“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 28 2024, 18:30
ЎЗO‘Z

«Koronavirus qonunlari». Pandemiya davridan olinadigan tajriba haqida

05 apr, 16:15 1 619 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
«Koronavirus qonunlari». Pandemiya davridan olinadigan tajriba haqida Koronavirusdan keyingi hayot, karantindan keyingi odamlar haqida juda ko‘p fikrlar bildirilyapti, insoniyat, jamiyat avvalgiga nisbatan aqlliroq, jipsroq, boshqacharoq bo‘lishini aytayotganlar ko‘p. Yurtimizda bu qanday ko‘rinishda va qanday tajribalar evaziga hosil bo‘lishi haqida ham ancha mulohazalar qilish mumkin. Masalan...

Bir necha oy oldin internet olamida, ijtimoy tarmoqlarda bir mavzu yaxshigina bahslarga sabab bo‘lgandi. Yo‘l harakatini buzgan haydovchilarni videoga olib, tegishli organlarga jo‘natgan shaxsga ma’lum foiz mukofot berilishi haqidagi xabarlarni eslang. Bu ishni o‘ziga kasb qilib olib, erta-yu kech qoidabuzarlarni poylab o‘tirish, o‘sha pul bilan oila boqishni o‘rganib olganlar borasidagi muhokamalarni bir chetga surib turamiz. Bu qay daraja yarashadigan ish, bu ham mavzumizga aloqasi bo‘lmagan qarashlar, e’tibor bermaymiz. Lekin aynan, yo‘lda ketayotganingizda, boshqa bir haydovchining qoida buzayotgani, tezlikni oshirganini ko‘rib, bu haqida xabar berish to‘g‘ri ishmi yoki yo‘q? Xalq tili bilan aytganda, bu «kazyollik»mi?

Bu masala hatto diniy tarafdan ham muhokama qilingan, qaysidir bir saytda «musulmon boshqa bir musulmonning aybini yashirishi kerak» degan ma’noda berilgan javob yanada ko‘pchilikning noroziligiga uchragandi. Rostdan ham, nazarimda, o‘shanda javob sal oshirib yuborilgan, zero Islom dinida mo‘min mo‘minning aybini yashirishi kerakligi, ko‘proq shaxsiy, boshqaga, jamiyatga zarari yetmaydigan holatlardagina tilga olinadi – masalan, o‘z uyida aroq ichib o‘tirgan oddiy odamni boshqalar oldida sharmanda qilishga urinish, chaqimchilik deb qoralanadi.

Lekin jamiyatga, insonlarga zulm bor joyda, kimdir o‘g‘rilik qilsa, pora olsa yoki boshqa shunga o‘xshash ishlarda, fuqaro o‘z mas’uliyatini his qilishi, ya’ni kerakli joyga xabar berishi kerak. Yo‘l harakati qoidalari u qadar jiddiy qoida emasligi, jarimalar ko‘pligi tufayli, zulmga sabab bo‘lishingiz mumkinligi yoki o‘sha tezlikni oshirgan shaxs zarur ish bilan ketayotgan bo‘lishi mumkinligi kabi izohlar, keyingi darajadagi masala. Aslida yo‘l harakati qoidalarini buzish ham jiddiy ayb, hatto, insonlarning hayotiga zomin bo‘lish mumkin. Avariyadan o‘lganlar soni koronavirusdan ham ancha ko‘p bo‘ladi.

Aslida nafaqat yo‘l harakati, balki boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan ham, ancha keng yondashamiz. Bir odamning poraxo‘rligini bilib turib ham hurmat qilamiz, qonun bo‘yicha jinoyat hisoblangan juda ko‘p amallarni oddiy qabul qila olamiz. Kerakli joyga xabar berishni-ku, qo‘yavering, bu inson uchun eng jirkanch ish hisoblanadi go‘yo. Aslida, o‘sha jinoyatlar aylanib kelib, bevosita o‘zimizning hayotimizni yomonlashtirayotgani haqida o‘ylamaymiz, buni bog‘lash ham qiyin.

