“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 18 2019, 04:38
ЎЗO‘Z

O‘zbekistonni Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shish nega kerak?

13 okt, 22:53 1 779 O‘zbekiston
O‘zbekistonni Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shish nega kerak?
Yaqinda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining raisi Valentina Matviyenko Toshkentga safari chog‘ida O‘zbekiston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII)ga a’zo bo‘lish masalasi ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. Sal keyinroq Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hali aniq qaror qabul qilinmaganini, holbuki, mazkur masala deyarli uch yildan (ya’ni Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan) beri muhokama etilayotganini aytdi.

Albatta, Rossiya tomoni O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishini faol ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. Kreml uchun ushbu respublikani o‘z geosiyosiy ta’sir doirasiga qaytarish mumkin, chunki O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Rossiyaga ehtiyotkor munosabatda bo‘lgan va uni potensial tahdid deb hisoblagan edi. Pirovardida O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zolikdan chiqdi va Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilishni rad etdi. Ustiga-ustak, O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasida mamlakatning harbiy bloklarga qo‘shilmasligi hamda siyosiy suverenitetiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xalqaro tashkilotlardagi faoliyati cheklanishi belgilab qo‘yildi.

Rossiyaning manfaatlari
O‘zbekiston geosiyosat borasida Rossiya uchun bir necha yo‘nalishda muhimdir.

Birinchidan, mintaqaviy xavfsizlikni asrashda muhim aktyor sifatida. Demak, Moskvaning yana bir vazifalaridan biri O‘zbekistonni KXShTga qaytarishga urinish bo‘ladi.

Ikkinchidan, Qozog‘istonning o‘rniga Markaziy Osiyodagi ehtimoliy strategik hamkor sifatida. Rossiya birinchi prezident Nursulton Nazarboyev siyosiy sahnadan ketishi va respublikada milliy-vatanparvarlik kayfiyati o‘sishi ortidan Qozog‘istondagi yarim tranzit davrini, mamlakatning mavhum siyosiy istiqbolini bezovatalik bilan uzatmoqda.

Uchinchidan, O‘zbekistonni YeOIIga tortishga urinishning yana bir sababi shuki, Xitoyning ham ikki tomonlama, ham “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi doirasida Markaziy Osiyoda haddan ortiq investitsion va iqtisodiy faolligi Rossiyaga tobora kamroq yoqyapti. Darvoqe, O‘zbekiston 2020 yilning 1 yanvaridan Xitoy fuqarolariga vizasiz rejim (yetti kunga) joriy etmoqda. Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida Xitoy harbiy ishtirokining kuchayishi hamda Pekinning tojik-afg‘on chegarasida 30-40 tagacha post qurishga rozilik berishi Rossiyaning Markaziy Osiyodagi harbiy-siyosiy ishtiroki vaqt o‘tishi bilan kamayib borayotganini ko‘rsatadi.

To‘rtinchidan, AQShning mintaqadagi ta’sirini kamaytirish ham Rossiya uchun muhimdir. Darvoqe, sentyabrda Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQShning «S5+1» formatidagi navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Avvalgi uchrashuv 2019 yilning avgustida Qozog‘istonda o‘tkazilgan edi. Birinchi uchrashuv O‘zbekistonda tashkil etilgan. Oxirgi paytda «S5+1» formatidagi uchrashuvlar sonining ortgani AQSh va barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarining munosabatlarni turli masalalar bo‘yicha davom ettirishga o‘zaro qiziqishi borligini ko‘rsatadi.

Holbuki, AQShning Markaziy Osiyodagi manyovrlari uchun maydon anchayin tor: Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan uchtasi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining a’zosi hisoblanadi, ikkitasi Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilgan, deyarli barchasi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ishlarida qatnashadi. Rossiyaning Qirg‘iziston va Tojikistonda harbiy bazalari bor. Xitoy ana shu ikki davlat iqtisodiyotining eng yirik kreditori, shuningdek mintaqadagi eng yirik investorlardan biri hisoblanadi.

AQShning Markaziy Osiyodagi eng muhim iqtisodiy hamkori – bu Qozog‘iston. Biroq ayni paytda iqtisodiy siyosatni liberalizatsiya qilayotgan va Afg‘onistondagi tinchlik jarayonining muhim aktyorlardan biri hisoblanuvchi O‘zbekiston ham yana bir iqtisodiy va harbiy-siyosiy hamkorga aylanadigan ko‘rinadi. Shunday qilib, Amerikaning xavfsizlik sohasidagi (iqtisodiy va harbiy) tashabbuslari nuqtai nazaridan Vashington uchun eng katta qiziqishni aynan Qozog‘iston va O‘zbekiston uyg‘otishi mumkin. Turgan gapki, bularning bari Rossiya va Xitoyga yoqmaydi.

