“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 27 2024, 04:11
ЎЗO‘Z

Qadr kechasi - fazilati, belgilari va unda o‘qiladigan duo

06 мая, 22:09 12 561 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Qadr kechasi - fazilati, belgilari va unda o‘qiladigan duo
Foto: iStock

Ramazon oyida muborak bir kecha borki, Alloh taolo o‘z kalomida uning ming oydan ham afzal ekani haqida marhamat qilgan. Ya'ni, kim o‘sha kechani ibodat bilan o‘tkazsa, boshqa paytda ming oy ibodat qilgandan ko‘p savobga erishadi. Bu – Qadr kechasidir.


Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:
Ramazon oyi kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh sizlarga bu oyda ro‘za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo‘lsa, mahrum qilinadi», – dedilar (Imom Nasaiy).
Bu kunning fazilati, uning barokoti va yaxshiliklari, unda qilinadigan ibodatlar, duolar va xayrli amallar haqida to‘xtalib o‘tsak.

Uni qaysi kunlardan izlash kerak?
«Laylatul-qadr» so‘zining ma'nosi «belgilash, o‘lchash kechasi», ya'ni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kecha degan ma'noni bildiradi. Qadr kechasi Ramazonning so‘nggi o‘n kunligida yashiringan, uni o‘sha kunlarning toq kunlaridan izlagan afzal deyiladi.

Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgiyu keyingi gunohlarini kechiradi. U toq kechada bo‘ladi. To‘qqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

Ikki shayx va Termiziy rivoj qilgan boshqa bir hadisda aytiladi:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)larida izlanglar», dedilar».
Ko‘pchilik ulamolar nazdida Laylatul Qadr kechasi Ramazonning 26-kunidan 27-kuniga o‘tar kechasidir.

Sahoba Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka'b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas'ud: «Kim bir yil tunlari qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi», deb aytganlar», deganida, Ubay ibn Ka'b: «Alloh Abu Abdurahmon (Ibn Mas'ud)ni mag‘firat qilsin. Haqiqatda, u Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar shunga suyanib qolmasligi uchun aytmasdi, – dedi. So‘ng qat'iy qasam ichib: – Yigirma yettinchi kechada, dedi. Shunda men: «Ey Abu Munzir, nima dalil bilan shunday deysan?» dedim. U zot: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu'lasiz chiqadi», deb javob berdi (Imom Muslim va Termiziy rivoyati).

Abdulloh Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bir qancha sahobalari «Laylatul qadr»ni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lishini tushlarida ko‘rishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Sizlarning tushlaringiz «Laylatul qadr» Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekaniga muvofiq keladi. Kimki «Laylatul qadr»ni kutmoqchi bo‘lsa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutsin!», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Sahoba Ubay ibn Ka'b (roziyallohu anhu) Qadr kechasini yigirma yettinchi kechada bo‘lishini aytar va bunday der ekanlar: «U bizga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) xabar bergan kecha bo‘lib, quyosh o‘shanda oppoq bo‘lib, miltillab chiqadi» (Imom Muslim, Ahmad, Abu Dovud rivoyati).
Faqihlar tomonidan Qadr kechasining qachon bo‘lishi haqida qirqdan ziyod fikrlar, taxminlar aytilgan. Aslida, Qadr kechasi qachon bo‘lishini Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi.

Xo‘sh, Laylatul Qadrni, ya'ni Qadr kechasini boshqa kechalardan qanday ajratib olamiz? Bu muborak va barokatli kechaning alomatlari quyidagilardir:
Ushbu muborak kechaning 7ta alomati bo‘lib, ular quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1. Qadr kechasida sokinlik hukm suradi. Atrof musaffo, yorug‘, xuddi sukunatga o‘ralgan yog‘duli oy charaqlab turgandek bo‘ladi.
2. Osmondagi yulduzlar uchmaydi, boshqa jismlar qaltis harakat qilmaydi. Kasalliklar paydo bo‘lmaydi.
3. Havo mo‘'tadil bo‘ladi, juda issiq ham, juda sovuq ham bo‘lmaydi.
4. Ertalab quyosh qizarib, tog‘araga o‘xshash, yog‘dusi juda zaif bo‘lib ufqdan bosh ko‘taradi. Sababi o‘sha tun va kunda ko‘p farishtalar yerga tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini ham to‘sib qo‘yadi.
5. Qadr kechasida yomg‘ir-qor yog‘maydi, yog‘sa ham o‘ta mayin va yoqimli bo‘ladi. Sho‘r suvlar chuchuk bo‘ladi.
6. Daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turadi.
7. O‘sha kuni shaytonlar chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

U qanday fazilatlarga ega?
U ming oydan yaxshiroq kechadir, deyiladi. Agar bu hisob-kitob qilib ko‘rilsa, taxminan, 83,3 yilga to‘g‘ri keladi. Mana shu kechada qilinadigan ibodatlar, zikrlar, salovot-u tasbehlar, duolar ana shunday vaqt kengligini qamrab oladi.

Bu – shu muborak kechada qilingan ibodatlar shuncha yil davomida bajarilgan ibodat savobidan afzal, deganidir. Bundan ortiq bu kechaning yana qanday go‘zal va ulug‘vor fazilati bo‘lishi mumkin?

