“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 25 2024, 13:59
ЎЗO‘Z

O‘zbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga chiqadi

15 мая, 09:45 3 038 Iqtisodiyot
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
O‘zbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga chiqadi Zamonamiz qahramonlari. Ular kimlar? Qanday fazilatlari bilan alohida ajralib turadi? Bugun qaysi toifadagi kishilarni qahramonlar safida e’tirof etish mumkin?

Aslida, ularni uzoqdan izlashga hojat yo‘q...
“Romitan tumanida ish izlab Rossiya yo Qozog‘istonga borayotganlar deyarli qolmadi hisob. Qishloq yigitlari klas­terda ishlab, jaraq-jaraq pul topyapti. Birgina bizning hududdan 115 nafar kishi “BCT Cluster”da ish bilan ta’minlandi...”

Bundan 2 yil burun “Qumrabot” MFY ­raisi Qobil Kamolovning shu gaplarini eshitganda, ochig‘i, ishonmagandik. Buning uchun asoslarimiz bor edi-da! Bilishimizcha, tumandagi paxtachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklarida doimiy ishchilar soni 436 nafar bo‘lib, ularning maoshi 450 ming so‘mga ham yetmasdi.

Tumandagi 8 ming gektar ekin may­doni klasterga berilgach, aholining 4000 nafari ishga qabul qilinibdi. E’tiborlisi, mavsumiy ishlarga emas, yil — o‘n ikki oy mehnat qilib, o‘rtacha 2 million so‘mdan oylik maosh olishayotgan ekan. Bu hali hammasi emas. Klasterda yetishtirilgan paxta tolasini chuqur qayta ishlaydigan Buxorodagi to‘qimachilik kombinatida yana 1500 kishi ish bilan ta’minlangan. Agar bunga tez orada foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilayogan chigitni qayta ishlash zavodida ­yaratiladigan ish o‘rinlarini ham qo‘shadigan bo‘lsak, klaster qishloq joylardagi bandlik masalasini ta’minlashda asosiy kuchga ­aylanib borayotganini ­ilg‘ash qiyin emas.

— Prezidentimizning g‘oyasi asosida agrosanoat tizimida joriy qilingan ishlab chiqarishning klaster usuli mohiyatan xalqni boy, elni farovon qilishga qaratilgan, — deydi mam­lakatimizdagi qaldirg‘och klaster ­rahbari, senator Murtazo Rahmatov. — So‘nggi uch yillikdagi eng muhim yangiliklardan biri bo‘lgan mahsulot yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning zanjirsimon usuli, birinchi navbatda, qishloq odamlarining hayot darajasini ko‘tarishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Taniqli tadbirkorning aytishicha, bunga qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish orqali tezroq erishish mumkin. Sababi agrar tarmoqning o‘zidan yuqori daromad olishning imkoni yo‘q. Xususan, paxtachilikda qo‘shimcha qiymat ishlab chiqarishning yakuniy bosqichida yaratiladi. Shuning uchun u fermerlar bilan shartnoma ­imzolab, tayyor xom ashyoni qabul qilishga asoslangan oson yo‘lni tanlamadi. Paxta yetishtirishni ham, uni qayta ishlashni ham bir tizim — klasterga jamlab, olingan foydaning ma’lum qismini ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlashni yo‘lga qo‘ydi. Bundan dalada mehnat qilgan ­dehqonu suvchidan tortib, menejergacha o‘z ulushini olayotgani e’tiborga molikdir.

Tadbirkorlar olimi, olimlar tadbirkori
Murtazo Rahmatovni yaqindan bilganlar uni xuddi shunday ta’riflashadi: tadbirkorlar olimi, olimlar tadbirkori. Negaki, iqtisodiyot fanlari doktori nazariya va amaliyotni uyg‘unlikda olib borayotgan kam sonli ishbilarmonlar sirasiga kiradi. Ne ajabki, uning “Korxonalar foydasi va uning taqsimlanishi” mavzuidagi nomzodlik ilmiy ishida ilgari surilgan g‘oyalar bugun klasterda to‘la-to‘kis o‘z in’ikosini topdi. Buni u Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan islohotlarning yangi bosqichi bilan bog‘laydi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston ­dunyoga ochildi. Tadbirkorlar, investorlar dardi tinglanib, biznes yuritish uchun ishonchli huquqiy himoya va erkinlik yaratildi. Ahamiyatlisi, bu jarayon izchil davom ettirilib, biznes yuritishda duch kelinayotgan g‘ovlar bosqichma-­bosqich olib tashlanmoqda.

