“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 04 2024, 03:02
ЎЗO‘Z

Aktam Hayitov va boshqa amaldorlarga: xalqni ayblashdan uyalmaysizlarmi?

11 sen, 20:20 3 757 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Aktam Hayitov va boshqa amaldorlarga: xalqni ayblashdan uyalmaysizlarmi? Foto: «Kun.uz»
Xalqimiz go‘shtni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilayotgan emish! Kuni kecha Siz — mamlakat fermerlari peshvosi qilgan iddao ijtimoiy tarmoqda ham, ko‘cha-ko‘yda ham ko‘pchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi. Raiyatni isrofgarlikda ayblagan Sizday ishboshi viloyatlarda qozoni haftalab, oylab go‘sht ko‘rmaydigan dasti kalta oilalar borligini bilasizmi?

Oddiy xalq hayotidan ehtimol uzilib qolgandir, biroq siz kabi amaldorlar jillaqursa soha bo‘yicha xalqaro tashkilotlar hisobotlariga bir qur nazar tashlab qo‘ysa kifoya-ku! Birgina dalil: BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tadqiqotida O‘zbekiston kam go‘sht yeydigan mamlakatlar guruhiga kiritilgan.

Afsuski, keyingi paytlarda mansabdorlarimiz orasida o‘z sohasidagi kamchiliklarni mardona tan olish o‘rniga aybni xalq gardaniga yuklash holatlari ko‘p uchramoqda.

Fuqaroning boshpanasini buzib tashlagan hokim mulkdorga kepak puli tutqazadi, mulkdor qonuniy haqini talab qilsa, «Shukr qilsang-chi, 5-6 yil oldin shuni ham ololmasding-ku!» deb ta’na-malomat qiladi.

Elektr energiyasi sohasi korchaloni xalq elektrni ko‘p ishlatayotganidan lof uradi. Rostanmi?! Siz qaysi xalq, qaysi mamlakat haqida gapiryapsiz? Yuzlab qishloq-qasabalarda elektr energiyasi soatlab o‘chishi ma’lumu mashhur-ku! Mubolag‘a ham evi bilan-da.

Moliya sohasi rasmiysi O‘zbekistonda benzin arzonligidan cho‘pchak aytadi. Saxovatu himmatingizning cheki yo‘q, janob! Yuz bora rahmat, ming bora qulluq! Ammo siz muqoyasa etayotgan mamlakatlarda o‘rtacha maosh, aholi daromadi biznikidan osmonu yercha farq qiladi-ku! Yoqilg‘i narxi haqida nutq irod etilar ekan, maoshlardagi tafovutga ham e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi.

Diniy soha mas’ullaridan biri qonuniy haqini talab qilgan yurtdoshimizga «Yaqingacha mashinangda joynamoz ham olib yurolmasding-ku!» deb minnat qiladi. Nima, shu yurtda yashovchi musulmon Konstitutsiyada kafolatlangan huquqlaridan foydalana olmasinmi? Yaratgan tomonidan in’om etilgan, xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan huquqlardan foydalangani uchun ta’na-dashnom eshitishi kerakmi?

Poytaxt jamoat transporti idorasi hatto avji jaziramada ham avtobuslarda konditsioner ishlatilmasligini xaspo‘shlash yo‘lini topganiga tasannoyu ofarin deysiz. Qarangki, jamoat transporti korxonasi fuqarolarning sog‘lig‘ini o‘ylab konditsionerlarni yoqmayotgan ekan. Agar arzanda matoh ishlatilgudek bo‘lsa, yo‘lovchilar sovqotib qolar emish! Uzoq xorijga borish shart emas, bizga qo‘shni mamlakatlarda ham yoz kunlarida avtobuslarda konditsioner muntazam yoqiladi. Hali birov sovqotib jon talashib qolgani haqida xabar eshitmadik...

