“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 25 2024, 15:19
ЎЗO‘Z

Pashinyan davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi, Yerevanda namoyishlar boshlandi

26 fev, 00:23 1 831 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Pashinyan davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi, Yerevanda namoyishlar boshlandi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan markazida tarafdorlari qarshisida chiqish qildi va mamlakatdagi vaziyat keskinligicha qolayotgani, ammo nazorat saqlab turilgani, qurolli kuchlar esa xalqqa va hukumat rahbariga bo‘ysunishini ma’lum qildi. Payshanba tongida Armaniston bosh shtabi Pashinyanning iste’fosini talab qilgandi. Bosh vazir bunga javoban Bosh shtab boshlig‘i Onik Gasparyan va uning o‘rinbosarini ishdan bo‘shatib, harbiylarning bayonotini davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholagandi.

«Birinchidan, xavf hamisha mavjud. Ammo biz Armaniston Respublikasida bunday ish bo‘lmasligi bo‘yicha kelishuvga erishishimiz kerak. Eng muhimi, biz xotirjammiz. Mamlakat ichkarisida dushman yo‘q. Bu eng asosiy fakt. Ammo muhokama qilinishi zarur bo‘lgan masalalar bor», degan Pashinyan maydonda. U ishdan bo‘shatilgan harbiy boshliqlarni «birodarlar» va «vatan askarlari» deb atagan, shuningdek, o‘zi ham, oilasi a’zolari ham nima bo‘lmasin, mamlakatdan qochib ketmasligini va’da qilgan.

Keyinroq Yerevan markazida o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilgan Pashinyan bosh shtab boshlig‘iga o‘z ixtiyori bilan ketishni taklif qilganini ma’lum qildi - mamlakat prezidenti Armen Sarkisyan tegishli hujjatga imzo qo‘ymagan. «Men bugun Armaniston prezidenti bilan gaplashdim. Agar u mening Gasparyanni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi taklifimni ma’qullamasa, demak, u ham davlat to‘ntarishiga aloqador bo‘ladimi? Yaxshisi, Onik Gasparyan o‘zi ariza yozsin va ketsin, vaziyatni chigallashtirishning keragi yo‘q. Men u armiyani xalqqa qarshi qo‘yishiga yo‘l qo‘ymayman», degan u.

O‘z navbatida, Armaniston mudofaa vazirligi siyosiy jarayonlarga aralashmasligini ma’lum qildi. «Armaniston qurolli kuchlari respublika chegaralarini qo‘riqlaydi va xavfsizlikni ta’minlaydi. Armiya - siyosatdan xoli tuzilma, siyosiy jarayonlarga har qanday aralashuvga ruxsat berilmaydi», deyiladi vazirlikning «Interfaks» agentligi tomonidan keltirilgan qisqa matnli bayonotida.

Pashinyan navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazish to‘g‘risidagi avvalgi qarorini bekor qilmoqchiligini aytgan. «Bugun maydondagilar navbatdan tashqari saylovlar masalasidagi rejamni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymadi. Nima ish qilishimni faqat xalq hal qiladi», degan bosh vazir.

Shahar ko‘chalarini aylanganidan keyin Pashinyan yana bir bor tarafdorlari qarshisida chiqish qilib, xalq mamlakatda harbiy davlat to‘ntaruvi ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan. «Mening barcha askarlarga, zobitlarga, generallarga aytar gapim - o‘z ishingiz bilan mashg‘ul bo‘ling, chegaralarni va Armanistonning hududiy yaxlitligini himoya qiling. Bu mening buyrug‘im - uni buzishga hech kimning haqqi yo‘q», degan Pashinyan.

Mahalliy telekanallarda namoyish etilgan kadrlarda bosh vazir ko‘cha bo‘ylab yurgani va o‘z tarafdorlariga megafon orqali murojaat qilganini ko‘rish mumkin. Uning atrofida yuzlab odamlar to‘plangan, ammo xavfsizlik xizmati xodimlari ular bosh vazirga yaqinlashishiga yo‘l qo‘yishmagan.