Yashirishning hojati yo‘q, ishbilarmonlar “yugur-yugur”lardan charchagandi. Idorama-idora yurishdan esa zada bo‘lib ketgani ham bor gap. Ana shunday murakkab bir paytda Prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev yangilanishlarni iqtisodiy islohotlarni liberallashtirishdan boshladi. Jumladan, tadbirkorlarga erkinlik berish, ularning ishiga huda-behuda aralashmasdan, aksincha, yordamlashish, rostmana qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga kirishdi. Bu esa chet ellik investorlarda O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa, o‘z biznesini xorijda yuritayotgan yurtdoshlarimizda islohotlarga ­daxldorlik hissini yanada kuchaytirdi. Natijada ular Vatanga qaytib, yirik loyihalar ijrosiga kirishib ketishdi.

Murtazo Rahmatov iqtisodiy taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shishga intilayotgan ana shunday fidoyi yurt farzandlaridan biridir. U dastlab Buxoro viloyatida “BCT Cluster” paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, oradan bir yil o‘tib, aniqrog‘i, 2018 yilda Quyi Chirchiq tumanida “TCT Cluster”ni tashkil etdi. Bugungi kunda ikkala klaster jamoasi a’zolarining safi 12 ming kishiga yetdi.

Arxiv foto
Ishonasizmi, dastlabki kezlarda Quyi Chirchiqda mexanizator topilmagani tufayli Sirdaryodan ishchilar jalb qilishga majbur bo‘lingan. Endilikda klaster mashina-traktor parkidagi 2500 dan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini mahalla yigitlari boshqaryapti. Xususan, 25 ta paxta terish mashinasini ham.

— Turkiyada “Keys” texnikalarini haydayotgan edim, — deydi operator Ruslan Fayzulin. — Klasterga shu rusumdagi paxta terish mashinasi olib kelinib, operatorlarga yaxshi haq berishayotganini eshitib, o‘tgan mavsumda Turkiyadan qaytib keldim. Oilam bag‘ridaman. Topish-tutishim ham yomon emas. 4 million so‘m maosh olyapman. Bundan xabar topgan boshqa hamkasblarim ham chet ellardan kelishmoqda.

Ishlagan odam qayerda bo‘lmasin, yaxshi yashashi, to‘q va farovon hayot ­kechirishi kerak. Bu so‘zlar klaster ishchi-xodimlarining shioriga aylangan. Binobarin, jamoa yetakchisi ko‘p bora ta’kidlaganidek, hech bir davlat, hech bir millat, qo‘yingki, hech bir kishi qattiq ishlamasdan boy bo‘lmaydi. Qaysi sohada bo‘lmasin, o‘z kasbiga mehr qo‘yib, sidqidildan mehnat qilsa, albatta, samarasini ko‘radi. Xalqimiz topib aytgan: mehnatsiz ­rohat bo‘lmaydi.

Aytish kerakki, Murtazo Rahmatov biznesga tasodifan emas, aksincha, katta hayot maktabi, uzun ilm yo‘lini bosib kelgan. 1989 yilda Cankt-Peterburg davlat iqtisodiyot va moliya universiteti (Rossiya)da nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagach, bamisoli ilm ummoniga sho‘ng‘ib ketadi. Dastlab Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (Rossiya) qoshidagi Xalqaro biznes maktabida, London til va biznes maktabi (Buyuk Britaniya)da, so‘ng Neshvill xalqaro instituti (AQSH)da tahsil oladi. Pirovardida 1998 yilda Cankt-Peterburg davlat iqtisodiyot va moliya universitetida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi.

