Muhokama uchun eʼlon qilingan hujjatga koʻra, qonunning 29-moddasi (Harbiy xizmatdan boʻshatish) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan boʻshatish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:1) yosh boʻyicha – u harbiy xizmatda boʻlishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida, shu jumladan belgilangan tartibda uzaytirilgan harbiy xizmat muddati tugaganda;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda – chaqiruv boʻyicha muddatli harbiy xizmatning qonunchilikda belgilangan muddati tugaganda (boʻshatish uchun boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda);
3) kontrakt muddati tugaganda – boʻshatish uchun boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda, agar amaldagi kontraktning tugashi vaqtida harbiy xizmatchi yoki vazirlik, davlat qoʻmitasi va idora tomonidan yangi kontrakt tuzmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa;
4) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati boʻlmay qolganda va uni boʻshatishga boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda;
5) sogʻligʻining holatiga koʻra – uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
6) tomonlardan birining tashabbusiga koʻra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) intizomsizligi sababli kursantlar oliy harbiy taʼlim muassasasidan oʻqishdan chetlashtirilishi munosabati bilan, boʻshatishga boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda;
8) harbiy xizmatchi nomiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakat sodir etganda;
9) davlat sirlari bilan ishlash ruxsatnomasidan mahrum qilinganligi munosabati bilan;
10) ozodlikdan yoki harbiy unvondan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazo choralarini nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
11) qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotganligi munosabati bilan yoxud boshqa davlatning fuqaroligi mavjud boʻlganda.”.
Amaldagi tahrir quyidagicha koʻrinishga ega:“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan boʻshatish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:1) u harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda boʻlishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda;
3) kontrakt muddati tugaganda;
4) shtatlar qisqarganda yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbir-choralari munosabati bilan harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati boʻlmay qolganda;
5) salomatligiga koʻra — uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
6) qonun hujjatlariga muvofiq taraflardan birining tashabbusiga koʻra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) harbiy-taʼlim muassasasidan oʻqishdan chiqarilganligi munosabati bilan;
8) xizmat vazifasiga noloyiq boʻlib qolganda;
9) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum boʻlishi munosabati bilan;
10) harbiy xizmatchi harbiy unvonidan mahrum etilishi munosabati bilan;
11) sud hukmi qonuniy kuchga kirganda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.”.
Moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:“Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan rezervga, harbiy hisobdan chiqarilgan taqdirda esa isteʼfoga boʻshatiladi.”.
Quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldiriladi:“Rezervda boʻlishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan yoki harbiy-tibbiy komissiya tomonidan sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan yoxud boshqa davlatning fuqaroligiga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar isteʼfoga boʻshatiladi.”.