“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 29 2024, 02:21
ЎЗO‘Z

Ziyolilar hukumatni korrupsiyaga qarshi yanada qattiqroq turishga da’vat etdi

08 мая, 14:14 2 577 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ziyolilar hukumatni korrupsiyaga qarshi yanada qattiqroq turishga da’vat etdi
Har qanday sog‘lom jamiyat boshqaruvida muammolar yechimiga ziyolilar, ulamolardan fikr olinadi, islohotlar ularning ishtiroki, maslahati bilan qilinadi.

Xo‘sh, korrupsiya ildiz otib ketgan bugungi o‘zbek jamiyati haqida ziyolilar nima deydi? Nega jamiyatimiz bu illatdan qutula olmayapti?
Amaldagi hukumat korrupsiyani imkon qadar kamaytirish uchun qanday shoshilinch choralarni ko‘rishi kerak?

Kun.uz shu kabi savollar yuzasidan qator taniqli diniy ulamo, yozuvchi va jamiyatshunos olimlardan fikr olib, xalqqa, hukumatga yetkazib kelmoqda.

Quyida yozuvchilar: Erkin A’zam, Isajon Sulton, diniy ulamo Mubashshir Ahmad va taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov o‘z fikrlari, tanqid, tavsiyalari bilan hukumatni korrupsiyaga qarshi qattiqroq turishga da’vat etdi.

«Korrupsiyani yo‘qotishning oddiy formulasi: mamlakatda qonunlar va javobgarlik hammaga teng bo‘lsin» — Erkin A’zam, yozuvchi

Korrupsiya haqida ko‘p gapiryapmiz. Uning ildizi avvalo nafsga borib taqaladi. Odam esa nafssiz yasholmaydi. Lekin nafsga bo‘ysunishning ham chegarasi bo‘lishi kerak.

Xo‘sh, nega jamiyatimizda korrupsiya bunchalik quloch yoyib ketdi? Chunki o‘z vaqtida korrupsionerga, poraxo‘rga va shu illatni kasb qilib olgan amaldorlarga kerakli va adolatli jazo berilmadi. Jamiyatda bu borada erkalik boshlandi va u hamon davom etyapti.

Bilasizmi, korrupsiya, uni jilovlash haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Lekin unga qarshi kurashning juda oddiy formulasi ham bor: mamlakatda qonunlar va javobgarlik hammaga teng bo‘lsin.
Hech kim jazodan yashirilmasin, ayalmasin, kechirilmasin. Agar niyat korrupsiyani chindan yo‘qotish bo‘lsa.

Xalqimiz juda yuvosh xalq. Hukumati nima desa shuni qiladi. Demak, korrupsiyani yo‘qotishni avvalo hukumat o‘zi chindan xohlashi kerak.
Xalq korrupsiyaga qarshi hukumatning irodasini sezar ekan, hukumatga quloq solib boshlaydi, bo‘lmasa yo‘q.

Xalq nima qilishi kerak? Biz «o‘zbekchilik» deb ataydigan odatlar ichida har xil bema’niliklar ham bor. Biz o‘zimiz yillar davomida aziyat chekib kelayotgan illatni yo‘qotmoqchi ekanmiz, unga qarshi ortiqcha, andisha, yuzxotirchilik odatlarimizni yo‘qotishimiz kerak.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tuzdik. Bu yaxshidir, lekin korrupsiya ildizini har xil, qo‘mita va agentliklar tuzmasdan ham qirqish mumkin. Masalan, prokuraturaning o‘zi ham qiloladi bu ishni. Boya aytganimdek, qonun hammaga teng ishlasa bo‘ldi.

 «Jamiyatda amrima’ruflar, nakiy munkardan ko‘proq foydalanish kerak» – Mubashshir Ahmad, diniy ulamo

Avvalo korrupsiyaning paydo bo‘lish omillarini ko‘rib chiqish kerak. Bu omillardan quyidagilarni e’tirof etgan bo‘lardim:
Birinchidan, insonning shaxsiy g‘arazlari: mol-mulkka o‘chlik, tezroq va ko‘proq boylikni qo‘lga kiritish. Ya’ni nafs omili.
Inson axloqiy mezonlardan yiroq bo‘lar ekan, nafs quliga aylana boradi. Jumladan, korrupsiyaga o‘rganadi.

Ikkinchidan, jamiyatda vatanparvarlik va axloqiy tuyg‘ular pasayib ketishi. Bunda jamiyatdagi ta’lim-tarbiya izdan chiqqani ham korrupsiyani paydo qiladi.

Uchinchidan, jamiyatning fasodga beparvoligi va unga butunlay ko‘nikib ketishi. Fasod – bu insonlardagi pora bermasam meni ishim bitmaydi degan vaziyat yoki tushunchadir.