#BREAKING #Armenia PM #Pashinyan fires army's chief

— Guy Elster (@guyelster) February 25, 2021

Bu vaqtda muxolifatchilar ham o‘z tarafdorlarini Respublika maydoni yaqinidagi opera binosi oldiga kelishga chaqirishmoqda.
Ayrim hududlarda kichik to‘qnashuvlar ro‘y berib turibdi.

??Пашинян взял мегафон и возглавил шествие своих сторонников@serious_war pic.twitter.com/1d301RHEmw

— Серьезная Война (@serious_war) February 25, 2021

Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati mamlakat fuqarolarini «milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlar»dan tiyilishga chaqirgan, shuningdek, «bunday qadamlarga javob qaytarilishi» haqida ogohlantirgan. «Fuqarolarni ig‘vogarona chaqiriqlarga berilmaslikka, tartibni saqlashga va ogoh bo‘lishga chaqiramiz. Davlat boshqaruv organlari o‘z funksiyalarini to‘liq bajarishda davom etadi», deyilgan MXX saytidagi bayonotda.

«Iskander» bo‘yicha bahs

Tiran Xachatryan
Harbiylar va bosh vazir o‘rtasidagi ziddiyat Armaniston Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryan bosh vazir ko‘rsatmasi bilan ishdan bo‘shatilgach keskinlashdi.

Harbiylar o‘z bayonotida bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari Tiran Xachatryan ishdan bo‘shatilgani uchun bosh vazirdan darg‘azab ekanliklarini bildirishgan. Avvalroq OAVda Xachatryan hukumat rahbarining rossiyaliklarning «Iskander» rusumli raketa majmuasi haqidagi gaplari uchun mazax qilgani haqida xabar tarqalgandi.

Pashinyan 1in.am uchun bergan intervyusida rossiyaliklardan olingan qurollar o‘tgan yil kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi urush vaqtida yaxshi foyda bermagani haqida gapirgandi.

BBC korrespondenti Pavel Aksenov: Nikol Pashinyanning rossiyaliklarning «Iskander» raketa komplekslari ishonchsizligi haqidagi so‘zlari harbiy ekspertlarni hayratga soldi va Armanistondagi siyosiy inqiroz uchun bahona bo‘ldi.

Pashinyan «Iskander» tomonidan uchirilgan raketalar portlamagani yoki faqat o‘n foizga portlagani haqida aytdi. U bu haqda 1in.am uchun bergan intervyusi davomida sobiq prezident Serj Sargsyanning agar Armaniston «Iskander»larni qo‘llaganida urushning ilk kunlaridayoq g‘alaba qozonishi mumkin bo‘lgani haqidagi gaplarini izohlash asnosida gapirdi.

Rossiyalik ekspertlar bu juda ishonchli qurol ekanini ta’kidlashda davom etishmoqda. 24 fevral kuni Yerevan.Today jurnalistlari general Tiran Xachatryandan bu so‘zlarni izohlashni so‘radi – u esa bunga javoban «uzoq kuldi» va «bunday bo‘lishi mumkin emasligi»ni aytdi. Bosh shtab vakili «yuzaki baholar bilan xulosa chiqarish – nojiddiyligi»ni aytdi va jurnalistlarga «bu qurol haqida noto‘g‘ri tushunchalar shakllantirmaslik»ni tavsiya qildi. Ko‘p o‘tmay u ishdan bo‘shatilgan.

Tog‘li Qorabog‘dagi urush vaqtida Armaniston 2016 yilda Rossiyadan sotib olingan «Iskander E» raketa komplekslarini ishlatgan bo‘lishi ham mumkin. Armaniston armiyasidagi bunday qurilmalarning aniq soni ma’lum emas, OAV xabariga ko‘ra, Rossiya to‘rtta «Iskander» yetkazib bergan.

Urush yakunlangach arman armiyasi general-polkovnigi Movses Akopyan (u Pashinyan bilan ziddiyatda bo‘lgan) jurnalistlarga «Iskander»dan foydalanilgani haqida gapirib bergandi. Noyabr oyida Armaniston hukumatidagi manba BBC bilan suhbatda «Iskander»dan raketa uchirilganini tasdiqlagandi.

