“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 26 2024, 21:19
ЎЗO‘Z

Shimoliy Koreya yangi suv osti raketasini namoyish qildi. Bu Bayden uchun chaqiruvmi?

18 yanv, 00:25 2 200 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Shimoliy Koreya yangi suv osti raketasini namoyish qildi. Bu Bayden uchun chaqiruvmi? Foto: KCNA
Shimoliy Koreya suv osti kemasidan turib otiladigan yangi ballistik raketa taqdimotini o‘tkazdi. Bu yangicha turdagi raketa hisoblanadi. KXDRning mahalliy nashrlari uni «dunyodagi eng kuchli qurol» deb atashmoqda.

Payshanba kuni Pxenyanda Kim Chen In ishtirokida harbiy parad o‘tkazildi. Unda yangi turdagi raketalarning bir nechtasi namoyish qilingan. Ko‘pchilik Shimoliy Koreyadagi bu yirik harbiy parad AQSH prezidenti Jo Baydenning inauguratsiyasidan bir necha kun oldin o‘tkazilganiga e’tibor berdi, lekin aslida buning sababi boshqa edi: o‘sha kuni mamlakatdagi yagona partiya hisoblangan Mehnat partiyasi s’ezdi yakunlangandi.

Harbiy paraddan olingan suratlarda (tabiiyki suratlarni faqat mamlakat Markaziy telegraf agentligi tarqatgan) kamida to‘rtta oq-qora tusdagi yiriy raketalar maydon bo‘ylab olib o‘tilayotgani aks etgan. Paraddan oldin o‘tkazilgan partiya s’ezdi yopilishida nutq so‘zlagan Kim Chen In AQSHni mamlakatning eng katta dushmani deb atadi.

Harbiy ekspertlar avval bunaqa turdagi qurolni ko‘rishmagani aytishgan. «Yangi yil, yangi «Pukkikson», deb yozdi Tvitterdagi sahifasida Shimoliy Koreya bo‘yicha ekspert Ankit Panda. «Pukkikson» – qutb yulduzi degani va KXDRda suv ostidan otiluvchi raketalar seriyasini ishlab chiqarish loyihasi shunday ataladi. 2016 yilda «Pukkikson-1» raketasi ishlab chiqarilgan va 1 300 kilometrgacha nishonni aniq yo‘q qila oladi. Yangi «Pukkikson»ning xususiyatlari hozircha aniq emas.

Shimoliy Koreya yangi raketa ishlab chiqarishga tayyorlanayotganidan amerikalik harbiy tahlilchilar o‘tgan yil sentabrdayoq ogohlantirishgandi. Ular kosmosdan olingan suratlarga asoslanib shunday xulosaga kelishgan. Mamlakatda hamon katta miqdorda dizelda yuruvchi eskirgan, lekin raketa uchirish uchun yaroqli bo‘lgan suv osti kemalari bor.

Kuchni ko‘rsatib qo‘yish
Kim Chen In o‘z otasi sharafiga nomlangan maydonda o‘tgan harbiy paradda charm palto va paxmoq bosh kiyimda salobat to‘kib turdi va yangi qurol olib o‘tilayotganda o‘rnidan turib, askarlarga mamnun qo‘l siltadi.

«Maydonga dunyodagi eng kuchli qurollardan biri bo‘lgan ballistik raketalar birma bir olib chiqildi. Ular revolyutsion harbiy kuchimizning qudratini yana bir bor namoyish qildi», deb yozilgan KXDR Markaziy telegraf agentligining «tarixiy reportaji»da.

Negadir bu galgi paradda Shimoliy Koreyaning quruqlikdan otiladigan eng katta ballistik raketasi ko‘rinmadi. Bu qurol oktabrda o‘tkazilgan paradda ko‘rsatilgandi. Mutaxassislarning aytishicha, yangi raketaning hajmi chindan qo‘rqinchli va u bilan AQSHning har qanday nuqtasiga zarba berish mumkin.

Shimoliy Koreyada bu tarzda harbiy kuchni ko‘rsatish odatga aylangan va har besh yilda o‘tkaziladigan bunday paradlarda odatda birorta yangi qurol namoyish etiladi. Kim Chen In partiya s’ezdida so‘z olar ekan mamlakatning harbiy qudratini, xususan, katta radiusdagi hududlarga zarba berishga imkon beruvchi ballistik raketalar ishlab chiqarishni rivojlantirishga so‘z berdi. Shuningdek, Shimoliy Koreya «millat otasi» favqulodda katta qurollar haqida ham gapirgan. Nutqi davomida u AQSHni mamlakatning eng katta dushmani deyishdan tashqari, inqilobga to‘siq deb atagan. «Hukumat tepasida kim bo‘lishidan qat’i nazar ularning bizga nisbatan siyosati aslo o‘zgarmaydi», degan Kim Chen In.

Kim Chin In 2011 yilda otasidan hukumatni qabul qilib olgach, mamlakatda ballistik raketa ishlab chiqarish rivojlandi va «millat otasi» bu AQSH bosqinidan saqlanish uchun muhim ekanini aytib keladi.

