“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 24 2024, 01:06
ЎЗO‘Z

Psixosomatik sindrom haqida bilasizmi?

15 yanv, 16:30 3 207 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Psixosomatik sindrom haqida bilasizmi? Epigraf:Mening ishtaham yo‘qolib, oza boshladim. Ovqat yesam qornim og‘riydigan bo‘lib qoldi, ovqatim yaxshi singmasdi ham. Doktorga bordim. U menga ishtahani ochadigan va ovqatni hazm qildiradigan dorilardan yozib berdi. Ularni 20 kun ichdim, biroq foyda qilmadi. Holim qochib, yuragim tez-tez uradigan va jahldor bo‘lib qoldim. Qornim og‘riyverdi. Shlang yutqizib, qornimni tekshirib ko‘rishdi. Gastrit deb tashxis qo‘yishdi. Jigarni ultratovush usuli bilan tekshirib, o‘t yo‘llari qiyshaygan, jigar bir oz kattalashgan deyishdi. O‘t yaxshi tommagani sababli ovqatingiz hazm bo‘lmayapti, deb xulosa berishdi. Buyurilgan barcha dorilarni o‘z vaqtida iste’mol qildim.

Biroq foyda qilmadi. Qon bosimim o‘ynaydigan, yuragim tez-tez uradigan, qo‘llarim titraydigan bo‘lib qoldi. Meni kardiolog va endokrinologga yuborishdi. Kardiolog “Neyrosirkulyator distoniya” desa, endokrinolog: “Bo‘qoq” deb tashxis qo‘ydi. Ularning tavsiyalari bo‘yicha ham dorilar qabul qildim. “Tuzalmayapman-ku” deb, meni davolayotgan doktorlar oldiga borsam, “Senda hech qanaqa kasallik yo‘q, sening asabingni davolash kerak, nevropatologga bor” deyishdi. Hatto ba’zi shifokorlar: “Bu narkoman bo‘lsa kerak, rangi-ro‘yini qara, xuddi narkomanga o‘xshaydi” dedi. Nevropatolog “nevroz” deb tashxis qo‘ydi va tinchlantiruvchi dorilar buyurdi. Bir oz yaxshi bo‘lib yurdim, biroq to‘la tuzalib ketmadim.

Hatto psixonevrologik dispanserda ham davolandim. Tanish-bilishlar: “Sening kasaling tabiblik, tabibda davolan” deb aytishdi. Turli xil giyohlar bilan tabibda ham davolandim, baribir kor qilmadi. Menga qo‘yilgan tashxislar soni 10 dan oshib ketdi. Hammasi bo‘lib 3 yil davolandim. Uyimda tinchim yo‘qolib, yaqinlarim bilan urishadigan bo‘lib qoldim. Battar ozib ketdim
”.

Ushbu shikoyatlar bilan bizga murojaat qilgan bemorning tashxisi “psixosomatik kasallik” edi. Xo‘sh, psixosomatik kasallik yoki sindromlar deganda nimani tushunamiz? Endi shu haqda ma’lumot bersak.

Psixosomatik sindrom – ruhiy-asabiy zo‘riqishlar (stresslar) oqibatida rivojlangan ichki a’zolar faoliyati buzilishi bilan kechuvchi kasallik. Ularning ba’zi turlari bilan tanishib chiqamiz.

Yurak sohasidagi og‘riqlar yoki psixogen kardialgiya nima?
Psixogen kardialgiya – ruhiy siqilishlar sababli yurak sohasida paydo bo‘lgan og‘riq. Ko‘krak qafasining chap tomonidagi har qanday noxush sezgilar va og‘riq qandaydir bir xavotirlik bilan qabul qilinadi. Negaki, bu yerda yurak joylashgan! Mabodo boshimiz og‘rib qolsa, bemalol analgin yoki sitramon ichib, ishga ketaveramiz (ba’zan, ichmasdan ham), lekin yurak sohasida og‘riq paydo bo‘lsa, darrov doktor chaqiramiz. “Hammasi joyida, yuragingiz bir oz siqilibdi, xolos” degan xulosani eshitgandan so‘ng tinchlanamiz.

