“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 26 2024, 17:28
ЎЗO‘Z

Borliqni savol ustiga qo‘ygan film. «Matritsa» trilogiyasi haqida

31 mar, 16:56 2 457 Madaniyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Borliqni savol ustiga qo‘ygan film. «Matritsa» trilogiyasi haqida Mart oyining oxirgi kuni kiberpank janridagi eng mashhur film «Matritsa» katta ekranlarga chiqqan edi. Sana munosabati bilan «Daryo» kolumnisti Farrux Adhamjonov ushbu kino haqida hikoya qiladi.

Kino haqida
«Matritsa» filmi bundan 22 yil avval, 1999 yil 31 mart kuni katta ekranlarga chiqarilgan edi. Film aka-uka Vachovskilar tomonidan antiutopik kelajak haqida falsafa, ayniqsa, metafizik yondashuvni, evolyutsion psixologiya va ijtimoiy voqelikni turli talqinlar yordamida aks ettiruvchi ssenariy asosida suratga olingan. «Matritsa» filmining kult klassikaga aylanishiga undagi ajoyib inqilobiy g‘oyalar va zamonaviy vizual effektlar yordamida yaralgan jang sahnalari sabab bo‘lgan. Film ko‘plab reytinglarda barcha davrlarning eng zo‘r filmlari qatorida alohida e’tirof etiladi, IMDb platformasida esa hozirda Top-15 eng yuqori baholangan kinolar safidan joy olgan.

Filmda bosh rollarni Kianu Rivz (Tomas Anderson), Lourens Fishborn (Morfeus), Kerri-Enn Moss (Triniti) va Hyugo Uiving (agent Smit) ijro etishgan.

Syujet
Tomas Anderson ikki xil hayot kechiradi: kunduzi u programmist, kechasi esa xaker «Neo». Odatiy kunlarning birida u «Sen Matritsadasan» xabarini oladi va oq quyon ortidan ergashish kerakligini eshitadi. Yashirin klubda u oq quyon tasviri tushirilgan tatuirovkali Trinitini uchratganida, unga matritsaning sirlarini va Morfeus haqida aytib bermoqchi bo‘ladi. Matritsaning himoya tizimi hisoblangan agentlar esa ularni kuzatishni boshlaydi va Neoni so‘roq ostiga oladi. Voqelikka nisbatan shubha bilan qarashni boshlagan Neo Morfeus bilan uchrashadi.

Morfeus unga ikkita dorini taklif qiladi: ko‘k va qizil. Neo ko‘kni tanlasa, ertasiga o‘z xonasida hamma narsani unutgan holda uyg‘onadi; qizilni tanlasa esa asl voqelikka guvoh bo‘ladi. Qizil dorini tanlagan Neo haqiqiy dunyo qay darajada dahshatli ahvolga kelib qolganini ko‘radi va Matritsaga qarshi kurashish uchun «tanlangan» qahramon sifatida Morfeus va uning jamoasi bilan mashg‘ulotlar olib boradi. Shunday vaziyatlarning birida Morfeusni agent Smit qo‘lga tushiradi, Neo va Triniti uni qutqarish uchun Matritsaga yo‘l olishadi.

Bu ish muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, ular ortga qaytishni boshlaydi, lekin Neo Matritsada yolg‘iz qolib ketadi. Neoning ortidan tushgan agentlar uni otib «o‘ldirishadi». Neo o‘zining «tanlangan» ekanini his qilgach, Matritsadagi qonuniyatlarni o‘ziga bo‘ysundirishni boshlaydi. Tabiiy qonuniyat va inson qobiliyatlariga cheklov bo‘lmagan Matritsada Neo superqahramonlarday harakatlanadi, film so‘ngida esa bosh qahramon odamlarga Matritsa va ular yashayotgan dunyo haqiqiy emasligi haqida aytishini ta’kidlaydi.

Foto: Google Photos
Tahlil
«Matritsa» filmi, shubhasiz, o‘zidagi inqilobiy g‘oyalar, ajoyib jang sahnalari va turli yondashuvlarga ochiqligi bilan alohida ajrab turadi. Filmning asosiy mazmunidagi talqinlar esa quyidagilar hisoblanadi:

Aflotun (Platon) yaratgan «G‘or allegoriyasi»
(Qisqacha: Agar odamlar g‘orda quyoshni ko‘rolmaydigan qilib zanjirlangan bo‘lsa va borliqni faqat soyalari orqali qabul qilsa, ular soyani haqiqiy deb bilib, quyoshni inkor etishadi)

