“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 25 2024, 16:53
ЎЗO‘Z

Uchtepa tumanidagi uchta mahalla aholisi Toshkent viloyati tarkibiga o‘tishga qarshi

06 avg, 23:00 3 334 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Uchtepa tumanidagi uchta mahalla aholisi Toshkent viloyati tarkibiga o‘tishga qarshi Foto: Telegram
Toshkentning Uchtepa tumanidagi «Ko‘ksaroy», «O‘rikzor» va «Zarafshon» mahallalari aholisi 6 avgust kuni o‘z mahallalarining Toshkent viloyati Zangiota tumani hududiga o‘tkazilishiga qarshi noroziligini bildirish uchun mahalla qo‘mitasi binosiga to‘plandi. Bu haqda «O‘rikzor» mahallasi raisi Hasan Qalandarov va bir qancha fuqarolar «Gazeta.uz»ga ma’lum qilgan.

2020 yil 5 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda taklif qilinishicha, poytaxtdan Toshkent viloyatiga 1010 gektar, viloyatdan poytaxtga 10 196 gektar yer maydoni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida Yangi hayot tumani tashkil etilib, unga Sergeli tumanidan 1752 gektar, Bektemirdan 267 gektar, Zangiotadan qariyb 328, Quyi Chirchiqdan salkam 129, Yangiyo‘ldan 263, O‘rta Chirchiqdan 1346 gektar ajratiladi va Yangi hayot tumanining hududi jami 4085 gektarga teng bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.

Xaritada uchta mahalla — «Ko‘ksaroy», «O‘rikzor» va «Zarafshon» ajratilgan. Bular Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Toshkentning Uchtepa tumanidagi uchta mahalla.

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali

Foto: Google Maps
Ushbu mahallalardan birida yashovchi hamda ismi sir bo‘lib qolishni istagan fuqaro mazkur uchta mahalla avval bitta «O‘rikzor» mahallasi tarkibida bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tumanning bu qismini Toshkent viloyatiga o‘tkazish bir qator sabablarga ko‘ra noqulayliklarni keltirib chiqaradi.

«Zangiota tumaniga o‘tkazilganidan keyin «O‘rikzor» tuman markazidan uzoqda bo‘lib qoladi. Agarda gaz, elektr, suv bilan muammolar bo‘lsa, muammolarni hal etish uchun Zangiotaga borishimizga to‘g‘ri keladi. Uchtepa tumanida biz 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga (Jukovskiy) yoki 16-shahar shifoxonasiga (RSHTYOIM) murojaat qilamiz, yangi tumanga o‘tgandan keyin esa Zangiotaga borishimiz kerak bo‘ladi», — degan suhbatdosh.

U yangi tumanga o‘tish propiska, kadastr hujjatlari, avtomobil hujjatlari va raqamlarini almashtirishga to‘g‘ri kelishini, bu esa qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishini aytib o‘tgan.
Boshqa bir fuqaro «O‘rikzor» mahalla qo‘mitasiga uchta mahalladan 100 nafardan ortiq kishi kelganini ma’lum qildi. «O‘zbekiston 24» telekanalida Toshkent va Toshkent viloyati chegaralari o‘zgarishi to‘g‘risidagi lavha e’lon qilinganidan so‘ng Telegram’da maxsus guruh ochildi.

Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev aholi bilan uchrashuvda.
Foto: Telegram

«O‘rikzor» mahallasi raisi Hasan Qalandarov «Gazeta.uz» bilan suhbatda aholi bilan uchrashuvga tumanning to‘rtta sektor rahbarlari, jumladan, hokim Farhod Abdullayev yetib kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hokim chegaralarni o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklif hozirda loyiha hisoblanishini ma’lum qilib, ushbu masalani Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan muhokama qilishga va’da berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda Farhod Abdullayev masalani yechishga va’da berib, odamlarga uylariga qaytish, chunki aholining to‘planishi karantin qoidalarini buzishini hamda turli kasalliklarga chalinish xavfini vujudga keltirishini ta’kidlaydi.

Uchtepa tumani hokimligi matbuot xizmati hozircha bu borada ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilgan.

Mamlakat rahbariyati nomiga maktub
Uchta mahalla aholisi Prezident, bosh vazir, qurilish vaziri, parlament palatalari rahbarlari, poytaxt va tuman hokimlari nomiga jamoaviy murojaat (petitsiya) yo‘lladi. Maktubda nima uchun bunday qarorlar ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi aholi fikrini inobatga olmagan holda qabul qilinishi so‘ralgan.