Yurak sohasidagi og‘riqlar, ya’ni kardialgiyalarni keltirib chiqaruvchi sabablar birmuncha. Ular – yurak ishemik kasalligi, ya’ni stenokardiya, infarkt, o‘sha sohadagi nervlar shamollashi (nevralgiya), bo‘yin osteoxondrozi va asabiy-ruhiy buzilishlar. Bularning ichida asabiy-ruhiy buzilishlar alohida o‘ringa ega. Bu yerda shu haqda so‘z yuritamiz. Demak, yurak sohasidagi og‘riqlarni faqat stenokardiya va infarkt bilan bog‘lash noto‘g‘ri.

Ruhiy siqilishlar sababli paydo bo‘lgan og‘riqlarda, ya’ni psixogen kardialgiyada yurakka havo yetishmasligi, uning tez-tez yoki to‘xtab-to‘xtab urishi, qizib ketishi yoki muzlab qolishi, yurakning tomoqqa borib tiqilishi kabi belgilar kuzatiladi. Og‘riyotgan joyni bemor barmog‘i bilan ko‘rsatadi. Bu nuqta, asosan, yurak uchiga to‘g‘ri keladi, bunda og‘riq doimo bitta joyda bo‘ladi yoki ko‘chib-ko‘chib turadi.

Bemor o‘zining odatdagi ishlash yoki yashash uslubini o‘zgartirsa, uzoq vaqt transportda yursa yoki ruhiy-hissiy zo‘riqishlarga olib keluvchi har qanday vaziyatlarda yurak urishi tezlashib ketadi. Bemor yozning issiq kunlarini yomon o‘tkazadi, doimo salqin joyga intiladi, asosan, kunning ikkinchi yarmida yurak urishi kuchaygani yoki susayib ketganiga va nafas yetishmayotganiga shikoyat qiladi. Ovqatni (ayniqsa, xamir ovqatni) to‘yib yeyish, mehmonda uzoq vaqt qolib ketish ham yurak urishining kuchayishiga olib keladi.
Eslatma: Yurak sohasidagi har qanday og‘riqlarda EKG tekshiruvidan o‘tishni unutmang!

Bo‘g‘imlar nega og‘riydi?
Doimiy ruhiy siqilishlarda bo‘g‘imlarda ham og‘riqlar kuzatilishini ko‘pchilik bemorlar bilmasa kerak. Oyoq va qo‘llarda, turli bo‘g‘imlarda har xil og‘riqlardan shikoyat qiluvchi bemorlar ancha. Bo‘g‘imlar sohasidagi og‘riqqa shikoyat qilib, “bod” (revmatizm) tashxisi qo‘yilgan bemorlarni keyinchalik chuqurroq tekshiruvlardan o‘tkazganda, ularning deyarli yarmisida bu og‘riqlar ruhiy-asabiy zo‘riqishlardan ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi.

Bunday og‘riqlar faqat bo‘g‘imlarda kuzatilmasdan, suyak va mushaklarga tarqalib, bemorning ravon yurishiga xalaqit beradi. Uzoq vaqt bir xil holatda turib qolish, stanok yonida bir necha soat tik turib ishlash bemorda oyoqdagi og‘riqlarni kuchaytiradi. Ikkala oyog‘imga xuddi tosh osib qo‘ygandek, yurayotganda oyoqlarimni qimirlata olmayman, qadam tashlagan sayin yurishim qiyinlashib boraveradi deb shikoyat qiladi ular. Bo‘g‘imdagi og‘riqlar mushaklar tortishuvi bilan birgalikda namoyon bo‘lib, tunda kuchayadi.

Qanday xatoga yo‘l qo‘yildi?
Ba’zi hollarda bo‘g‘imdagi og‘riqlar sababi asab buzilishlari ekanligiga e’tibor qilinmaydi. Shu haqda bir misol keltirib o‘taman. Bu voqea 1995 yili ro‘y bergan.

Kursdosh do‘stim menga “juda og‘ir” bemorni konsultatsiyaga yubordi. A. ismli 15 yashar qiz travmatologiya-ortopediya bo‘limida davolangan. Chunki uning ikkala oyog‘i tizza bo‘g‘imida bukilmaydigan bo‘lib qotib qolgan edi. Uning boshqa hech joyi og‘rimasdi, biroq oyoqlarini tizza bo‘g‘imidan buka olmas edi. Kasallikning boshlanganiga uch oy bo‘lgan. Qilingan barcha choralar yordam bermaganligi sababli uni poytaxtga davolanishga yuborishadi. Bemorga turli tashxislar qo‘yilgan: “bo‘g‘imlar yallig‘lanishi”, “bod kasalligi”, “bo‘g‘imlar orasida suyak o‘sib chiqqan” va hokazo.