Bugungi biznes faoliyatida ham ilmga tayanadi, amaliyotga ilg‘or innovatsiyalarni qo‘llashga intiladi. Buning samarasi o‘laroq, Germaniya, AQSH, Janubiy ­Koreya, Shveysariya, Belgiya, Yaponiya singari davlatlarning dunyoda yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng ilg‘or uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan, o‘zida yigiruv, bo‘yash, to‘qimachilik, matoga ishlov berish va tikuvchilik fabrikalarini birlashtirgan zamonaviy majmuani bunyod etishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur yirik korxona jamoasi orasida 15 ga yaqin fan nomzodlari va doktorlari, akademik borligi, shuningdek, ilmga tashna yoshlar mehnat qilayotgani muvaffaqiyat eshiklarini ochmoqda.

“Bizga havas bilan qarashadi”
Qiziq, nega ayrim mamlakatlar boy bo‘lsa, boshqalari kambag‘al? Bir guruh olimlar yer osti boyliklari ko‘p mintaqadagi mamlakatlar boy bo‘ladi, deb hisoblaydi. Ammo bugun iqtisodiyoti hammadan ilgarilab ketayotgan Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy yer usti yoki yer osti boyliklarining koni emas-ku?!

Boshqalarning nazdida, qadimdan sivilizatsiya markazi bo‘lgan, boy madaniy-ilmiy merosga ega chiqqan davlatlar nisbatan tez rivojlanadi. Shunday bo‘lgan taqdirda, ayrim kichik mamlakatlar jahon bozori “darvozasi”ga ham yaqin kelmasligi kerak edi. Xuddi shuningdek, ummon va dengizlardan uzoq bo‘lish ham taraqqiyotga g‘ov bo‘lolmaydi. Gap boshqa joyda. Qayerdaki, iqtisodiy islohotlarning eng maqbul yo‘li tanlanib, ­ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, o‘sha davlat rivojlanadi, albatta, boy bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev millat yetakchisi sifatida bugungi davr nafasini teran his qilib, O‘zbekistonni taraqqiyot o‘zaniga yo‘naltirib yubordi.

Dunyo ko‘rgan yirik investor Murtazo ­Rahmatov shunday mulohaza qiladi. U so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar yangilanayotgan O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratib, iqtisodiyot tarmoqlari rivojida yangi davrni boshlab berganini ta’kidlaydi.

— Yaqin istiqbolda O‘zbekistonda yashash brendga, biznes yuritish esa trendga chiqadi, — deydi M. Rahmatov. — Bugun ko‘pchilik bu amerikalik, bu kuvaytlik, deb ularga havas bilan qarayotgan bo‘lsa, yaqin 5-6 yil ichida bu kishi o‘zbekistonlik, deya o‘zgacha hurmat bilan tilga oladi, bizga havas qila boshlaydi. Men bunga ishonaman. O‘zbekiston — o‘ta boy mamlakat. Bu zaminda Mendeleyev davriy jadvalidagi deyarli barcha ma’danlar bor. Biroq eng katta boyligi uning saxovatli quyoshi, unumdor yeri, fidoyi va mehnatkash odamlaridir.

Xorijlik tadbirkorlar bilan suhbatlarda hozir O‘zbekistonga investitsiya kiritishning ayni fursati, keyin kech bo‘lishini ko‘p aytaman. Chunki iqtisodiyot tarmoqlarida investitsiyaga chanqoqlik bor. Bevosita davlat rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarida xususiy sektor ulushini ko‘paytirishga jiddiy e’tibor qaratayotgani yangi loyihalar ustida ishlashga katta turtki bo‘lyapti.

Jarqo‘rg‘on tumanining olis Yangiobod mahallasida o‘tgan yili ishga tushirilgan sement zavodi qahramonimizning navbatdagi investitsiyaviy loyihasi bo‘ldi. Mazkur korxona barpo etilgunga qadar bu yerlar ko‘rimsiz yaydoq joy bo‘lib, qum uyumlariyu, yakkam-dukkam cho‘l o‘simliklarini aytmaganda, tap-taqir kenglik edi, xolos. Loyihaviy qiymati qariyb 144 million AQSH dollariga teng “Surxonsementinvest” xorijiy korxonasi qurilishi bilan hudud manzarasi butkul o‘zgardi.

