“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 29 2024, 18:16
ЎЗO‘Z

Davlatga xiyonatda ayblanayotgan jurnalist: Rossiyada harbiy mavzularda qalam tebratgan Safronovni FXX hibsga oldi

08 iyul, 11:00 2 629 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Davlatga xiyonatda ayblanayotgan jurnalist: Rossiyada harbiy mavzularda qalam tebratgan Safronovni FXX hibsga oldi Moskvada jurnalist Ivan Safronov FXX tomonidan hibsga olindi. Uni davlatga xiyonatda ayblashmoqda. FXX bosh idorasi joylashgan Moskvadagi Lubyanka maydonida Safronovni qo‘llab piketga chiqqan jurnalistlarni ham qo‘lga olishmoqda.
FXX shu kungacha «Roskosmos» rahbari Dmitriy Rogozinning maslahatchisi bo‘lib ishlab kelgan, «Kommersant’» va «Vedemosti»ning sobiq jurnalisti Ivan Safronovni NATO davlatlaridan biriga davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni berishda ayblamoqda

VALERY SHARIFULIN/TASS
FXXga ko‘ra, Safronov «NATO maxsus xizmatlaridan biri»ning topshiriqlarini bajargan va ular uchun «RF harbiy-texnik hamkorligi, mudofaasi va xavfsizligi haqidagi davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plab, vakiliga uzatgan». Ishning boshqa tafsilotlari ma’lum emas.

Rogozin shu yilning 18 may kuni lavozimga tayinlangan maslahatchisi haqida gapirar ekan, Safronovni «Roskosmos» faoliyatini yoritish uchun taklif qilishgani, uning davlat korporatsiyasining yopiq ma’lumotlariga ega bo‘lish uchun ruxsati bo‘lmagani, Safronovning bir necha yildan buyon jurnalist sifatida tanishi hamda «uning yuqori kasbiy mahorati va insofliligiga shubha qilmasligi»ni aytib o‘tgan.

Xo‘sh, jurnalist Safronov nimalar haqida yozgan? «Meduza» ulardan eng qiziqlari haqida ma’lumot keltirib o‘tdi.

Ivan Safronovning kasbiy qiziqish doirasi «Kommersant’»da ham , «Vedemosti»da ham armiya va kosmos bo‘lgan — u qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha xalqaro shartnomalar, yangi qurollarni sinash, kadrlar tayinlovi, kosmik va mudofaa sanoati sohasidagi yirik avariyalarni surishtirish, harbiy o‘quv mashqlaridan reportajlar uyushtirish, harbiy operatsiyalarning borishi haqida maqolalar yozish, mudofaa sanoat kompleksidagi korrupsiya va josuslik mojarolari haqida surishtiruvlar o‘tkazishi bilan mashhur bo‘lgan.

Uning hamkasblari «Vanya jurnalist sifatida bajargan ishlari uchun undan o‘ch olishmoqchi», deyishmoqda.
- Oliy martabali amaldorlarning maxfiy mukofotlanishi haqida;
- Rossiya harbiy xizmatchilarining Suriyada halok bo‘lishlari haqida;
- Amerikaning ehtimolli josusining Kremldagi ishi to‘g‘risida;
- Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning ehtimolli iste’fosi to‘g‘risida; (Shu maqolasi uchun Safronov Alisher Usmonov xo‘jayin bo‘lgan «Kommersant’» gazetasidan ketgan. So‘ngra «Kommersant’»ning siyosat bo‘limi ham to‘liq iste’foga chiqqan)
Rossiyaning Su-35 samolyotlarini Misrga yetkazib berish haqida;
- «Roskosmos» bosh direktori Dmitriy Rogozin internetdagi chiqishlardan birida unga tuhmat qilingani uchun ariza yozgani haqida;
- «Roskomos» milliy kosmik markazining raketa tashuvchi ko‘rinishidagi bo‘lajak bosh idorasi haqida;
- Xalqaro kosmik ekipaj bortida bo‘lgan raketa tashuvchining avariyasi haqida (barcha tirik qolgan);
- Amerika sanksiyalari tufayli Rossiya quro-yarog‘larining eksportiga doir muammolar haqida;
- Havo sizib chiqqan Xalqaro kosmik stansiyadagi avariya sabablari haqida;
- Xitoyda yangi raketa qurolini ishlab chiqarilayotgani haqida;
* * *

Foto: Valeriy Sharifulin/TASS
«Komanda 29» huquqni himoya qilish tashkiloti rahbari, advokat Ivan Pavlov «Meduza»ga davlatga xiyonat uchun qanday sud qilishlari, Safronov ishi qanday rivojlanishi haqida gapirib berdi. U 5 advokatdan iborat jamoa tuzib, Safronovga sudda yordam beradi.