«Matritsa» filmidagi dunyo ham «G‘or allegoriyasi» kabi haqiqatni ko‘rmayotgan odamlarni illyuziya ostida yashayotganini ko‘rsatgan. «G‘or»dan yoki Matritsadan, chiqqan Neo haqiqiy dunyo simulyatsiyadan tashqarida ekanini, odamlar borliq deb qabul qilgan tushuncha xato ekanini isbotlash uchun film so‘ngida ortga qaytishini aytadi. «G‘or allegoriyasi»da ham haqiqiy dunyoni ko‘rib g‘orga qaytgan insonning gaplariga g‘ordagilar ishonmaganiday, Matritsada ham Neoni bir xil qismat kutadi. Insonlarning o‘zi uchun yangiliklarni qabul qila olmasligini yoki bundan qo‘rqishlarini ko‘rsatgan allegoriya – filmning markaziy g‘oyasi hisoblanadi.

Rene Dekartning «Birinchi falsafa haqida fikrlash» g‘oyasi
(Qisqacha: haqiqiy dunyoda yashayotganimizni qanday qilib bilish mumkinligi haqida)

Faylasuf aytganiday (cogito ergo sum), borliqning sub’ektlari to‘lig‘icha illyuziyadan tashkil topmaganini bilishning yagona yo‘li fikrlash ekanini film ham Neo orqali ko‘rsatib bergan. O‘z olamiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan Neo Morfeus bilan ko‘rishishga rozi bo‘lgan va qizil dorini ichgan edi. Film rejissyorlari ham «Inson o‘zi yashayotgan dunyoni savol ustiga qo‘yayotgan ekan, demak, u simulyatsiyada emas» deb ta’kidlab o‘tgan edi.

Robert Nozikning «Tajriba mashinasi»
(Qisqacha: azob olib keladigan haqiqiy dunyoda yoki faqat rohat olib keladigan mashina (simulyatsiya)da yashashdan birini tanlash)

Dunyoni borligicha qabul qilish, xuddi haqiqatni qabul qilishday juda ham og‘ir va azobli jarayon. Filmda ham qahramonlarning ikki tanlovi mavjud bo‘ladi: yoki haqiqiy, lekin azobli dunyoda yashash, yoki o‘zlari istaganki narsaga erisha oladigan, lekin simulyatsiya ichidagi, illyuziyani tanlash. Matritsa ichida rostan ham yashayotganini his qilmayotgan Neo qizil dori orqali haqiqiy dunyoga qaytadi. Azaldan haqiqiy dunyoda yashayotgan Sayfer esa agent Smit bilan kelishuv amalga oshirib, Matritsaga qaytishni reja qilgan edi. Filmda ikki qahramonning o‘zaro teskari solishtirilishi Nozik yaratgan chuqur falsafiy savolga aniq bir javob mavjud emasligini ko‘rsatgan.

Immanuil Kantning mustaqil shaxslar haqidagi o‘ylari
Kant inson borliqni sun’iy vositalar, misol til bilan qabul qilishi, atrofdagilarning ta’siri kuchli ekanini aytgan edi. Filmda ham odamlar borliq haqidagi barcha tushunchalarini Matritsa yoki undagi odamlardan qabul qilar edi. Ijtimoiy tuzilmaning yakka sistema tomonidan tuzilishi uni inkor qilishga zarracha imkon qoldirmaydi. Insonlar bor haqiqatni bilishi uchun esa o‘zlari bilmagan narsalarni qabul qilishga ochiq turishi kerakligi aytilgan.

Film odatiy ko‘rinishda ko‘plab ijtimoiy muammolarni ham qamrab olgan. 20-asr oxirlarida rivojlangan davlatlarda kuzatilayotgan vorkoxolik odat, odamlar barcha ma’lumotlarni faqatgina televizor orqali qabul qilishlari, ortiqcha tijoriylashtirilgan va standartlar qo‘yilgan dunyoni film o‘z allegoriyasida chuqur tanqid ostiga olgan. O‘tgan asr oxiridagi insonlarning kundalik hayot tarzi esa xuddiki simulyatsiyada yashashayotganiga qiyoslangan. Bu allegorik g‘oyalar o‘z navbatida evolyutsion psixologiyadan namuna qilib olingan.

Film rejissyorlari «Matritsa» suratga olingan vaqt aka-uka bo‘lishiga qaramay, keyinchalik o‘z jinslarini o‘zgartirgan. Oldinroq esa ular «Matritsa» filmida transgenderlarning o‘zlarini ochiqlashlariga ko‘maklashuvchi Aflotun, Dekart va Kantning ishlari orqali ishoralar borligi haqida aytib o‘tishgan.