Yetti marta o‘lcha...
Shavkat Mirziyoyev joriy yilning iyunida Oliy Majlis Senatining 20-yalpi yig‘ilishida O‘zbekistonning tovar aylanmasining 70 foizi Rossiya va YeOIIga to‘g‘ri kelayotganini, mamlakat uchun yangi bozorlar kerakligini ta’kidladi. Albatta, O‘zbekiston uchun o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, Uz-Daewoo avtomobillari va to‘qimachilik sanoati mahsulotlari eksportini Rossiya va YeOIIning boshqa mamlakatlariga oshirishi muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda, O‘zbekiston prezidentining fikricha, qo‘shni davlatlar jo‘g‘rofiy joylashuv borasida ustunlikka ega.

“Biz yo‘llardan uzoqdamiz. Qo‘shnilarimizda dengizga chiqish uchun yo‘l bor. Bizda hozir import ko‘p, biroq har bir dollar – bu bizning boyligimiz, chunki biz valyuta to‘layapmiz. Rossiyaga o‘z manafaatlariga ega Qozog‘iston orqali chiqyapmiz. Hech kim bizga yo‘lni yengillatmoqchi emas”, – dedi Mirziyoyev. Shuningdek u O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgudek bo‘lsa, bu importning o‘sishiga va ko‘plab o‘zbek korxonalariga zarba bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi. Ekspert guruhi O‘zbekistonning Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilishidan kelib chiqadigan plyuslar va minuslarni o‘rganayotgani haqida Sodiq Safoyev aytgan so‘zlar ajablanarli emas.

Albatta, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin O‘zbekistonning tashqi siyosati faollashdi. Joriy yil sentyabrida O‘zbekistonning Turk Kengashiga (Turkiy Tilli Davlatlar Hamkorlik Tashkilotiga) qo‘shilgani ham buning dalilidir. Islom Karimovning Turkiya bilan munosabatlari tarang bo‘lgani uchun ham O‘zbekiston bu tashkilotga qo‘shilmagan edi. Karimov Anqaraning Markaziy Osiyoda Rossiyaning o‘rniga “katta og‘alik” qilishga uringanidan shubhalangandi. Ammo Turk Kengashi – bu YeOII emas, chunki turkiy tilli davlatlarning birlashuvi madaniy-gumanitar va til birdamligiga asoslangan bo‘lib, YeOIIda bo‘lgani singari iqtisodiy suverenitetni cheklashga urinmaydi.

Agar O‘zbekiston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shiladigan bo‘lsa, Qozog‘iston singari Rossiyadan muntazam tashlanadigan va ko‘pincha YeOIIga a’zo boshqa davlatlar suverenitetini shubha ostiga oladigan, yagona valyuta va yagona parlament tuzish haqidagi axborotlarni daf qilib turishiga to‘g‘ri keladi. Masalan, yaqinda Yevroosiyo Taraqqiyot Banki boshqaruvi raisi Andrey Belyaninning mazkur bank kelgusida YeOIIning markaziy banki bo‘lishi haqidagi bayonoti Qozog‘istonda haqli ravishda salbiy reaksiyaga sabab bo‘ldi. Qozog‘iston pul-kredit va valyuta masalalari mutlaq ravishda YeOII mamlakatlari markaziy banklarining vakolatiga kirishini rasman ma’lum qildi. Shuning uchun valyuta ittifoqini tuzish va yagona valyutani joriy etish kutilmayapti.

Ehtimol, O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik borasidagi muzokaralar vaqt oladi. Anig‘i shuki, Moskva va Toshkent O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi tufayli kelib chiqadigan afzalliklar va xatarlarni o‘rganish maqsadida ishchi guruhi tuzgan, guruh o‘z hisobotini 2019 yilning oxirigacha taqdim etishi zarur. Tojikiston ham 2015 yildan beri YeOIIga a’zo bo‘lish masalasini o‘ylaydi, Dushanbe muntazam ravishda bu a’zolikning plyuslari va minuslarini o‘rganayotganini aytib keladi.

