“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 25 2024, 18:16
ЎЗO‘Z

O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari koronavirus o‘choqlariga majburan kiryaptimi? Shifokor otasi vafot etgan qiz boshqalarning otasi o‘lmasligi uchun jim o‘tirmoqchi emas

30 iyun, 10:10 3 301 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari koronavirus o‘choqlariga majburan kiryaptimi? Shifokor otasi vafot etgan qiz boshqalarning otasi o‘lmasligi uchun jim o‘tirmoqchi emas Fotosurat marhum shifokor Alisher Uralovning qizi Shahnoza Hasanova tomonidan «Mikrofon ko‘targan ayol» kanaliga taqdim etilgan
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 28 iyun kuni Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazi (O‘rtasaroy)da xizmat ko‘rsatish uchun safarbar etilgan shifokori A.U. koronavirusga chalinib, miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar bergan edi. Telegram’dagi «Mikrofon ko‘targan ayol» kanali muallifi 30 iyun kuni marhum shifokorning qizi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat va ushbu holat yuzasidan ayrim mulohazalarini e’lon qildi. Quyida uning posti bilan to‘liq tanishishingiz mumkin.

Shifokor otasi vafot etgan qiz boshqalarning otasi o‘lmasligi uchun jim o‘tirmoqchi emas
28 iyun kuni tarmoqdagi sahifamga avvaldan oz-moz tanish bo‘lgan qiz «Otam COVID-19’dan vafot etdi, menga yordamingiz kerak» deb murojaat qildi va telefonimni so‘radi.

Shahnoza Hasanova (tinmay yig‘laydi): «Og‘ir judolik yuz berdi. Otam Alisher Uralov 52 yoshda edilar. Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasida ishlardilar. 14 iyun kuni O‘rtasaroydagi karantinga olingan bemorlarga qarash uchun ishxonalari tomonidan majburiy jo‘natilganlar. Otam ishdan qochmasdilar. Yoshlari katta, gipertoniya, qandli diabet, og‘ir vaznda bo‘lganlari uchun ham kasallikni og‘ir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan xavf guruhida edilar. Ikki marta rad javobini berganlar. Lekin kadrlar bo‘limining ‘bormasangiz, ishdan ajralasiz’ degan gapi ortidan borishga majbur bo‘lganlar — ishlarini juda yaxshi ko‘rardilar-da.

O‘rtasaroyda shifokorlar uchun sharoit yaxshimas. Tez-tez almashtiriladigan himoya vositalari yetmayotganini aytgandilar. Otam menga rasm jo‘natganda ‘qo‘lqop va baxilam yo‘q’ deganlar. Xullas, borganlaridan to‘rt kun o‘tib isitmalari chiqa boshlagan. Koronavirusga test topshirganlarida yuklama ko‘pligi uchun SES javobni kuttirgan. 20 iyun kuni test javobi musbat chiqqan. Odatda qat’iy tashxis qo‘yish uchun qayta-qayta tekshiriladi. Yana ikkinchi testning javobini kutishgan.

21 iyun kuni otam bilan birga ishlayotgan va bir xonada yotgan shifokor Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shtabiga ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan signal xati jo‘natgan. Tez yordam mashinasiga joylashtirgan. Ahvollari og‘irlashgan. Virusga shubha ostida o‘zlarining karantin zonaga aylangan ishxonalariga olib borishgan. Eng dahshati, o‘sha o‘zlari ishlaydigan Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi otamni qabul qilmagan, ‘joy yo‘q’ deb ‘otkaz’ bergan. Vaqt yo‘qotilgan. Hozir bo‘lsa ishxonalaridagi xodimlar va rahbarlari ham ‘biz otangizning kasal bo‘lganini bilmagandik’ deyishyapti.

Otam o‘shandan keyin Zangiotadagi yuqumli kasalliklari shifoxonasiga jo‘natilganlar. U yerda tayinli tibbiy yordamni ololmadilar. ‘Hamma menga qarashdan qo‘rqyapti’, deb hansirab, og‘ir ahvolda telefon qilganlari quloqlarimda jaranglab turibdi, opa... Shuning uchun o‘lim tez sodir bo‘ldi. Otam ‘Literaturniy’dagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etdilar. 26 iyun kuni otamni SES xodimlari yordamida yerga qo‘yishdi... Dardimdan yonib ketyapman, opa!

