“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 25 2024, 04:42
ЎЗO‘Z

Quyosh tizimidagi g‘alati sayyora. 13 mart – Uran kashf qilingan kun

13 mar, 15:45 5 025 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Quyosh tizimidagi g‘alati sayyora. 13 mart – Uran kashf qilingan kun Foto: Google Photos
Bugun Quyosh tizimidagi yana bir sayyora – Uran kashf qilingan kun. Sana tarixi va qiziqarli faktlar haqida «Daryo» kolumnisti Muzaffar Qosimov ma’lumot beradi.

Qadim zamonlarda odamlar osmonda faqat 5 ta sayyora bor deb bilgan. Bular Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn sayyoralari edi. Chunki ularni tungi osmonda qurollanmagan ko‘z bilan ham (ya’ni teleskopsiz) ko‘rsa bo‘ladi. Shu sababli sayyoralarning munajjimlar lug‘ati orqali bizga yetib kelgan sharqona – Mushtariy, Zuhro, Mirrix, Zuhal hamda Utorud kabi nomlari mavjud.

Hisob bo‘yicha eng olis sayyora Saturn bo‘lgan. Undan narida ham Quyosh sistemasining yana yirik sayyoralari mavjud bo‘lishi ehtimoli esa ko‘pchilikning xayoliga ham kelmagan. Biroq 1610 yildan e’tiboran Galiley o‘zi yasagan teleskopda tungi osmonni kuzatar ekan, odamzod ko‘zidan panada bo‘lgan, oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan ob’ektlar ham kashf etila boshlandi. 1610 yilning o‘zida Galiley Yupiterning to‘rtta eng yirik tabiiy yo‘ldoshini ochgan edi.

Uning bu muvaffaqiyati katta va kichik rasadxonalarda yangidan yangi kuzatuv kompaniyalarining boshlanishiga asos bo‘ldi. Keyingi yillarda olimlar boshqa yo‘ldoshlarni, xususan, Saturnning yo‘ldoshlarini aniqladi. Lekin Saturndan narida butun boshli yirik sayyoraga duch kelinishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

Dastavval 1690 yilda Jon Felmstid ismli astronom Buzoq yulduz turkumi fonida Uranni naq olti marta kuzatdi. Biroq uning xayoliga bu ob’ekt, aslida, Quyosh tizimiga tegishli sayyora ekani haqidagi fikr mutlaqo kelmadi. U buni ham shunchaki Buzoq yulduz turkumidagi yulduzlardan biri deb qayd etib qo‘yaverdi. Chunki uning teleskopi ancha zaif bo‘lib, sayyorani aniq va tiniq ko‘rish imkonini bermadi, shuning uchun teleskopda uni boshqa yulduzlardan farqlash imkoni bo‘lmadi.

Keyinchalik 1750–1769 yillar orasida farang astronomi Sharl le Moner ham Uranni 12 marotaba ko‘rdi. Biroq u ham bu ob’ektni yulduz deb qabul qildi. Chunki teleskop mukammal emas edi. Kuzatilayotgan ob’ekt katta sayyora ekani aniqlangunicha, u turli astronomlarning kuzatishlarida kamida 21 marta namoyon bo‘ldi. Ammo har safar uni yulduz deb o‘ylab, e’tibor berilmadi.

Foto: Google Photos
Kelib chiqishi nemis bo‘lgan ingliz astronomi Uilyam Gershel Britaniyaning Bat shahridagi o‘z uyi hovlisidagi bog‘da o‘zi loyihalab yasagan teleskopida kuzatishlar olib bordi. U o‘sha paytda yulduzlar parallaksini aniqlash borasidagi tajribalarda ishtirok etayotgan edi. 1781 yilning 13 mart kuni tunda Uilyam Gershel birinchi marta Uran sayyorasini ko‘rib qoldi.

Uning qaydlarida bu sanada Uran hali sayyora sifatida emas, balki «notanish kometa» sifatida qayd etilgan. Gershel ham avvaliga Uranni biror kometa deb o‘yladi. Biroq keyingi kunlardagi kuzatishlarga qarab, Gershel bu ob’ekt kometa emasligini payqadi. Chunki u osmonda yulduzlar fonida xuddi sayyoralar singari harakat qilayotgan edi! Gershel o‘z teleskopining linzasini optik kuchi kattarog‘iga almashtirib, uni yanada sinchiklab kuzatishni davom ettirdi.

Natijada unga namoyon bo‘lgan osmon jismi yulduz ham, kometa ham emas, balki sayyora ekaniga amin bo‘ldi. Chunki u yulduzlardan farqli ravishda bir maromda harakatlanib, ekliptika tekisligi bo‘ylab joyini o‘zgartirayotgan edi. Qolaversa, kometa deyish uchun uning «dumi» va «kallasi» bo‘lishi lozim edi. Vaholanki, Gershel kuzatayotgan bu ob’ektda «dum» ham, «kalla» ham yo‘qligini teleskop ravshan ko‘rsatib turgandi. Shunda Gershel Quyosh tizimidagi ilgari noma’lum bo‘lgan sayyorani ko‘rib turganini fahmlab qoldi!

Bu odamlarning Quyosh tizimi haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirib yuborgan olamshumul kashfiyot edi. Demak, osmonda biz bilmagan sayyoralar ham bo‘lishi mumkinligi, ilmiy kuzatuvlar orqali ularni kashf qilish kerakligi haqidagi fikrlar jamiyat oldidagi ilm-fanning obro‘sini oshirib yubordi.