Qolaversa, bu kecha omonlik va barokot kechasi. Unda bandaning bir yillik hisob-kitobi yer yuziga tushiriladi. Bu kechada banda bedor bo‘lib, Allohga muxlis holatida, ya'ni ixlos ila duo qilsa, gunohlari mag‘firati, ikki dunyo saodati, o‘zining ehtiyojlari haqida so‘rasa, duosi shubhasiz ijobat bo‘ladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): «Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi», dedilar.

Bu kechada qanday amallar qilgan afzal?
Qadr kechasida qilinajak to‘g‘ri va noto‘g‘ri amallar haqida Anvar qori Tursunov shunday degan edilar:
«Bu kechani ziyofat qilib emas, yaxshilik qilib o‘tkazish kerak. Afsuski, ko‘pchilik turli taomlar hozirlab olib, dasturxonlarni bezab, turli xil gaplarni sotib, biz Qadr kechasida o‘tirdik, deyishlari mutlaqo noto‘g‘ri amaldir. Xo‘sh, bu kechada nimalar bilan band bo‘lish lozim bo‘ladi? Avvalo, qalbni mana shu kunga sozlab olish kerak. Hufton namozidan keyin, tahoratni yangilab, poklanib, duo-yu zikrda bo‘lish, tahajjud namozini o‘qish, Qur'on tilovat qilish, istig‘for aytish, takbir va tahlillarga e'tibor qaratish lozim bo‘ladi. Ana shunda inson o‘zidagi o‘zgarishlarni, qalbiga yaxshi narsalar quyilib kelayotganini anglaydi. Bu kechani mana shunday o‘tkazsakkina foyda olamiz...

Bir narsani yaxshilab idrok etib olmoq kerak. Rasulimiz sallollohu alayhi vasallam: «Amallar niyatga bog‘liq», deb aytganlar. Shu bois har bir kishi yuqorida aytib o‘tilganidek, qalbni poklab olishi kerak. Bu kechada, ayniqsa, qalbda Allohga bo‘lgan muhabbatni yanada oshirish lozimdir. Aytmoqchi bo‘lganimizki, mana shu kechada bedor bo‘ladigan kishining qalbida chirkin illatlar bo‘lmasligi, uni sof holda ushlab turishi juda yaxshi ishdir».

Bu kechada qanday ibodatlar qilinadi?
Ularning maxsus ko‘rsatib o‘tilganlari bormi? Qadr kechasida qanday duolarni qilgan afzal?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf «Qadr kechasi uchun maxsus namoz yo‘q», deb ta'lim berganlar. Bu kechada qazo namozlar, nafl va tahajjud namozlarini o‘qigan afzal. Bundan tashqari, Qur'oni karim tilovati, Allohni ulug‘lab aytiladigan tasbeh, istig‘for va zikrlar, payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga bag‘ishlab salovat va durudlar aytish ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘ladi.

Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladi:
«Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?» deb so‘radilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sen: «Allohumma innaka 'afuvvun, tuhibbul 'afva fa'fu 'anniy», deb aytgin»,– dedilar» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
Tarjimasi: «Yo Alloh, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin».

Barchalarimizga mana shu kechaning barokoti, hikmati, fayzi, salomatligi, muborakligi nasib etsin, unda qiladigan har bir amalimizni Alloh taoloning o‘zi dargohida qabul qilsin.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun nemis tili o‘rgatiladi 27 apr, 00:26 15
  • Tatyana Karimova va Pyotr Karimov o‘rtasidagi sud ishi davom etmoqda 26 apr, 21:47 155
  • Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlikka ruxsat berildi 26 apr, 20:39 91
  • Andijon va Qashqadaryoda yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi 26 apr, 18:08 48
  • Qizga tegajog‘liq qilib tasvirga olganlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi 26 apr, 14:28 233
  • Toshkent shahrida qaysi viloyat haydovchilari ko‘proq taksichilik qilmoqda? 26 apr, 13:03 239
  • So'nggi yangiliklar
  • U-23 Osiyo kubogi. Iroq Vetnamni mag‘lub etib yarim finalga yo‘l oldi 27 apr, 01:17 28
  • Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun nemis tili o‘rgatiladi 27 apr, 00:26 15
  • Husain Norchayev: Bugun imkoniyatlarimizdan foydalanib g‘alaba qozondik 27 apr, 00:22 27
  • Peskov: AQSH Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etmoqda 27 apr, 00:00 34
  • Timur Kapadze Saudiya Arabistoni ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng nimalar dedi? 26 apr, 23:36 102
  • Isroil Madrimov o‘z divizionida yengilmas Kroufordga “non” bermoqchimas! 26 apr, 23:30 45
  • Ispaniya va Gretsiya Kiyevga Patriot tizimlarini yetkazib berishdan bosh tortdi 26 apr, 23:10 65
  • Xose Venansio Lopes: "Himoyada ham, hujumda ham ajoyib harakat qila oldik" 26 apr, 22:53 73
  • Timur Ivanov ishi. Qo‘lga olinganlar haqida hozirgacha nimalar ma’lum? 26 apr, 22:44 125
  • Qozog‘istonlik amaldor jamoat muhokamasiga 100 ta chelak olib keldi 26 apr, 22:18 206
  • Tatyana Karimova va Pyotr Karimov o‘rtasidagi sud ishi davom etmoqda 26 apr, 21:47 155
  • Futzal, Osiyo kubogi. Eron O‘zbekistonni mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi 26 apr, 21:39 78
  • Bo‘limlar