“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 07 2024, 00:00
ЎЗO‘Z

Valyuta siyosatiga oid Prezident farmonining o‘zbekcha matni e’lon qilindi

04 sen, 21:54 7 608 Iqtisodiyot
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Valyuta siyosatiga oid Prezident farmonining o‘zbekcha matni e’lon qilindi Keyingi yillarda valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotgani hech kimga sir emas.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2 sentyabr sanasida imzolangan “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi, deb yozadi Qalampir.uz nashri.

Ushbu farmon 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, respublika eksport salohiyatini oshirishni rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida qabul qilinganligi alohida qayd etilmoqda.

Mazkur farmonning to‘liq matnini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida


Keyingi yillarda valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror rivojlantirishga xizmat qilgani qayd etilsin.

Maqbul miqdorda tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha izchil amalga oshirilayotgan siyosat O‘zbekistonning majburiyatlarini o‘z vaqtida bajaradigan ishonchli, to‘lovga layoqatli xalqaro sherik sifatidagi imidjini ta’minladi, keyinchalik valyuta kursini liberallashtirish uchun zarur oltin-valyuta zaxirasini shakllantirish, valyuta resurslarini real iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiya qilishning ustuvor sohalariga yo‘naltirish, jahon moliyaviy inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish imkonini berdi.

Shu bilan birga, valyuta muomalasi sohasining haddan ziyod ma’muriy tartibga solinishi alohida tarmoqlar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun imtiyoz va preferensiyalarning asossiz ravishda kam samarali bo‘lgan tizimini shakllantirdi, biznes yuritishda teng bo‘lmagan shart-sharoitlarning vujudga kelishi va raqobatning bozor tamoyillari buzilishiga olib keldi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda, tovarlar va xizmatlar eksportini oshirishda, umuman, mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishida to‘sqinlik qiluvchi omilga aylandi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, respublika eksport salohiyatini oshirishni rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida:

1. Valyuta bozorini yanada liberallashtirish sohasida davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

birinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini erkin sotib olish va sotish hamda o‘z mablag‘larini o‘zining xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarishni to‘liq ta’minlash;

ikkinchidan, milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llash;

uchinchidan, valyuta resurslaridan foydalanishda bozor instrumentlarining rolini oshirish, valyuta bozorida barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, valyuta siyosatining noan’anaviy tarmoqlarda eksportni rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy xamkorlikni mustahkamlashda rag‘batlantiruvchi rolini oshirish;

to‘rtinchidan, sifatli ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni bevosita rag‘batlantirish uchun iqtisodiyotning barcha sektorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, bilim va texnologiyalar jalb etishga xizmat qiladigan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash;

beshinchidan, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy monetar siyosatni amalga oshirish, bu borada monetar instrumentlardan faol va moslashtirilgan holda foydalanish, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish, shuningdek, ochiq bozorda operatsiyalar hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini banklar likvidligiga garovga berish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishni amaliyotga joriy qilish;

oltinchidan, monetar va fiskal siyosatni muvofiqlashtirish hamda Davlat byudjetining mutanosibligini ta’minlash orqali pul massasi haddan ziyod o‘sishining oldini olish;

yettinchidan, bank tizimining barqarorligini ta’minlash va uning tavakkalchiliklarga bardoshliligini, shu jumladan, valyuta siyosatini liberallashtirishning vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan samarali choralarni qo‘llash hisobiga oshirish;

sakkizinchidan, valyuta siyosatining yangi sharoitlarida tayanch tarmoqlar korxonalari samarali faoliyat yuritishi uchun ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;

to‘qqizinchidan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasiga valyuta siyosatini liberallashtirishning salbiy oqibatlarini kamaytirish imkonini beradigan har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2017 yilning 5 sentyabridan:

O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari joriy xalqaro operatsiyalar (tovar, ish va xizmatlar importi, foyda repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash va boshqa savdo xarakteriga ega bo‘lmagan o‘tkazmalar) bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun tijorat banklarida chet el valyutasini cheklovsiz sotib olishlari mumkin;

O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga erkin sotishi va konversion bo‘limlarida sotib olingan mablag‘larni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish bo‘yicha amaldagi tartibga asosan sotib olishi va chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatishi mumkin;

iste’mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlar orqali sotib olishga ruxsat beriladi;

mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha eksportchi korxonalarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilinadi;

chet el valyutasida daromad oluvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari o‘z bank hisobvaraqlaridagi chet el valyutasini naqd ko‘rinishida olishi mumkin.

3. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi hududida:

tovar (ish va xizmat)lar uchun to‘lovlarni chet el valyutasida amalga oshirish taqiqlanadi, xalqaro tajribaga muvofiq xalqaro to‘lov kartalari orqali to‘lovlar bundan mustasno;

tovar, ish va xizmatlar uchun narx va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanadi;

davlat bojlari, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar faqat milliy valyutada undiriladi, konsullik yig‘imlari bundan mustasno.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

xorijiy valyutada kreditlar berish va undirish shartlari kredit siyosatidan kelib chiqqan holda tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi;

banklarning xorijiy valyuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha tavakkalchiliklari tadbirkorlik tavakkalchiligi hisoblanadi hamda ularni boshqarish tijorat bankining vakolatiga kiradi;

xorijiy valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha komission vositachilik haqi miqdori tijorat banki tomonidan mustaqil belgilanadi;

tijorat banklariga xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha litsenziya berish amaliyoti bekor qilinadi. Tijorat banklarining xorijiy valyuta bilan operatsiyalari bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida amalga oshiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 iyundagi PQ-3082-sonli qarori bilan tuzilgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish Respublika va doimiy faoliyat yuritadigan hududiy komissiyalari narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rsin, shu jumladan, quyidagilar orqali:

huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar uchun narx va tariflar asossiz oshishining oldini olish va bunga chek qo‘yish, ularning taqchilligi va ularga bo‘lgan ajiotajli talab yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni, shuningdek, ularni sotish jarayonida korrupsiyaga va suiiste’mollikka qarshi kurashish choralarini kuchaytirish;

ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy tovarlar, shu jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana narxlarini shakllantirish bo‘yicha belgilangan tartibga rioya etilishini har kuni tizimli o‘rganish va nazorat qilishni ta’minlash;

mamlakatimiz hududiy bozorlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan hamda oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklariga sharoitlar yaratish, shu jumladan, o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga sotish uchun maxsus maydonchalar tashkil etish orqali iste’mol tovarlari bilan tezkor to‘ldirish;

yirik ulgurji importchi tashkilotlar bilan birgalikda import qilinadigan iste’mol tovarlari narxlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda valyuta siyosatini liberallashtirish oqibatlarini yumshatishni nazarda tutuvchi hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin, ularda quyidagilar:

banklarning kapitallashuv darajasi va likvidliligini ta’minlash orqali ularning tavakkalchiliklarga bardoshliligini oshirish, xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda bank tavakkalchiliklarini baholashni takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy qilishni ko‘zda tutuvchi respublika bank tizimi moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar;

iqtisodiyot va aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga, xorijiy kreditlarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishda davlat tomonidan moliyaviy yordam berish, soliqqa tortish mexanizmlari va tamoyillarini takomillashtirish, davlat tomonidan vaqtincha subsidiyalar ajratish, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va tijorat banklari kreditlarini restrukturizatsiya qilishga qaratilgan iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari;

import qilinayotgan tovarlar va xizmatlar ichki narxlarining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish chora-tadbirlari;

2017-2018 yillarda 14 yoshga to‘lmagan farzandlari bo‘lgan oilalar uchun belgilangan nafaqa oluvchilar sonini o‘rtacha 1,5 barobar va kam ta’minlangan oilalar uchun belgilangan moddiy yordam oluvchilar sonini 2 barobarga oshirish, ishsiz fuqarolar uchun aholi punktlari, mahallalarni obodonlashtirish, ariqlar, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, uy-joy kommunal xo‘jaligi ob’ektlarini ta’mirlash, infratuzilmani yaxshilash, yo‘l va ko‘chalarni ta’mirlash bo‘yicha haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlarini tashkil etish, shuningdek, Davlat byudjeti, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, shu jumladan, oilalarning alohida davlat ko‘magiga ehtiyojmand toifalariga uy-joy ta’mirlash yoki xarid qilish, qoramol, parranda va eng zarur maishiy texnika sotib olishga ko‘maklashish hisobiga aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish nazarda tutilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

