“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 26 2024, 05:49
ЎЗO‘Z

«Jannatga yo‘l ota-ona orqali o‘tadi» — Islomda farzandlik majburiyatlari

09 мая, 22:08 3 942 Jamiyat / Hayot tarzi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
«Jannatga yo‘l ota-ona orqali o‘tadi» — Islomda farzandlik majburiyatlari Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilayotgan turkum ko‘rsatuvlarimizning navbatdagi soni Islom dinining oliy qadriyatlaridan biri – ota-ona haqi mavzusida bo‘ldi. Bu xususda «Mirzo Yusuf» jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy so‘zlab berdi.

Ota-onaning qadri borasida Qur’oni Karimdagi bir oyat va hadisi shariflardan kelib chiqib, ulamolarning bu borada keltirgan hikmatli gaplarini tahlil qilsak, kifoya qiladi.

Alloh Qur’oni Karimning Isro surasi 23-oyatida shunday deb marhamat qiladi: «Va Robbingiz faqat O‘zigagina ibodat qilishingizni va ota-onalarga yaxshilik qilishingizni buyurdi».

Agar e’tibor qilsak, oyati karimaning avvalida Qur’onning ajoyib mo‘’jizasi zohir bo‘lmoqda. Arab tilining qoidalariga muvofiq, «Robbingiz sizga faqatgina O‘zigagina ibodat qilishingizni va ota-onangizga yaxshilik qilishingizni buyurdi», – deyish kerak edi. Lekin jumla muhotob bilan kelib, birdaniga ko‘plikka o‘tib ketyapti. «Robbingiz faqat O‘zigagina ibodat qilishingizni va ota-onalarga yaxshilik qilishingizni buyurdi», deyilmoqda.

Buning bilan inson nafaqat o‘zining ota-onasiga yaxshilik qilishi kerakligi, balki har bir ota-ona yoshiga yetgan keksa yoshdagi kishilar yoshlardan, o‘z farzandi tengilardan doimo hurmat ko‘rishga haqli ekani ma’lum bo‘ladi.

«Agar ulardan biri yoki ikkovi ham sening huzuringda keksayib qolgan bo‘lsa, ey farzand, sen ularga aslo «uff» deya ko‘rma. Ularni jerkima, ularga shafqat qanotingni yoz va, aytginki, Robbim, ota-onam meni go‘dakligimda tarbiya qilganlaridek, endi Sen ularga rahm qil».

E’tibor qiling, «uff» degan so‘z, aslida, bir so‘z ham, harf ham emas, inson zerikkanida, charchaganida, norozi bo‘lganida norozi kayfiyatni ifoda qiluvchi oddiy bir ovoz. Ammo mana shu «uff» degan ovozning ota-ona oldida chiqarilishi harom bo‘ladi. Farzand ota-onaning huzurida «uff» deyishi – ota-ona ko‘ngliga malol keladi, ular «Farzandlarimizga malol keltirib qo‘ydik», deb o‘ylashadi. Alloh taolo esa, ota-onaning ko‘nglini ranjitmaslikni farzandlarga buyurmoqda.

«Ularni jerkima!» Albatta, savol tug‘iladi. Nahot farzand ota-onasini jerkishi mumkin? Insonni yaratgan Alloh uning fe’lini yaxshi biladi. Qur’oni Karimda aytilyaptimi, demak, bu inson fe’lida sodir bo‘ladigan narsa. Va afsuski, odamlar orasida ota-onasini jerkiydigan farzandlar topilib turadi.

«Ularga shafqat qanotingni yoz!» Va oxirida: «Aytginki, ey Robbim, ota-onam meni go‘dakligimda tarbiya qilganlaridek, endi Sen ularga rahm qil», – deya qayd etiladi.

Islom amaliyot dini hamdir
Buyuk vatandoshimiz Abu Bakr Qaffol Shoshiy rohimahulloh shu oyat tafsirida aytgan ekan:
«Dini Islom faqat og‘izlarda qolib ketadigan din emas, faqat og‘zaki ko‘rsatmalar beradigan din ham emas. Ushbu oyat bunga misoldir. Oyatning boshida Alloh taolo «Ularni jerkima, ularga «uff» dema, ularga shafqat qanotingni yoz», deya og‘zaki ko‘rsatmalar berib keladi-da, oyat oxirida amaliyotga o‘tiladi, farzandga topshiriq beriladi: «Sen endi duo ham qil». Duo bu – amaliyot. Robbim, ota-onam meni go‘dakligimda tarbiya qilganlaridek, endi Sen ularga rahm qil», deb duo qilishga buyurilmoqda».