Ammo raketa uchirilgan va bu muvaffaqiyatsiz chiqqan bo‘lsa-da, Nikol Pashinyan ko‘plab raketalar haqida gapirgandi.

Rossiyalik harbiy ekspert Viktor Muraxovskiy esa Armaniston Tog‘li Qorabog‘da «Iskander»ni qo‘llagani bo‘yicha biror dalil yo‘qligini, raketalar yerga tushganidan keyin uning izlari qolishi va harbiy mutaxassislar qaysi parcha qaysi tipga mansubligini osongina aniqlashi mumkinligini aytadi.

U arman harbiylari qurolni sotib olishdan oldin Rossiya poligonlarida sinov uchirishlarini o‘tkazishgani, shuningdek, ushbu majmua Gruziya va Suriyada ham qo‘llanganini aytib o‘tgan.

News.am nashri 40 nafar yuqori martabali harbiy amaldor tomonidan imzolangan armiya bayonotidan iqtibos keltirgan. Bosh shtab bayonotida Xachatryanni ishdan olish qarori «uzoqni ko‘rabilmaslik va asossiz sabablar» bilan qabul qilingani, «Armaniston Respublikasining milliy va davlat manfaatlari hisobga olinmagani» aytiladi.

«Bosh vazir va Armaniston hukumati arman xalqi uchun hal qiluvchi pallalarda yetarli darajada xolis qarorlar qabul qila olmayapti», deyiladi payshanba kuni tarqatilgan bayonot matnida.

Yerevanda nimalar bo‘lmoqda

REUTERS
Tongda Nikol Pashinyan barcha tarafdorlarini hukumat binosi oldidagi Respublika maydoniga yig‘ilishga chaqirdi. Maydondagi voqealar rivojini kuzatib borgan armanistonlik jurnalist Mark Grigoryanning aytishicha, Pashinyanning murojaatidan keyinoq u yerga 500ga yaqin kishi kelgan. Shu bilan birga, u vaziyat tezda o‘zgarishi mumkinligini istisno qilmagan.

Ayrimlarning hisoblashicha, Pashinyanga sodiq bo‘lgan oligarxlar u yerga o‘z xodimlarini yuborgan - bu esa mingga yaqin kishi degani.

«Armanistonda shunday vaziyat yuzaga keldiki, zaif hukumat va zaif muxolifat paytida odatdagi kabi birinchi planga harbiylar chiqishadi. Bizni lotin amerikacha ssenariy kutayotgan bo‘lishi mumkin - xunta kelishi, saylovlar va’da qilishi va keyin nima bo‘lishi noma’lumlik», deb hisoblaydi Grigoryan.

Pashinyan videomurojaat qilib, bosh shtabning bayonoti u bosh shtab rahbari va uning o‘rinbosarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmonini imzolaganidan keyin tarqatilganini ma’lum qildi.

Keyinroq bosh shtabdagilar Pashinyandan iste’fo talab qilish haqidagi bayonot kimningdir bosimi ostida e’lon qilinmagani haqida aytib chiqishdi. «Bu generallar va zobitlarning aniq va ishonchli pozitsiyasi - bundan maqsad shunday muhim pallalarda vatanni qutqarib qolish. Yana bir bor o‘zimizning aniq pozitsiyamizni tasdiqlaymiz», deya ta’kidlanadi bosh shtabning ikkinchi bayonotida.

Dastlabki reaksiyalar
Turkiya tashqi ishlar vazirligi Armanistondagi voqealarni davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholashi va buni qat’iyan qoralashi haqida ma’lum qilgan. «Tanqid qilish, hukumat iste’fosini talab qilish - normal holat. Ammo armiya tomonidan hukumatni ag‘darishga bo‘lgan urinishga va hatto chaqiriqlarga ham toqat qilib bo‘lmaydi», degan vazirlik rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li.

Xuddi shu vaqtda Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan fuqarolarni harbiylarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi va Pashinyandan iste’fo talab qildi. «Urushda yutqazgan va dushmanga yer boy bergan hukumat ketishi kerak. Bu birinchi navbatda milliy uyg‘onishimiz uchun zarur bo‘lgan kafolatdir», dedi u.