Fotihaga kelgan hamshiralar ‘axir joy bor ediku, nega o‘zimizning vrachni kirgazishmadi?’ deyishyapti. Nega otamning hamroh kasalliklari ko‘p bo‘lsa ham, istamasalar ham bosim bilan O‘rtasaroyga jo‘natishdi? Nega shaxsiy himoya vositalari bilan tez-tez ta’minlab turilmadi? Nega koronavirus aniqlanganidan so‘ng salohiyatli, to‘g‘ri davolay oladigan shifoxonaga jo‘natilmadilar? Nega?».

28 iyun kuni tush payti Shahnozadan bu gaplarni eshitganimda hali otasining o‘limi SSV tomonidan e’lon qilinmagan edi. Holbuki, o‘lim holati ikki kun avval bo‘lgan. Shu faktning o‘zidanoq talmovsirab turganimda oradan ikki soatcha o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarda shifokorning o‘limi rasman e’lon qilindi.

Albatta, Shahnoza haligacha stress ichida va olovdek dardda qovrilyapti. Vaziyatga baho berishda oshirib yuborishi mumkin. Aytgan so‘zlariga faktlar so‘radim. U menga otasining O‘rtasaroyda tushgan himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan rasmini, shuningdek, mozorda uzoqdan tasvirga olingan marhum shifokorning tobutini olib tushishayotgani va unga qo‘shimcha taxminan yana ikkita tobut ko‘rinib turgan foto va videolarni jo‘natdi.

Fotosurat marhum shifokor Alisher Uralovning qizi Shahnoza Hasanova tomonidan «Mikrofon ko‘targan ayol» kanaliga taqdim etilgan

Shahnoza otasini yo‘qotdi. U o‘zini o‘qqa-cho‘g‘ga urgani bilan u kishini ortga qaytara olmaydi. Kasbi shifokor bo‘lgan bu qiz boshqa doktorlarni ham majburiy bosim bilan, o‘zlari istamasa-da virus o‘choqlariga jo‘natilayotganini, yuborilayotgan shifokorlarning yoshi va salomatligi umuman inobatga olinmayotgani, borgach esa kerakli ta’minot yo‘qligi tufayli koronavirus infeksiyasini yuqtirish xavfi yuqoriligini tushuntirishga urindi.

Har qancha ta’sirlanmay, ikkinchi manba bu vaziyatni tasdiqlamaguncha jim turdim. 29 iyun kuni Alisher Uralov bilan O‘rtasaroyda bitta xonada yashagan va birga karantin zonasida xizmat qilgan, hozir o‘zi ham qat’iy karantinda bo‘lgan shifokor bilan suhbatlashdim.

«Haqiqatan ham vrachlarga ‘davka’ ketyapti. Bu yerga kelmaganlardan ham so‘rab ko‘ring, shunday deyishadi. Shaxsan o‘zim ham 54 yoshli vrachman va bu yerga majburan kelganman. Ehtiyojlarimizga kerak bo‘ladigan narsalarni yaxshi ta’minlab berisholmadi. Karantinga olingan 600 ga yaqin fuqaroga brigadamiz bilan tibbiy xizmatni olib bordik. 600 kishi hammasi virusga chalingan emas, lekin ularning boshqa kasalliklari bo‘ladi, asab, oshqozon kasalliklari, psixoz kuzatiladi... Agar ular u yoki bu tibbiy yordamga ehtiyoj sezsa, dori-darmon ta’minoti yaxshimas, biz talab qo‘ysak, ta’minlab berisholmadi. Himoya vositalariga kelsak, bu yerda qizil va yashil zonalar bor. Qayerda xizmat ko‘rsatishga qarab kiyimlar kiyiladi. Shahnoza aytganidek, shippaklar yetishmovchiligi prinsipial masala emas.

