“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 19 2024, 22:17
ЎЗO‘Z

Isroil Madrimov Britaniya saytiga intervyu berdi

20 мая, 00:30 3 012 Sport
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Isroil Madrimov Britaniya saytiga intervyu berdi «Tumanli albion»ning mashhur «TheFight-Site.com» sayti hamyurtimiz Isroil Madrimov bilan suhbat uyushtirdi.
Quyida ingliz nashri e’lon qilgan intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz:

2018 yilda debyutini amalga oshirgan Isroil Madrimov boks tarixiga o‘z nomini yoza boshladi
O‘zbek jangchisining boks olamida shov-shuv ko‘tarishi ancha avvaldan boshlangan. Havaskor boksdagi ulkan natijalar va 300 dan ziyod jang tajribasi butun dunyo muxlislarini hayratda qoldirib ulgurdi. 2018 yilda Abilxan Amankul (jahon chempionati finalchisi) va Eumir Marsyal ustidan g‘alaba qozongan holda Osiyo o‘yinlarida oltin medalga ega chiqishidan avval ham Madrimov bir qator xalqaro musobaqalarda sovrindor bo‘lgandi. Havaskor boksda jahon chempioni Gleb Bakshi va Olimpiya chempioni Arlen Lopesni mag‘lub etgani uning qay darajada ulkan salohiyat egasi ekanini yana bir bor isbotladi.

Bularning bari o‘tmish, Madrimov esa kelajak!
Professional boksda shu paytgacha atigi 5 ta jang o‘tkazganini inobatga olmasa, Isroil Madrimovga nima sababdan dunyo boksi kelajagi va «Pound-for-pound» reytingi bo‘lg‘usi yulduzi, deb qaralayotgani tushunarli. 2021 yildayoq unda professional boksda titul sohibi bo‘lish imkoniyati bor va bizning tahlillarimizga ko‘ra, Madrimovda buning uchun yetarli salohiyat mavjud. Biz, «Fight-Site» vakillari Madrimovning menejeri Aliko Frolov tarjimonligi ko‘magida bokschi bilan intervyu tashkil etishga muvaffaq bo‘ldik. Sizni uzoq kuttirmasdan ushbu suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.

Boksga kirib kelishi haqida:
Ochig‘i, bolaligimda futbolga ko‘proq qiziqardim. Futbolchi bo‘lish eng katta orzum bo‘lgan. Ammo yo‘llarim boks bilan tutashdi. 2005 yil, 10 yoshimda birinchi marta boks zaliga borganimda u yer menga juda yoqdi. 2010 yilda terma jamoadan chaqiruv oldim va mening dastlabki musobaqam o‘smirlar o‘rtasida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati bo‘lgan. Men ushbu chempionatda kumush medal olgandim. To‘lqin Qilichev qo‘lida shug‘ullangan davrim men uchun katta tajriba maktabi bo‘lgan. Ustozim hayotimning katta qismini egallagan va menga o‘rgatgan barcha narsalari uchun ulardan minnatdorman.

O‘zbekistonning havaskor boksdagi ajoyib natijalari haqida:
O‘zbekistonning muvaffaqiyatlari bir emas, bir nechta jihatlarni qamrab oladi. Avvalo, raqobat juda kuchli. Agar yetarlicha kuchli bo‘lmasang, terma jamoada senga joy yo‘q. Terma jamoadagi o‘rningni boy bersang, uni qaytarib olish juda qiyin. Har bir vazn toifasida yetarlicha kuchli raqobatchilar jamlanishgan. Masalan, men uchun eng katta raqib bu – Mahmud G‘oipov bo‘lgan. Shunday ekan, terma jamoada qolishni istasang, doim o‘zingning eng kuchli holatingda bo‘lishing kerak. Ammo biz mashg‘ulotdan tashqarida juda qalin do‘stlarmiz. Bu raqobat bizni oldinga boshlaydi. Terma jamoa tarkibida bo‘lish kishiga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi.

