Toshkent shahridagi ko‘pqavatli uylarda Sanitariya- epidemiologiya stansiyasi xodimasi ko‘rinishidagi qizlar suvarakka qarshi dorilarni sotib olishni taklif qilishmoqda, deb
yozadi UZ24.
Ijtimoiy tarmoqdagi “Jamoatchilik nazorati”ga murojaat qilgan foydalanuvchining xabariga ko‘ra, o‘zlarini go‘yoki SES xodimi deb tanishtirayotgan va dori taklif qilayotganlar shaxsini tasdiqlovchi guvohnomaga ega emas. Guvohnoma talab qilganlarni “SES qizlari” haqorat qilishgan va janjal chiqarishgan. Kirish yo‘lagidagi kuzatuv kamerasi esa ularning yuzini suratga olgan.
Shuningdek, foydalanuvchilar ko‘p qavatli xonadonlarda o‘zini “TChSJ xodimiman” deb tanishtirgan yigitlar ham yurganligini ma’lum qilishgan. Biroq ulardan rahbari haqida so‘ralganda, “qochib qolishgan”.
Ushbu hodisa yuzasidan UZ24 muxbiri Respublika Davlat epidemiologiya- nazorat markazi vakili bilan bog‘landi. Markazdan berilgan ma’lumotga ko‘ra, hech kim dizenfeksiya vositalarini tarqatish uchun yuborilmagan va yuborilmaydi ham. Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar aynan shu yoki shunga o‘xshash hodisa yuzasidan shikoyat qilib, uning qonuniyligini so‘rab birinchi marta murojaat qilayotgani yo‘q.
Qayd etish joizki, suratga olingan kadrlarning ishonchli ekani hozircha tasdiqlanmagan. Biroq internet foydalanuvchilari suratdagi qizlarni o‘z uylari atrofida ko‘rishganini, ba’zilari esa ularni milisiya xodimlari qo‘lga olishganini yozib qoldirishgan.
Foto: UZ24