“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 04 2024, 16:56
ЎЗO‘Z

19 dollarlik nonushta. 9 yil avval Obama Medvedevni burger bilan mehmon qilgandi

26 iyun, 07:45 2 328 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
19 dollarlik nonushta. 9 yil avval Obama Medvedevni burger bilan mehmon qilgandi Donald Tramp kelganidan so‘ng AQSh xalqi yanada qadrlayotgan mamlakatning 44-prezidenti Barak Obama o‘zining mamlakat rahbarlari uchun favqulodda kamtar hayot tarzi bilan ajralib turardi. Chikagoda kreditga uy olgan Obama hamon o‘sha qarzlarini to‘layotgani aytiladi. Prezidentlikdan boshini baland ko‘targan holda ketgan Obama dunyoning eng qudratli mamlakatini boshqargan vaqtida ham oddiy hayot tarzidan voz kechmagan.

2010 yilda o‘sha vaqtdagi Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev rasmiy tashrif bilan Amerikaga borgandi. Bundan roppa-rosa 9 yil oldin, 2010 yil 25 iyunda AQSh prezidenti Baraka Obama rossiyalik hamkasbini hayotidagi eng unutilmas nonushtaga taklif qiladi.

Odatda rasmiy tashrif davomida mamlakat rahbarlari alohida mashinalarda yurishadi, lekin Obama Medvedevni o‘z mashinasida yurishga taklif qilgandi. O‘shanda «birinchi raqamli» limuzinga jurnalistlar ham kiritilgan va ularga suratga olishga ruxsat berilgandi (demokratiyani shu qadar ta’minlab qo‘ygan AQSh keyin boshqalarga demokratiya, erkin fikr haqida va’z o‘qiydi-da, deging keladi kishi).

Obama hamkasbini Vashingtondagi o‘zi borib turadigan «Ray's Hell Burger» yemakxonasiga taklif qilgandi. Juda oddiy bo‘lgan bu kafeda o‘tirganlar dunyoning eng katta ikki davlat yetakchilarini ko‘rib hayron qolishgandi. Prezidentlar aynan o‘sha yerda nonushta qilishlari haqida faqat AQSh xavfsizlik xizmatlarigina bilishgan. Yemakxona egalari va xizmatchilari ham AQSh hamda Rossiya yetakchilarining nonushtasi aynan ularning kafesida o‘tishidan bexabar bo‘lgan.

Obama «Ray's Hell Burger»ni o‘zining eng yoqtirgan tamaddixonalaridan biri ekanini aytib, Medvedevga nimani tanlashni taklif qiladi. Rossiya yetakchisi o‘ziga piyozli, «Chedder» pishlog‘i va qo‘ziqorin qo‘shilgan burger buyurtma qiladi. Obama esa burger bilan birga pomidor va bodring ham buyurtma qilgandi. Ichimlik sifatida Obama yaxna choyni tanlaydi, Medvedev esa koka-kolani ma’qul ko‘radi.

Obamaning taklifiga ko‘ra prezidentlar bir porsiya qovurilgan kartoshkani (fri) teng bo‘lib yeyishadi. Medvedev hisobni to‘lashni taklif qiladi, lekin Obama u mehmon ekanini aytib, 19 dollardan ko‘proq hisobni o‘zi to‘laydi. Qaytimni esa AQSh prezidenti kassa oldidagi xayriya qutisiga tashlaydi.

Prezidentlar umumiy 20ta stoli bor tamaddixonaning ichkarisida o‘tirishadi. Chunki tashqarida juda issiq edi. O‘sha kuni Vashingtonda havo 38 daraja issiq bo‘lgan va bunday jazirama AQSh poytaxtida salkam yuz yildan buyon kuzatilmagandi.

Kafedagi ikki prezident kelganidan hayron qolgan ofitsiantlar ularga xizmat qilishni ham unutib telefonlarida suratga ola boshlashadi. Televideniyeda ketgan lavhada odamlar yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularning yonida Obama va Medvedev burger yeb o‘tirganini aytib, maqtanishgani ham eshitilgandi.

Bu uchrashuvdan so‘ng Medvedev tvitterdagi sahifasida shunday deb yozgandi: «Anchadan buyon gamburger yemagandim».