Jamoada doim yetakchilar bo‘lib kelgan. Avval Elshod Rasulov (3 karra jahon chempionati sovrindori), keyinroq Hasanboy Do‘smatov (yengil vaznda «Rio-2016» chempioni) va hozirda Bahodir Jalolov (2019 yilgi jahon chempionati g‘olibi) sardorlik vazifasini bajarib kelmoqda. Yetakchi bokschiga qarab intilish o‘z-o‘zidan sportchining rivojlanishida katta turtki bo‘ladi.

Bu jihatdan murabbiylikni ham e’tirof etish zarur. Marat Qurbonov, To‘lqin Qilichev va Rahmatjon Ro‘zioxunov butun dunyo miqyosida eng yaxshi murabbiylardan hisoblanishadi. Ular bizni musobaqalarga tayyorlashar ekan, doimo yaxshi tayyorgarlik ajoyib natijalar garovi ekanligini uqtirib kelishadi. Tinimsiz mashg‘ulotlar qanchalar qiyin bo‘lmasin biz kuchli jamoada ekanligimizdan baxtiyor edik. Marat Qurbonov bosh murabbiy sifatida o‘z falsafasini bizgi to‘g‘ri yetkaza olgan. Shundan kelib chiqqan holda o‘zbek boksi muvaffaqiyatlarini yuqoridagi barcha omillarning mahsuli desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu kompleks tizim samarasi.

Havaskor boksdagi eng qiyin raqib(lar)i va kelgusida uning vaznida kimning imkoniyatlari yuqoriligi xususida:
Men Abilxan Amankul va Eumir Marsyalni e’tirof etgan bo‘lardim. Ular juda kuchli jangchilar. Biroq 2018 yilda men har ikkalasini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldim. Marsyal juda tezkor, Amankulni esa ajoyib texnika sohibi deb bilaman (Amankul 2017 yilda, Eumir esa 2019 yilda jahon chempionati finalchisi bo‘lgan).
Keyingi avlod uchun Abdumalik Xalakovning imkoniyatlarini yuqori baholayman. U talantli va kelajagi yorqin bo‘lgan jangchilardan biri. Uning yurtimiz sharafini munosib himoya qila olishiga ishonaman.

Muvaffaqiyatlari salmog‘iga qaramay o‘zini oddiy tutishi haqida:
Bu juda ham oddiy narsa. Meni boshqalardan ajralib turadigan hech narsam yo‘q. Men kuchli mehnat ortidan orzulari ushalgan yigitman, xolos. Atrofimda ajoyib jamoam borligidan baxtliman. Biz har kuni yanada yaxshiroq bo‘lish uchun harakat qilmoqdamiz.

Men voyaga yetgan joyda (Xivadagi kichik qishloq) yashash og‘ir bo‘lgan. Amerikadan butkul farq qiladi. Men oilamda eng kattasi edim. Bizda isitish tizimi mavjud emasdi. Shuning uchun, o‘tin terib kelish doim mening zimmamda bo‘lgan. Bir gal juda kichkina paytimda, qishning o‘rtasida uyimizni isitishning imkoni bo‘lmaganini eslayman. Sovuqdan qaltiraganimcha yotog‘imda yotardim. Bizda na elektr va na issiqlik bor edi. Men Allohdan kelajakda barchasini o‘zgartirishimga yordam berishini so‘rardim. Men oilam uchun yaxshiroq sharoit yaratib berishni istardim.

Umrim mobaynida otam menga mehribon va kamtar bo‘lishim kerakligini uqtirib keladi. U, Allohning bizga atagan baxti bor, derdi. Bu so‘zlar mening yuragimdan joy olgan. Mana shu so‘zlar menga kimligimni eslatib turadi.

Dinim men uchun juda muhim. Men g‘alaba qozonishim yoki mag‘lubiyatga uchrashimni Allohdanligiga ishonaman. Men juda qattiq mehnat qilganman va o‘zimga ishonaman. Lekin Robbimni qalbimda saqlashim doim menga qo‘shimcha ishonch berib keladi. Dinim men uchun birinchi o‘rinda turadi, qolganlari undan keyin. Men hali o‘zim xohlagan darajaga yetganimcha yo‘q. Hali oldimda uzun yo‘l turibdi.