Namozning ichida ota-onaga duo qilinadi
Ana shu oyati karimaning tafsirida Sufyon Savriy rohimahulloh aytadi:
Alloh taolo farzandni duo qilishga buyurmoqda. Farzand qancha paytda bir duo qilsin: yilda, oyda yoki kunda bir martami? Shunda hazrati Savriy aytdilarki, «Har namozda qadai oxirda, salom berishdan avval duo qilsin».

Ajoyib nuqta. E’tibor qiling: Alloh taolo ota-ona haqiga qilinadigan duo uchun fursatni qayerdan berdi? Namozning ichkarisidan berdi. Namoz Alloh va banda o‘rtasidagi me’roj misolidir. Ota-ona haqqiga qilinadigan duo boshqa vaqtda emas, aynan namozning ichidan berilmoqda. Ota-ona haqqiga «Allohim, ota-onamni mag‘firat qilgin», deya duo qilingandan keyingina salom berilib, namozdan chiqiladi. Mana shuning o‘zi ota-onalarga berilgan eng katta darajadir.

Ota-onalik rishtasini hech narsa uza olmaydi, hatto dinsizlik ham
Eng qizig‘i, bu darajaga erishgandan so‘ng hech qachon va hech kim ularni ota-onalik darajasidan tushira olmaydi. Hatto kufr va shirk ham. Ota-ona kofir bo‘lgan taqdirda ham musulmon bola ularga xizmat qilishi buyurilgan.

To‘g‘ri, agar ota-ona gunoh bo‘ladigan ishlarga farzandini buyursa, shariatimizda «Ota-onangga itoat etma», deyiladi. Biroq bu ota-onaga yaxshilik qilmaslik kerakligini anglatmaydi, ularga yaxshilik qilinaveradi. Faqat gunohga chorlangandagina itoat qilmaslik mumkin. Sababi, ulkan qoida bor: «Allohga gunoh bo‘ladigan ishlarda bandasiga itoat qilish yo‘q».

Ota-ona bilan tortishish nojoizdir
Albatta, Qur’oniy va nabaviy ko‘rsatmalarning hammasi bu holatda faqat yumshoqlik bilan, yaxshilik bilan inkor etish lozimligini ko‘rsatadi.
Inkor etish deganda faqat jahl yoki isyon tushunilmaydi. Yumshoqlik, yaxshilik va tabassum bilan inkor etish lozim. Bu holatda buyuk imomlarimizdan biri Imom Shofeiyning aytganlarini misol keltirsak, mavzu yanada oydinlashadi.

Hazrati imom Shofeiydan so‘radilar: «Farzand ota-ona bilan xusumatlashsa, ya’ni xusumat kayfiyatida gaplashsa bo‘ladimi?» Shunda imom Shofeiy: «Nima deyapsizlar? Ota-ona bilan xusumatlashish-a? Aslo! Ota-onaning o‘zi tugul, hatto ularning kavushi bilan ham xusumatlashish mumkin emas», – dedilar.

«Kimki o‘zi haq bo‘la turib, ota-onasi nohaq bo‘lsa va ota-onasiga o‘zining haqligini isbotlash maqsadida hujjat keltirsa, farzand ota-onasiga oq bo‘ladi», deganlar imom Shofeiy.
Afsuski, qancha farzandlar o‘zining haqligini isbotlash uchun ota-onasi bilan tortishadi, buning aslo keragi yo‘q.

Avval onaga, so‘ngra otaga, keyin opa-singilga
Inson yoshi o‘tgan sayin o‘zi ota-ona bo‘lib, farzandlarining oqibatlarini ko‘rgan sayin o‘z ota-onasining naqadar dono bo‘lganini sezib boraveradi. Shuning uchun yaxshilik qilishga eng ko‘p loyiq bo‘lgan zotlar – ota-onalar hisoblanadi.

