“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 20 2024, 18:44
ЎЗO‘Z

Sotqin generalning o‘limi. 1946 yil 3 avgust – Gitlerga xizmat qilgan general Vlasov qatl etilgan kun

04 avg, 00:28 3 499 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Sotqin generalning o‘limi. 1946 yil 3 avgust – Gitlerga xizmat qilgan general Vlasov qatl etilgan kun General Andrey Vlasov.
Foto: Google Photos

General Andrey Vlasov haqida turli qarashlarga ega bo‘lgan nuqtai nazarlar shu darajada ko‘pki, aftidan ushbu tarixiy shaxsning salbiy qiyofasi mutlaqo aniq emas. Andrey Vlasov haqida rus tarixchilari va jamoat arboblarining baholari ham turlicha shakllangan. Hatto ayrimlar uni vatan xoini sifatida emas, balki bolshevizm va stalinistik totalitarizmga qarshi kurashchi sifatida taqdim etishga harakat qiladi. Shu bilan birga, Andrey Vlasovning Yevropa xalqlariga qarshi genotsid uyushtirgan va Sovet Ittifoqining eng ashaddiy dushmani bo‘lgan Gitler Germaniyasi tomonida turib jang qilgan armiya tuzgani tarixiy faktdir. «Daryo» general Andrey Vlasovning faoliyati va taqdiri haqida hikoya qiladi.

Stalin qo‘mondoni
Atigi to‘rt yil ichida Andrey Vlasov yeng istiqbolli va obro‘li Sovet generallari safidan Sovet Ittifoqining «birinchi raqamli xoini» mavqeyiga o‘tishga ulgurdi. Rossiyadagi fuqarolar urushi paytida Qizil armiya safiga qo‘shilgan 18 yoshli Andrey Vlasov 21 yoshga kelib shaxsiy tarkib va qo‘mondonlik lavozimlarini egallagan. 39 yoshida esa 99-o‘qchi diviziyasining qo‘mondoni va general mayor rutbasiga ega bo‘lgan.

Uning qo‘mondonligi ostidagi diviziya Kiyev harbiy okrugidagi eng ilg‘or bo‘linmaga aylangan. Vlasovning o‘zi Qizil Bayroq ordeni bilan taqdirlandi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishida esa Vlasov Lvov shahri yaqinida joylashgan 4-mexanizatsiyalashgan korpus qo‘mondoni edi. Keyin Iosif Stalinning shaxsan o‘zi generalni oldiga chaqirib, unga 20-armiyani tuzishni buyuradi. Ushbu armiyaga Vlasovning o‘zi qo‘mondonlik qiladi.

Vlasovning jangchilari, ayniqsa, nemislarga qarshi Moskva yaqinidagi janglarda alohida ajralib turgan, shu sababli hatto maxsus topshiriq bilan Qizil armiya bosh siyosiy boshqarmasi tomonidan Vlasov haqidagi «Stalin qo‘mondoni» nomli kitob yozildi. 1942 yil 8 martda general-leytenant Vlasov Volxov fronti qo‘mondonining o‘rinbosari etib tayinlandi va oradan biroz vaqt o‘tib, ushbu lavozimni saqlab qolgan holda 2-armiya bosh qo‘mondoni bo‘ldi.

Shunday qilib urushning birinchi yilida Andrey Vlasov Iosif Stalinning shaxsiy simpatiyasiga erishgan va Sovet Ittifoqining eng qobiliyatli harbiy rahbarlaridan biri deb hisoblangan. Kim biladi, agar o‘shanda Vlasov qurshovga olinib asirga tushmaganida, ehtimol, u marshall unvoniga ko‘tarilib, xoin emas, balki qahramonga aylangan bo‘lar edi.

Dushman tarafiga o‘tib ketish
Ammo 1942 yil 12 iyul kuni Vlasov nemislar tomonidan qo‘lga olinib asirga tushdi, oxir-oqibat Gitler Germaniyasi bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi. Fashistlar uchun eng qobiliyatli Sovet harbiy rahbarlaridan birini «Stalin qo‘mondoni» bo‘lgan general-leytenantni o‘z tomoniga og‘dirib olish juda katta yutuq edi. 1942 yil 27 dekabrda Vlasov fashistlar harbiy rahbariyatiga sobiq Sovet harbiy asirlari ichidan Gitler Germaniyasi tomon o‘tishga rozi bo‘lgan va shuningdek, sovet rejimidan norozi bo‘lgan boshqa insonlar orasidan «Rossiya ozodlik armiyasi»ni tashkil etishni taklif qildi.