Qizig‘i, O‘zbekistondan farqli ravishda Tojikiston siyosiy va iqtisodiy jihatdan Rossiyaga ko‘proq bog‘langan. Aftidan, minuslar va’da qilingan plyuslardan ko‘proq. Yanada qizig‘i, Moskva bu masalada Dushanbega ortiqcha bosim o‘tkazmadi, chunki uni YeOII doirasida O‘zbekiston singari qimmatli hamkor deb hisoblamaydi. Balki Rossiyada O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lgandan keyin tashkilotga qo‘shilishni Tojikistonning o‘zi so‘raydi deb o‘ylashayotgandir.

Qopqondagi pishloq
Lekin Toshkent ham Dushanbe singari YeOII a’zolarining bir-birlarini doimiy ravishda tashkilot qoidalarini buzish, shuningdek tartibga solishning notarif usullaridan foydalanish va proteksionizmda ayblashlarini diqqat bilan kuzatib kelyapti. Belarus bunday ayblovlarni Rossiyaga muntazam yo‘naltiradi. Qirg‘izistonning fikricha, Qozog‘iston qirg‘iz mahsulotlarining eksportiga sun’iy to‘siqlar yaratyapti. Ayrim qirg‘iz siyosatchilarga ko‘ra, agar Qirg‘iziston Qozog‘iston bilan Jahon Savdo Tashkiloti qoidalari bo‘yicha hamkorlik qilganida, YeOII doirasidagi hamkorlikdan ko‘proq afzalliklarga ega bo‘lar edi.

Albatta, optimistlar O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi Rossiyaga amalga oshiriladigan o‘zbek eksporti uchun bojlarning kamayishiga olib kelishini aytmoqda. Xuddi shu narsa Qozog‘iston, Belarus yoki Qirg‘iziston ham YeOIIga a’zo bo‘layotganida aytilgan edi. Shunday ekan, mazkur ittifoqqa qo‘shilgandan keyin Toshkent ham xuddi shunday muammolarga uchramasligiga kafolat yo‘q. Ustiga-ustak, Rossiya o‘ziga qaratilgan sanksiyalardan keyin import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga va o‘z biznesini qo‘llab-quvvatlashga ko‘proq e’tibor qarata boshladi, bu esa o‘z-o‘zidan proteksionist choralarning ortishiga olib keldi.

Darvoqe, yaqinda Yerevanda bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo Iqtisodiy Kengashi yig‘ilishida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev alohida holatlarda o‘z ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish istagi integratsiyaning maqsadi va vazifalaridan ustun qo‘yilayotganini, YeOII sudining qarorlari esa ko‘pincha a’zo davlatlar tomonidan e’tiborga olinmayotganini ta’kidladi.

Ayni paytda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni Rossiya bilan bog‘lab turadigan mushtarak omil mavjud – mehnat migratsiyasi. O‘tgan yili migrantlar Qirg‘izistonga 2,5 milliard dollar yubordi, shuning 90 foizdan ortig‘i Rossiyadan kelgan. Jismoniy shaxslarning Rossiyadan Tojikistonga pul o‘tkazmalari hajmi esa 2 milliard 553 millionga teng bo‘ldi.

Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi birinchilik aynan O‘zbekistonga tegishli – 4,082 milliard dollar. Yevroosiyo Taraqqiyot Banki mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, agar Tojikiston YeOIIga qo‘shiladigan bo‘lsa, mehnat migratsiyasi hajmi 10-15 foizga, pul o‘tkazmalari hajmi esa 15-25 foizga ortadi, chunki tojikistonliklarning Rossiyada ish topishi va o‘z huquqlarini himoyalashi osonlashadi. Bundan tashqari, bank hisobotida Tojikiston iqtisodiyotiga investitsiyalar miqdori ham ortishi aytilgan.

Aftidan, Rossiyaning O‘zbekiston bilan muzokaralaridagi vajlari ana shu plyuslar – aslida sinchiklab razm solinsa, minuslar – atrofida bo‘ladi. Chunki mehnat migrantlari yetkazib beradigan davlatda mehnat bozori rivojlanmagan, ishsizlik darajasi yuqori, iqtisodiyot kuchsiz va turmush darajasi past bo‘ladi, bu esa ishchi kuchining yo‘qotilishiga olib keladi.

Agar O‘zbekiston YeOIIga a’zolikdan Rossiya yoki Qozog‘istonga mehnat migratsiyasini va migrantlar jo‘natadigan pul hajmini oshirishdan boshqa foyda ko‘rmasa, mamlakat arzon ishchi kuchi yetkazib berishdan nariga o‘tmaydi, inson kapitalining sifati, ishlab chiqarish va mehnat resurslari malakasi o‘smaydi. Bu esa Mirziyoyevning iqtisodiyotni modernizatsiyalashga bo‘lgan barcha urinishlarini chippakka chiqaradi.