Baydenga chorlovmi?
Mutaxassislar Shimoliy Koreyadagi bu qurol namoyishini AQSHning yangi saylangan prezidenti Jo Baydenga qaratilgan ekanini aytishmoqda. Qattiq va suyuq yonilg‘ida harakatlanuvchi ballistik raketalarning ustunligi va kamchiliklari ham bor. Ularning ustunligi shundaki, startga tezda tayyor bo‘ladi.

Prezident Donald Tramp 2018 yilda Kim Chen In bilan Singapurda uchrashgandi. Keyinchalik ular yana ikki marta uchrashishdi va Tramp Kim Chen Inni «yaxshi yigit» deb atadi. Oldinroq AQSH prezidenti Shimoliy Koreya yetakchisini «bomba odam» deb atagandi. Tramp Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya chegarasiga borib, tarixiy qo‘l berishda ham qatnashdi.

Umuman olganda, AQSH va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar taxmin qilib bo‘lmaydigan darajada o‘zgaruvchan. Ba’zan mamlakat yetakchilari bir birlariga mulozamat qilishsa, ba’zan tahdid qilishdan ham toyishmaydi. Tramp davridagi qator uchrshuvlarda yadro dasturini to‘xtatish bo‘yicha ham, Shimoliy Koreyadan sanksiyalarni olib tashlash bo‘yicha ham kelishuvga erishilmadi.

Marshal ko‘rinmay qolgandi
Shimoliy Koreya aholisi marshal deb atovchi Kim Chen In 2020 yilda juda kam ko‘rinish berdi. Oxirgi hafta esa u uchun «ancha sermazmun o‘tdi». Partiya s’ezdi dunyodagi koronavirus tahdidi va AQSHdagi siyosiy voqealar soyasida qolib ketganiga qaramay, Kim Chen In unga jiddiy e’tibor qaratdi. U mamlakat og‘ir iqtisodiy holatda qolayotganiga qaramay, harbiy jihatdan hamon nimalardir qilishga qodir ekanini Shimoliy Koreya fuqarolariga ko‘rsatishni muhim deb hisobladi. Shu sababli qator ballistik raketalar namoyishi o‘tkazildi.

Bu harakatlardan shunday xulosa qilish mumkinki, Shimoliy Koreya hamon dunyodan yopilgan holda yashashda davom etmoqchi va yadro dasturidan voz kechib, evaziga sanksiyalardan qutulishga intilmayapti. Baraka Obama hukumatni Trampga topshirayotganda Shimoliy Koreya uning xavfsizlik borasidagi asosiy maqsadi bo‘lishi kerakligini aytgandi. Biroq 4 yil ichida Tramp tarixiy uchrashuvlardan boshqa hech nimaga erisha olmadi. Xo‘sh, Bayden bu borada nimalar qila olarkin?




Mavzuga oid yangiliklar
  • Istanbulda terakt sodir etgan suriyalik ayol 1794 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi 26 apr, 20:24 0
  • Xitoy AQSHni «qizil chiziqlar»ni kesib o‘tishdan ogohlantirdi va «dushman emas, hamkor» bo‘lishga chaqirdi 26 apr, 19:16 1
  • Qirg‘izistonda hukumat a’zolariga «to‘yma-to‘y yurish» taqiqlandi 26 apr, 18:57 8
  • Ukraina Amerikaning Abrams tanklarini oldingi chiziqdan olib tashlayapti 26 apr, 17:43 72
  • Oq uy Kiyevning g‘alabasiga shubha qilmoqda 26 apr, 16:38 124
  • “Mayns” futbol klubi stadionidan 500 kilolik bomba topildi 26 apr, 15:51 134
  • So'nggi yangiliklar
  • Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlikka ruxsat berildi 26 apr, 20:39 0
  • Istanbulda terakt sodir etgan suriyalik ayol 1794 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi 26 apr, 20:24 0
  • Xitoy AQSHni «qizil chiziqlar»ni kesib o‘tishdan ogohlantirdi va «dushman emas, hamkor» bo‘lishga chaqirdi 26 apr, 19:16 1
  • Qirg‘izistonda hukumat a’zolariga «to‘yma-to‘y yurish» taqiqlandi 26 apr, 18:57 8
  • Elektr va gaz tariflarini erkinlashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? 26 apr, 18:30 11
  • Andijon va Qashqadaryoda yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi 26 apr, 18:08 18
  • Ukraina Amerikaning Abrams tanklarini oldingi chiziqdan olib tashlayapti 26 apr, 17:43 72
  • “O‘zavtosanoat” AJ tarkibidagi 38 ta korxona sotiladi 26 apr, 17:18 47
  • UFC Arman Sarukyanni promoushendan chetlatishi mumkin 26 apr, 17:01 40
  • Oq uy Kiyevning g‘alabasiga shubha qilmoqda 26 apr, 16:38 124
  • Futzal. Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Markaziy Osiyo jamoalari kurashadigan bo‘ldi 26 apr, 16:19 128
  • “Mayns” futbol klubi stadionidan 500 kilolik bomba topildi 26 apr, 15:51 134
  • Bo‘limlar