Foto: Getty ImagesBola uchun eng muhim inson – ona! U dunyoga keltiradi, parvarishlaydi, tarbiya beradi. Shuning uchun ham bolajonlar onaning har bir bajarayotgan vazifasini to‘g‘ri deb baholaydi va aynan buning zarurat ekanligiga ishonadi. Natijada bolada taqlid qilishga harakat paydo bo‘ladi. Shu sababli onalar bolada umidsizlik, qo‘rquv kabi salbiy holatlarga olib keluvchi harakatlardan voz kechmog‘i zarur.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, aksariyat onalar farzandlarining oldida o‘zini qanday tutish kerakligini bilmaydi. Marhamat, bolada sog‘lom ruhiyat hosil qilish uchun nimalardan voz kechish kerakligini
bilib oling.
Boshqalarni muhokama qilmangAyollar hech narsani yashira olmaydi, qo‘shni xotin yoki dugonalar bilan turmush o‘rtog‘i, qaynonasini muhokama qilishni xush ko‘radi. Afsuski, bunday suhbat davomida bola barcha tafsilotlarni xotirasida saqlab qoladi. Onalar esa bu haqida ko‘pincha unutadi. Keyinchalik shunday kulgili vaziyatlar bo‘ladiki, farzandingiz ham muhokamalarga aralashishni boshlaydi. Bu kabi holatlar avval bog‘chalarda takrorlanadi. Xuddi o‘ziga o‘xshagan birortasini topadi va qolganlarni baland ovoz bilan muhokama qiladi. Achinarlisi, bu holatda bolani aybdor deb topishadi, aslida unday emas. Aybni izlash kerak bo‘lsa, onalardan boshlash kerak.
Qoidalarga rioya etingAgar farzandingizga ma’lum qonun-qoidalarni o‘rgatishni istasangiz, avvalo o‘zingiz unga rioya qilishga odatlaning. Tasodifan buzilgan qoidalar ham bolaning yodida anchagacha saqlanib qoladi. Uning ongida kattalar aytgan har bir vazifani bajarmaslik fikri paydo bo‘ladi. Sababi bunday vaziyatlarga ko‘p guvoh bo‘lgan. Masalan, ona bolasi bilan mumkin bo‘lmagan joyda yo‘lni kesib o‘tdi. Lekin farzandidan buning aksini talab etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tarbiyada aytilganga qaraganda ko‘rilgan harakatga ergashish ko‘p uchraydi. Tasavvur qilyapsizmi, ota-onadan o‘rnak olgan farzand ertami, kechmi yo‘l qoidasini buzadi va bu fojia bilan yakun topishi mumkin.
Tushkunlikka tushmangBilasizmi, bolalar nima uchun g‘ayritabiiy savollar beradi? Ular dunyoni tanishga harakat qiladi va bu aynan onalar orqali amalga oshadi. Bola onasi bilan yaqin munosabatda bo‘lganligi tufayli uning kayfiyatini ham his etadi. Ona bolaning savollariga beye’tibor, qo‘pol ravishda javob bersa, salbiy fikrlar bilan bo‘lishsa, u jamiyatni shafqatsiz, adolatsiz, deb tasavvur qiladi. Ilk bilimlarini boshqalarga ham yetkazgan bolakay ruhiyatida tushkunlik paydo bo‘ladi. Aslida ruhshunosning bola bilan ishlashi qiyin. Bunday vaziyatlarda esa muammoni hal qilish ikki barobarga og‘irlashadi.
Yolg‘on gapirmangOnalar tomonidan bolalarni aldash juda ko‘p uchraydigan voqea. Ayrimlari buni sezmasligi mumkin, lekin aldanayotganini bilgan zahoti unga ishonishni to‘xtatadi. Shunday hollarda oradagi aloqani tiklash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Nima bo‘lganda ham haqiqatni yashirmaslik zarur. Mayli, yoqimli bo‘lmasa ham bir qancha muammoni yengishda yordam beradi. Bundan tashqari, bola haqiqat ichida voyaga yetadi, dunyoni ko‘zoynak ortidan ko‘rishga o‘rganmaydi.
Ovozingizni ko‘tarmangOta va ona baland ovozda gaplashsa, dastlab bolaga g‘alati tuyilishi mumkin. Lekin bu odat tusiga aylansa, demak, bola ham shunday bo‘lishi kerak, degan fikrga keladi. Shuning uchun ham ayrim bolakaylar har qadamda jazavaga tushaveradigan bo‘lib qoladi. Keyinchalik onalar farzandining ustozidan, qo‘shnisidan shikoyat eshitsa, hayratlanmasa ham bo‘laveradi.
Xafaligingizni ko‘rsatmangDilga ozor beruvchi so‘zlarni unutish ancha mushkul. Bola onasini xo‘rliklarga chidashini yoki kamsitilayotganini ko‘rmasligi zarur. Kichkintoylarda hayoti davomida yo‘q bo‘lmaydigan fidokorlik hissi shakllanib boradi. Agar onada kamsitilish, xo‘rlanish bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, uni mutaxassislar bilan hal qilishi zarur. Bu orqali farzandingizga adolatsizlikka qarshi kurashni o‘rgatgan bo‘lasiz. Albatta, zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatga erishish juda qiyin. Buning uchun har bir harakatingizni nafaqat o‘zingizda, balki farzandlaringizda aks etishini tasavvur qilgan holda amalga oshiring.