Ta’kidlash joizki, suhbatimizdan ikki kun o‘tib Madrimovning O‘zbekistonda koronavirus sabab tashkil etilgan qo‘ng‘iroqlar markazida ko‘ngilli ravishda ishlay boshlagani haqida ma’lumot oldik. Bu xabar va suhbatda o‘zini tutishidan Madrimovning yuqoridagi gaplari nechog‘lik rostligini bilib olish mumkin.

Kelgusi olimpiadada ishtirok etish yoki etmasligi to‘g‘risida:
O‘zbekiston uchun jangga kirish doim sharaf bo‘lib kelgan va agar ularga kerak bo‘lsam, doim yordamga tayyorman. Ammo bu musobaqa men uchun emas. Meni oldinda juda muhim janglar kutib turibdi. Mening uslubim ko‘proq professional boksga mos tushadi. Meliqo‘ziyev esa boshqa masala (olimpiada uchun kurashayotgan o‘zbekistonlik bokschi). Men havaskor boksdan ko‘p narsa o‘rgandim. Buning uchun minnatdorman. Biroq mening maqsadlarim boshqacharoq.

Professional boksga o‘tish va Kaliforniyadagi hayot haqida:
Yarim-professional boksda o‘tkazgan 7 ta jang orqali menda ancha tajriba shakllanib qolgandi. Shuning uchun, professsional boksga o‘tish u qadar qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. Biroq Joel Diaz qo‘l ostida 20 raundlik mashg‘ulot janglari o‘tkazish boshida biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Diaz birinchi marta kelganimdayoq meni o‘z oilasi a’zosidek kutib oldi. Biz juda ko‘p mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Janglar oralig‘ida sport formamni bir maromda ushlab turishga harakat qilaman.

Men o‘zimni ringda ancha yengil his qilmoqdaman. Menga bu yerda shug‘ullanish yoqadi.
Amerika O‘zbekiston bo‘lolmaydi. Ammo hamon jamoam bilan birga ekanim meni xursand qiladi. Bektemir Meliqo‘ziyev, Bahodir Jalolov, Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliyev va Elnur Abduraimov kabi terma jamoadagi do‘stlarimning barchasi hozir professional boksda faoliyat olib borishadi. Birgaligimiz meni quvontiradi. Barchamiz jahon chempionlariga aylanishni istaymiz. O‘zbekistondagilar ham bizni doim qo‘llab turishadi.

Yoshligida kimning janglarini tomosha qilgan va hozirda kimning uslubi yoqishi to‘g‘risida:
Yoshligimda Kosta Szyu, Roy Jons va Emmanuel Augustusning janglarini tomosha qilishni yoqtirardim. Lekin men uchun eng sevimli bokschi bu Golovkin hisoblanadi. Biz u bilan yaxshi, do‘stona aloqalarga egamiz. U menga Amerikaga kelib, boks yulduziga aylanish mumkinligini isbotlagan inson sifatida ham sevimli. Unga ko‘proq o‘xshashga harakat qilaman. Kanelo bilan ikkala jangda ham Gennadiy ustunlik qilgan.
Men Golovkin bosimi, Lomachenkoning oyoq harakatlari va Augustusning ritmini o‘zimda jamlashni xohlayman. Bu jihatlarni o‘zimda jamlash uchun mashg‘ulotlar olib boraman. Ularning barchasi ajoyib jangchilar.

O‘z uslubining yutuq va kamchiliklari:
Men masofada jang qilishda ancha yaxshi harakat qilaman. Oyoq harakatlarida ham ancha yengillik his qilaman. Balansni saqlash jihatidan ham o‘zimni ancha kuchli his qilaman. Chunki mening bazam qo‘l jangi va dzyudo ustiga qurilgan.

