“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 26 2024, 09:38
ЎЗO‘Z

Oliy ta’lim: Uchinchi Renessans poydevori yaratilmoqda

03 mar, 18:00 4 140 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Oliy ta’lim: Uchinchi Renessans poydevori yaratilmoqda Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida «Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas», deb ta’kidlab o‘tgan edilar.

Uchinchi Renessans poydevori ta’lim tizimining quyi bo‘g‘ini – maktabgacha ta’lim muassasasida va umumta’lim maktabida qo‘yilib, professional va oliy ta’limda yanada mustahkamalanadi. Shuning uchun mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar yaxlit, ta’limning barcha bosqichlarini qamrab olgan holda amalga oshirilmoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida amalga oshirayotgan ishlarning mazmun-mohiyati va istiqbollari ham aynan inson kamolotini ta’minlash maqsadidan kelib chiqib belgilanmoqda. Respublikamizda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab 725 ta mutlaqo yangi professional ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi yillarda respublikamizda 52 ta yangi oliy ta’lim muassasalari, jumladan 18 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari, 9 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, oliy ta’lim muassasalari soni 129 taga yetdi.

Iqtisodiyot tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash sohasini yanada kengaytirish maqsadida yangi 117 ta ta’lim yo‘nalishlari hamda 133 ta mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari joriy etildi.

2020 yilda qabul parametrlari 2017 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshdi, jumladan, ishlab chiqarish-texnik sohasida 73%, sog‘liqni saqlash sohasida 77%, pedagogika sohasida 89%, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida 52%ga oshirildi. Natijada yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 9 foizdan 25 foizga yetkazildi. Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilishda shaffof, ochiq tizim joriy etildi.

Magistraturada qabul ko‘rsatkichlari tabiiy va muhandis-texnik, shuningdek, matematika sohalari mutaxassisliklari bo‘yicha to‘liq davlat granti asosida belgilandi hamda qabul parametrlari 2 barobarga oshirildi.

Respublika oliy ta’lim muassasalarida 22 ta xorijiy davlatlar (AQSH, Germaniya, Rossiya, Belarus, Gollandiya, Isroil, Italiya, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Koreya Respublikasi va b.) ning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 83 ta ta’lim yo‘nalishlari va 64 ta mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Oliy ta’lim muassasalarida 29 998 nafar professor-o‘qituvchilar, ulardan ilmiy darajalilar 11 334 (37,8%) nafarni tashkil qiladi. Shundan, 2307 nafar fan doktori, 9027 nafar fan nomzodi. Oxirgi uch yilda 2990 ta dissertatsiya himoya qilindi, ilmiy darajalilar ulushi 6,7 foizga ortdi. Himoya ko‘rsatkichi 2017 yilga nisbatan 2,2 martaga oshirildi.

Xalqaro standartlarga javob beradigan “O‘zbekiston ilmiy jurnallari” onlayn portali (https://uzjournals.edu.uz) yaratildi.
Xalqaro tan olingan ilmiy jurnallarda e’lon qilingan maqolalar soni oxirgi 3 yilda to‘rt barobarga oshdi.

Professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha yangi tabaqalashtirilgan va muqobil malaka oshirish tizimi amaliyotga joriy etildi. So‘ngi uch yilda oliy ta’lim muassasalarining 15301 nafar rahbar va pedagog kadrlari malaka oshirish kurslaridan o‘tdi. Ularning 11754 nafari bevosita malaka oshirish markazlarida, 3547 nafari masofadan turib malaka oshirdilar.

Oxirgi uch yilda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali 397 nafar, oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorlik va grant dasturlari doirasida 4847 nafar, jami 5244 nafar professor-o‘qituvchilar xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborildi.

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish maqsadida oxirgi uch yilda 2909 nafar xorijlik mutaxassislar o‘quv jarayoniga jalb qilingan bo‘lib, ularning 651 nafari Yevropa, 164 nafari Amerika, 785 nafari Osiyo, 1309 nafari MDH mamlakatlari professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari hisoblanadi.

Oliy ta’lim massasalarida o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazilmoqda, bu esa o‘z navbatida ta’lim sifatini oshirish bilan bir qatorda bitiruvchilarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Oliy ta’lim tizimining rivojlanish bosqichlarida «uchinchi avlod» universitetlari (tadbirkorlik ekotizimlari, istiqbolli texnologiyalar bozorlari va milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini xalqaro darajada ta’minlash)ga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Shu maqsadda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining o‘zaro uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi «Universitet 3.0» konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish belgilab berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tizimini joriy qilish, oliy ta’limning tegishli yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida matematika fani bo‘yicha mashg‘ulotlarni ko‘paytirish hamda ta’lim berish sifatini oshirish bilan bog‘liq qator vazifalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kimyo va biologiya yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari umumta’lim maktablari bitiruvchi sinflari o‘quvchilari o‘rtasida ko‘p bosqichli (tuman (shahar) — viloyat — oliy ta’lim muassasasi) kimyo va biologiya fani bo‘yicha o‘zining olimpiadasini o‘tkazish va 1 — 3 o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasasining mablag‘lari hisobidan imtihonsiz o‘qishga qabul qilish belgilandi.