— Bunday ishlarning farqli jihati shundaki, protsessual raqib yengilmas maxsus xizmat bo‘ladi. Nafaqat Rossiya miqyosida yengilmas, butun jahon miqyosida ham bo‘lishi mumkin. Bu yetarli tarzda qudratli protsessual raqiblar ko‘pincha seni dushman o‘rnida ko‘rishdan boshlaydi. Ularning psixologiyasi, dunyoqarashi shunday. Ularda o‘zinikilar va dushmanlar bor, xolos.

— FXX dushmanlarimi yoki davlatning?
— Ular buni mushtarak ko‘rishadi. Shuning uchun bu yerda istalgan provokatsiyaga tayyor turish kerak. Hamma narsaga hozirlik ko‘rish kerak. Albatta, ehtiyot ham bo‘lish lozim.

Advokatning og‘zini yopishga ham tezda harakat qilishadi. Oshkor etmaslik haqida tilxatlar yozdirishadi: nafaqat davlat sirini, umuman tergov ma’lumotlarini ham. Biror ortiqcha gap aytsang bas — advokatga qarshi ham ish qo‘zg‘ab yuborishadi. Shuning uchun bunday ishlarda yolg‘iz ishlash amalda imkonsiz. Bunday ishlarga doimo jamoa bo‘lib kirishish kerak, biror kor-hol ro‘y bersa kimdir jamoatchilikka xabar berishi uchun.

— Bunday ishlar bo‘yicha sud majlislari odatda yopiq o‘tadi, shunday emasmi?
— Ha. Barcha majlislar yopiq o‘tadi, jumladan, ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagisi ham. Faqat hukm o‘qiladigan kun kiritishadi. Tergov esa doimo yopiq o‘tadi. Ma’lumot olish mumkin bo‘lgan yagona inson — advokat bo‘ladi. Chunki ayblanuvchi 99 foiz holatda hibsda bo‘ladi. Shu sababli o‘zi hech narsa deya olmaydi.

— Tilxat yozgan advokat ish haqida nimalarni gapira olishi mumkin?
— Advokat hamma narsasini o‘rtaga tikadi. Hattoki ozodligini ham, tergov materiallarini oshkor qilgan advokatlar sudlangan holatlar ham bor. Maqomidan ham ayrilishi mumkin, istalgan ayblov hukmi, hattoki shartli jazo tayinlangan bo‘lsa ham uni kasbidan ayirishadi. Lekin masalani yechadigan ma’lum bir taktika bor — jamoa bo‘lib ishlash. Bu yopiq eshiklar ortida qanday bemaza ishlar bo‘layotganini jamiyatga yetkazib turish imkonini beradi.

— Bunday modda bo‘yicha ayblanayotgan insonlar odatda oqlanishmaydi. Ayblanuvchilarda biror imkoniyat bo‘ladimi?
— Imkoniyat har doim, hammada bo‘ladi. Tarvuz qo‘ltiqdan tushmasa bo‘lgani, kurashish kerak. Muvaqqat omadsizliklar mustahkamlikka raxna solmasligi lozim.

— 2001 yilda siz shu modda bo‘yicha ayblangan jurnalist Grigoriy Paskoni himoya qilgansiz. Ivan Safronov ishi bilan qandaydir parallellar keltira olasizmi?
— Albatta. Har ikki holatda jurnalistik faoliyat uchun sud qilishmoqda. Lekin davr o‘zgargan. O‘shanda butun jurnalistlar jamoatchiligi Grigoriyning himoyasi uchun turib bergan edi, hattoki markaziy TV kanallar ham uni himoya qilgandi. Hozir markaziy kanallar picha o‘zgargan. Lekin baribir, jurnalistlar hamjamiyati hamon faol. Ivan Golunov ishi bunga yaqqol misol. Hozir ham qalamkashlar Ivan Safronov ishi bo‘yicha hokimiyatga reaksiya ko‘rsata oladi.

