Bir muddat avval Telegram messenjerida xonanda Sardor Rahimxonning vafot etgani haqida asossiz xabarlar tarqatish orqali Telegram-kanallarga yangi obunachilarni to‘plash amaliyoti boshlangan edi, deb yozadi "Daryo" nashri.
«O‘zbekiston estrada yulduzi Sardor Rahimxon baxtsiz hodisa sabab olamdan ko‘z yumdi», — degan gapdan so‘ng, «Barcha ma’lumotlar mana bu erda» deb maxsus havola ko‘rsatilgan va uni bosgan foydalanuvchi u yoki bu Telegram-kanalga obuna bo‘lgan.
Xonandaning o‘zi Instagram’dagi sahifasi orqali mazkur holatga munosabat bildirdi: «Ramazon oyida birovning ko‘nglini ranjitish gunohi og‘ir. Birovga o‘lim tilagandan ko‘ra, o‘ziga umr tilasa bo‘lardi. Azizlar, bunday gap-so‘zlarga e’tibor bermang. Xudoga shukr, sog‘-salomatman. Alloh bunday insonlarga o‘zi jazo bersin, yaxshisi, insof bersin».