Men bemorning rentgen xulosalarini ko‘rib chiqdim. Rentgen ko‘rsatkichlari toza edi. Bunga viloyatdagi doktorlar ham e’tibor qilishgan, albatta. Lekin davolash muolajalari yordam bermayotgani sababli bemorni markazga yuborishgan. Hatto tizzani operatsiya qilmasa bo‘lmaydi degan xulosaga ham kelishgan. Bemor tashqi ko‘rinishidan juda tinch, o‘ziga bino qo‘ygan, yoshiga qaraganda gavdali edi. Uning otasidan (bemor otasi bilan kelgan) qizning xulq-atvori haqida so‘raganimda, qiziga ijobiy ta’rif berdi: “Uydagi hamma ishlarni qiladi, onasiga qarashadi, lekin sal erkaroq, o‘z bilganidan qolmaydi”.

“Qizda kasallik boshlanishidan oldin ruhiy siqilishlar bo‘lganmi?” deb so‘raganimda, otasi “Yo‘q” deb javob berdi. Men bemorni tekshirib ko‘rdim. Bemorning otasidan qizning kechqurun uxlaganda oyoqlari qay holatda bo‘lishini bilib berishini so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha, bemor kechasi uxlayotganida u yoq-bu yoqqa o‘girilib yotar va hatto g‘ujanak bo‘lib olarkan. Demoqchimanki, oyoqdagi harakatlar to‘la bajarilarkan. Ushbu ma’lumotlardan so‘ng menda kasallik ruhiy jarohat ekanligiga hech qanday shubha qolmadi. Bemorga o‘tkazilgan neyro-psixologik davolash muolajalaridan keyin u to‘la tuzalib ketdi.

Ikki kundan so‘ng qizning onasi menga qo‘ng‘iroq qilib, muhim bir ma’lumotni berdi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz otasidan dugonasinikiga o‘xshash qimmatbaho palto olib berishini so‘ragan. Otasi rad javobini bergan va qizini qattiq koyigan. Onasi ham otasining tarafini olgan. Qiz yig‘lab-yig‘lab uxlab qoladi. Ertalab tursa, ikkala oyog‘i ham qotib qolgan bo‘ladi. Tabiiyki, ota-ona qizidagi bu holatni kechagi janjal bilan bog‘lamagan va “Qizimizning oyoqlari shamollab qolibdi” deb shifoxonaga yugurishgan. Bu voqea otaning esidan chiqib ketgan. Onasi esa faqat mening “Ruhiy siqilishlar bo‘lmaganmi?” deb bergan savolimdan so‘ng shu voqeani eslagan edi.

2002 yili ro‘y bergan kichik bir voqeani misol qilib keltiraman. Bunday holatlar yosh bolalarda ham bo‘ladi. Qo‘shnimizning 3 yashar o‘g‘li ko‘chada o‘ynab yurgan paytida qattiqroq yiqilib tushadi va chap oyog‘ining sonidan lat yeydi. Og‘riqdan oyog‘ini qimirlata olmay qoladi, qattiq yig‘lay boshlaydi. Qo‘rqib ketgan onasi bolani o‘sha zahoti shifoxonaga olib borib, travmatologga ko‘rsatadi. Oyog‘i rentgen qilinganda bolada suyakning singan belgilari topilmaydi. Lekin bolaning oyog‘i ozgina lat yegandi. Shuning uchun bolaga oddiy ukol qilib, lat yegan joyni bog‘lashadi va uyiga jo‘natishadi.

Uni bir hafta mobaynida ehtiyot qilish, iloji boricha oyoqni avaylash buyuriladi. Shu muddat ichida doktorning tavsiyalari bajariladi va bola iloji boricha qo‘lda ko‘tarib yuriladi. Lat yegan joy butunlay bitib ketadi. Doktor bog‘lamlarni olib tashlaydi va bolani yerga qo‘yib, “Endi o‘zing yur!” deydi. Bola bu iltimosni rad etib, chinqirib yig‘lab onasiga yopishadi. Onasi uni ko‘tarib olgandan so‘ng bola yig‘lashdan to‘xtaydi. Bola yiqilganda nerv tolalari ezilgan bo‘lishi mumkin, og‘riq o‘shandan bo‘lsa kerak deb nevropatologga maslahatga borish tavsiya qilinadi.