Foto: Google Photos
ROAning siyosiy rahbariyati uchun «Rossiya xalqlarini ozod qilish qo‘mitasi» tuzildi. RXOQQ safiga nafaqat fashistlar Germaniyasi tomoniga o‘tgan Qizil armiyaning yuqori martabali harbiylari, balki fuqarolar urushi paytida Oq armiya safida tanilgan ko‘plab harbiylar, jumladan, general mayor Andrey Shkuro, ataman Pyotr Krasnov, general Anton Turkul va boshqalar ham qo‘shilgan.

Vlasov shtabining boshlig‘i sifatida sobiq sovet generali, general mayor Fyodor Truxin tayinlangan bo‘lib, u qo‘lga olinishidan oldin shimoli-g‘arbiy front shtab boshlig‘ining o‘rinbosari edi va qo‘lga olinganidan keyin Germaniya hukumati bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. 1945 yil 22 aprelga qadar Rossiya xalqlarini ozod qilish qo‘mitasining Qurolli kuchlari tarkibida turli xil bo‘linmalar paydo bo‘ldi, jumladan, piyoda qo‘shinlari, kazaklar korpusi va hattoki harbiy havo kuchlari ham bor edi.

Qo‘l ostidagilarni tashlab qochmagan general
Fashistlar Germaniyasining Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyati sobiq Sovet leytenanti Andrey Vlasov va uning tarafdorlarini juda qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Ayniqsa, Vlasov xoin sifatida Sovet hukumati tomonidan kechirilishiga ishonmasdi va u buni juda yaxshi tushunardi. Shunga qaramay, u negadir bir necha bor taklif qilingan qochish variantlaridan voz kechdi. Vlasovga birinchi bo‘lib boshpana bermoqchi bo‘lganlardan biri Ispaniya diktatori Fransisko Franko edi. Franko o‘z taklifini 1945 yilning aprel oyi oxirida Germaniyaning mag‘lub bo‘lishiga sanoqli kunlar qolganida taqdim qildi.

Ispan diktatori Vlasov uchun uni Pireney yarimoroliga olib boradigan maxsus samolyot jo‘natmoqchi edi. Garchi Ispaniya Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etmagan bo‘lsa ham Franko Vlasovga nisbatan ijobiy munosabatda edi, chunki uni antikommunistik kurashda sherik sifatida ko‘rardi. Ehtimol, agar Vlasov Frankoning taklifini qabul qilganida u Ispaniyada baxtli yashagan bo‘lardi. Chunki Franko Vlasovga qaraganda ancha qonli bo‘lgan ko‘plab fashist jinoyatchilarini ham o‘z yurtida muvaffaqiyatli yashirgan. Ammo ROA qo‘mondoni Ispaniyaga ketishdan bosh tortdi, chunki u o‘z qo‘l ostidagilarni taqdir qo‘liga qoldirishni istamadi.

Keyingi taklif qarama-qarshi tomondan keldi. Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, Andrey Vlasov Amerika qo‘shinlarining ishg‘ol zonasida edi. 1945 yil 12 mayda Vlasov joylashgan zona komendanti lavozimini egallab turgan kapitan Donaxyu sobiq ROA komandirini Amerika zonasining ancha ichkari qismiga kiritib yuborishni taklif qildi. U Vlasovga Amerika hududidan boshpana berishga tayyor edi, ammo Vlasov bu taklifni ham rad etdi. Chunki u nafaqat o‘zi uchun, balki o‘zining barcha askarlari va ofitserlari uchun ham panoh so‘rashni istagandi.