Kafedan chiqqan rahbarlar Oq uyga borgan va Medvedevning rasmiy tashrifi bo‘yicha yakuniy matbuot anjumanida qatnashishgandi. Obama jumladan shunday degandi: «Men o‘tgan yil Rossiyaga borganimda juda iliq kutib olishgandi. Kremldagi qishki bog‘da choy ichganimizni oilamiz hamon iliq xotiralar bilan eslaydi. Umid qilamanki bizning burger ham sizga ma’qul bo‘ldi».

Medvedev esa bu taom Amerikaning ruhini his qilish imkonini berishini aytgandi: «Unutilmas ovqatlanish bo‘ldi. Bu taom sog‘liqqa foydali bo‘lmasa ham, juda mazali. Unda Amerikaning ruhi yashiringan».

Prezidentlarning bu uchrashuvi jahon matbuotida keng muhokama qilingandi. Gazetalar «Burger diplomatiyasi», «Ikki prezidentga bir porsiya kartoshka» qabilidagi sarlavhalar bilan chiqqandi. Har kuni biror mamlakat prezidenti boshqa hamkasbi bilan uchrashadi.

Ularning har xil dabdabali marosimlarda qatnashgani, shohona dasturxonlarda o‘tirganlari haqida o‘qiymiz, lekin falon million dollar sarflangan dabdabali marosimlar tezda unutilib ketadi. Obama rossiyalik hamkasbini 19 dollarga oddiy chizburger bilan mehmon qilgani esa hamon odamlarning yodida.

Amerikada oddiylikni xushlashadi. Bu ajoyib mamlakatning prezidentlari bir dollar oylikka ishlashadi, oddiy tamaddixonalarda ovqatlanishadi, kreditga uy olishadi. Ular bu ishlarni kimningdir e’tiborini tortish uchun qilishmaydi, bu shunchaki amerikacha hayot tarziga aylanib ketgan. U yerda oddiylik juda qadrlanadi, hamma bir xil hayot kechirishi kerak deb o‘ylashadi.

Boshqa mamlakatdan ishlagani borganlar ham mahalliy amerikaliklar kabi davolanish, ta’lim olish kabi huquqlarga ega. Hammaga bir xil qarashadi. Balki shu uchun ham butun dunyo Amerika tomon intilar. Balki shuning uchun butun dunyoda «grin kard» o‘ynashar...




Mavzuga oid yangiliklar
  • Ukrainada OIV va saraton kasalligiga chalingan bemorlar armiyaga chaqiriladi 04 мая, 16:10 2
  • Falastin tarafdorlari namoyishlari butun dunyo universitetlarini qamrab olmoqda 04 мая, 15:45 2
  • Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonunning bir qismi kuchga kirdi 04 мая, 15:21 8
  • Rossiyalik Vinnik AQSHda pul yuvish bo‘yicha aybini tan oldi 04 мая, 13:43 42
  • G‘azo himoyasidagi oliygohlar yoxud AQSHda "talabalar bahori" 04 мая, 13:18 50
  • Tbilisida noma’lum shaxslar namoyishchilarga hujum qildi 04 мая, 11:37 77
  • So'nggi yangiliklar
  • Falastin tarafdorlari namoyishlari butun dunyo universitetlarini qamrab olmoqda 04 мая, 15:45 2
  • Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonunning bir qismi kuchga kirdi 04 мая, 15:21 7
  • Kecha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga g‘alaba uchun nima yetishmadi? 04 мая, 14:54 16
  • Jasur Jaloliddinov: "Finalda kuchli jamoa yutqazdi" 04 мая, 14:35 36
  • Organizmda gormonlar bilan bog‘liq muammo borligini bildiradigan simptomlar 04 мая, 14:10 12
  • Rossiyalik Vinnik AQSHda pul yuvish bo‘yicha aybini tan oldi 04 мая, 13:43 42
  • G‘azo himoyasidagi oliygohlar yoxud AQSHda "talabalar bahori" 04 мая, 13:18 49
  • Ekologiya inspektorlariga hujum qilgan brakonerlar qamoqqa olindi 04 мая, 13:02 34
  • Endi maktablarda pedagogik sinflar tashkil etiladi 04 мая, 12:00 30
  • Messining kelishi "Inter Mayami" budjetiga qanday ta’sir qildi? 04 мая, 11:50 89
  • 5 may kuni respublika hududida kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlari 04 мая, 11:46 82
  • "Manchester Siti" futbolchisi Gvardiola haqida bor haqiqatlarni aytdi 04 мая, 11:41 126
  • Bo‘limlar