To‘rtinchidan, korrupsiyaga yo‘l ochib beruvchi buzuq muhit. Bu qonunlardagi buzuqlik va yaratilgan imkoniyatlardan hamma teng foydalanolmasligi, buning uchun imkoniyat berilmagani.
Yoki qonunlar chiroyli yozilgan bo‘lsa-da, uning to‘liq ishlamasligidir. Bunda ijtimoiy nazoratning yo‘qligi yoki o‘ta sust ekanligi ham rol o‘ynaydi.

Aynan bugungi holatimizda bizda sust bo‘lsa-da, ijtimoiy nazorat bor, lekin unga davlat tomonidan e’tibor kuchli emas.
O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi korrupsionerlarga nisbatan juda yumshoq, shu bilan birga, qonunlar tatbiq qilinishi juda sekin.
Shuningdek, muqobil tomon – korrupsiyadan jabr ko‘radiganlarda huquqiy bilim yuqori emas.

Afsuski, jamiyatimizda amalga ko‘tarilishning axloqiy mezonlari mavjud emas. Tanish-bilishchilik, pora bilan lavozimga ko‘tarilish hamon kuchli. Tabiiyki, amalga o‘tirish uchun pul sarflagan odam uni bir necha barobar qilib, tezroq qaytarib olishga harakat qiladi. 
Shariatimizda men sanagan yuqoridagi barcha holatlar qoralangan, ularni yo‘qotish kerakligi haqida gapirilgan. Ularning barchasiga hozir to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman.

Shunisi aniqki, odamlar qachon o‘sha qoidalarni to‘liq anglab yetsa, shariat qoidalari ishlab, foyda bera boshlaydi.
Bu qoidalar jamiyatga u yog‘idan, bu yog‘idan olib, ayrim qismlari bilan tatbiq qilinar ekan, o‘z samarasini ko‘rsatmaydi. Ko‘p narsalar quruq so‘zga aylanib qoladi.

Din kishisi, uni ozmi-ko‘pmi o‘rgangan kishi sifatida hukumatga aytmoqchimanki, hozirgi korrupsionerlarning bo‘yni juda yo‘g‘onlashib, ildizi chuqurlashib ketgan. Bunga qarshi faqatgina qonunlarni kuchaytirish, jazoni muqarrarlashtirish va shu jihatlarni hammaga teng joriy qilish bilan kurashish mumkin.

Korrupsionerlarga diniy ta’limot yetib borishi juda qiyin. Ularning nafsi hakalak otib ketgan. Tarbiya butunlay izdan chiqqan. Qaytaraman, bunga qarshi qonunlarni qattiqlashtirish kerak.

Shuningdek, jamiyatda amrima’ruflar, nakiy munkardan ko‘proq foydalanish kerak. Afsuski, buning to‘g‘riligini bilsak-da, unga yo‘l berish masalasida katta muammolar bor.

«Yetarli darajada kurashilmasa, xalqning hukumatga ishonchi tushib boraveradi» — Qobilbek Karimbekov, MTRK siyosiy sharhlovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Saraton, spit, oqqon, koronavirus... (va h.k.) Dunyoda qanday yomon kasallik borki, korrupsiya shulardan ortiq bo‘lsa, ortiq, aslo kam emas. Bu ham epidemiya. Afsuski, bu epidemiya o‘zbek jamiyatida yillar davomida ildiz otib ketgan.

Men bu masalada olimlar bilan ko‘p gaplashaman. Ulardan ayrimlari korrupsiya faqat qashshoq, rivojlanayotgan va endigina oyoqqa turayotgan, masalan, Efiopiya, Gabon, Somali, Bangladesh, Myanma kabi davlatlarda ko‘p bo‘ladi, degan fikrni berishadi. Bu bir jihatdan to‘g‘ridir. Biroq men o‘sha olimlarning fikriga to‘la qo‘shilmaymanki, rivojlangan davlatlarda ham korrupsiya avj olgan holatlar juda ko‘p.

Masalan, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Xitoy kabi. Uzoqqa bormaylik, yaqinda Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi korrupsiyada ayblandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham korrupsiya juda ko‘p. Rossiyani gapirmasa ham bo‘ladi. Bu davlatda qancha korrupsionerlar o‘ldirib ketiladi, yana qanchasi xorijiy davlatlarda qochib yuribdi.

Xo‘sh, hamma joyda bor ekan, O‘zbekistonda shunday rozi bo‘lib yuraveramizmi? Yo‘q, bunga qarshi jiddiy, tizimli va davomli urush ochish kerak. Chunki qaysi jamiyatda hukumat korrupsiyaga qarshi yetarli darajada kurashmasa, u yerda xalqning hukumatga ishonchi tushib boraveradi.