Xullas, agar jamiyat deganda biz davlat, qonunlar va odamlarning o‘zaro munosabatini tushunadigan bo‘lsak, bizda davlat bor, uning quroli sifatida qonunlar bor, xalq unga qarshi kurashuvchi bir alohida sub’ekt sifatida tushunib qolingan. Ya’ni qonunlar aslida aholining tartibli yashashlari, kimdir boshqasining ustidan zulm o‘tkazmasligi, ya’ni, adolat ta’minlanishi uchun kerak bo‘lgan vosita sifatida qabul qilinmaydi.

Koronavirus davri shu jihatdan, juda sodda va aniq tajriba bo‘lib, hatto jamiyatshunoslikda amaliy dars sifatida o‘rgatiladigan ob’ektga aylanmoqda. Sababi, virusning asosiy xususiyati boy va kambag‘al, amaldor va ishsiz deb odam ajratmasdan, butun xalq uchun teng xavf bo‘lishidir.

Endi tasavvur qiling, davlat koronavirusga qarshi kurashish chorasi sifatida ma’lum bir taqiq chiqaradi. Aytaylik, insonlarni ma’lum darajada cheklaydigan biror odatiy qoida joriy etiladi. Qarang, ushbu qoidani buzayotgan odamlarni yomon ko‘ryapsizmi yoki yo‘qmi? Shu holatda siz o‘sha odamlar tomondamisiz yoki davlat tomonida? Siz tegishli organga murojaat qilib, falon yerda qoida buzilayotganini, falon guruh odamlar taqiqlarga qaramay, jinoyat qilayotgani haqida xabar qilsangiz, sizni tushunish mumkinmi yoki yo‘q? Albatta, mumkin.

Endi sizni hech kim ayblamaydi. Chunki mana shunday qoidabuzar odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, koronavirus bilan kurash shu qadar samarasiz bo‘lishini bilasiz. Agar qoidabuzarlik qancha ko‘p davom etsa, bugungi noqulay yashash tarzi shuncha uzoq davom etishini ham bilasiz. Agar boshqalar qoidalarga amal qilmaslikda davom etaversa, siz bilasizki, bu holat sizning iqtisodiy holatingizga, turmushingizga, farovonligingizga, sog‘ligingizga va hatto hayotingizga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmoqda.

Siz bemalol qoidabuzarlarni yomon ko‘rishingiz mumkin, bu sizning vijdoningizni qiynamaydi. Ko‘chaga chiqayotgan insonlar zarur ish bilan chiqyaptimi, tirikchilikmi, farqi yo‘q, siz baribir ularni aybdor deb bilaverasiz. Hech kimdan uyalmay, ularga qarshi turasiz, hatto huquq-tartibot organlariga xabar berib, birovning to‘yini to‘xtatishingiz ham mumkin. Atrofingizdagilar sizni yomonlamaydi, siz «kazyol» bo‘lmaysiz – axir butun jamiyat kurashayotgan illatning yo‘qolishini sekinlashtirayotganlar aybdor, to‘g‘rimi?

Endi o‘ylab ko‘ring, xuddi shu mantiq bilan koronavirus emas, boshqa illatlar haqida o‘ylasak, poraxo‘rlik aslida aylanib kelib, bizning hayotimizni yomonlashtirishini, noto‘g‘ri ta’lim aslida bizning sog‘ligimizni xavf ostiga qo‘yishini, monopoliyalar aslida bizning iqtisodiy farovonligimizga bolta urayotganini xuddi koronavirus singari, aniq ko‘ra olsak, qanday bo‘lardi? Ko‘chada maskasiz yurgan odamni birovga kasallik yuqtirishi mumkin deb, qanchalik yomon ko‘ra boshlayotgan bo‘lsangiz, tezlikni oshirayotgan haydovchini birovni bosib ketishi mumkin deb, undan ham shunchalik nafratlana boshlasak, hayotimiz qanchalik yaxshilangan bo‘lardi, to‘g‘rimi?