Murabbiylar va havaskor boks tajribam ham mening kuchli tomonim, deb o‘ylayman. Diazning raqiblarimga qarshi janglarga meni professional tarzda tayyorlashiga ishonaman. Mendan esa shunchaki ijro etish talab qilinadi. Undan tashqari, menda havaskor boksdagi 300 dan ortiq janglar tajribasi bor. Men turli jang uslublariga qarshi ringda kurashganman. Demakki, meni syurprizlar yenga olmaydi. Ringda juda xotirjamman.

Faqat bir jihat meni o‘ylantiradi: faoliyatimda 12 raundlik janglar bo‘lmagan. Mashg‘ulotlarda 15 raundlik janglar orqali bunga tayyorlanib bormoqdaman. Ishonamanki, bu kabi janglarda ham kerakli natijaga erisha olaman. Diaz meni har qanday jangga tayyorlay oluvchi universal murabbiy.

Nega 70 kg gacha bo‘lgan vazn toifasini tanlagani haqida:
66 kg vaznga tushish men uchun muammo emas. Odatda, men 72-74 kg oralig‘ida yuraman. Errol Spens kabi ko‘pchilik bokschilar yarim o‘rta vaznda jang qilishadi. Lekin men u divizionda harakat qilishni istamayman. Chunki mening maqsadim titullar uchun kurashish va yarim o‘rta vazn toifasida buni amalga oshirish qiyin bo‘ladi.
70 kg gacha vazn toifasi men uchun ko‘proq mos keladi. Bu yerda kamarlarning egalari tez o‘zgaradi. Men ushbu vaznda o‘zimni professional bokschi sifatida sinab olishim mumkin bo‘ladi. Men o‘z kareramni mana shu divizionda boshlab olishni maqsad qilganman. Men katta janglarda ringga ko‘tarilishni istayman. Yarim-o‘rta vazn yulduzlari Spens va Garsiyaga qarshi janglarda chempion sifatida qatnashishni xohlayman.

Keyingi jangda kim bilan bellashishni istashi xususida:
Kelgusi jangda Jeyson Rosario bilan to‘qnashsam yaxshi bo‘lardi. Chunki u o‘zida ikkita kamarni saqlab turibdi(WBA va IBF). U ajoyib bokschi. Jullian Villiamsga qarshi jangda chiroyli g‘alabaga erishdi. Men faoliyatimda har qanday chaqiriqqa nisbatan ochiqman. Debyutimdayoq chempionlik jangida ishtirok etib, rekord qo‘yish niyatim bor edi. Biz Xaume Mangia (WBO kamari sohibi) bilan jang o‘tkazishga urindik. Ushbu jang Bivol va Paskal jangi bo‘lib o‘tgan kechada ikkinchi darajali jang bo‘lishi kerak edi. Ammo u buni istamadi. Men janglar tashkilotchiligi borasida jamoaga mutlaq ishonaman.

O‘z navbatida, Aliko Frolov keyingi 8 oy ichida Rosario bilan jang tashkil qilishga urunishlarini ta’kidlab o‘tdi.

70 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida kim eng zo‘rligi va kim eng xavfli raqib bo‘la olishi mumkinligi haqida:
Mening fikrimcha, eng kuchlisi Erislandi Lara. U noyob texnika sohibi va men uchun eng qiyin raqib bo‘lishi mumkin. Men uni jangchi sifatida hurmat qilaman. Shu bilan birga unga qarshi jang qilishni boshqalardan ko‘ra ko‘proq xohlayman. Men o‘zimning imkoniyatlarimni eng zo‘rlarga qarshi bahslarda isbotlashni xohlayman. U ham doim janglar uchun tayyor, shuning uchun bu jang yaqin orada bo‘lib o‘tadi deb o‘ylayman.
Ushbu divizionda yana ko‘plab kuchli bokschilar bor. Rosario, Villiams, Karlo, Xarrison va boshqalarni misol qilishim mumkin. Bular orasida Karlo eng xavflisi. Uning jussasi katta va zarbasi kuchli. Fizik jihatdan menga ancha qiyinchilik tug‘dira oladi. Shunga qaramay, men yuqoridagi barcha jangchilarga qarshi bahslar haqida hotirjam o‘ylayman.