Foto: Google Photos
Moskva. Lubyanka

Shu kuni 1945 yil 12 mayda Vlasov Amerika istilo zonasiga kirib bordi. U Plzen shahridagi AQSH ning 3-armiya shtab-kvartirasida Amerika qo‘mondoni bilan uchrashuvga erishmoqchi edi. Biroq yo‘lda Vlasovning mashinasi 1-Ukraina frontining 13-armiyasining 25-tank korpusi xizmatchilari tomonidan to‘xtatildi. ROA sobiq qo‘mondoni hibsga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ROAning sobiq kapitani P.Kuchinskiy sovet zobitlariga qo‘mondonning qayerdaligi haqida ma’lumot bergan. Andrey Vlasov 1-Ukraina fronti qo‘mondoni marshal Ivan Konevning qarorgohiga olib borildi. Vlasov Konevning shtab-kvartirasidan tezda Moskvaga olib ketildi.

Vlasovning Rossiya xalqlarini ozod qilish qo‘mitasi va Rossiya ozodlik armiyasi qo‘mondonligidagi eng yaqin sheriklari taqdiriga keladigan bo‘lsak, generallar Jilenkov, Malishkin, Bunyachenko va Malsevlar Amerika ishg‘ol zonasiga yetib borgan. Biroq bu ularga yordam bermadi. Amerikaliklar Vlasovning generallarini bir zumda sovet kontrrazvedkasiga topshirdi, shundan keyin ularning hammasi Moskvaga jo‘natildi. Vlasov va uning generallari hibsga olingandan so‘ng, RXOQQni ROAning general mayori, sobiq sovet zobiti Mixail Meandrov boshqargan. Ammo Meandrov ham ozodlikda uzoq vaqt yurmadi.

U amerikaliklar tomonidan asirlar uchun tashkil etilgan yerga joylashtirilgan va u yerda uzoq vaqt qolib ketgan. 1946 yil 14 fevralda urush tugaganidan deyarli bir yil o‘tgach, u ham Amerika qo‘mondonligi tomonidan sovetlarga topshirilgan. Uni Sovet Ittifoqiga topshirmoqchi ekanliklarini bilib, o‘z joniga qasd qilishga uringan, ammo yuqori martabali mahbusning qo‘riqchilari bu urinishni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Meandrov Moskvaga — Lubyankaga olib kelindi va u yerda Andrey Vlasov ishida ayblanuvchilarning qolgan qismiga qo‘shildi.

SMERSHdagi tergov
Shu vaqt ichida SSSRdagi ommaviy axborot vositalarida «birinchi raqamli xoin»ning hibsga olingani haqidagi xabarlar berilmagan. Vlasov ishining tergovi katta davlat ahamiyatiga ega edi. Sovet hokimiyatining qo‘lida shunchaki general emas, asirga tushgach natsistlar tomoniga o‘tib, antisovet kurashini olib borgan va uni mafkuraviy mazmun bilan to‘ldirishga harakat qilgan inson bor edi.

Moskvaga kelganidan so‘ng uni Kontrrazvedka bosh boshqarmasi SMERSHning boshlig‘i general-polkovnik Viktor Abakumov shaxsan so‘roq qilgan. Abakumov tomonidan birinchi so‘roqdan so‘ng Andrey Vlasov Lubyankadagi ichki qamoqxonaga 31-sonli maxfiy mahbus sifatida joylashtirilgan. Generalning asosiy tergovi 1945 yil 16 mayda boshlandi. Vlasovni «konveyerga qo‘yishgan», ya’ni doimiy ravishda uzluksiz so‘roq qilishgan. Faqat tergovchilar va Vlasovni qo‘riqlayotgan soqchilar almashib turardi xolos. O‘n kunlik uzluksiz so‘roqlardan keyin Andrey Vlasov o‘z aybini to‘liq tan oldi. Ammo uning ishi bo‘yicha tergov yana sakkiz oy davom etdi.

Foto: Google Photos
Tergov 1945 yil dekabr oyiga kelibgina tugadi va 1946 yil 4 yanvarda general-polkovnik Abakumov Iosif Stalinga Rossiya xalqlarini ozod qilish qo‘mitasining rahbarlari, Andrey Vlasov va uning sheriklari SMERSHning bosh boshqarmasida ushlab turilgani to‘g‘risida xabar berdi. Abakumov vatanga xiyonat uchun hibsga olinganlarning barchasini osib o‘ldirish kerakligini taklif qildi.