— Jamoatchilik diqqati shunday ishlarda asqotadimi?
— Albatta. Svetlana Davidovning ishini eslang. Jinoyat ishini tugatish — advokatlarning ishi edi, lekin uni hibsdan ozod qilish jamoatchilik diqqat-e’tibori mahsuli.

— Nega shu modda bilan jurnalistning ketidan kelishganida qandaydir mantiq bormi? Pasko ishidan so‘ng oradan qariyb 20 yil o‘tdi-ku?
— Bunday ishlar juda uzoq vaqt ochilmagani meni biroz taajjublantirmoqda. Bir necha yil avval olimlarga hujum boshlangandi, ularni dastalab hibsga olishgandi. Endi sizlarga navbat yetgan shekilli.

Sizlar risk guruhiga kirasizlar: chunki axborotni qayta ishlaysizlar, manbalar hamda xorijiy hamkasblar bilan aloqada bo‘lasizlar. Risk guruhiga kirish uchun shu yetarli — axborot va xorijdagi tanishlar. Bularning barisi mutlaqo kutilgan narsa. Shuning uchun avvalroq bunday misollar uchramayotganidan hayron bo‘layotgan edim.
* * *
Savronov hozircha gumonlanuvchi maqomida qolmoqda, unga ayblov e’lon qilinmagan. FXX suddan uni hibsga olishni so‘ragan.
Tergov davomida Safronov gumonlarni rad etgan va hech qanday jinoyat qilmaganini aytgan.

Savronov ishi bo‘yicha «Xolod» jurnali bosh muharriri Taisiya Bekpulatovaning xonadonida ham tintuv o‘tkazilgan, deb xabar bergan «Agora» huquq himoyasi tashkiloti rahbari Pavel Chikov. Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlarga ko‘ra, Bekpulatova bir necha yil davomida Safronov bilan uchrashib yurgan. Bekbulatova ish bo‘yicha guvoh tariqasida jalb qilingan, deb yozmoqda TASS advokatlarga tayanib.

Kremldan yangragan ma’lumotlariga ko‘ra, Safronovning hibsga olinishi uning jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq emas, degan Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning qo‘shimcha qilishicha, «kontrrazvedka ishining barcha nyuanslari bo‘yicha prezidentni xabardor qilishga aslo hojat yo‘q», shuningdek, Safronov ishi alohida nazoratga muhtoj emas. «Kontrrazvedkachilarimizda ish ham, yumush ham ko‘p, ular o‘z ishlarini sifatli bajarishadi», — deb hisoblaydi Putinning matbuot kotibi. Peskov Safronovning jurnalistik materiallari chuqur ekspertiza bilan ajralib turishini ta’kidlagan. O‘tgan yili Peskov Safronov «biz biladigan eng iqtidorli va professional jurnalistlardan biri», degan edi.

«Ivan — armiya va kosmos haqida yozgan Rossiyaning haqiqiy vatanparvari, chunki bu ikki sohaga sidqidildan qayg‘urardi», — deyiladi «Kommersant’» tahririyati bayonotida. Gazeta ishni yuritishda maksimal oshkoralik va ommaviylik talab qildi. Bungacha tahririyat «Kommersant’» rahbariyati va jurnalistlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlar murojaat qilmaganini bildirgan edi.

30 yoshli Ivan Safronov «Kommersant’»da 2010 yildan buyon ishlardi. U noshirlik uyiga harbiy sharhlovchi bo‘lib ishlagan otasining o‘rniga ishga kelgandi. Otasi katta Ivan Safronov 2007 yilning 2 martida, o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uyning zinapoya maydoni derazasidan qulab vafot etgandi. Tergov uning o‘limida jinoyat alomatlarini topolmasdan, o‘z joniga qasd qilgan, degan xulosaga kelgan. «Kommersant’» jurnalistda joniga qasd qilish uchun sabab yo‘qligini ta’kidlagan edi. Nashrga ko‘ra, o‘limi oldidan katta Safronov Rossiya qurol-yarog‘larining Yaqin Sharqqa yetkazib berilishi haqida maqola tayyorlagan, bu esa «katta mojaroni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan».

