“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 23 2024, 18:54
ЎЗO‘Z

Koronavirusning iqtisodiy saboqlari

26 noya, 08:30 2 880 Iqtisodiyot
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Koronavirusning iqtisodiy saboqlari Insoniyat taraqqiy etib, dunyoni globallashtirib, raqamli olamni ham yaratdi. Ammo, bunday qulay sharoitda turli xavf-xatar va tahdidlar ham ko‘payishini haligacha anglab yetganimiz yo‘q — ekologik muvozanatning buzilishi, iqlim o‘zgarishi, insonning palapartish harakati natijasida texnogen falokatlar bizni poylab turibdi... Ularning oldini olish uchun odamlaru yurtlarning o‘zaro kelishilgan oqilona harakati talab etiladi. Hozir boshdan kechirayotgan Covid-19 pandemiyasi buning yorqin isbotidir.

Texnika-texnologiya yutuqlari joriy etilishi natijasida rivojlangan mamlakatlarda shakllangan hayot qulayliklari eyforiyasi ta’sirida shakllangan noto‘g‘ri g‘oyalardan ham voz kechish lozim.

Iqtisodiy sohada shunday noto‘g‘ri stereotip g‘oyalardan biri — yalpi ichki mahsulotning (YAIM) o‘sishiga iqtisodiy taraqqiyotning asosiy umumiy ko‘rsatkichi sifatida liberal iqtisodiy qarash.

2017 yilgi Rim klubi hisoboti mualliflarining xulosalariga qo‘shilmaslik mushkul. Ularning fikriga ko‘ra, YAIM ko‘rsatkichi farovonlikni emas, balki sarf-xarajatlarni aks ettiradi va bozor sub’ektlari moddiy-moliyaviy manfaatlari mezoni bo‘lgan foydanigina ifodalaydi. YAIMni o‘lchaydigan yagona narsa — pulning iqtisodiyotda harakatlanish tezligi. Mualliflar paradoksal holatlarni qayd etadilar: neft to‘kilishi favqulodda vaziyatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, kasalliklar, falokatlar va baxtsiz hodisalarning barchasi farovonlikni pasaytirsa ham, YAIMni ko‘paytiradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, eng ko‘p YAIM ishlab chiqarayotgan mamlakatlar atrof-muhitni ifloslantirish borasida ham «peshqadam»dirlar.

Qizig‘i, bu yilning 9 oyida mamlakatimizda statistika ma’lumotlariga qaraganda YAIM 0,4 foiz o‘sibdi. Pandemiya sharoitida dunyo iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutgan, shu jumladan, o‘zimizda ham aksariyat korxonalar va odamlar to‘liq ishlamagan paytda bu qanday o‘sish? Niqob, antiseptik vositalar ishlab chiqarilishi, koronavirus bilan kasallanganlar uchun shifoxonalar qurilishi, qolaversa Olot, Qorako‘lda yuz bergan tabiiy noxushlik, Sardoba texnogen falokatini bartaraf etish xarajatlari hisobiga emasmi? Bizga shu kerakmi?

Ikkinchi noto‘g‘ri stereotip g‘oya — inflyatsiyani biryoqlama — faqat salbiy iqtisodiy hodisa sifatida baholash. To‘g‘ri, cho‘ntagimizdagi 10 so‘m pulimiz ertaga 9 so‘mga, indinga 8 so‘mga aylanishi quvonarli hol emas, albatta. Ammo, umumiqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, isloh qilinayotgan iqtisodiyot uchun, agar muomalaga qo‘shimcha chiqarilgan pullar real iqtisodiyotni rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish, samarali investitsiyalar va ijtimoiy masalalarni hal etish uchun sarflansa, inflyatsiya foydali bo‘lishi mumkin.

Majoziy ma’noda aytadigan bo‘lsak, isloh qilinayotgan iqtisodiyot uchun boshqariladigan inflyatsiya — kasallikdan davolovchi og‘riqli tibbiy muolaja, achchiq doridek. Bu muolajani yuqori malakali shifokor o‘tkazishi kerak.

Fikrimizcha, mamlakatimiz bosh banki tomonidan olib borilayotgan pul-kredit siyosati ham inflyatsiya rolini noto‘g‘ri, biryoqlama baholashga asoslangan. Xususan, ayni paytda asosiy foiz stavkasi 14 % etib belgilangan sharoitda kreditlar 15 — 20 % va undan yuqori foizga beriladi. Real iqtisodiyotda esa (sanoat, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sohalari, qurilish va h.k.) foyda darajasi bunday foizlarni to‘lashga imkon bermaydi. Biroq, oldi-sotdi faoliyati boshqa gap...

Ya’ni inflyatsiyaga qarshi kurashish shiori ostida real sektorni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash imkoniyati cheklanadi. Iqtisodiyotimiz sohalari o‘rtasidagi o‘zaro to‘lovga noqobillik, aylanma mablag‘larning yetishmasligi ayni shu bilan bog‘liqdir. Agrar sektorimizda aylanma mablag‘lar yo‘q hisob: yil boshida (qishloq xo‘jalik ishlari boshlanganda) soha markazlashgan fond orqali banklar vositachiligida kreditlanadi, yil oxirida (hosil sotilgandan keyin) kreditlar qaytariladi...

