“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 25 2024, 12:29
ЎЗO‘Z

O‘z otasini oq qilgan o‘g‘il. U kim edi?

16 yanv, 12:43 4 148 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
O‘z otasini oq qilgan o‘g‘il. U kim edi? Sarlavhani o‘qib «Farzandini oq qilgan otalar haqida eshitganmiz, ammo bunaqasini..”, deya taajjublanishingiz tayin. Chindan ham hayotda o‘z bolasini oq qilgan otalar oz bo‘lsa-da uchraydi. Lekin yaqin o‘tmishimizga nazar tashlasak, afsuski, o‘g‘ilning o‘z padari buzrukvorini oq qilgan holga ham duch kelamiz. Gap Buxoroning so‘nggi amiri Sayyid Olimxon haqida bormoqda.

Bilasiz, sho‘ro bosqini natijasida 1920 yilda Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darildi. Amir Olimxon Afg‘onistondan boshpana topdi, muhojirlikda yashadi. O‘zi bilan xorijga borganlardan tashqari, xotinlari va qarindoshlarining 64 nafari Buxoroda qolib ketdi. Ular orasida uch o‘g‘li ham bor edi.

Rahimxon, Sultonmurod va Shohmurod ismli bu yigitchalarga bolsheviklar avvaliga ziyon yetkazishmadi. Buning o‘ziga yarasha sabablari ham bor, albatta. Amir Olimxon sho‘rolar tuzumiga tish- tirnog‘i bilan qarshi ekan, uni har tomonlama mahv etishda o‘g‘illaridan qurol sifatini foydalanish mumkin edi.

— Amirning bu uchala farzandi dastlab Moskvadagi Buxoro maorif uyida tahsil olishgan, — deydi Buxoro shahridagi Sitorai Moxi Xossa muzeyi katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — Sho‘ro rahbarlari Rahimxon va Sultonmurodni matbuot orqali o‘z otalariga qarshi chiqishlarini tashkil qilishga ko‘p urinib ko‘rishgan. Ammo bu natija bermagan.

Voqealar rivojidan o‘zib aytish lozimki, bu ikki yigitning taqdiri g‘oyat ayanchli yakun topdi. Sayyid Olimxon farzandlarining Afg‘onistonga kelishlarini xohlardi. Shu boisdan Afg‘onistonning Moskvadagi elchisi Muhammad Azizxonga maktub yo‘llab, shu masalada yordam so‘raydi. Elchi Moskvada Rahimxon bilan uchrashib, suhbatlashadi. O‘z navbatida Rahimxon tegishli idoralarga ariza bilan murojaat qilib, otasining huzuriga ketishga ruxsat olmoqchi bo‘ladi. Hatto elchixona xodimlari orqali otasi bilan yozishmalar qiladi. Lekin harakatlari zoye ketadi. Oxir-oqibat xorijdagi qora niyatli kuchlar bilan aloqa bog‘laganlikda ayblanib, xalq dushmani sifatida otib tashlanadi.

General Shohmurod Olimov
Qarang, Stalin qatag‘oni xalqimizning ertasi oyday ravshan bo‘lishini yurak-yurakdan istagan Fayzulla Xo‘jayev, Fitrat, Cho‘lpon kabi jadidu ma’rifatparvarlar tugul Amir Olimxonning zig‘ircha aybi bo‘lmagan farzandini ham ayab turmagan.

Amirning to‘ng‘ich o‘g‘li Sultonmurod tug‘ma nogiron edi. Bir oyog‘i falaj bo‘lgan bu yigit nogironligiga qaramay, Moskvadagi korxonalardan birida ishlaydi. Ingliz tilini o‘rganadi. Uning ham birdan bir orzusi otasi, yor-birodarlari bilan diydorlashish edi. Ammo u ham sho‘ro dushmanining o‘g‘li, degan ayb bilan qamoqqa olinadi. Ayrim manbalarda, Sultonmurodning bu bedodlikka qarshi ochlik e’lon qilgani aytiladi. Oxiri u ham jon taslim qilib, bu xo‘rliklardan qutildi.

Kenja o‘g‘il Shohmurodning taqdiri esa boshqacha kechdi.1922 yilda Buxoro Xalq Respublikasi mutasaddilari uni bir guruh yoshlar qatorida Germaniyaga o‘qishga jo‘natishadi. Mafkuraviy qarashlardan kelib chiqib, unga «Olimov Shoh Murotovich», ayrim manbalarda aytilishicha, «Shohmurod Olimxonov», deb yangi ism-sharif berishadi.Tabiiyki, u Germaniyada nemis tilini mukammal o‘zlashtiradi.Harbiy soha kadri bo‘lmoqni niyat qiladi.