soliqqa tortish bazasini kengaytirish va ichki zaxiralarni safarbar qilish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga byudjet daromadlarini oshirish orqali 2017 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining profitsit bilan bajarilishini ta’minlash, shuningdek, Davlat byudjetida ko‘zda tutilgan barcha tadbirlarning to‘liq moliyalashtirilishini ta’minlash va tasdiqlangan xarajatlarni asossiz qisqartirish amaliyotiga barham berish;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha tasdiqlangan davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni so‘zsiz amalga oshirishni nazarda tutgan holda, 2018 yilgi Davlat byudjeti loyihasini profitsit prognozi bilan ishlab chiqish;

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobvaraqlaridagi chet el valyutasidagi mablag‘larini qayta baholash natijasida olgan foydasi soliqqa tortish bazasiga kiritilmaydigan vaqtincha tartib (2018 yilning 1 iyuliga qadar) belgilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha mazkur Farmonda belgilangan normalar ta’sirining tahlilidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahriri loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Unda:

havola qiluvchi me’yorlarni maksimal darajada qisqartirgan holda, valyuta operatsiyalarining amaliyotda uchraydigan barcha jihatlari;

O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasining barqarorligini ta’minlash;

yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z valyuta mablag‘larini erkin tasarruf etish huquqini to‘liq ro‘yobga chiqarish;

respublika iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, kapital harakati bilan bog‘liq operatsiyalarni tartibga solish masalalari ko‘zda tutilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd chet el valyutasining noqonuniy muomalasini va naqd chet el valyutasi bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirishni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirsin.

11. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 2 sentyabr




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbekiston xalqaro investitsiya forumida qanday kelishuvlarga erishdi? 05 мая, 17:50 58
  • O‘zbekistonning qaysi hududida parranda ko‘p boqiladi? 05 мая, 12:38 127
  • O‘zbekistonda qaysi davlatlarning kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘p? 04 мая, 22:35 72
  • Prezident AQSH, Xitoy va Yevropaning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi 03 мая, 20:53 44
  • 2024 yilga subsidiya miqdori belgilandi 02 мая, 19:28 134
  • O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish rejalari ishlab chiqildi 29 apr, 22:50 152
  • So'nggi yangiliklar
  • Latviya havo kuchlari qo‘mondoni: “Ukraina suverenitetni saqlab qolish uchun hududining bir qismidan voz kechishi kerak” 06 мая, 22:44 1
  • Vitaliy Levchenko: "G‘alabani qo‘ldan chiqardik" 06 мая, 22:29 0
  • Jamshid Saidov: "Birinchi bo‘limda xatolarimiz ko‘p bo‘ldi" 06 мая, 22:21 0
  • Superliga. "Neftchi" o‘yinning so‘nggi daqiqasida g‘alabani qo‘ldan chiqardi 06 мая, 22:17 0
  • Eron chempionati. Oston O‘runovning dubli "Persepolis"ga g‘alaba keltirdi 06 мая, 22:12 0
  • Oliy sud 198 nafar qatag‘on qurboniga oqlov hukmi chiqardi 06 мая, 22:00 0
  • Ozish uchun qancha yugurish kerak? 06 мая, 21:40 0
  • Britaniyalik milliarder uylandi. 25 mln dollar sarflangan to‘y 4 kun davom etdi 06 мая, 21:15 3
  • O‘zbekistonda italiyaliklar moda va dizayn sohasida dars o‘tadi 06 мая, 20:51 4
  • Belgiya Isroilga nisbatan savdo sanksiyalarini qo‘llash tashabbusini ilgari surdi 06 мая, 20:26 21
  • Kapadze Parij-2024 haqida: «Shomurodovni chaqirishni iloji bo‘lsa, nega bundan foydalanmasligim kerak?» 06 мая, 20:03 91
  • Rossiya qo‘shinlari Ukraina sharqidagi ikkita aholi punktini to‘liq egalladi 06 мая, 19:37 143
  • Bo‘limlar