Mening fikrim — bu yerga keladigan shifokorlar kontingentini to‘g‘ri tanlash kerak. Tasavvur qiling, ishxonangizda ishlayapsiz, shundoq qo‘ng‘iroq qilishadi-da, yarim soat vaqt berishadi, ‘narsalaringni yig‘ zonaga borasan!’. Hech qanday tayyorgarlik bosqichi yo‘q, instruktaj yo‘q, qog‘ozlarda qolib ketgan. Kelgan shifokorlar vaziyatni o‘rganib olguncha 2-3 kun shokda yuradi. Shaxsan men o‘zim o‘sha yakshanba (14 iyun kuni) tug‘ruqxonada navbatchilikda edim. Meni navbatchilikdan olishyapti-da, bu yerga jo‘natishyapti. Bu insoniylikdanmi? Ishxonalarda xodimlarni kontingentini adolat bilan saralash yo‘q.

Bu yerga shifokorlarning yoshi, sog‘lig‘i bilan hisoblashib jo‘natish kerak edi. Alisher aka bilan 4-5 kun birga yotgan bo‘lsam, u kishining kasalliklari ko‘p ekan, kelmasligi kerak edi. Men u kishini tez yordamda jo‘natish ishlari bilan o‘zim shug‘ullandim, telefonda shtab bilan gaplashdim, keyin ham aloqada bo‘lib turdim. Alisher Uralovda virusga shubha tug‘ilganida o‘z ishxonasiga jo‘natilishi yuridik jihatdan to‘g‘ri emasdir, lekin insoniylik jihatidan ishlab turgan joyi tomonidan qabul qilinishi kerak edi. Nazarimda, u yakshanbadan jumaga qadar yaxshi tibbiy xizmat ololmagan».

Ikkinchi manbam ham Shahnozaning fikrlarini qisman tasdiqlagani sabab kontrfaktni o‘rganish uchun Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i bilan bog‘lanib ko‘rdim. U kishi bosiqlik bilan savollarga javob berishga vakolatli emasliklarini aytdi, ammo bir-ikki vaziyatga fikrlarini bildirdi.

Aytishlaricha, Alisher Uralov karantin zonaga bormaslik uchun hech qanday yozma rad javobi bermagan. Hech kimni majburlashmagan. «Yosh bolali, pensiya yoshidagi shifokorlarimiz bor, ularga taklif ham berilmagan. O‘rta yoshli va sog‘lom shifokorlarni jo‘natganmiz. U kishi har kuni sog‘lom ishga kelib, ishlab yurgandilar-da. ‘Bolnichniy’larini ko‘rsak, faqat 2016 yilda uch kunga chiqqan ekanlar», — dedi u.

Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Alisher Uralov unga 25 iyunda qo‘ng‘iroq qilgandagina holat yomonligidan xabar topgan, ungacha bilmagan. Alisher aka qaysi shifoxonada yotgani, nafasi qisayotgani, simptomlari koronavirusga o‘xshayotganini aytgan. Aytishicha, bosh shifokor ham Uralovning virus yuqtirgani haqda hayotining oxirgi kunlari (25—26 iyun)gacha xabari bo‘lmagan.

Bosh shifokor: «Menga hech kim chiqmadi, qanday qilib u kishini yotqizmasligim mumkin?», degan. Sog‘liqni saqlash vazirligining 61-sonli buyrug‘iga ko‘ra, muassasa navbati bilan besh nafardan shifokorlar guruhini jo‘natyapti, aytishlaricha, hamma o‘z vazifasini o‘tab, rahmat eshitib qaytyapti. Alisher Uralovning karantin zonasiga aylantirilgan ishxonasiga kiritilmaslik buyrug‘i kim tomonidan berilganini bilmaydi...

Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘idan bosh shifokorning kontaktlarini so‘ragandim, u kishi: «Xat bilan chiqishsa, javob beraman», debdi.

Darvoqe, kadrlar bo‘limi boshlig‘idan boshqa birorta rahbar marhumning qizidan ko‘ngil so‘rab qo‘ymagan. Shahnoza Hasanova bu haqda gapirmadi, ammo eslatib qo‘yishim kerak: Prezidentning 4652-sonli qaroriga ko‘ra, bemorlar bilan ishlash davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan tibbiy personalga 100 million so‘m, sog‘lig‘i tiklanmasa, uning oila a’zolariga 250 million so‘m qo‘shimcha to‘lov beriladi. Bu haqda rahmatli Alisher Uralov oilasiga hali hech kim og‘iz ochganicha yo‘q.