Ta’kidlanishicha, «O‘rikzor» mahallasi Toshkent viloyati bilan tabiiy chegaraga ega, ya’ni sharqiy va janubiy tomondan mos ravishda Qoraqamish va Bo‘zsuv kanallari bilan o‘rab olingan. «O‘rikzor» mahallasi Toshkent viloyati tarkibiga kiritiladigan bo‘lsa, mahalla aholisi o‘z viloyati yoki tumani ichida harakatlanishi uchun shaharga chiqishga majbur bo‘ladi.

Aholi, shuningdek, qaysi xorijiy tajriba asosida shahar chegarasining belgilanishi halqa yo‘lining joylashuvidan kelib chiqib amalga oshirilishi haqidagi savolni o‘rtaga tashladi.

Foto: Telegram
Qayd etilishicha, «O‘rikzor» mahallasi O‘zbekiston mustaqillikka erishgan davrdan beri Toshkent shahri hududi tarkibida bo‘lib kelgan. Bu yerga aholi ko‘chib kelishi, uy-joy yoki tadbirkorlik faoliyati uchun ob’ekt xarid qilishida, hududning Toshkent shahri tarkibida ekanligi asosiy faktorlardan biri bo‘lgan. Mahallaning Toshkent viloyati tarkibiga o‘tkazilishi, iste’molchi, ya’ni uy-joy yoki ob’ekt xarid qilgan fuqarolarning haq-huquqi buzilishiga sabab bo‘ladi.

Foto: Telegram

Foto: Telegram
«Muhtaram Shavkat Miromonovich, «O‘rikzor» mahallasi aholisi Siz tomoningizdan so‘nggi yillarda olib borilayotgan siyosatni va ulkan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelishini, xalq manfaatlari yo‘lida jon kuydirib olib borayotgan mehnatingizni yuqori baholashini ma’lum qiladi hamda O‘zbekistonning rivojlanishi yo‘lida o‘zining barcha kuch va salohiyatini safarbar qilayotganini ishonch bilan ta’kidlaydi. Shu bilan birga, ayrim mutasaddi rahbarlarning mantiqsiz, hech kimning fikrini inobatga olmasdan o‘zboshimchalik bilan ishlab chiqayotgan takliflarini mamlakatimiz ravnaqi yo‘liga to‘siq va to‘g‘onoq bo‘layotganini ham qayd etib o‘tish lozim», — deyiladi murojaatda.

Petitsiyada aholi Prezidentdan ushbu masalani adolat bilan ko‘rib chiqish, mahalla hududida istiqomat qiluvchi aholining fikrini inobatga olgan holda «O‘rikzor» mahallasi Toshkent shahri tarkibida qolishi bo‘yicha qaror qabul qilishini so‘ragan.




Mavzuga oid yangiliklar
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 76
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 72
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 63
  • Yashil hududlarda yashash depressiya va tashvishni kamaytiradi 25 apr, 06:38 92
  • Olimlar 2024 yilda kuchli jaziramadan aziyat chekishi kutiladigan hududlarni aytdi 24 apr, 22:42 554
  • Vazirning “dakki”si, bu ishlardan zerikkan Jo‘rayevlar oilasi va Botir Qodirovning iqrori... 24 apr, 21:37 519
  • So'nggi yangiliklar
  • Qirg‘izistonda elektromobillar yashil davlat raqamida harakatlanadi 25 apr, 15:45 4
  • Ukraina Vazirlar Mahkamasi: Xorijdagi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan ukrainalik erkaklar endi pasport ololmaydi 25 apr, 15:22 11
  • Futzal. Osiyo chempionati 1/4 final: Vetnam qanday taslim etildi? (video) 25 apr, 15:06 16
  • Timur Kapadze matbuot anjumanida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan bahs haqida nimalar dedi? 25 apr, 14:39 139
  • Velosipedda sayr qilish uchun 3 sabab: yoshartiradi, ozdiradi va umrni uzaytiradi 25 apr, 14:30 45
  • Tojikistonda 17 yoshli yigitni yashin urdi 25 apr, 14:11 135
  • Ukrainalik model dunyodagi eng uzun sochli ayol sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi 25 apr, 13:43 75
  • Usmon Toshev: "Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz" 25 apr, 13:17 153
  • Ortiqcha vaznli insonlar uchun sog‘lom ovqatlanishning beshta muhim qoidasi 25 apr, 12:59 39
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 75
  • Moskva viloyati hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi 25 apr, 11:33 163
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 72
  • Bo‘limlar