Shuningdek, 2021 yildan boshlab kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga bir marotaba oylik maoshining 100 foizi miqdorida, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida ustama haq belgilash tartibi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonida mamlakatimizdagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish vazifasi belgilab berildi.

Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Quacquarelli Symonds (QS) hamda Times Higher Eduducation (THE) reyting agentliklari bilan respublika oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reytinglarga kirishga tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, ular bilan doimiy maslahatlar, tahliliy seminarlar, har bir oliy ta’lim muassasasiga metodik yordam, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Bugungi kunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Niderlandiyaning «Elsevier» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Ilm-fan – 2020» milliy rivojlanish dasturini amalga oshirmoqda. Dasturning maqsadi professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, jahon ta’lim resurslari, zamonaviy ilmiy adabiyotlarning elektron kataloglari va ma’lumotlar bazalariga kirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishdan iborat.

Yuqoridagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik natijasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari insitituti Quacquarelli Symonds (QS) agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo universitetlari 2019 yilgi reytingida qayd etilgan ilk O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasi sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, jahon universitetlarining Times Higher Education - Impact Rankings-2020 reytingida respublika oliy ta’lim muassasalaridan uchtasi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti ilk marotaba qayd etildi.

2020 yil 16 dekabr kuni dunyo universitetlari reytingini belgilovchi Quacquarelli Symonds (QS) reyting agentligi 2021 yil uchun Rivojlanuvchi Yevropa va Markaziy Osiyo universitetlari reytingini e’lon qildi. Unda O‘zbekistonning bir yo‘la 4 ta oliy ta’lim muassasasi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari insitituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti qayd etildi.

Pandemiya O‘zbekiston ta’lim tizimiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlaridagi dars jarayonlari 1 apreldan boshlab masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazildi.

Masofaviy ta’lim sifatini ta’minlash uchun, ham oliy ta’lim muassasalari, ham professor-o‘qituvchilar, ham talabalar, ham aloqa kanallari birdek tayyor bo‘lishlari lozim. Lekin, avvaldan ta’lim sohasiga masofaviy o‘qitish elementlarini kiritib borishga yo‘naltirilgan maqsadli faoliyat pandemiya tufayli ushbu ishlarni tezlashtirishni taqozo etdi. Muhimi yo‘nalish to‘g‘ri belgilangani, oliy ta’lim muassasalarida xato qilishdan qo‘rqmaslik ma’lum darajada yangi formatdagi o‘quv jarayonini boshlashni ta’minladi.

Buning uchun birinchi navbatda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar o‘quv rejalari asosida joriy semestrdagi fanlarning dasturlari bo‘yicha o‘quv resurslarini yaratishga e’tibor qaratildi, oliy ta’limda o‘qitilayotgan 7 200 dan ziyod fandan masofaviy ta’lim resurslari yaratildi va platformalarga joylashtirildi.

Ikkinchidan, barcha oliy ta’lim muassasalarining masofaviy o‘qitish platformalari yagona portalga birlashtirildi. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida o‘quv resurslardan hamkorlikda foydalanish imkoniyatini berdi.

Uchinchidan, barcha talabalar uchun ochiq ta’lim resurslarini yaratish maqsadida ma’ruzalar videoportali ishga tushirildi va barcha uchun umumiy bo‘lgan fanlardan videoma’ruzalar joylashtirib borildi.

To‘rtinchidan, oliy ta’lim muassasalari 85 ta zamonaviy server qurilmalari bilan ta’minlandi, Internet tezligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda 3 ta, shuningdek, viloyatlari telekanallari orqali fanlar bo‘yicha teledarslar o‘tkazish tizimli yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarga virtual muhitda ishlashni o‘rgatish uchun «Masofaviy ta’limni tashkil etish texnologiyalari» kurslari tashkil qilindi. Joriy etilgan masofaviy ta’lim axborot tizimlaridan 417 816 nafar talaba va 29 030 nafar professor-o‘qituvchilar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xulosa qilib aytganda, qisqa muddatda ham texnik jihatdan, ham dasturiy ta’minot va resurslarni shakllantirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda ta’lim paradigmasi o‘zgarmoqda, yetakchi xorijiy universitetlar ham variativ (gibrid shakl) ta’lim shakllarini, masofaviy kurslarni, raqamli o‘qitish texnologiyalarini tobora keng joriy etishmoqda. Pandemiya sharoitlarida bizning oliy ta’lim muassasalari ham ma’lum ma’noda dastlabki tajribani to‘plashdi.

Endilikda muhimi talabalarimizda ham professor-o‘qituvchilarmizda ham masofadan ta’lim olish va ta’lim berish madaniyatini yuksaltirishimiz ustida ishlashimiz lozim.

