“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 24 2024, 08:35
ЎЗO‘Z

Davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtiroki: strategik yondoshuvni ishlab chiqish zaruriyati

20 iyun, 22:50 1 906 Iqtisodiyot
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtiroki: strategik yondoshuvni ishlab chiqish zaruriyati Mamlakat iqtisodiyoti yaxshilanishida raqobat muhitining o‘rni naqadar muhimligi haqida yetarlicha yozilgan, gapirilgan. Biroq mamlakatimizda haqiqiy raqobat muhitini shakllantirish, kafolatlash uchun hali ko‘p ishlarni qilishimiz zarur. Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda davlatning iqtisodiy va tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki prinsiplari, shartlari qayta ko‘rib chiqilishi va qonun darajasida aniq-tiniq qilib mustahkamlanishi zarur. Bu borada muayyan qoidalar belgilangan.

Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish hisoblanadi. Bu yo‘nalishda davlat mulkini xususiylashtirishni yanada kengaytirish va uning tartib-taomillarini soddalashtirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav jamg‘armalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan ob’ektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.

Davlat tadbirkorligining o‘ziga xos jihatlari nimada?
Ma’lumki, davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishi amalda uning fuqarolik-huquqiy munosabatlarda qatnashishini bildiradi. Fuqarolik kodeksining 79-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarda boshqa ishtirokchilar bilan baravar qatnashadi. Ya’ni bu jarayonda davlat va tadbirkorlik munosabatlarining boshqa ishtirokchilari tengligi qonunan mustahkamlagan.

Xususiy mulkka asoslangan korxonalardan farqli ravishda iqtisodiy faoliyatning ishtirokchisi sifatida davlatning asosiy maqsadi nafaqat foyda ko‘rish, balki ommaviy huquq sub’ekti sifatida ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etish, jumladan, aholining yashash darajasini ko‘tarish, kambag‘allikni qisqartirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, samarali institutlarni tashkil etish kabilar ham hisoblanadi.

Davlatning tadbirkorlik faoliyati bilan faol shug‘ullanishiga qarshilar va uning tarafdorlari o‘rtasida munozaralar doimiy tarzda davom etib kelmoqda. Davlatning tadbirkorligi masalasi davlat aktivlari, xususan davlat korxonalari, ularni boshqarish masalalari bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zbekistonda davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki qanday?
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra davlat ishtirokidagi korxonalar soni qariyb uch mingtani (2965) tashkil etadi. Davlat korxonalari soni esa 1700 tadan oshiq.

Joriy yilning fevral oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga “Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi taqdim etildi.

Loyihada xususiy sektorga davlat ulushlari to‘liq sotiladigan 1 111 ta korxona va 15 ta davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatlari keltirilgan. Birgina Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llar qo‘mitasi tizimida 200 dan ziyod (!) loyihalash, qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish bilan shug‘ullanuvchi DUKlar faoliyat yuritadi.

Ushbu DUKlarning aksariyati xususiy sektorda keng salohiyatga ega korxonalar faoliyati bilan deyarli bir xil. Bundan tashqari, DUKlarga eksklyuziv imtiyozlar berilayotganligi xususiy sektorning rivojlanishi va raqobat qilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Misol uchun, “O‘zmedimpeks” DUK barcha soliqlardan (QQSdan tashqari). “Toza hudud” DUK hamda “Maxsustrans” DUK yer solig‘i hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan (YAITdan tashqari) ozod qilingan.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, davlat ishtirokidagi korxonalarni soni va salmog‘ini kamaytirish hamda iqtisodiyotda davlat ishtirokini susaytirish muhim vazifa bo‘lib, uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga mamlakatimizning kelgusi iqtisodiy rivojlanishi uzviy bog‘liq.
Biroq buni qanday amalga oshirish kerak? Qaysi yo‘ldan borilsa, davlat va xalq manfaatlariga zid bo‘lmaydi, ayni paytda ko‘zlangan maqsadga yetiladi?

Bu savollarga javob berish uchun biroz ma’rifiy chekinish qilib, jahon tajribasiga nazar solish kerak.