Foto: Google Photos
Ijodiy guruh faoliyati
«Matritsa» yuksak darajadagi kult klassikaga aylangan bo‘lsa-da, bosh rolni ijro etish uchun aktyor topish ancha murakkab bo‘lgan. Uill Smit, Nikolas Keyj, Val Kilmer, Bred Pitt, Leonardo Di Kaprio kabi mashhur aktyorlar filmdagi Neo rolidan voz kechishgan. Rejissyorlar esa Jonni Depp va Kianu Rivz o‘rtasidan Rivzni tanlagan. Ikkinchi plandagi rollarni ham Geri Oldmen, Semyuyel Jekson, Jan Reno kabi aktyorlar rad etgan.

Filmni suratga olishga Vachovskiylarni Gongkong filmlaridagi jang sahnalari, «Akira» (1988) va «Qobiqdagi sharpa» (1995) animelaridagi falsafiy yondashuvlar ilhomlantirgan.

Filmdagi o‘z davri uchun inqilobiy grafikalar esa kinoni dunyo bo‘ylab tezda mashhurlikka erishishiga ko‘maklashgan. Ijodiy guruhning yillar davomidagi mashaqqatli faoliyatlari yakunda filmga 4 ta Oskar va yana 37 ta xalqaro mukofotlarni olib kelgan.

Xulosa
«Matritsa» postmodern janridagi filmlarga kuchli poydevor va asos vazifasini bajarib bergan. Filmlarga qanday qilib falsafiy va tahliliy qarashlarni muvaffaqiyatli tarzda qo‘shish kerakligini, vizual effektlarning jang sahnalaridagi o‘rnini, ijtimoiy voqelikka ijobiy qaragan holda vaziyatni chuqur tanqid ostiga olish mumkin ekanligini ko‘rsatgan «Matritsa», shubhasiz, kino olamidagi durdona asar hisoblanadi. Filmdagi turli talqinlar uchun ochiqlik esa mana 22 yildirki, filmni qayta va qayta ko‘rishga undab kelmoqda. Nafaqat o‘z davri, balki barcha davrlar uchun eng zo‘r filmlardan biri bo‘lgan «Matritsa» hamon eng sevimli filmlarimizdan biri bo‘lib qolmoqda.




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbek telekanallarida har shanba «Milliy kino kuni» o‘tkaziladi 26 apr, 06:46 37
  • Xonanda Avazbek Olimovdan “Sevar yorim” qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylab kelayotgani uchun 540 mln so‘m undirish so‘ralmoqda 25 apr, 08:44 549
  • Ozodbek Nazarbekov: “Uchta tirrancha buyuk san’atkorni loyga bulg‘ayapti” 24 apr, 17:00 345
  • Jahongir Otajonovdan o‘zgacha klip: Bu «ijod»lardan maqsad nima? 24 apr, 16:35 455
  • “O‘tkan kunlar” romani ilk bor arab tilida nashr etildi 24 apr, 06:35 31
  • Xitoyda sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan dunyodagi ilk film treyleri e’lon qilindi (video) 22 apr, 11:55 126
  • So'nggi yangiliklar
  • Oq uy Kiyevning g‘alabasiga shubha qilmoqda 26 apr, 16:38 1
  • Futzal. Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Markaziy Osiyo jamoalari kurashadigan bo‘ldi 26 apr, 16:19 1
  • “Mayns” futbol klubi stadionidan 500 kilolik bomba topildi 26 apr, 15:51 10
  • Iqtisodiyotda davlat ishtiroki qisqartiriladi 26 apr, 14:53 20
  • Qizga tegajog‘liq qilib tasvirga olganlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi 26 apr, 14:28 31
  • Bosh prokuratura Nig‘matilla Yo‘ldoshev «qidiruvda bo‘lgan shaxslar bilan gaplashib turgani» haqidagi videoga izoh berdi 26 apr, 14:02 160
  • Ruslar Abrams tanklarining zaif tomonini topishdi 26 apr, 13:48 172
  • Mariya Zaxarova ukrainaliklarni Amerika hindulariga o‘xshatdi 26 apr, 13:25 78
  • Toshkent shahrida qaysi viloyat haydovchilari ko‘proq taksichilik qilmoqda? 26 apr, 13:03 98
  • Istalgan qonni birinchi guruh qoniga aylantirish yo‘li topildi 26 apr, 12:40 48
  • Urushdan qaytgan Rossiya harbiy xizmatchilari 100 dan ziyod qotillikka qo‘l urgan 26 apr, 12:17 165
  • O‘zbekiston AQSHning “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”dan chiqarildi 26 apr, 10:49 104
  • Bo‘limlar