Armaniston muxolifati yetakchisi Vazgen Manukyan esa mamlakatda bo‘layotgan voqealarni davlat to‘ntarishi deb hisoblamasligini ma’lum qilgan. «Bu davlat to‘ntarishi emas, armiyada Armaniston xavfsizligiga tahdid soluvchi asosiy dushman kimligini ko‘rsatib qo‘yish huquqi bor, asosiy dushman - Nikol Pashinyan va armiya shunday qilmoqda», degan Manukyan muxolifatchilar mitingida.

Pashinyan o‘tgan yilning 10 noyabrida Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha uch tomonlama kelishuvga imzo chekkach, Armanistonda bosh vazirning iste’fosini talab qilib, norozilik namoyishlari boshlandi. So‘nggi kunlarda ham Yerevandagi yirik oliy ta’lim muassasalari oldida yirik aksiyalar o‘tkazildi.

Bosh vazirdan lavozimini tark etishni talab qilganlar qatorida mamlakatning ikki sobiq prezidenti - Robert Kocharyan va Serj Sargsyan, shuningdek, Arman cherkovi iyerarxi - barcha arman katolikoslari rahnamosi Garegin II va Kilikiya uyi katolikoslari yetakchisi Aram I ham bor.

Dekabrda Pashinyan mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarni 2021 yilda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazish bo‘yicha maslahatlashuvga chaqirgandi.

«Men xalqning qarori natijasida bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqishga tayyorman. Bosh vazir lavozimidan faqat xalq qarori asosida ketishim mumkin. Xalqning ishonchi tiklangan taqdirda hozirgi murakkab paytda Armaniston Respublikasini boshqarishga tayyorman. Bu savollarga javob olishning yangona usuli bor — navbatdan tashqari parlament saylovini o‘tkazish», deya va’da qilgandi u feysbukdagi chiqishida.

Ammo muxolifatchilar Pashinyandan saylovlar o‘tkazilishidan oldin lavozimidan ketishni talab qilishdi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml ushbu mamlakatdagi voqealar rivojini xavotir bilan kuzatib borayotgani, ammo bu masala «Armanistonning ichki ishi» hisoblanishini aytib o‘tdi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Tojikistonda 17 yoshli yigitni yashin urdi 25 apr, 14:11 1
  • Ukrainalik model dunyodagi eng uzun sochli ayol sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi 25 apr, 13:43 1
  • Moskva viloyati hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi 25 apr, 11:33 109
  • Pentagon Ukrainaga yangi yordam paketining tarkibini ochiqladi 25 apr, 10:11 153
  • Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kobulda “Tolibon” vakillari bilan uchrashdi 25 apr, 08:20 231
  • Bayden tegishli qonunni imzoladi: AQSHda TikTok bloklanishi mumkin 25 apr, 07:46 48
  • So'nggi yangiliklar
  • Timur Kapadze matbuot anjumanida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan bahs haqida nimalar dedi? 25 apr, 14:39 1
  • Velosipedda sayr qilish uchun 3 sabab: yoshartiradi, ozdiradi va umrni uzaytiradi 25 apr, 14:30 0
  • Tojikistonda 17 yoshli yigitni yashin urdi 25 apr, 14:11 1
  • Ukrainalik model dunyodagi eng uzun sochli ayol sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi 25 apr, 13:43 0
  • Usmon Toshev: "Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz" 25 apr, 13:17 75
  • Ortiqcha vaznli insonlar uchun sog‘lom ovqatlanishning beshta muhim qoidasi 25 apr, 12:59 21
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 55
  • Moskva viloyati hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi 25 apr, 11:33 109
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 50
  • Xose Venansio Lopes: Raqibimiz jahonning eng kuchli terma jamoalaridan biri ekanini yaxshi bilamiz 25 apr, 11:05 141
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 53
  • Pentagon Ukrainaga yangi yordam paketining tarkibini ochiqladi 25 apr, 10:11 153
  • Bo‘limlar