Xorijda davlat tadbirkorligi masalasi
Rivojlangan xorijiy davlatlarda ham yirik davlat korxonalari va davlat ulushi mavjud kompaniyalar faoliyat ko‘rsatadi. Masalan AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Koreya, Hindiston davlatlari qonunchiligida “davlat korporatsiyasi”ning huquqiy maqomi belgilangan va bunday tuzilmalar uzoq davrdan bo‘yon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Misol uchun uchun dunyoga mashhur “Airbus Group”, “Renault”, “France Télécom (Orange)”, “GDF Suez (ENGIE)”, “EDF” fransuz kompaniyalarida davlat ulushi mavjud. Fransiya 2008-2009 yillardagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan keyin iqtisodiyotda davlat ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan siyosat yuritdi. Milliy statistika va iqtisodiy tadqiqotlar institutining ma’lumotlariga ko‘ra 2014 yilda fransuz davlati 1444 kompaniyani nazorat qilib turgan.

Iqtisodiy faoliyatda davlat aralashuvini kamaytirish uchun rivojlangan davlatlarda “Yellow Pages Rule” tamoyili joriy etilgan.
Unga ko‘ra, xususiy sektordagi u yoki bu faoliyat turini davlat ulushi mavjud tashkilotlar takrorlashiga, ya’ni shu soha va yo‘nalishlarda davlat korxonalari tashkil etilishi va faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bizda ham iqtisodiy faoliyatda davlat aralashuvini kamaytirish uchun rivojlangan davlatlarda keng qo‘llanadigan “Yellow Pages Rule” tamoyilini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Pandemiya davrida xususiylashtirish
Davlat aktivlarini sotish, xususiylashtirish sohasidagi amaliy qadamlar davlatning tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha strategik yondashuvi shakllantirib bo‘lingach, ya’ni maqsadga muvofiqlik, ishtirok etish lozim bo‘lgan sohalar ko‘lami singari masalalar hal etilgandan so‘ng amalga oshirilishi lozim. Inqiroz sharoitida bu masala yanada dolzarblashdi.

Ayrim iqtisodchilar tarafidan davlat korxonalarini, mulkini maksimal darajada xususiylashtirish, bunda kerak bo‘lsa “0” qiymatda bo‘lsa ham sotish haqida fikrlar yangramoqda. Bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Sababi foyda keltirib turgan, istiqbolda ham foyda keltiradigan korxonalar va mulklarini davlat o‘zida ushlab turishi maqsadga muvofiq.

Bozor iqtisodiyotida sharoitida har qanday mulkdor o‘z mulkini sotishdan oldin bunga tayyorgarlik ko‘radi, ya’ni maqbul narxda sotish uchun kerakli tadbirlarni bajaradi. Xuddi shunday, davlat ham mulkdor sifatida o‘z aktivlarini sotishdan avval ushbu aktivlarni bahosini ko‘tarishga, tajribali va ishonchli, iqtisodiy baquvvat investorlarni kelishini kutishga harakat qilishi zarur hisoblanadi.

Zero shundagina, sotiladigan davlat aktivi umumiy iqtisodiy farovonlikka o‘z foydasini beradi. Agar, 90-yillardagi xususiylashtirish natijalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘sha davrda sotilgan ko‘pgina aktivlar iqtisodiy oborotdan chiqib ketganligini, ko‘pgina korxonalar uskunalari metall chiqit sifatida sotilib, yer maydonlariga esa uy-joylar qurilgan holatlarni ko‘rish mumkin. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, aktiv real bahosi hamda haqiqiy iqtisodiy investor yo‘q holatda davlat aktivini sotish samara bermaydi.

Pandemiya davrida potensial, ayniqsa xorijiy investorlarning mulk sotib olishga bo‘lgan qiziqishi kamaygan. O‘z navbatida jahondagi inqiroz davlat mulki bahosiga ham salbiy ta’sir etdi. Jahon iqtisodiyotida inqiroz holati uzoq muddat davom etishi ehtimolini hisobga olgan holda davlat aktivlarini sotish masalasida shoshmaslik zarur.