Bu haqida Imom al-Buxoriy Kulayb ibn Manfaadan ushbu hadisni rivoyat qilganlar:
Kulayb ibn Manfaa aytadilarki, «Mening bobom Rasululloh (s.a.v)dan so‘ragan ekanlar, demak, Kulayb ibn Manfaaning bobosi sahoba bo‘lgan. So‘radilarki, «Kimga yaxshilik qilay, ey Rasululloh?» Rasululloh (s.a.v) aytdilar: «Avval onangga, so‘ngra, otangga, keyin opa-singlingga, aka-ukangga. Va undan so‘ng navbatdagi qarindoshlaringga yaxshilik qilgin».

Ushbu hadisi sharifda avval ona, so‘ng ota va keyin opa-singil va aka-ukalar zikr qilindi. Har birining o‘z o‘rni va fazli bor. Ona boshqa ba’zi ko‘rsatmalarda 3 karra ziyoda ekani zikr qilingan.

Onaning 3 marta ziyoda qilinganiga sabab nima?
Hamasr ulamolarimizdan biri marhum doktor Mustafo Zuhayliy o‘zining «Tafsiri Munir» degan tafsir kitobida yuqoridagi oyati karimaning tafsirini shunday keltiradi:

Ona otadan 3 karra ziyoda qilindi. Chunki 3ta ishda ona yolg‘iz bo‘lgan bo‘ladi: homilani ko‘tarish mashaqqatida, homilani dunyoga keltirish sinovida va tug‘ilgan bolani 2 yilgacha uyqusini buzib emizish muddatida ona yolg‘iz bo‘ladi.

Ota qanchalik mehribon bo‘lmasin, ayolining homiladorlikdagi azobini his qila olmaydi. Qanchalik mehribon bo‘lib ayoli yonida tursa-da, tug‘ruq azobini his qila olmaydi. Kechalari uyg‘onib bolasining beshigini tebratsa ham, u bu ishni ona kabi mehr bilan bajara olmaydi. Onaning shu 3ta ish orqali darajasi orttiriladi.

Silai rahmda opa-singil ota-onadan keyin birinchi o‘rinda
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, opa-singillar ham aka-ukalardan oldingi o‘ringa qo‘yildi. Chunki opa-singillar doim shafqatli va mehribon bo‘lib kelgan. Buni tushungan faqihlarimiz bir masal aytadilar:

Singil ziyoratiga ketayotgan aka katta bug‘doyzor maydonning orqasida singlisi yashasa, bug‘doyzorni aylanib borguncha vaqt ketishi sababidan o‘sha bug‘doyzorni bosib o‘tib, payhon qilib bo‘lsa-da, singilni borib ko‘rishiga shariatimiz ruxsat bergan. Boshqa holatda hosilni payhon qilishga ruxsat yo‘q.

Ota-onasi tirik farzand – moli kasodga uchramaydigan tijoratchi misolidir
Bu mavzuda gap ketsa, o‘z hayotimda sodir bo‘lgan bir qissa doim yodimga tushadi. Umra ziyoratiga borganimda Masjidul-haromdan chiqar ekanman, nogironlar aravasida o‘tirgan juda nuroniy otaxonga ko‘zim tushdi. U kishining yoshi keksa, soch-soqollari oppoq, arab millatiga mansub edi. Men ularning yonlariga borib meni duo qilishlarini so‘radim.

Shunda u kishi mendan: «Ey bolam, otang hayotmi?» deb so‘radilar. U mahalda rahmatli ota-onam hayot edi. «Ha, otam bor» deb javob berdim. «Onang bormilar?» deganlariga ham ha deb javob berdim. Shunda u kishi tabassum bilan: «Unday bo‘lsa, ey bolam, sen katta savdogar ekansan. Tijoratingga mustahkam bo‘l, mustahkam bo‘l», dedilar. Men u kishining peshonasidan o‘pib yo‘limda davom etar ekanman, qulog‘imdan u odamning «Tijoratingga mustahkam bo‘l», degan gaplari ketmadi.

Ha, ota-ona eng katta tijoratdir. Hatto hech qachon kasod bo‘lmaydigan tijoratdir. Ota-onasi hayot kishilar buni yaxshi bilishi kerak. Shuning uchun ular hayotligida g‘animat bilib, duolarini olishga harakat qilish kerak.

Ota-onangni go‘rida chirqiratma
Albatta, ota-ona o‘tgandan so‘ng ham masofa uzilmaydi. Alloh taolo ota-bolaning, ona-bolaning o‘rtasidagi rishtani shunday mustahkam bog‘laganki, bu rishtani hatto eng yaqin kishilar – tanmahramlar o‘rtasini uzadigan o‘lim ham uza olmaydi.