Korrupsiya avj olgan jamiyatda biror farmon, qonun yoki qarorning ta’siri bo‘lmaydi. Negaki, uning adolatli ijrosiga ishonch bo‘lmaydi.
Bizda ham shunday psixologiya shakllanganiga ancha bo‘lgan. Odamlarimiz pul bermasa, ish bitmaydi degan fikrga qattiq ishonadi.
«Pul bermasang «propiska» bitmaydi, pul bermasang shifoxonada sifatli xizmat yo‘q, ishga kirolmaysan, o‘qishga kirolmaysan, ishlolmaysan», – deydi ular.

Yaxshi eslayman, prezident Mirziyoyev konstitutsiyaning 28 yilligida aytgandi, 2020 yilda 1986ta amaldor pora bilan qo‘lga olingan ekan.
E’tibor bering, bu ko‘chada ko‘cha supurayotgan farrosh emas, bu avtobusdagi konduktor yoki bog‘cha, maktab qorovuli emas. Bu amaldorlarimiz.

Menga taskin beradigan birgina kichik jihat shu raqamlar aytilyapti. Fikrimcha, korrupsiyaga qarshi qonunlarimiz biroz yumshoq bo‘lsa-da, bor. Uning ijrosi odamni o‘ylantiradi.

Bizda pora bergan ham, olgan ham ayblanyapti, lekin o‘rtadagi vositachilar qolib ketayotgandek. Ularga ham jazoni qattiqlashtirish kerakmikin?..

Shuningdek, bizda poraning boshqa turlari, avtomobil sovg‘a qilish, amaldorning «oq bilak» xotiniga tilla sovg‘a qilish, esdalik sovg‘a berish kabi holatlar ham ko‘payib boryapti. Xo‘sh, bularga qarshi qachon kurash boshlaymiz?

«Aslida, insonlar istagan narsa mol-dunyo, boyliklar emas, adolat» — Isajon Sulton, yozuvchi

Mustaqillikdan keyingi qiyinchiliklarga kishilar tishini tishiga qo‘yib chidagani bor gap. Biroq, afsuski, har qancha urinishlarga qaramay, u jarlik g‘oyib bo‘lmadi. Ma’naviy qadriyatlarni ilg‘orga chiqaraylik degan shiorlar yangragani bilan, aslida gap boshqa, ish boshqa bo‘lib chiqdi. Endi, bularni batafsil gapirib o‘tirishning foydasi yo‘q: nimalar bo‘lganini hamma yaxshi biladi.
Son-sanoqsiz kishilar «Bu dunyoda ro‘shnolik ko‘rmas ekanmiz, Xudoning oldiga yorug‘ yuz bilan borsak bas» deyishdi va mangu manzillariga jo‘nab ketishdi.

Aslida, ular istagan narsa mol-dunyo, boyliklar emas, adolat edi. Mamlakat boyliklariga, kishilar mehnatiga mas’ul bo‘lgan zotlar adolat qilishsa, hamma hammadan rozi bo‘lardi. Afsuski, mahalla yig‘inidan tortib davlat mahkamasining qorovuligacha, boringki, qayerda kishilardan pul undirib olish imkoni bo‘lsa – tama qilish odat tusiga kirdi. Imkon bo‘lmasa, yaratildi. Bularning bari davlat bilan xalq orasidagi ko‘p yillik jarlikni yanada kengaytirdi. Adabiyot kishilar qalbiga nazar soladi, deydilar. Nazar soling-u, yuzlab-minglab qalblarning iztirobini ko‘ring!

Ularni hayotda tutib turgan kuch nima ekaniga nazar tashlang. Oddiy bir o‘zbek kishisining orzu-havasi nimayam bo‘lardi? «Tanim sog‘, umrim uzoq, bolalarimni uylab-joylab, Xudo deb tinchgina o‘tirsam bas-da» deydiganlar qancha? Ayni o‘sha jarlik kishilar orasida g‘ayrishuuriy ravishda «jon saqlab qolish instinkti»ni shakllantirib berdi. Misol uchun, sayohatga chiqqanlar postsovet mamlakatlari kishilarining uchoqqa chiqish eshigi ochilganida gurillab bari birdaniga yopirilishini aytishadi. Aslida xavotirga hojat yo‘q: chipta qo‘lida, unda o‘rindiq raqami yozib qo‘yilgan. Bu holatda kimdir shoshqaloq olomonni ko‘rsa, kimdir uni shu holga olib kelgan jamiyatni ko‘radi. Nimayam qilsin, adolatsizlik shu darajada ediki, chiptangiz bo‘la turib ham uchoqdan qolib ketaverardingiz. Yegan oshingiz o‘zingizniki bo‘lmasdi.