Gershel Uranni 13 mart kuni kashf qilgan bo‘lsa-da, ommaga e’lon qilishga shoshilmadi. U olimlarga xos mulohazakorlik bilan o‘z kuzatuvlarini qayta-qayta sinchiklab tekshirdi va xato qilmayotganiga amin bo‘lgach, o‘sha yilning 26 may sanasida Qirollik jamiyatida axborot berdi. Uning axborotida sayyoraning koordinatlari va boshqa astronomlarning kuzatishlari orqali tasdiqlangan parametrlari ilova qilingan edi.

Foto: Google Photos
Olamshumul kashfiyot butun Yevropa ilmiy doiralarida furor ko‘tardi. Angliya qiroli Georg III tomonidan Gershel tantanali qabul qilindi va unga umrbod 200 funt-sterling miqdoridagi oylik maosh tayinlandi. Bunga javoban astronom olim mazkur yangi ochilgan sayyoraga «Qirol Georg III sayyorasi» nomini berishni taklif qildi. Fransiyalik astronom Laland esa sayyorani uni kashf qilgan olim sharafiga «Gershel sayyorasi» deb atash fikrini ilgari surdi.

Biroq biz bilgan sayyoralarning barchasining nomi (Yerdan tashqari) qadimgi Rim afsonalaridagi qahramonlar nomi bilan ataladi va agar Gershel kashf qilgan sayyoraga qirol yoki Gershelning nomi berilganda yuqoridagi qoida buzilgan bo‘lar edi. Shu sababli nemis astronomi Iogann Bode hissiyotga berilmaslikni va yangi sayyoraga ham taomilga ko‘ra Rim yoki yunon mifologiyasidan kelib chiqib nom berish fikrini o‘rtaga tashladi.

Yunon mifologiyasida Saturn Yupiterning otasi sifatida gavdalanadi. Shu mantiqqa binoan Bode yangi sayyorani mifologiyadagi Saturnning otasi bo‘lmish Uran nomiga atashni taklif qildi. Astronomlar o‘zaro yozishmalarda yangi sayyorani Uran deb nomlashni deyarli o‘sha paytdanoq boshlagan bo‘lsa-da, to 1823 yilgacha turli manbalarda uni ba’zan «Georg yulduzi» va ba’zan «Gershel sayyorasi» sifatida ham qayd etilishi davom etdi. 1823 yildan sayyoraga Uran nomi rasman biriktirildi.

Uran – Quyosh tizimidagi o‘ziga xos g‘alati sayyora. U boshqalar singari o‘z o‘qi atrofida g‘arbdan sharqqa emas, balki shimoldan janubga qarab aylanadi. Shunga ko‘ra Uranda kun va tun davomiyligi 42 yil atrofida bo‘ladi (ya’ni Uranning bir kuni 42 Yer yiliga tengdir!).

Kattaligi jihatdan Uran Quyosh tizimida Yupiter va Saturndan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Uran Quyosh atrofini 84 yilda bir marta to‘liq aylanib chiqadi. Saturn singari Uranning ham atrofida halqalari mavjud. Faqat uning halqasi juda siyrak va ingichka bo‘lganidan kuchli teleskoplarda ham deyarli ko‘rinmaydi. Uranning halqalari faqat 1977 yilga kelib kashf etildi. Sayyoraning 27 ta tabiiy yo‘ldoshi ham aniqlandi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Eronda reper Tumoj Solihiy o‘lim jazosiga hukm qilindi 24 apr, 23:35 103
  • Shoyguning o‘rinbosari hibsga olindi. Bu ish haqida hozirgacha nimalar ma’lum? 24 apr, 23:12 100
  • Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov tergov izolatoriga jo‘natildi 24 apr, 22:20 65
  • Yevrokomissiya rahbari: “Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi Yevropa tarixini o‘zgartiradi” 24 apr, 22:00 203
  • Vladimir Putin «Krokus»da sodir etilgan terakt uchun o‘ch olishga chaqirdi 24 apr, 20:08 540
  • Ukraina hukumati AQSH tanqidiga uchradi 24 apr, 19:42 339
  • So'nggi yangiliklar
  • O‘zbek professional boksi tarixidagi eng katta jang tasdiqlandi! 25 apr, 00:33 86
  • Xose Venansio: Eronga qarshi o‘yindagi g‘alaba Jahon chempionati oldidan jamoamizga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi 25 apr, 00:23 44
  • O‘zbekiston birinchi chorakda 2,7 mlrd dollarlik oltin sotdi 25 apr, 00:06 23
  • Eronda reper Tumoj Solihiy o‘lim jazosiga hukm qilindi 24 apr, 23:35 103
  • Shoyguning o‘rinbosari hibsga olindi. Bu ish haqida hozirgacha nimalar ma’lum? 24 apr, 23:12 100
  • Olimlar 2024 yilda kuchli jaziramadan aziyat chekishi kutiladigan hududlarni aytdi 24 apr, 22:42 149
  • Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov tergov izolatoriga jo‘natildi 24 apr, 22:20 65
  • Yevrokomissiya rahbari: “Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi Yevropa tarixini o‘zgartiradi” 24 apr, 22:00 203
  • Vazirning “dakki”si, bu ishlardan zerikkan Jo‘rayevlar oilasi va Botir Qodirovning iqrori... 24 apr, 21:37 220
  • Eldor Shomurodov transferiga narx belgilandi! 24 apr, 21:25 285
  • Futzal. O‘zbekiston Vetnam ustidan irodali g‘alaba erishib, yarim finalga yo‘l oldi 24 apr, 21:09 160
  • Amerikalik olimlar barcha uchun birdek foydali jismoniy faollik turini aniqladi 24 apr, 20:50 106
  • Bo‘limlar