Bolani kechqurun mening uyimga olib chiqishdi. Uning injiqligi, juda erkaligi va buning ustiga qattiq qo‘rqqanligi shundoq ko‘rinib turardi. Bolani kursiga o‘tqazib tekshirayotganimda yig‘lab yuborishi, onasining oldiga o‘tqazib tekshirganda esa jim o‘tirishi e’tiborimni tortdi. Chalg‘itish uslubiga o‘tdim. Bolaga: “Men tekshirayotganimda sen kursida indamay o‘tirsang, mana shu konfetni olasan” deb uqtirdim. Bola aytganimni qildi. Topshiriqni yanada murakkablashtirdim: “Endi kursidan o‘zing tushsang, mana bu o‘yinchoqni beraman”. O‘yinchoq juda chiroyli bo‘lganidan bola “og‘riqni” ham esidan chiqarib, kursidan sakrab tushdi. “Endi sen mana shu o‘yinchoqni o‘ynab tur, biz onang bilan maslahatlashib olamiz” deb bolaning harakatlarini chekkadan kuzatib turdik. U mening endi 3 yoshga kirgan o‘g‘lim bilan o‘yinga berilib ketdi.

Ular birgalikda gilam ustiga cho‘kkalab olib, xonaning u yog‘idan bu yog‘iga g‘ildirakli mashinani haydab, rosa o‘ynashardi. Ona-bola ketishga shaylanishganda, bola yana ko‘taring deb onasiga yopishib oldi. Bolaga “Agar sen zinapoyadan pastga o‘zing yurib tushsang, men senga balkondan mana shu koptokni tashlayman” deb va’da berdim. Mening o‘g‘lim esa koptokni bermayman deb xarxasha qildi. Qo‘shnimizning o‘g‘li esa onasining qo‘lidan tushib, o‘g‘limning yoniga chopib borib, koptokni ber deb yig‘lay boshladi. (Bola oyoq og‘rig‘ini unutgan edi!)

Biz bolani zo‘rg‘a tinchlantirdik. Men: “Agar o‘zing yurib pastga tushsang senga ushbu koptokni balkondan tashlayman” dedim takroran. Biz 5-qavatda yashardik. Bola besh qavatli uyning beshinchi qavatidan onasi bilan o‘zi yurib, pastga tushdi. O‘g‘lim: “Koptokni balkondan man tashayman” deb qiziqib qoldi. Balkondan pastga tashlangan koptok dumalab ancha joyga ketib qoldi. Bola xursand bo‘lganidan “og‘riqni” ham unutib, koptokning izidan yugurib ketdi.

Psixogen astma – haqiqiy astmami?
Astma, ya’ni nafas bo‘g‘ilishlari ruhiy siqilishlardan so‘ng ko‘p kuzatiladi. Afsuski, bu holatni bemorlar (ba’zida vrachlar ham) haqiqiy astma bilan bog‘lashadi. Agar vrach-allergolog maxsus tekshiruvlar orqali sizda haqiqiy astmani inkor qilsa, bilingki, sizda nafas bo‘g‘ilishi asabiy-ruhiy buzilishlar sababli paydo bo‘lgan. Buni vrachning o‘zi ham sizga uqtiradi. Bunday paytlarda sizni allergolog emas, tibbiy psixolog davolashi kerak. Biroq tibbiy-psixologik usullarni yaxshi o‘zlashtirgan allergolog ham psixogen astmani bemalol davolashi mumkin.

Xo‘sh, psixogen astma haqiqiy astmadan nimasi bilan farq qiladi? Psixogen bo‘g‘ilishlar tomoqning qurib qolishi, qichishishi, nafas yetishmovchiligi kabi turli xil belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Psixogen bo‘g‘ilishlar uchun tik turganda bemalol nafas olish, yotganda esa bo‘g‘ilish juda xos. Shu narsaga e’tibor berish lozimki, nafas yetishmasligi chalqanchasiga yotganda paydo bo‘ladi, chap va o‘ng tomonga qarab yotganda kuzatilmaydi. Nafas yetishmovchiligi ko‘pincha kechasi va tunda kuchayadi. Bizning nazoratda turgan bir bemor “Tunda doimo bo‘g‘ilib uyg‘onib ketsam, chalqancha yotgan bo‘laman, shuning uchun uxlamoqchi bo‘lsam yonboshlab, devorga suyanib yotib olaman” degan edi.