Keyingi besh yildagi rejalar:
Avvalo, men birinchi chempionlik kamarimni yutmoqchiman. Ana undan so‘ng mutlaq chempionlik haqida bosh qotira boshlayman. Agar Errol Spens va Dani Garsiya kabi chempionlar men bilan 70 kg gacha vazn toifasida jang qilishni istasalar, muammo yo‘q. Men vazn tashlab, ushbu janglarda qatnashaman.
O‘z vazn toifamdagi ishlarimni bitirib olgach, o‘rta vaznga o‘tishni istayman. Biroq bu yaqin orada sodir bo‘ladigan ish emas. Bu mendan ulkan jismoniy tayyorgarlikni talab qiladi. Men o‘rta vaznda ham chempionlik uchun kurashishni istayman.

O‘zining mumtoz jangini kimga qarshi o‘tkazishni istashi xususida:
Kanelo. 75 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida u bilan jang qilish ajoyib bo‘lardi. Balki men ushbu divizionga ko‘tarilgan paytimda Alvares u yerda bo‘lmas. Men 66, 70 va 75 kg vazn toifalarida jang qila olaman. Katta janglarning sodir bo‘lish ehtimoli yuqori. Kelgusida nima bo‘ladi? Ko‘ramiz. Balki Spens…

Kanelo bilan qay usulda jang qilmoqchiligi haqida:
Kanelo texnikaga juda boy bokschi. U ko‘plab buyuklarga qarshi jang olib borgan – Meyvezer, Golovkin, Kovalev. Uni jangchi sifatida hurmat qilaman. Ammo uni yengsa bo‘ladi. Meyvezer, Lara va Trout buni qanday bajarishni ko‘rsatib berishgan. Zarba va harakat. Mening oyoq harakatlarim unga yaxshigina muammolar tug‘dirishi mumkin. Murabbiyim har qaysi raqibga qarshi meni qanday tayyorlashni biladi.

Nima uni jangchi sifatida ruhlantirishi haqida:
Boksni boshlaganimda asosiy maqsadim oilamni yaxshi ta’minlash va ularga yetarlicha g‘amxo‘rlik qilishdan iborat bo‘lgan. Yurtimning faxriga aylanish ham men uchun muhim. Ammo meni pul qiziqtirmaydi. Meni tarix yaratish ishtiyoqi olg‘a boshlaydi. Men jang qilishni va o‘zimdan boks uchun qandaydir meros qoldirishni istayman. Golovkin yoshlarni qanday ruhlantirsa, qachondir men ham boksga qadam qo‘ya boshlagan bolakaylar uchun motivatsiyaga aylanishni xohlayman. Men ularga tinimsiz mehnat sizni barcha maqsadlaringizga yetaklashiga ishontirmoqchiman. Mening maqsadim yillar o‘tib meni buyuk chempion sifatida eslashlari va faoliyatim davomida eng zo‘rlariga qarshi jang qilish, chaqiriqlardan qochmaslik.

Dunyodagi eng kuchli bokschi va murabbiylar:
Qiyin savol. Men Terens Kroufordni e’tirof etgan bo‘lardim. U mukammal jang uslubiga ega. Meyvezer haqida ham shunday fikrlarni bildirishim mumkin. Garchi hozirda boksdan ketgan bo‘lsa ham. U himoyaviy jang ustasi edi. Unga 100 foizlik zarba yo‘llash imkonsiz hisoblangan. Albatta, Usik, Lomachenko, Kanelo, Golovkin… Ulardan tashqari o‘zbek boksining katta va kuchli avlodi yetishib chiqmoqda. Ular tez orada xalqaro maydonni zabt eta boshlashadi.

O‘z murabbiyim Joel Diazni eng yaxshisi, deya olaman. Men uning qo‘l ostida shug‘ullanayotganimdan baxtliman va unga to‘liq ishonaman. Qurbonov, Qilichev va Ro‘zioxunov kabi o‘zbek murabbiylarini ham e’tibordan qochirish yaramaydi. Ular O‘zbekistonning bugungi muvaffaqiyatlarida katta xizmat ko‘rsatishgan.