Ulkan ishlab chiqarish majmuasi 84,1 gektar maydonga o‘zgacha joziba bag‘ishladi. Eng muhim jihati, 700 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Soha mutaxassislarining e’tirof etishicha, bu korxonaning afzalliklari ko‘p. U Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va Xitoydan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi texnologik liniyalar va resurs tejamkor uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, “quruq usulda” sement ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Bu jarayonda tabiiy gazdan emas, balki ko‘mirdan foydalaniladi. Mavjud texnologik liniyalar to‘liq quvvatga chiqarilgach, yiliga 1,2 million tonna yuqori sifatli muhim qurilish materiali yetkazib beriladi. Uning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Hamma boy bo‘lish, to‘kis hayot kechirishga haqli
Tadbirkor qaysi soha bo‘lmasin, uning rivoji, istiqbolini klaster usulida ko‘radi. Masalan, ayni paytda Toshkent viloyatida 12 ming bosh qoramol parvarishlashga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasini bunyod etishga kirishilgan bo‘lib, bu yerda yetishtirilgan go‘sht va sut klaster usulida chuqur qayta ishlanadi.

Bundan tashqari, paxta xom ashyosini Buxorodagi singari tumanning o‘zida chuqur qayta ishlash lo­yihasi harakatga tushirilgan. Agar Buxoroda jahon brendlari darajasida eksportbop jinsi shimlari ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan bo‘lsa, bu yerda paxmoq matolar, sochiqlar, dasturxon va parda uchun gazlamalar, shuningdek, o‘ta yuqori sifatga ega bolalar gigiyena ­mahsulotlari tayyorlash ko‘zda ­tutilgan.

Klasterning ayni paytda ijro uchun tayyor bo‘lgan 10 dan ziyod investitsiyaviy loyihalari bilan tanishar ekansiz, ularni bir-biri bilan bog‘lab turgan bir jihat e’tiboringizni tortmay qolmaydi. Bu qishloq aholisiga munosib mehnat sharoiti yaratib berish, ularning daromadini ko‘paytirish ­orqali turmush farovonligiga ­erishishdir. Zero, tadbirkor qishloqlarni obod qilish borasida ilgari surilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish, dala mehnatkashlariga munosib sharoit yaratib berishga intiladi. Buning amaliy tasdig‘iga Romitanga yo‘li tushganlar ozmi-ko‘pmi guvoh bo‘lishgan.

Gap shundaki, dalaning qoq o‘rtasida qo‘sh qavatli dala shiyponi bunyod etilgan bo‘lib, ichkariga kirsangiz, o‘zingizni ko‘p yulduzli mehmonxonadagiday his qilishingiz aniq. Chunki bu yerda ishchilar nafaqat dam olishi, balki madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha shart-sharoit muhayyo etilgan. Ayollar va erkaklar uchun zamonaviy konditsionerlar bilan jihozlangan alohida-alohida yotoqxona, yuvinish xonalari, shuningdek, majlislar zali, kutubxona, bir paytda 150 kishini qabul qila oladigan oshxona — bularning barchasi klaster ishchi-xizmatchilari uchun.

Bu hali hammasi emas. Dala shiyponi meva-sabzavot yetishtirish uchun mo‘’jaz ekin maydoniga ega, chorva mollari, parranda ­boqish uchun qo‘shimcha imoratlar ­solingan. Hatto tandir va o‘choq qurilgan...