Nevroz kasalligida ham nafas bo‘g‘iladimi?
Nevroz bilan kasallangan bemorlarning deyarli yarmida nafas yetishmovchiligi kuzatilib turadi. Shu bois mutaxassislar ushbu buzilishlarni nevrozning asosiy belgisi deb hisoblashgan. “Bo‘g‘ilib qolish, nafas yo‘llariga biror narsa tiqilib qolgandek bo‘lishi, nafas olishning qiyinlashib borayotganligi”dan shikoyat qilish, ayniqsa, yosh bemorlar orasida ko‘p uchraydi. Mabodo, bu belgilar xurujlar bilan kuzatilsa, ba’zi hollarda bemorlarga “astma kasalligi” tashxisi qo‘yiladi.

Quyidagi voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu voqea 1994 yili ro‘y bergan. Menga 20 yashar yigitni ko‘rsatishdi. U allergologiya bo‘limida “Astma kasalligi” tashxisi bilan davolanib kelardi. Bemor juda ozib ketgan. U har 30 daqiqada qo‘lidagi berotekni og‘ziga sepib, nafas olishini osonlashtirardi. Bo‘g‘ilishning har 30 daqiqada paydo bo‘lib turishi mening e’tiborimni tortdi va qo‘yilgan tashxisga shubha uyg‘otdi.

Bemorning kasallik tarixi bilan birgalikda, uning psixologik holatini ham o‘rganib chiqdim. Buning natijasida bo‘g‘ilish xurujlari psixogen xususiyatga ega ekanligini aniqladim. Bemor bolalik davridan nimjon bo‘lib o‘sgan, tez-tez kasallanib turgan. Oilada yolg‘iz bola bo‘lganligi uchun ota-onasi bolasining har bir xohishini bajarib kelishgan. Bolaning yoshligidan asabi buzilsa, nafasi bo‘g‘ilib qoladigan bo‘lgan. Biroq uni chuqur tekshirmasdan, “astma” tashxisi bilan davolab kelishgan. Bora-bora xurujlarni oddiy dorilar bilan to‘xtatish qiyinlashadi va bemorga gormonal dorilar (berotek) tavsiya qilinadi. Lekin bu dorini ham bemor doimo ishlatmagan (ba’zan oylab). Bemor yana bir bor tajribali allergologga ko‘rsatiladi va “bronxial astma” tashxisi inkor qilinadi.

Bemorning psixologik statusini yaxshilab o‘rganib chiqqanimdan so‘ng psixoterapiyada keng tarqalgan “stressterapiya” usulini qo‘llashni ma’qul topdim. Bemorga “berotekka o‘rganib qolsa, erkaklik funksiyasi susayishi (bemor yaqinda uylanishi kerak edi) va uylangan taqdirda ham bola bo‘lmasligi mumkinligini aytdim. Shuning uchun ham uni qanday bo‘lmasin boshqa doriga o‘zgartirish zarurligini” uqtirdim. Gap shundaki, bemorga berotekni tavsiya qilgan doktor: “Mana shu dori sen uchun asosiy dori, bu astmaning har qanday turida og‘izga sepgan zahoti bo‘g‘ilishni to‘xtatadi” deb aytgan.

Shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, bo‘g‘ilishni berotekning kuchi emas, balki doktor aytgan so‘zlar (“senga faqat shu dori yordam beradi”) to‘xtatgan. Har 3 kunda o‘tkaziladigan maxsus psixoterapevtik muolajalar bor. Men unga ushbu usulni bir oy mobaynida qo‘lladim. Bemor bir yillardan buyon aziyat chekayotgan nafas bo‘g‘ilishidan tuzalib ketdi. Chunki unda haqiqiy astma emas, balki psixogen astma edi.

Yana nimaga e’tibor qaratish lozim?
Ba’zan shunday hodisalar bo‘ladiki, bemorda bo‘g‘ilish aniq bir sharoitlarda yuzaga keladi. Bunday paytlarda sharoitni o‘zgartirish bo‘g‘ilishni kamaytiradi yoki butunlay yo‘qotadi.