Sud
Abakumov Andrey Vlasov ishi bo‘yicha tergov yakunlangani to‘g‘risida Stalinga xabar berganidan keyin oradan yana yetti oy vaqt o‘tdi. 1946 yil 23 iyulda Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining Siyosiy byurosi Vlasov, Jilenkov, Malishkin, Truxin va boshqa bir qator aybdorlarning ishi SSSR Oliy sudining Harbiy hay’ati tomonidan yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha qaror qabul qildi.

«Vlasovchilar» ishi bo‘yicha sud 1946 yil 30 iyulda boshlandi. Sud majlisi ikki kun davom etdi. SSSR Oliy sudining Harbiy hay’at a’zolari Vlasov va uning sheriklariga hukm chiqarishdan oldin masalani yetti soat davomida muhokama qilishdi.

Hukm
1946 yil 1 avgustda Andrey Vlasov va sheriklari osib o‘ldirish orqali ijro etiluvchi o‘lim jazosiga hukm qilindi. 3 avgust kuni osib o‘ldirilgan Vlasov va «vlasovchilar»ning jasadlari maxsus krematoriylarda yoqildi va kullari Moskvadagi Donskoy monastiri yaqinidagi noma’lum xandaqqa sochib yuborildi. Shunday qilib, o‘zini Rossiya xalqlarini ozod qilish qo‘mitasi raisi va Rossiya ozodlik armiyasining bosh qo‘mondoni deb atagan general Andrey Vlasovning hayotiga nuqta qo‘yildi. Ushbu bir guruh yuqori martabali insonlarning qatl qilinishi Gitlerga xoinlik qilgan nemis zobitlarining taqdiriga o‘xshash bo‘ldi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya.

Nurbek Alimov tayyorladi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Rossiya tanklari dronga qarshi yangi himoya bilan jihozlana boshladi (video) 20 apr, 17:20 35
  • O‘lim uchun ko‘paytirilayotgan 18 milliard hayvonlar haqida 20 apr, 16:51 81
  • Eron zarbasi katta zarar yetkazmadi, lekin Isroil baribir yutqazdi... 20 apr, 15:15 123
  • Muxolifatchi Volkovga suiqasd uyushtirishga buyurtma bergan shaxs ushlangani ma’lum qilindi 20 apr, 14:24 100
  • NATO Ukrainaga havo hujumidan mudofaa sohasida yordam va’da qildi 20 apr, 13:58 56
  • AQSH Isroilning jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan sanksiyalar joriy etdi 20 apr, 12:56 67
  • So'nggi yangiliklar
  • Dilshod Rahmatov: «O‘yindan o‘yinga kuchayib boramiz. Maqsadimiz – chempionlik!» 20 apr, 18:00 0
  • Kuvayt U-23 bosh murabbiyi: "Futbolda barcha g‘alaba qozonishni xohlaydi, lekin biz yetarli tajribaga ega emasmiz" 20 apr, 17:45 14
  • Rossiya tanklari dronga qarshi yangi himoya bilan jihozlana boshladi (video) 20 apr, 17:20 35
  • O‘lim uchun ko‘paytirilayotgan 18 milliard hayvonlar haqida 20 apr, 16:51 80
  • Avtobusda yonidagi ayolga tegajog‘lik qilgan 45 yoshli erkak 15 sutkaga qamaldi 20 apr, 16:30 29
  • Erta tongda jang: Bektemir Meliqo‘ziyev raqibidan og‘irroq tosh bosdi 20 apr, 16:08 59
  • “O‘zbekkonsert” xonanda Lola bilan uning kiyinish madaniyati yuzasidan suhbat o‘tkazdi 20 apr, 15:43 89
  • Eron zarbasi katta zarar yetkazmadi, lekin Isroil baribir yutqazdi... 20 apr, 15:15 122
  • Toshkent–Termiz avtomobil yo‘lini ta’mirlash uchun $153 mln kredit olinadi 20 apr, 14:50 58
  • Muxolifatchi Volkovga suiqasd uyushtirishga buyurtma bergan shaxs ushlangani ma’lum qilindi 20 apr, 14:24 100
  • O‘zbekiston avtomobil bozorida ketma-ket uchinchi oy faollikning pasayishi kuzatildi 20 apr, 14:03 75
  • NATO Ukrainaga havo hujumidan mudofaa sohasida yordam va’da qildi 20 apr, 13:58 56
  • Bo‘limlar