Rossiya investitsiyasiga to‘xtaladigan bo‘linsa, O‘zbekistonning YeOIIdagi ishtirokisiz ham bu mamlakatda Rossiya sarmoyasi qo‘shilgan 1200 atrofida korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyasi hajmi 8,5 milliard dollardan oshgan. Bu asosan Rossiyaning «Gazprom» va «Lukoyl» kompaniyalari faoliyati bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, Rossiyaning «Zarubejneft» kompaniyasi O‘zbekistonda neft qazib olish bo‘yicha qo‘shma korxona ochmoqchi. Yaqinda o‘tkazilgan Rossiya – O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlik forumida aytilishicha, Rossiya O‘zbekistonga 21 milliard dollar investitsiya kiritadi.

Bundan tashqari, 2017 yildayoq Rossiyaga meva-sabzavot yetkazib berish bo‘yicha 612 million dollarlik kelishuv imzolangan edi. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi eng asosiy qo‘shma loyihalardan biri O‘zbekistonda “Rosatom” kompaniyasi ishtirokida ilk atom elektr stansiyasining qurilishi hisoblanadi. Bu Rossiya uchun geosiyosiy loyiha hamdir, chunki O‘zbekistonda Rossiya AESining paydo bo‘lishi O‘zbekistonning mutaxassislar tayyorlash, atom stansiyasini ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish borasida uzoq yillar Rossiyaga bog‘liq bo‘lib qolishini anglatadi.

Shunday qilib, O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilmaguncha Rossiyaning e’tiboridan mahrum qolmaydi. Moskva Toshkentni mintaqadagi haddan tashqari muhim aktyor deb hisoblaydi, shuning uchun YeOIIga yaqin orada a’zo bo‘lmagan taqdirda ham, O‘zbekistonni o‘zidan itarmaydi. O‘zbek mahsulotlari uchun yangi bozor masalasi haqida esa Xitoy qo‘shimcha muqobil bo‘lishi mumkinligini aytish mumkin. Xitoy hozir ham Rossiyadan keyin O‘zbekistonning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi.
Dosim Satpayev, siyosatshunos

Manba: Sof.uz

“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Mavzuga oid
  • Alisher Qodirov: “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – yashirin siyosiy maqsadlarni ko‘zda tutgan tashkilot” 11 okt, 08:13
  • Sodiq Safoyev: «O‘zbekiston — birov bosim o‘tkazadigan davlat emas, Shavkat Mirziyoyev bosim ostida egiladigan siyosatchi emas» 04 okt, 17:44
  • QR prezidenti Sochida YeOIK doirasida Putin bilan uchrashadi 14 may, 14:02
  • Nazarboyev va Putin yangi shartnomalar imzolash arafasida 26 dek, 13:43
  • Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015 yildan o‘z ishini boshlaydi 01 yanv, 14:29
  • So'nggi yangiliklar
  • Angliya yirik hisobda g‘alaba qozondi va Chexiya safarda yutqazib qo‘ydi 18 noya, 00:24 145
  • Bosh aylanishi: sabablari nima va qanday chora ko‘rish kerak? 18 noya, 00:23 196
  • Maksim Shatskix O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga murojaat qildi 18 noya, 00:22 318
  • Shoir Bobur Bobomurod uysiz shoir Mirzo Karim haqida gapirdi (video) 17 noya, 23:55 363
  • Portugaliya Yevro-2020 yo‘llanmasini naqd qildi, Serbiya pley-offda omadini sinab ko‘radi 17 noya, 23:23 171
  • "Dubai Cup-U23". O‘zbekiston BAAga imkoniyatni boy berdi 17 noya, 23:04 221
  • Lab bo'yoqlari qanday ixtiro qilingan? 17 noya, 22:57 274
  • Afg‘onistonda ichida o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan 600 dan ortiq IShID terrorchilari taslim bo‘lgani aytilmoqda 17 noya, 22:30 558
  • Lukaku: Rossiya kuchli jamoa va menga Dzyubaning o‘yini yoqdi 17 noya, 22:08 190
  • Britaniyalik erkak lotereyadan yutgan 12,5 mln dollarini ko‘ngilxushlikka sarflab yubordi 17 noya, 21:40 440
  • Bo‘limlar