Bu voqea 1996 yili ro‘y bergan. Men yozda Xorazmga borganimda yosh bir kelinni maslahatga olib kelishdi. Bemor turmushga chiqqanidan so‘ng uyida turmush o‘rtog‘i bilan kelishmay, doimo janjal chiqib turarkan. Janjal avjiga chiqqanda yosh er-xotinlar bir-birini bo‘g‘ishgacha borisharkan. Bora-bora yosh kelinda turmush o‘rtog‘i ishdan qaytganidan so‘ng bo‘g‘ilish xurujlari paydo bo‘ladigan va tinchlantiradigan dori ichmaguncha yoki turmush o‘rtog‘i uydan chiqib ketmaguncha bo‘g‘ilish davom etaveradigan bo‘ladi. Bemor barcha davolash usullaridan foydalangan va har qanday yangi taklif etilgan usuldan bosh tortar edi. Bemorga onasi bilan bir oyga daryo bo‘yiga borish, dorilarni esa uyga tashlab ketish zarurligini aytdim.

Bu taklif bemorga ma’qul tushdi. Ona va qiz daryo bo‘yidagi uylardan birida ijarada yashashdi. Oradan bir hafta o‘tgach, “bemorning” holidan xabar olgani daryo bo‘yiga uning eri bilan birga bordim. Bemorda bo‘g‘ilish xuruji u daryo bo‘yiga kelgan kuniyoq to‘xtagan ekan. Erini ko‘rsa-da yosh kelinda hech qanaqa bo‘g‘ilish xuruji kuzatilmadi. Bemorning eriga xotinidan xabar olgani daryo bo‘yiga kelib turishini tayinladim. Er-xotin esa daryo bo‘yida bir oy birga yashashdi. Men Toshkentga qaytishimdan oldin ikkalasi ham menga uchrashib, “Hammasi juda yaxshi” deb xursand bo‘lib gapirishdi.

Gipnozning kuchi nimada?
Psixogen bo‘g‘ilishning yana bir xususiyati shundan iboratki, bemorda doimo chayqalish hissi bo‘ladi: u xuddi o‘zini transportda, liftda, samolyotda ketayotgandek his etadi. Bunday bemorlar metroning eskalatoridan tusha olmaydilar. Bizning nazoratda turgan bemor tunda uxlab yotganida, xuddi zilzila bo‘lgandek tez-tez seskanib uyg‘onib keti¬shini aytgan edi.

Ba’zan psixogen bo‘g‘ilishlar xuruji to‘satdan, qattiq qo‘rquvdan so‘ng boshlanadi. Bu voqea 1998 yili ro‘y bergan. Men o‘sha paytlari gipnoz usullarini o‘rganib yurardim. Institutimizda o‘qiydigan talabalardan biri kechqurun derazaga qarab yotib qorong‘ida nimaningdir aksini ko‘radi va qo‘rqib ketadi. Shu paytdan boshlab u ko‘zini yumsa, hammayoq zimiston bo‘lib, atrofni qo‘rqinchli narsalar o‘rab oladi, go‘yoki qora kalxatlar uchib yuradi. Buning natijasida u nafas ololmay qiynaladi, bo‘g‘iladi.

Menga bu bemorni ushbu belgilar boshlanganidan ikki kun o‘tib ko‘rsatishdi. Kechasi soat o‘nda men bemorni ko‘rgani talabalar turar joyiga bordim. Uning xonasiga kirsam, bemor chuqur depressiya holatida bo‘lib, bir xil ohangda gapirardi, qattiq qo‘rqqani ko‘zidan bilinib turardi. U voqea xuddi tushida bo‘layotgandek, mabodo uxlab qolsa, yana shunaqa yomon tushlar ko‘rishdan qo‘rqishini aytdi. Men uni trans holatiga tushirdim va quyidagi so‘zlar bilan gipnoz qilishga o‘tdim: “Hozir sen shirin uyquga ketasan, tush ko‘rasan, tushingda moviy dengizni ko‘rasan, dengizga charaqlagan quyosh nurlari sochilib, uning yuzidagi tomchilar marvariddek tovlanib turadi.

Qirg‘oq esa bir-biridan go‘zal gullarga burkangan, gullarning ustida rang-barang kapalaklar uchib yuradi. Sen dengizda cho‘milasan, miriqib suzasan, suvdan hech chiqqing kelmaydi, suzishdan charchaganingdan so‘ng qirg‘oqqa chiqib, gullar ustida yotib dam olasan. Atrof go‘zal, birorta qora narsa yo‘q. Ertalab yengil bo‘lib, xursand bo‘lib uyg‘onasan va tushingda nimalar ko‘rganingni menga aytib berasan”.