Bir necha yil oldin qaysi soha yoki korxonani rivojlantirish kerak bo‘lsa, unga yakka tartibda turli soliq imtiyozlari va boshqa qulayliklar berilardi. So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizda barcha sub’ektlar uchun teng sharoit yaratib, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida bunday amaliyotdan voz kechishga qaror qilindi. Shunday bo‘lsa-da, eski nomaqbul amaliyot, fikrimizcha, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun bank kreditlari foizlarini budjet va nobudjet fondlar orqali qisman qoplash tarzida hanuzgacha davom etib kelyapti...

Xullas, nima bo‘lsa bo‘lsinu, banklar ziyon ko‘rmasin. Go‘yo banklar real iqtisodiyotga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar emas, balki iqtisodiyot banklarning barqaror daromadlarini shakllantirish uchun xizmat qilishi kerakdek. Joriy yilning 9 oyida bank kartalaridan 43,4 trln. so‘mlik mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan. Bu bank komissiyasi 1 %ga teng bo‘lgan taqdirda birgina shu turdagi operatsiya hisobiga banklar 400 mlrd. so‘m daromad olganini anglatadi.

Uchinchi noto‘g‘ri stereotip g‘oya — bozor romantizmi, ya’ni jamiyat hayotining barcha jabhalarini bozor tamoyillari asosida qurish mumkin degan g‘oyadir. Aslida bozor tamoyillari — xususiy mulk, raqobat, foyda olish maqsadi — real iqtisodiyotga, asosan moddiy ishlab chiqarishga xos tamoyillar. Ijtimoiy soha — sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniy, ma’naviy, axborot sohalarida bozor tamoyillari to‘laligicha ishlamasligi kerak va bu sohalar to‘liq ma’noda biznesga aylanmasligi darkor. Xususan, odamlar ko‘proq kasal bo‘lishidan moddiy manfaatdor bo‘lgan biznes-meditsina shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Ijtimoiy xizmatlar qisman, ayrim turlari hatto to‘liq to‘lov asosida amalga oshirilishi mumkin. Ammo pullik degani har doim ham biznes-faoliyatni anglatmaydi. Pullik ijtimoiy xizmatlar, shu jumladan, tibbiy xizmatlar tadbirkorlik sub’ektlarining emas, balki nodavlat notijorat tashkilotlarining xizmatlari sifatida ko‘rsatilishi mumkin.

Bugun koronavirusning xavfini anglamoqdamiz. Ertaga uni yengamiz. Indinga esa boshqa kutilmagan balo-qazolar boshimizga yopirilishi mumkin, toki taraqqiyotimizni resurslarni tejash, toza havo, inson salomatligi, tabiat bilan uyg‘unlikda yashash kabi mezonlar bilan o‘lchamasdan, bozor romantizmiga berilib, YAIM ko‘rsatkichini shishirishni maqsad qilib, buning ustiga muomalaga chiqarilgan pullarni samarasiz sarflayverib, ijtimoiy sohalar faoliyatini ham pul bilan o‘lchashni davom ettiraversak — buning oxiri voy bo‘lishi mumkin...

Farhod QURBONBOYEV,
iqtisod fanlari nomzodi




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbekiston Ozarboyjonda anorzorlar barpo etishni rejalashtirmoqda 23 apr, 11:48 41
  • Malayziya O‘zbekistonda elektrotexnika sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirmoqchi 20 apr, 21:14 59
  • Tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarima kamaytiriladi 19 apr, 17:12 115
  • Dollar kursi yangi marra sari yaqinlashmoqda 18 apr, 18:48 215
  • O‘zbekistonda 1 gramm oltin narxi 1 mln so‘mdan oshdi 17 apr, 19:48 142
  • Dollarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymati belgilandi 16 apr, 18:57 112
  • So'nggi yangiliklar
  • Uzcard va Humo terminallari integratsiyasi test rejimida ishga tushirildi 23 apr, 16:31 29
  • O‘zbekiston va Britaniya TIV rahbarlari hamkorlik to‘g‘risida ikkita hujjat imzoladi 23 apr, 16:00 24
  • Rossiya dronlari Odessaga hujum qildi: 9 kishi jarohat oldi 23 apr, 15:26 88
  • Amerika Urushni o‘rganish instituti: Rossiya Xarkiv aholisini shahardan qochishga majburlamoqchi 23 apr, 14:36 134
  • Soliq qo‘mitasi qancha ayol taksichilik bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi 23 apr, 14:14 82
  • Jizzax viloyatidagi maktablarning birida o‘quvchilar «feodalcha» jazolandi 23 apr, 13:52 80
  • Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron O‘zbekistonga keldi 23 apr, 13:18 37
  • Ashurmatovning haydalishi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda 23 apr, 12:51 453
  • Denovdan Toshkentga qarab «yo‘lga chiqqan» sifatsiz go‘sht to‘xtatib qolindi 23 apr, 12:31 50
  • Tojikiston va Qirg‘izistondan o‘tkazilgan giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi 23 apr, 12:08 30
  • O‘zbekiston Ozarboyjonda anorzorlar barpo etishni rejalashtirmoqda 23 apr, 11:48 41
  • Yevrokomissiya TikTok'ga nisbatan ikkinchi tekshiruvni boshladi 23 apr, 11:23 29
  • Bo‘limlar