Ko‘p bo‘lmadi, majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha telemuhokamada liberal partiya vakili dohiyona gap aytdi: «Aholida pul ko‘p, qo‘rqmay majburiy sug‘urtani joriy qilaveringlar!» Qiziq, notiq xonadonma-xonadon yurib, odamlarning sandig‘u taxmonini tekshirib-hisoblab chiqdimikan? Buncha ishonch, buncha jasorat qayerdan paydo bo‘ldi? Majburiy sug‘urtani joriy etishdan avval ancha puturdan ketgan tibbiyot tizimini oyoqqa turg‘azish kerakdir...

Tan berish kerak, aksar mansabdorlarimiz gapga to‘n kiydirishni qotiradi. Ammo qo‘li qadoq, yelkasi yamoq oddiy xalq hayotidan uzilib qolgani chatoq. Davlat rahbari mansabdorlar xalqdan qarzdor, fuqaro qarshisida hisobdor ekanini qayta-qayta ta’kidlayotganiga qaramay, ayrim korchalonlar hamon eski qo‘shiqlarni xirgoyi qilmoqda.

O‘pkangizni bosib olinglar, janoblar! Siz bor-yo‘g‘i xalqning xizmatkorisiz. Ko‘p sonli raiyat sizga boshqaruvni ishonib topshirgan ekan, ishonchni oqlang. Xalqni ayblash, minnatu malomat qilishdan hazir bo‘ling. Darvoqe, yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa, Cho‘lponning xalq qudrati haqidagi mashhur she’rini yana bir marta o‘qing...
Manba: Xabar.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda chiqindilarni yoqish zavodi quriladi 04 мая, 00:23 4
  • O‘zbekiston va Italiya hashamatli sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘yadi 03 мая, 21:19 52
  • Erkin Komilov Sherali Jo‘rayev bilan o‘tgan yoshligi va Zulxumor Qodirova haqida nimalarni gapirdi? 03 мая, 19:36 283
  • Saudiya Arabistonida 100 ming nafargacha o‘zbekistonliklar doimiy ishga joylashtirilishi mumkin 03 мая, 18:53 90
  • Chilonzorda 1 yoshli qizaloqni daraxt bosib qoldi 03 мая, 18:39 100
  • Toshkent-Andijon pullik yo‘li loyihasi 4,65 mlrd dollarga baholandi 03 мая, 18:08 83
  • So'nggi yangiliklar
  • Timur Kapadze Yaponiyaga qarshi kechgan finaldan so‘ng nimalar dedi? 04 мая, 00:43 37
  • O‘zbekiston OTJ U-23 Osiyo kubogi "Fair Play" sovrini bilan taqdirlandi 04 мая, 00:35 13
  • O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda chiqindilarni yoqish zavodi quriladi 04 мая, 00:23 4
  • Ukraina bosh vaziri: “Rossiya urush davomida Ukrainada 250 mingdan ortiq turar joy binosini vayron qildi” 04 мая, 00:03 11
  • O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlarining "S" guruhidan joy oldi 03 мая, 23:35 110
  • U-23 Osiyo kubogi. Abduvohid Ne’matov turnirning eng yaxshi darvozaboni deb topildi! 03 мая, 23:25 55
  • Oltmish yillik muhabbat: 86 yoshli qariya o‘z kursdoshiga uylandi 03 мая, 23:20 37
  • Rossiyada o‘zbekistonlik qul savdogari qo‘lga olindi 03 мая, 23:15 131
  • Iroq qarshilik kuchlari Isroil poytaxtiga havo hujumi uyushtirdi 03 мая, 23:07 136
  • Shaxmat. Nodirbek Abdusattorov "TePe Sigeman" turnirida chempion bo‘ldi 03 мая, 23:03 48
  • U-23 Osiyo Kubogi. O‘zbekiston so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi va 2-o‘rin bilan yakunladi 03 мая, 22:43 80
  • Bayden: “AQSH butun dunyoda matbuot erkinligi bo‘g‘ilishiga javoban sanksiyalar joriy qilmoqchi” 03 мая, 22:39 78
  • Bo‘limlar