Hatto jamiyatning jipslashishida ham, umumiy manfaatlarga bo‘lgan ishonch muhim ahamiyat kasb etadi. Umumxalq hashari deb, farmoyishlar chiqib, odamlarning majburan, istamay chiqishi bilan, hozirda odamlarga oziq-ovqat tashish uchun ko‘ngillilar talab qilinganda, talabgorlar ko‘payib ketayotganini qarang, bir.

Qonuniy va savob, axloqsizlik va qoidabuzarlik, ehson va soliq, jinoyat va gunoh birlashib, ayni ma’nolarni bildirmayaptimi? Haqiqiy jamiyat mana shunday bo‘lishi kerak emasmi, nima dedingiz?

Shuni xulosa qilish mumkinki, jamiyat davlat, qonun va odamlardan tashkil topadi. Agar davlat qonunlarni yoki qoidalarni imkon qadar xalqdan pul olish, faqat ma’lum guruh manfaatlarini ko‘zlash maqsadida chiqarsa, xalqning ishonchi kamayadi, bu qonunlarni buzish yana ayb sanalmay ketadi. Bu qonunlarni buzganlarni yana yomon ko‘rmay qo‘yishadi, aksincha, davlat tomon bo‘lgan insonlarga nisbatan nafrat paydo bo‘ladi.

Aksincha, odamlar qonunlarga rioya qilishi, qonunbuzarlarni yomon ko‘rishi uchun, ular bu qonunlar aynan ularning foydasi, manfaati uchun chiqarilayotganiga aniq ishonishi kerak. Aniq ishonch uchun esa, davlat qonunlarni butun xalqning foydasi, manfaati uchun chiqarishi lozim.

Ya’ni davlat avvalo xalqqa tayanishi, xalq esa, o‘z navbatida, yaxshi yashash uchun qonunlarga, ularni tartibga solib turuvchi davlatga ehtiyoji borligini barcha jabhalarda anglashi, bunga ishonishi muhimdir.

Xuddi koronavirus qonunlari singari...
Manba: Kun.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • Korrupsiya darajasi yomon va yaxshi bo‘lgan tashkilotlar e’lon qilindi 28 mar, 18:23 0
  • Toshkentda qalbaki dollarni sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi 28 mar, 17:17 10
  • Lezviya bilan badanini kesgan yigit hodisasi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi 28 mar, 16:44 121
  • Jizzaxda ikki rahbar 64 gektar yerni sotayotganda qo‘lga olindi 28 mar, 15:30 53
  • Toshkentdan Farg‘ona vodiysiga mikroavtobus qatnovi tashkil etiladi 28 mar, 14:43 45
  • Toshkentda 29 mart kuni «Avtomobilsiz kun» tadbiri o‘tkaziladi 28 mar, 14:24 45
  • So'nggi yangiliklar
  • Rus nashrlari: «Krokus»da terakt uyushtirganlar narkotik ta’sirida bo‘lgan 28 mar, 17:40 29
  • Toshkentda qalbaki dollarni sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi 28 mar, 17:17 10
  • Toshkentning “Bunyodkor” klubiga yangi bosh murabbiy tayinlandi 28 mar, 17:00 79
  • Lezviya bilan badanini kesgan yigit hodisasi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi 28 mar, 16:44 121
  • Qandli diabet kasalligida ro‘za tutsa bo‘ladimi? 28 mar, 16:20 68
  • 29 mart kuni O‘zbekiston hududida qanday ob-havo kutilmoqda? 28 mar, 15:53 96
  • Jizzaxda ikki rahbar 64 gektar yerni sotayotganda qo‘lga olindi 28 mar, 15:30 53
  • Rossiya NATO bilan jang qilish niyatidami? Putin nima deb javob berdi? 28 mar, 15:07 275
  • Toshkentdan Farg‘ona vodiysiga mikroavtobus qatnovi tashkil etiladi 28 mar, 14:43 45
  • Toshkentda 29 mart kuni «Avtomobilsiz kun» tadbiri o‘tkaziladi 28 mar, 14:24 45
  • AQSH politsiyachilarining «aqlli qarori» Legoga ma’qul kelmadi 28 mar, 14:00 90
  • Dubay hukmdorining eng go‘zal qizi qanday hayot kechiradi? 28 mar, 13:31 426
  • Bo‘limlar