Ertasi kuni ertalab yotoqxonaga bemorning oldiga bordim. Bemor uyg‘ongan va o‘zini yaxshi his qilardi. Lekin uyqusirayotgani ko‘zidan shundoq sezilib turardi. Men aytgan vaziyat, ya’ni moviy osmon, marjondek tovlanayotgan dengiz, qirg‘oqdagi gullar, kapalaklar bemorning tushida to‘laligicha namoyon bo‘lgandi. Bu yoqimli holat unga katta huzur bag‘ishlaganini aytib berdi. U hatto tushidagi vaziyatning kichik detallarigacha menga so‘zlab berdi. O‘zini juda ham yengil his qilayotgani va yana uxlab, xuddi shunday tush ko‘rishni xohlayotganligini aytdi.

Bu uslubni mashhur nemis gipnozchisi N. Lefenveld “Tetiklik holatidagi gipnoz” deb atagan. Men bemorni davolashda olimning ushbu usulidan foydalandim. Xonada bemorning o‘zidan tashqari otasi va talabalar ham bo‘lishiga qaramasdan uni trans holatiga tushirish juda oson kechdi. Hattoki, uning qanday tush ko‘rishi haqidagi so‘zlar bir marta aytildi, xolos. Ma’lumki, chuqur depressiya paytida trans va gipnozga tushirish oson kechadi.

Eslatma. Psixosomatik buzilishlarni, asosan, tibbiy psixologlar davolashadi.

Professor Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Mutaxassis Toshkent havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalar nima ekanini aytib o‘tdi 23 apr, 21:21 122
  • Bayonot: radar bo‘yicha yangilik noto‘g‘ri talqin qilinmoqda 23 apr, 20:38 83
  • Boysundagi ayanchli YTHda ayollar va bolalar halok bo‘ldi 23 apr, 20:18 156
  • Sudya iqrori: “Nikohni bekor qilish ishi odamni bezdiradi, ammo hayotning haqiqatlari oldida jimman” 23 apr, 19:33 83
  • Farg‘onada alimentdan qochgan ota quduqdan topildi 23 apr, 19:14 75
  • Andijonda bolalar aravachasiga yashirilgan minglab qo‘rg‘oshin o‘qlari to‘xtatib qolindi 23 apr, 18:32 101
  • So'nggi yangiliklar
  • Rossiya dunyodagi birinchi vodorod yoqilg‘ili avtomobilni taqdim etdi 24 apr, 00:40 0
  • Shomurodovning kelishini bu jamoa muxlislari intizorlik bilan kutmoqda 24 apr, 00:13 1
  • Timur Kapadze: "Raqibimiz Saudiya bo‘ladimi yoki boshqa bir jamoa, biz o‘z maqsadimizga erishishimiz kerak" 23 apr, 23:48 11
  • Vetnam futzal termasi bosh murabbiyi: "O‘zbekiston — turnir favoriti" 23 apr, 23:20 12
  • Iroq OTJ bosh murabbiyi: "Chorak finalda oson raqib bo‘lmaydi, eng muhimi bor kuchimizni ishga solish" 23 apr, 23:03 31
  • U-23 Osiyo Kubogi. O‘zbekiston terma jamoasi Vetnam ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi (video) 23 apr, 22:44 52
  • Abbosbek Fayzullayev birdaniga uchta sovringa da’vogar 23 apr, 22:24 111
  • Saudiya Arabistoni OTJ bosh murabbiyi: "Ikki yil avvalgi musobaqada Vetnamni ham, O‘zbekistonni ham mag‘lub etganmiz" 23 apr, 22:20 105
  • Xose Venansio Lopes: "Yarim finalga chiqish uchun Vetnamga qarshi uchrashuvda nazoratni qo‘lga olishimiz talab etiladi" 23 apr, 22:02 71
  • Afg‘onistondagi dalalarga chigirtkalar hujum qildi 23 apr, 21:44 57
  • Mutaxassis Toshkent havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalar nima ekanini aytib o‘tdi 23 apr, 21:21 122
  • Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi o‘g‘li haqida gapirdi 23 apr, 20:53 355
  • Bo‘limlar