Hozir ham ertalab ishga borish uchun ko‘chaga chiqsangiz, muammolarning turli ko‘rinishlariga duch kelasiz, ular kishilarning tutumlarida namoyon bo‘lib turadi. O‘z tashvishlaringiz bir yoqda qolib, boshqalarning tashvishlariga ro‘para kelasiz. Bular – jamiyatdagi adolatsizliklarning hosilalari, odamlar fe’l-atvorida paydo qilgan illatlari, haqi olinaverganidan cho‘chib qolgan kishilar axiyri yon-veridagilarga ham ishonmay qo‘ya boshlashining dalil-isbotlaridir. «Jon saqlash instinkti» bu o‘rinda hamma uchun birday ishlaydi, oddiy kishilar bir amallab haqini oldirib qo‘ymaslikni istasa, korrupsionerlar kelajakda shu oddiy kishilarday bo‘lib qolmaslik uchun mansabiga va mansab tufayli turli yo‘llar bilan keladigan mol-u davlatga jon-jahdi bilan tirmashadilar. 

Hozir boya aytib o‘tilgan mudhish jarlikni ko‘mib tashlash haqida gap bormoqda. «Xalqni rozi qilish» degan gapning mohiyati juda chuqur. Davlat xizmatchisi, agar bir ishni xalq roziligi uchun qilsa, qariyb o‘ttiz besh million kishiga, shu jumladan, qariyalar, zaiflar, nogironlar, yetimlar, muhtojlar va yana allaqancha kishilarga qilingan yaxshilikning savobiga ega bo‘ladi. Ular orasida duosi qabul bo‘ladigani qancha, rozi bo‘lib duo qiladigani qancha?

Pirovardida, hamma gap eng asosiy mezonga – adolatga borib taqaladi. «Sizda adolat bormi, janob?» deb hayqiradi Anvar, «Mehrobdan chayon»da. «Ey jahondori zafar, kavkabai davri falak, Go‘sh qil qissai qishlog‘i xarobi Hapalak» deb iltijo qiladi Maxmur «Hapalak» she’rida. Asrlar davomida kishilar orzu qilgan adolat mezonlari to‘la tiklanishi kerak. Adolat bo‘lsa, odamlar har qanday qiyinchilikka chidaydi, har qanday yumushni og‘rinmay bajaradi. Toki mehnatiga yarasha qadr ko‘rsin, davlatidan, yashab o‘tgan umridan rozi bo‘lsin. Bu – jamiyatda juda katta siljishga imkon yaratadi.

Ilyos Safarov tayyorladi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Mirziyoyev Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati raisi bilan uchrashdi 28 mar, 20:40 46
  • Qashqadaryo viloyatida sudya qo‘lga olindi 28 mar, 20:20 135
  • Jizzaxda energiya resurslaridan 7,5 milliard qarzdorliklar majburiy undirildi 28 mar, 19:31 34
  • Surxondaryoda YTHda haydovchi ayol va uning farzandlari halok bo‘ldi 28 mar, 19:08 219
  • Korrupsiya darajasi yomon va yaxshi bo‘lgan tashkilotlar e’lon qilindi 28 mar, 18:23 88
  • Toshkentda qalbaki dollarni sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi 28 mar, 17:17 34
  • So'nggi yangiliklar
  • «Krokus»dagi terakt ishi bo‘yicha yana bir kishi ushlandi 29 mar, 00:30 50
  • Nima uchun «Krokus»da kerakli pallada xavfsizlik kuchlari yo‘q edi? 29 mar, 00:11 58
  • Zelenskiy: “Agar snaryadlar yetarli bo‘lmasa, Ukraina Rossiya hujumini qaytara olmaydi” 28 mar, 23:45 48
  • Meksikadagi matbuot anjumanida butun jamoa ishtirok etib, muxlislardan uzr so‘radi 28 mar, 23:27 36
  • Mijozlarni 1,8 mlrd dollarga aldagan kriptovalyuta birjasi asoschisi 25 yilga qamaldi 28 mar, 23:04 33
  • Futzal. O‘zbekiston ikkinchi o‘yinda Qirg‘iz Respublikasini mag‘lub etdi 28 mar, 22:56 28
  • Superliga. “Dinamo” “Metallurg” ustidan irodali g‘alabaga erishdi 28 mar, 22:51 35
  • Nima uchun olimlar ayollarga vaqti-vaqti bilan yig‘lab turishni tavsiya qiladi? 28 mar, 22:22 33
  • Kirill Budanov: “Rossiya o‘z hududida terakt tayyorlanayotganini kamida bir oy oldin bilgan” 28 mar, 21:56 165
  • Yakuni mavhum bo‘lib borayotgan Ukraina urushi: tarixiy bashorat va yechimlar 28 mar, 21:29 274
  • Jahon banki: O‘zbekiston iqtisodiyotidagi gender tenglik 700 ming odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin 28 mar, 21:02 23
  • Mirziyoyev Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati raisi bilan uchrashdi 28 mar, 20:40 46
  • Bo‘limlar