— Shohmurod 1929 yilda «Izvestiya»gazetasida «Buxoro amirining o‘g‘i otasiga shunday deydi» sarlavhasi ostida maqola e’lon qiladi, — deydi N. Jumayeva. — Bu chiqishida u insoniyat tarixida birinchi bor o‘g‘il o‘z otasini oshkora oq qilganini aytadi. Ba’zi tarixchilar matbuotdagi bu chiqishiga NKVD xodimlarining qo‘li bor, degan farazni ilgari surishadi. Nima bo‘lganida ham bu maqola o‘rtadagi qon-qarindoshlik rishtalarini uzib tashladi. Ota-o‘g‘ilga uchrashish nasib etmadi.

Shundan so‘ng Shohmurod harbiy bilim yurtlaridan biriga o‘qishga kirdi. Keyin esa Moskvada harbiy-muhandislik akademiyasida tahsil oldi. Ikkinchi jahon urushida fashistlarga qarshi mardonavor kurashdi. Orden va medallar bilan taqdirlandi. 1944 yilda og‘ir yarador bo‘ldi. Bir oyog‘idan ajraldi. Urushdan keyin o‘zi tahsil olgan akademiyada faoliyat yuritdi. General darajasiga ko‘tarildi. Suronli yillarda qatag‘onga uchramay, boshi omon qolishida otasini oq qilgani haqidagi o‘sha maqola hal qiluvchi rol o‘ynagan bo‘lsa ajab emas.

Shaxsiy hayotiga kelsak, u oila qurgan. Turmush o‘rtog‘ining ism-sharifi ayrim manbalarda Lidiya Mixaylovna deya qayd etilgan. Bir qizi bo‘lgan. Aytishlaricha, yaqin tanishlari bilan o‘tirganida bir oz ichgach, ota-onasini eslab yig‘lar ekan.

— Shohmurodning onasi Muharramoyimga ham oson bo‘lmagan, albatta, — deydi N. Jumayeva. — Afg‘onistondagi Fotu qal’asida yashayotgan paytlarida u Moskvada o‘qiyotgan o‘g‘li Shohmurod bilan diydorlashish uchun ruxsat so‘rab, Qobuldagi sho‘ro elchixonasiga ko‘p bor murojaat qilgan. Ammo onaizorning iltijolari qumga singgan suvdek izsiz ketdi.

General Shohmurod Olimov Moskvada vafot etdi.Ayrim manbalarda o‘limi sanasi o‘tgan asrning 70-yillari, ba’zi manbalarda esa 1985 yil, deya ko‘rsatilgan.

Aytish lozimki, Buxoroning so‘nggi amiri Sayyid Olimxondan ko‘p zurriyod qolgan. Biz ko‘rib chiqqan manbalarning birida 1998 yil holatida uning 12 o‘g‘li va 10 qizi turli davlatlarda umrguzaronlik qilayotgani aytilgan. Ayni damda Turkiya, Eron, AQSH, Kanada, Saudiya Arabistoni va Yevropa davlatlarida amir sulolasining taxminan 500 nafar vakili bor.

Istam IBROHIMOV




Mavzuga oid yangiliklar
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 2
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 30
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 36
  • Yashil hududlarda yashash depressiya va tashvishni kamaytiradi 25 apr, 06:38 73
  • Olimlar 2024 yilda kuchli jaziramadan aziyat chekishi kutiladigan hududlarni aytdi 24 apr, 22:42 535
  • Vazirning “dakki”si, bu ishlardan zerikkan Jo‘rayevlar oilasi va Botir Qodirovning iqrori... 24 apr, 21:37 485
  • So'nggi yangiliklar
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 2
  • Moskva viloyati hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi 25 apr, 11:33 16
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 30
  • Xose Venansio Lopes: Raqibimiz jahonning eng kuchli terma jamoalaridan biri ekanini yaxshi bilamiz 25 apr, 11:05 82
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 36
  • Pentagon Ukrainaga yangi yordam paketining tarkibini ochiqladi 25 apr, 10:11 101
  • Isroil Madrimov—Terens Krouford boks oqshomining kardi e’lon qilindi 25 apr, 09:48 39
  • Isroil Madrimov: Kroufordni hurmat qilaman, lekin bu mening divizionim 25 apr, 09:29 82
  • Xavi “Barselona”dagi faoliyatini davom ettirishga rozi bo‘ldi 25 apr, 09:10 44
  • Xonanda Avazbek Olimovdan “Sevar yorim” qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylab kelayotgani uchun 540 mln so‘m undirish so‘ralmoqda 25 apr, 08:44 233
  • Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kobulda “Tolibon” vakillari bilan uchrashdi 25 apr, 08:20 215
  • Bayden tegishli qonunni imzoladi: AQSHda TikTok bloklanishi mumkin 25 apr, 07:46 37
  • Bo‘limlar