Kichik Safronov «Kommersant’»da 10 yilcha ishlagan. 2019 yilning mayida uni ishdan bo‘shatishgan. Jurnalistning o‘zi ishdan bo‘shatilishi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning ehtimolli iste’fosi haqidagi rezonansli materiali bilan bog‘liqligi, «Kommersant’»ning bosh aksiyadori Alisher Usmonovda «jiddiy e’tirozlar» paydo bo‘lganini aytadi. Shundan so‘ng Safronov bir yilcha «Vedomosti»da ishlagan, yangi bosh muharrir Andrey Shmarov kelgach, ko‘pchilik jurnalistlar qatori nashrni tark etgan.

Safronov «Kommersant’»dan bo‘shashidan ikki oycha avval gazetada Rossiya va Misr o‘nlab Su-35 samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha 2 mlrd dollarlik shartnoma imzolagani haqida maqola chop etiladi. Safronov maqola hammualifi edi, «Kommersant’» matnda «mudofaa korxonalarining nomini oshkor etmagan ikki top menejeri»ga havola bergan edi. Material 2019 yil 18 mart kuni gazetaning birinchi sahifasida chop etilgan. Keyinroq, maqola «Kommersant’» saytidan o‘chirib tashlangan. Biroq, uning original matnini boshqa saytlar ko‘chirib bosishgan, boshqa bir necha OAV ushbu maqola asosida yangiliklar tarqatgan.

Maqola chiqqach, AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo agar Misr Rossiya qurol-yarog‘lari xarididan voz kechmasa, ularga nisbatan sanksiya joriy etilishini aytib o‘tadi. «Rosoboroneksport» shartnoma imzolangani to‘g‘risidagi axborotni rad etadi. May oyida TASS o‘z manbasiga tayanib, Rossiya Misr bilan shartnoma doirasida Su-35 samolyotlarini ishlab chiqarayotganini yozadi.

Ivan Safronovga nisbatan qo‘llanilayotgan RF JKning 275-moddasi bo‘yicha 2019 yilda 8 kishi sudlangan, 2018 va 2017 yillarda — to‘rt nafardan. So‘nggi uch yilda bu modda bo‘yicha sudlar birorta oqlov hukmi chiqarmagan.

Manba: Kun.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • Tojikistonda «Krokus» hujumchilari bilan aloqadorlikda gumonlangan 9 kishi qo‘lga olindi 29 mar, 17:17 33
  • Olimlar qashshoqlik miyaning tez qarishiga sabab bo‘lishini aniqladilar 29 mar, 16:53 14
  • ISHID o‘z tarafdorlarini Isroilda hujumlar uyushtirishga chaqirdi 29 mar, 16:30 99
  • Rossiyada «Krokus»dagi terakt haqida izohlar uchun qo‘lga olishlar boshlandi 29 mar, 16:03 174
  • Xalqaro sud Isroilga majburiyat yukladi 29 mar, 15:40 57
  • Fransiya razvedkasi markaziy osiyoliklarni kuzatishni kuchaytirmoqda 29 mar, 15:15 102
  • So'nggi yangiliklar
  • Bosqinchilik va odam o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi 29 mar, 17:37 13
  • Tojikistonda «Krokus» hujumchilari bilan aloqadorlikda gumonlangan 9 kishi qo‘lga olindi 29 mar, 17:17 33
  • Olimlar qashshoqlik miyaning tez qarishiga sabab bo‘lishini aniqladilar 29 mar, 16:53 14
  • ISHID o‘z tarafdorlarini Isroilda hujumlar uyushtirishga chaqirdi 29 mar, 16:30 99
  • Rossiyada «Krokus»dagi terakt haqida izohlar uchun qo‘lga olishlar boshlandi 29 mar, 16:03 174
  • Xalqaro sud Isroilga majburiyat yukladi 29 mar, 15:40 57
  • Fransiya razvedkasi markaziy osiyoliklarni kuzatishni kuchaytirmoqda 29 mar, 15:15 102
  • Putinning atrofidagilar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligiga ishonmayapti 29 mar, 14:48 174
  • O‘zbekiston — Gongkong futbol uchrashuvidan so‘ng uch kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi 29 mar, 14:22 117
  • Hibsdan vaqtincha ozod etilgan Dani Alves tonggacha ziyofat uyushtirdi 29 mar, 14:01 168
  • Toshkentda xavfli holat sodir etib, qarama-qarshi harakatlangan haydovchiga chora ko‘rildi 29 mar, 13:30 45
  • Muzliklarning erishi Yerning aylanish tezligini o‘zgartirmoqda 29 mar, 13:06 206
  • Bo‘limlar