomon yo‘lak qurilgan. Shu bois zalning markaziy qismidagi o‘rindiqlardan bir qismi olib tashlangan (ushbu xabar tayyorlanayotgan vaqtda bu ma’lumotni «Istiqlol» san’at saroyi vakillaridan tasdiqlatish imkoni bo‘lmadi). Ma’lumot uchun, «Istiqlol» 3982 tomoshabinga mo‘ljallangan.

PS. Enrike Iglesiasning Moskvadagi konsertida u bilan tengma-teng qo‘shiq kuylagan o‘zbekistonlik Ulug‘bek Ismoilov ispaniyalik xonandaning Toshkentdagi konsertiga ikkita chipta olgani haqida Instagram’dagi sahifasida e’lon qildi. U — o‘zbek shou-biznesiga aloqador faol shaxslardan biri, biroq Yoshlar Ittifoqiga a’zomi yoki O‘zbekistondagi biror oliygohning a’lochi talabasimi — bu noma’lum. Katta ehtimol bilan, u ham yo «Daryo» muxbiri ko‘rgan olibsotarlardan biri bilan uchrashgan, yoki konsert tashkilotchilaridan chipta olgan — har holda, uni Enrike Iglesiasning o‘zi ham taniydi.

Manba: daryo.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • Baxt aslida nimadaligini tushunishga yordam beradigan 5 ta film 03 мая, 11:37 72
  • Surxondaryoda dunyodagi eng katta so‘zana tikildi 02 мая, 20:36 74
  • Rassom oddiy narsalardan sehrli va qiziqarli san’at asarlari yaratmoqda 01 мая, 20:33 41
  • Internet-qaroqchilik. Buning uchun qanday javobgarlik bor? 30 apr, 15:37 170
  • Shahrisabzda turizm bo‘yicha xalqaro tadbir o‘tkazildi 27 apr, 13:50 64
  • O‘zbek telekanallarida har shanba «Milliy kino kuni» o‘tkaziladi 26 apr, 06:46 49
  • So'nggi yangiliklar
  • Husiylar O‘rtayer dengizida Isroilga ketayotgan kemalar o‘qqa tutilishini e’lon qildi 04 мая, 06:00 0
  • "Al Vahda" OCHL finalchisini mag‘lub qilib, Liga kubogini qo‘lga kiritdi! 04 мая, 05:33 17
  • Vashingtondagi maktabda otishma sodir bo‘ldi 04 мая, 05:23 13
  • Timur Kapadze Yaponiyaga qarshi kechgan finaldan so‘ng nimalar dedi? 04 мая, 00:43 130
  • O‘zbekiston OTJ U-23 Osiyo kubogi "Fair Play" sovrini bilan taqdirlandi 04 мая, 00:35 66
  • O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda chiqindilarni yoqish zavodi quriladi 04 мая, 00:23 18
  • Ukraina bosh vaziri: “Rossiya urush davomida Ukrainada 250 mingdan ortiq turar joy binosini vayron qildi” 04 мая, 00:03 38
  • O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlarining "S" guruhidan joy oldi 03 мая, 23:35 176
  • U-23 Osiyo kubogi. Abduvohid Ne’matov turnirning eng yaxshi darvozaboni deb topildi! 03 мая, 23:25 86
  • Oltmish yillik muhabbat: 86 yoshli qariya o‘z kursdoshiga uylandi 03 мая, 23:20 66
  • Rossiyada o‘zbekistonlik qul savdogari qo‘lga olindi 03 мая, 23:15 205
  • Iroq qarshilik kuchlari Isroil poytaxtiga havo hujumi uyushtirdi 03 мая, 23:07 190
  • Bo‘limlar