Tesla Model S © insideevs.com
Tesla Motors kompaniyasi o‘zining xitoylik mijozlariga Trade-in tizimi orqali Model S elektr sedanini sotib olishni taklif qilmoqda. Ya’ni, xohlovchilar o‘zlarining eski avtomobillarini qo‘shimcha haq to‘lab yangi elektrokarga almashtirishlari mumkin. Bu haqda “Bloomberg” agentligi'ga asoslanib “Kun.uz” xabar berdi.
Tesla ushbu loyiha doirasida minilgan mashinalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Pekin, Shanxay va Guanchjoudagi kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Eski mashinalar uchun bu tashkilotlardan olingan pullar Model S’ning narxidan ayirib tashlanadi.
Xitoy bozorida bu sedanning narxi 648 ming yuan (104 ming dollar)dan boshlanadi.
Tesla Xitoy bozoriga joriy yilning bahoridan boshlab rasmiy ravishda chiqqan. O‘shanda kompaniyaning rahbari Elon Mask uch-to‘rt yildan keyin Xitoyda elektrokarlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.
Hozirda ushbu kompaniya Xitoyda o‘zining 9ta dilerlik markazi va 6ta texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasini ochgan.
Tesla, shuningdek, China Unicom va Soho China Ltd kabi mahalliy kompaniyalar bilan birga elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini qurishni mo‘ljallamoqda.
Hozirda Xitoyning 70ga yaqin shaharlarida shunday stansiyalarning 700dan ko‘prog‘i faoliyat yuritmoqda. Tesla vakillarining ma’lum qilishlaricha, elektromobillar uchun bundan-da rivojlangan infratuzilma faqatgina AQShda bor.