Investor “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi bunyodkorlik ishlarini klasterlar amalga oshirishi kerak, deb hisoblaydi. Klasterlar qoshida bunyod etmoqchi bo‘lgan turarjoylar haqida fikrlarini eshitgan kishining qulfi dili ochilib ketadi. Uning fikricha, uylarni shunchaki qurib bo‘lmaydi. Ayniqsa, qishloq tumanlarida. Bunda milliy mentalitetimiz, o‘zbekona hayot tarzimiz, albatta, inobatga olinishi zarur. Oiladagi bolalar soni va yoshiga qarab, “xonadon ichida xonadon” tamoyili bo‘yicha qo‘shimcha sharoit yaratish muhim. Misol uchun, har bir xonadonni ikki qavatli maydonga joylashtirib, birinchi qavatida mehmonxona, oshxona va yuvinish xonalari bo‘lsa, ikkinchi qavati yotoqxonalar uchun ajratiladi. Bunday shart-sharoitga ega uylarda bemalol mehmon kutish, kelin tushirish mumkin.

Baxt va farovonlik klasteri
Bu yil xalqimiz uchun og‘ir keldi. Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global inqiroz ta’siri O‘zbekistonda ham sezilmoqda. Davlatimiz tomonidan hozirgi murakkab sharoitda iqtisodiyot tarmoqlariga qo‘shimcha yengilliklar berish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun barcha chora-tadbirlar ishga solinmoqda.

Tadbirkor bugungi sinovli kunlarda xalq, millat taqdiriga hech kim befarq bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaydi. Shu bois u karantin paytida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga 300 million so‘m homiylik mablag‘i o‘tkazib berdi. Bundan tashqari, ixtiyoriy ravishda klasterlar ishchi-xodimlari ish haqlarining bir qismi, jami 490 million so‘m miqdoridagi mablag‘ “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga beg‘araz yo‘naltirildi.

Arxiv foto
— Prezidentimiz tashabbusi bilan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati tashkil etilgani, aytish joizki, xalqimizning mehr-saxovat, himmat kabi yuksak fazilatlarini jo‘sh urdirmoqda, — deydi senator Murtazo Rahmatov. — Bu harakat, ayniqsa, davlatimizning beqiyos g‘amxo‘rligini chuqur his qilib turgan biz, klasterlar rahbarlarini ham ehtiyojmand va muhtoj oilalarga saxovat ko‘rsatishga undamoqda. Natijada bizning klasterlar jamoasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 1025 ta oilani uch oy davomida otaliqqa olish tashabbusi bilan ­chiqdi.

Ayni paytda Buxoro viloyati hokimligi ko‘magida kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirilib, manzilli yordam ko‘r­satish ishlari davom ettirilmoqda. ­Bizning xalqni rozi qilish yo‘lidagi xizmatimiz ehtimolki, dengizdan bir tomchidek tuyular. Lekin unutmaylikki, okean ham tomchilardan hosil bo‘ladi.

Ishonch bilan aytamiz, Yaratganning madadi, mamlakatimiz rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlari bilan, albatta, koronavirus balosini yengamiz, Sirdaryo va Buxoroda yuz bergan ofatlar oqibatlarini bartaraf etib, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror o‘sish sur’atlariga, pirovardida xalqimiz turmush farovonligiga erishamiz.

Doimo odamlar farog‘atda yashashi orzusida yuradigan, shu maqsad yo‘lida izlanib, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishga intiladigan qahramonimiz jonajon O‘zbekistonimizni baxt klasteri, orzu-umidlar klasteri, farovonlik va obodlik klasteriga qiyoslaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda yuz berayotgan mislsiz o‘zgarishlar ushbu manzillarga tobora yaqinlashtirayotganiga ishonadi.

Darhaqiqat, katta evrilishlar davrida buyuk insonlar yonida shunday fidoyi insonlar, tom ma’noda zamonamiz qahramonlari qanchalik ko‘p bo‘lsa orzu qilgan marralarga tezroq yetamiz. Qahramonlar esa oramizda, shundoq yonginamizda. Ba’zan hayot quvonchu tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, buni ilg‘amay, sezmay qolamiz. Ularning o‘zlari esa qilgan ishlarini ko‘z-ko‘z etgisi, aslo maqtangisi kelmaydi. Zimmasiga olgan yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lib, el koriga yaraydigan, odamlar tashvishini yengillashtirishga qaratilgan yangi-yangi loyihalar ustida izlanaveradilar.

Davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida qishloq xo‘jaligida vujudga kelgan klasterning ilk qaldirg‘ochi, uning dastlabki natijalari haqida qisman hikoya qildik, xolos. Qaldirg‘ochlar bahorni yetaklab kelgani singari klasterlar O‘zbekistonimiz iqtisodiyotining bahorini olib kelmoqda. Bu haqda kelgusida batafsil so‘z yuritamiz.
***
Andrey GRUZDKOV, Rossiya FA Fiziologiya instituti xodimi, professor:
— Jahon tajribasida o‘zini oqlagan tibbiyot, farmatsevtika, chorvachilik klasterlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning muvaffaqiyat sirlaridan voqif bo‘lganman. Ish yuritishning mazkur usuli ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini o‘zida qamrab olganki, bu, o‘z navbatida, amaliyotga ilm-fan yangiliklari va yutuqlarini birinchilardan bo‘lib qo‘llash imkonini beradi. O‘zbekistonda ana shu tamoyilga asoslangan paxta-to‘qimachilik va boshqa klasterlar rivojlantirilayotgani yaqin kelajakda o‘zining yuqori samaralarini berishiga ishonaman.
* * *
Efroim GURMAN, “Vetvitels” (AQSH) kompaniyasi rahbari, akademik:
— O‘zbekistonda paxtachilik va yengil sanoat rivojlangan. Aholi bandligini ta’minlash va eksport hajmini ko‘paytirishda katta ulushga ega bo‘lgan ushbu sohalar istiqbolini endilikda klasterlar belgilab beradi. Bunga yurtingizga bir necha bor tashrifim davomida Buxorodagi “BCT Cluster” paxta-to‘qimachilik klasteri, xususan, uning tolani chuqur qayta ishlab, jinsi shimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan to‘qimachilik kombinati faoliyati bilan yaqindan tanishib, shunday xulosaga kelganman. Qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarida ham klasterlar tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani esa alohida diqqatga sazovor.

Manba: Xs.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbekiston birinchi chorakda 2,7 mlrd dollarlik oltin sotdi 25 apr, 00:06 73
  • O‘zbekiston Ozarboyjonda anorzorlar barpo etishni rejalashtirmoqda 23 apr, 11:48 54
  • Malayziya O‘zbekistonda elektrotexnika sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirmoqchi 20 apr, 21:14 68
  • Tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarima kamaytiriladi 19 apr, 17:12 116
  • Dollar kursi yangi marra sari yaqinlashmoqda 18 apr, 18:48 217
  • O‘zbekistonda 1 gramm oltin narxi 1 mln so‘mdan oshdi 17 apr, 19:48 142
  • So'nggi yangiliklar
  • Ortiqcha vaznli insonlar uchun sog‘lom ovqatlanishning beshta muhim qoidasi 25 apr, 12:59 0
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 2
  • Moskva viloyati hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi 25 apr, 11:33 16
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 30
  • Xose Venansio Lopes: Raqibimiz jahonning eng kuchli terma jamoalaridan biri ekanini yaxshi bilamiz 25 apr, 11:05 83
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 36
  • Pentagon Ukrainaga yangi yordam paketining tarkibini ochiqladi 25 apr, 10:11 101
  • Isroil Madrimov—Terens Krouford boks oqshomining kardi e’lon qilindi 25 apr, 09:48 40
  • Isroil Madrimov: Kroufordni hurmat qilaman, lekin bu mening divizionim 25 apr, 09:29 82
  • Xavi “Barselona”dagi faoliyatini davom ettirishga rozi bo‘ldi 25 apr, 09:10 44
  • Xonanda Avazbek Olimovdan “Sevar yorim” qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylab kelayotgani uchun 540 mln so‘m undirish so‘ralmoqda 25 apr, 08:44 234
  • Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kobulda “Tolibon” vakillari bilan uchrashdi 25 apr, 08:20 215
  • Bo‘limlar