Muhtaram Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oyalarini amalga oshirish maqsadida barcha oliy ta’lim muassasalari maktablar bilan hamkorliklarini kengaytirish yo‘nalishida faoliyat olib bormoqdalar. Buning uchun, maktablarda 4 ta yo‘nalishda qilinadigan ishlar belgilab oldindi: o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘quv-uslubiy ishlarga yordam ko‘rsatish, yosh o‘qituvchilarni ilmiy faoliyatga jalb etish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va seleksiya masalasi. Maktablar bilan hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida:

Birinchidan, Toshkent shahridagi 32 ta oliy o‘quv yurti Toshkent shahridagi 318 ta maktabning 21 891 nafar maktab o‘qituvchilariga 22 ta fan bo‘yicha doimiy ravishda uslubiy yordam ko‘rsatish hamda doimiy malakasini oshirib borish maqsadida biriktirildi. Shuningdek, 4 ta xududdagi (Toshkent shahri, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari) 158 ming nafar maktab o‘qituvchilarini 2021 yil davomida masofaviy malakasini oshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ikkinchidan, o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga kira olmayotgan respublika xududlaridagi 643 ta umumta’lim maktablari 95 ta oliy ta’lim muassasasiga biriktirildi. Biriktirilgan umumta’lim maktablarida talabalarning pedagogik amaliyotlarini tashkil etish, fanlar kesimida elektron o‘quv materiallarini ishlab chiqish, metodik ishlanmalar tayyorlash, doimiy ravishda o‘qituvchilarga fan yangiliklarini berib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchidan, maktablardagi yosh o‘qituvchilar oliy o‘quv yurtlarining professorlariga “Ustoz-shogird” tizimi asosida biriktiriladi, kafedralarning ilmiy-metodik ishlariga yosh o‘qituvchilar jalb qilinadi, maktablarning ilmiy muammolari bazasi shakllantiriladi, ilmiy anjumanlar o‘tkaziladi, fanlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil etiladi.

To‘rtinchidan, maktab o‘quvchilari uchun OTM, fakultet, kafedra kunlari o‘tkaziladi, oliy o‘quv yurtidagi kasb va mutaxassisliklar targ‘ibot qilinadi, fan olimpiadalari o‘tkaziladi, maktabdan tashqari mashg‘ulotlar, tayyorlov kurslari tashkil etiladi.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi yosh avlodni barkamol, O‘zbekistonning kelajakdagi taraqqiyotini ta’minlashga qodir insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan. Shunday ekan, har bir yurtdoshimizga Uchinchi Renessans davri poydevoriga o‘z g‘ishtini qo‘yish, ya’ni yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish nasib etsin.
Uchinchi Renessans, Oliy ta’lim




Mavzuga oid yangiliklar
  • Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi 26 apr, 08:33 1
  • Faollar Toshkentda yana ikkita bog‘ investorga berilganidan norozi bo‘lishmoqda 26 apr, 08:03 2
  • Buxoroda 4 dona qadimiy tangani xorijga olib chiqmoqchi bo‘lganlar aniqlandi 26 apr, 07:11 7
  • Toshkentda odam o‘ldirishda gumonlangan shaxsni ushlashda yordamlashgan talaba yigit taqdirlandi 26 apr, 06:20 52
  • O‘zbekistondagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi 25 apr, 20:12 98
  • Botir Qodirov: “5 yoshimda otamni mendan tortib olishgan” 25 apr, 19:37 366
  • So'nggi yangiliklar
  • Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi 26 apr, 08:33 0
  • Faollar Toshkentda yana ikkita bog‘ investorga berilganidan norozi bo‘lishmoqda 26 apr, 08:03 0
  • “Tolibon” Afg‘onistonning Xost viloyatida besh nafar fuqaroni qamchi bilan jazoladi 26 apr, 07:35 0
  • Buxoroda 4 dona qadimiy tangani xorijga olib chiqmoqchi bo‘lganlar aniqlandi 26 apr, 07:11 7
  • O‘zbek telekanallarida har shanba «Milliy kino kuni» o‘tkaziladi 26 apr, 06:46 7
  • Toshkentda odam o‘ldirishda gumonlangan shaxsni ushlashda yordamlashgan talaba yigit taqdirlandi 26 apr, 06:20 52
  • O‘zbekiston Saudiya to‘sig‘idan o‘tsa, yarim finalda qaysi terma jamoaga duch keladi? 26 apr, 05:55 126
  • U-23 Osiyo kubogi. Indoneziya Janubiy Koreyani yengib, yarim finalga yo‘l oldi! 26 apr, 05:43 77
  • Rossiyada iqtisodiyotni riovjlantirish uchun migrantlar zarurligi aytildi 26 apr, 00:22 182
  • Markaziy bank raisi oxirgi oylarda dollar kursi nisbatan tezroq oshganiga izoh berdi 26 apr, 00:22 94
  • Olimlar 15 daqiqada sun’iy olmos yetishtirish usulini ixtiro qildi 26 apr, 00:00 34
  • Eron futzal termasi bosh murabbiyi: "O‘zbekistonga qarshi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz" 25 apr, 23:41 50
  • Bo‘limlar