Hammani eshitib, tushunganim shu:

Ikki kun davomida mana shu suhbatlar ichida yashadim, yondim, kuydim, ertaga shifokor yaqinlarim boshida ham bu xavf turganini o‘ylab yurakka yaqin oldim.

Tushunaman, koronavirus pandemiyasi bu — urush. Qurbonlar bo‘lishini ham tushunaman. Ammo, bilasizmi, hatto urushda ham yaradorlar va kasallar front ortiga qaytarilgan, 18 yoshga to‘lmagan askarlarga urushda qatnashishga rasman ruxsat berilmagan.

Bu virusdan hali-beri qutuladiganga o‘xshamaymiz. O‘lim statistikasi ham jonlanib qoldi. Ko‘cha-kuyda yuqtirib olish bir gap bo‘lsa, xavf guruhida bo‘la turib, o‘zingni «o‘tga urishga majbur bo‘lish» boshqa gap. Sog‘liqni saqlash yuqori organi talablarini pala-partish, «salla desa, kalla»ni olib kelgan holda bajarayotgan quyi tizim tufayli tibbiy xodimlarning hayotini, sog‘lig‘ini boy berib qo‘yavermaylik.

Hayotimda ko‘p tanlovlarga duch kelganman. Hammasida ham jurnalist sifatida to‘g‘ri qaror qilganman, deya olmayman. Jim qolganman. Ammo... buni yozish qarorini vijdon ishi deb qabul qildim. Garchi shaxsiy oqibatlarini besh qo‘limdek bilsam-da. Ammo bu yozganim kelajakda koronavirus bilan to‘qnashish xavfi bo‘lgan bitta shifokorning bo‘lsin faoliyatini osonlashtirsa, hayotini saqlab qolsa — maqsadim shu.

Mikrofon ko‘targan ayol




Mavzuga oid yangiliklar
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 94
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 80
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 73
  • Yashil hududlarda yashash depressiya va tashvishni kamaytiradi 25 apr, 06:38 95
  • Olimlar 2024 yilda kuchli jaziramadan aziyat chekishi kutiladigan hududlarni aytdi 24 apr, 22:42 574
  • Vazirning “dakki”si, bu ishlardan zerikkan Jo‘rayevlar oilasi va Botir Qodirovning iqrori... 24 apr, 21:37 538
  • So'nggi yangiliklar
  • Xavi: "Qarorimni o‘zgartirdim, chunki..." 25 apr, 18:00 0
  • Rossiya qurolli kuchlari Cherkask va Dnipropetrovsk viloyatlariga zarba berdi 25 apr, 17:36 2
  • Polsha Kiyevga harbiy xizmatga majbur bo‘lgan erkaklarni qaytarishda yordam bermoqchi 25 apr, 17:13 28
  • «O‘zgidromet» 26 aprel kuni uchun ob-havo prognozini e’lon qildi 25 apr, 16:10 86
  • Qirg‘izistonda elektromobillar yashil davlat raqamida harakatlanadi 25 apr, 15:45 20
  • Ukraina Vazirlar Mahkamasi: Xorijdagi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan ukrainalik erkaklar endi pasport ololmaydi 25 apr, 15:22 44
  • Futzal. Osiyo chempionati 1/4 final: Vetnam qanday taslim etildi? (video) 25 apr, 15:06 50
  • Timur Kapadze matbuot anjumanida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan bahs haqida nimalar dedi? 25 apr, 14:39 195
  • Velosipedda sayr qilish uchun 3 sabab: yoshartiradi, ozdiradi va umrni uzaytiradi 25 apr, 14:30 61
  • Tojikistonda 17 yoshli yigitni yashin urdi 25 apr, 14:11 184
  • Ukrainalik model dunyodagi eng uzun sochli ayol sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi 25 apr, 13:43 135
  • Usmon Toshev: "Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz" 25 apr, 13:17 204
  • Bo‘limlar