Kelajakda Britaniyada jang qilish niyati borligi haqida:
Albatta. Britaniyaliklar boks olamidagi eng yaxshi muxlislardan. Katta tarixga ega davlat. Muxlislarga shou ko‘rsatib berish niyatim bor. Britaniyada Liam Smit va Kell Bruk bilan jang qilish ajoyib bo‘lardi. Ikkisi ham kuchli raqiblar.

Madrimov haqida:
Mening Madrimov haqidagi dastlabki fikrim: u individual tomonlama o‘sishga erishibdi. O‘ziga va iste’dodiga bo‘lgan ishonchini payqash qiyin emas. Undan tashqari, raqiblari va ularning alohida jihatlari haqida yaxshigina ma’lumotga ega. Bu kabi umidli fikrlarni boshqa ko‘pchilik «porlamagan yulduzlar»dan ham eshitganmiz. Biroq Isroil Madrimov bilan barchasi boshqachadek tuyulmoqda. U o‘z tarixini yaratish va odamlarga o‘z haqiqatini isbotlash niyatida. Men Madrimovning keyingi janglarini intizorlik bilan kutaman va uni tez orada Londonda ko‘rishga umid qilaman.

Ingliz tilidan
Abdulvosid Valixonov tarjimasi
Isroil Madrimov, Britaniya sayti




Mavzuga oid yangiliklar
  • «Ko‘z o‘ngimizdagi haqiqat». Alonso qaysi jamoani tanlagan? 19 apr, 22:00 0
  • Futzal bo‘yicha Osiyo Kubogi. O‘zbekiston 2-turda Iroqni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi 19 apr, 20:41 97
  • Iborohimhalil Yo‘ldoshev: "Janubiy Koreya va Yaponiya terma jamoalari Osiyo kubogida favorit" 19 apr, 19:13 62
  • Shomurodov qaytgach «Yuve»dan ko‘proq ochko yig‘ayotgan «Kalyari». «Inter»dan keyin «Yuve» ham to‘xtatiladimi? 19 apr, 18:48 139
  • Isroil Madrimov mutlaq chempion Terens Kroufordga qarshi ringga ko‘tarilishi mumkin 19 apr, 18:28 50
  • Shomurodovning ustoziga maxsus mukofot topshirildi 19 apr, 13:57 236
  • So'nggi yangiliklar
  • «Ko‘z o‘ngimizdagi haqiqat». Alonso qaysi jamoani tanlagan? 19 apr, 22:00 0
  • Dubayda 50 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolib ketgani aniqlandi 19 apr, 21:30 14
  • Ozish uchun nonushtaning uchta oltin qoidasi 19 apr, 21:00 30
  • Futzal bo‘yicha Osiyo Kubogi. O‘zbekiston 2-turda Iroqni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi 19 apr, 20:41 97
  • Ziroat Mirziyoyeva Farg‘onada maktab-internat o‘quvchilari bilan uchrashdi 19 apr, 20:36 34
  • Mijozning sochini uning xohishiga zid tarzda kalga olib tashlagan sartarosh 10 sutkaga qamaldi 19 apr, 20:29 162
  • Iborohimhalil Yo‘ldoshev: "Janubiy Koreya va Yaponiya terma jamoalari Osiyo kubogida favorit" 19 apr, 19:13 62
  • Shomurodov qaytgach «Yuve»dan ko‘proq ochko yig‘ayotgan «Kalyari». «Inter»dan keyin «Yuve» ham to‘xtatiladimi? 19 apr, 18:48 139
  • Isroil Madrimov mutlaq chempion Terens Kroufordga qarshi ringga ko‘tarilishi mumkin 19 apr, 18:28 50
  • G‘azodagi urush Isroil iqtisodiyotiga qanday ta’sir qildi? 19 apr, 18:00 179
  • Dunyodagi eng boy arab shayxining rafiqasi qanday ko‘rinishga ega? 19 apr, 17:33 300
  • Tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarima kamaytiriladi 19 apr, 17:12 58
  • Bo‘limlar