Masalan, Ukraina davlat mulki fondi COVID-19 pandemiyasi sharoitida moliya bozorlarida ro‘y berayotgan jarayonlar tufayli katta hajmli ob’ektlarni xususiylashtirishni to‘xtatib qo‘ydi. Ukraina pandemiya tufayli yuzaga kelgan inqiroz barham topgach bu jarayonni davom ettirmoqchi.

Umuman, tarixga nazar tashlasak, inqirozlar davrida davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvi faollashgan. Aynan davlat ishtiroki faol bo‘lgan mamlakatlar iqtisodiy inqirozlardan kamroq talafot bilan chiqqanlar.

Bir so‘z bilan aytganda, kechuvda otni almashtirmaydilar. Ya’ni pandemiya sharoitida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini ortiqcha jadallashtirmaslik, bu masalada qaror chiqarishda chuqur tahlillar asosida, yetmish marta o‘lchangan, xalq fikri hisobga olingan, barcha “plyus va minuslar” taroziga qo‘yilishi lozim.

Umuman, davlat tadbirkorligi masalasi huquqiy va iqtisodiy jihatdan chuqur tadqiqotlar amalga oshirishni, huquqiy asoslarini takomillatirishni talab qiladigan mavzu. Davlatning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish shartlari, shakllari va xususiyatlarini aniq belgilab beradigan, tartibga soladigan qo‘shimcha qonun hujjatlarini qabul qilishni davrni o‘zi taqozo qilmoqda. Bunda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish strategiyasi loyihasini ishlab chiqish va qabul qilishni tezlashtirishimiz zaruriyat bo‘lib qolmoqda.

Adliya vazirligi mas’ul xodimi
X.Meliyev




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbekiston Ozarboyjonda anorzorlar barpo etishni rejalashtirmoqda 23 apr, 11:48 51
  • Malayziya O‘zbekistonda elektrotexnika sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirmoqchi 20 apr, 21:14 60
  • Tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarima kamaytiriladi 19 apr, 17:12 116
  • Dollar kursi yangi marra sari yaqinlashmoqda 18 apr, 18:48 215
  • O‘zbekistonda 1 gramm oltin narxi 1 mln so‘mdan oshdi 17 apr, 19:48 142
  • Dollarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymati belgilandi 16 apr, 18:57 113
  • So'nggi yangiliklar
  • Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosari hibsga olindi 24 apr, 07:50 1
  • Organizmda tromb hosil bo‘lganining 10 ta belgisi 24 apr, 07:22 3
  • Ibrohimxalil Yo‘ldoshev: “Biz raqib tanlamaymiz” 24 apr, 07:02 21
  • “O‘tkan kunlar” romani ilk bor arab tilida nashr etildi 24 apr, 06:35 8
  • Qaysi kundalik odatlar immunitet pasayishiga olib kelishini bilasizmi? 24 apr, 06:00 23
  • OCHL. Yulduzlarni o‘zida jamlagan "Al Hilol" turnirni tark etdi, "Al Ayn" finalda! 24 apr, 05:38 73
  • Rossiya dunyodagi birinchi vodorod yoqilg‘ili avtomobilni taqdim etdi 24 apr, 00:40 180
  • Shomurodovning kelishini bu jamoa muxlislari intizorlik bilan kutmoqda 24 apr, 00:13 385
  • Timur Kapadze: "Raqibimiz Saudiya bo‘ladimi yoki boshqa bir jamoa, biz o‘z maqsadimizga erishishimiz kerak" 23 apr, 23:48 118
  • Vetnam futzal termasi bosh murabbiyi: "O‘zbekiston — turnir favoriti" 23 apr, 23:20 124
  • Iroq OTJ bosh murabbiyi: "Chorak finalda oson raqib bo‘lmaydi, eng muhimi bor kuchimizni ishga solish" 23 apr, 23:03 93
  • U-23 Osiyo Kubogi. O‘zbekiston terma jamoasi Vetnam ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi (video) 23 apr, 22:44 144
  • Bo‘limlar