Ota-ona hayot chog‘larida farzandlaridan qanday ta’sirlangan bo‘lsa, ruhlari ham shunday ta’sirlanadi. Farzandning amali yaxshi bo‘lsa, ota-ona ruhi shod bo‘lib, darajasi ortadi. Farzandning amali yomon bo‘lsa, ota-ona ruhi ozor topadi va boshqa ruhlar oldida xijolat chekadi. Buni dono xalqimiz azaldan shunday ifodalagan: «Otangning ruhini chirqiratma», «Otangni go‘rida tik turg‘izma».

O‘ylab ko‘rilsa, bu – kichik bir aqida, biroq shu kichik aqida mamlakatda jinoyatchilikning oldini olishda katta omil bo‘ladi. Chunki ota-onasini yaxshi ko‘rgan farzand ularning ruhiga ozor bermaslik uchun yomonlikdan qo‘lini tortadi. Agar bu tushuncha va aqida hammada bo‘lsa, jinoyatchilikning oldini olishda katta omil bo‘ladi.

Ota-onasining ko‘nglini og‘ritganlar nima qilsin?
Ota-onani Alloh farzandiga o‘ta mehribon qilib yaratgan. Boshqalar kechira olmaydigan jinoyatni ular har doim kechirishga tayyor.
Mabodo farzandlar bexabarlik qilib bu g‘animatni qo‘ldan o‘tkazgan bo‘lsa, ular ota-onalarining ruhi oldida kechirim so‘rashlari zarur. Ota-onasining ruhiga nisbatan yaxshilik qilishsa, Alloh taoloning o‘zi ularni kechiradi.

Jannatga yo‘l faqat ota-ona orqalidir
Kimning ota-onasi hayot bo‘lsa, qadriga yetib, yaxshilik qilsin. Ota-ona duosini olgan kishi hech qachon xor bo‘lmaydi, hech qanaqa yomonlik ularga xavf solmaydi.

Alloh taolo bu dunyodagi amalni ham, ota-onaga u dunyoda yuboriladigan solih amalni ham, albatta, qabul qiladi. Va duo olgan farzandlarning hamisha qadri baland bo‘ladi. Jannatga yo‘l ham ota-ona oldidan o‘tadi. Shuning uchun ota-onalarni g‘animat bilib, ularga yaxshilik qilaylik!

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbekistondagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi 25 apr, 20:12 82
  • Botir Qodirov: “5 yoshimda otamni mendan tortib olishgan” 25 apr, 19:37 276
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 139
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 107
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 87
  • Yashil hududlarda yashash depressiya va tashvishni kamaytiradi 25 apr, 06:38 103
  • So'nggi yangiliklar
  • Rossiyada iqtisodiyotni riovjlantirish uchun migrantlar zarurligi aytildi 26 apr, 00:22 83
  • Markaziy bank raisi oxirgi oylarda dollar kursi nisbatan tezroq oshganiga izoh berdi 26 apr, 00:22 52
  • Olimlar 15 daqiqada sun’iy olmos yetishtirish usulini ixtiro qildi 26 apr, 00:00 17
  • Eron futzal termasi bosh murabbiyi: "O‘zbekistonga qarshi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz" 25 apr, 23:41 23
  • “Roma” o‘yini ochilib ketgan Shomurodovni qaytaradimi? 25 apr, 23:13 152
  • Ravshan Haydarov: Saudiya Arabistoniga “syurpriz”larimiz bor... 25 apr, 22:46 106
  • U-23 Osiyo kubogi. Qatar Olimpiada yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi, Yaponiya yarim finalda! 25 apr, 22:31 109
  • Piyoda yurish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish depressiyaga chalinishni 23 foizga kamaytiradi 25 apr, 22:22 37
  • Fayzullayev Yevropaga qachon ketishi aytildi 25 apr, 21:56 191
  • Ukraina urushda ilk bor AQSHning uzoq masofali ballistik raketalaridan foydalandi 25 apr, 21:30 248
  • AQSHda G‘azodagi urushga qarshi namoyishda qatnashgan yuzlab talabalar hibsga olindi 25 apr, 21:09 69
  • G‘azodagi ommaviy qabrlardagi jasadlarning kamida 20 tasi tiriklay ko‘milgani ma’lum qilindi 25 apr, 20:47 162
  • Bo‘limlar