“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 24 2024, 01:27
ЎЗO‘Z

Barchasi koronavirus haqida – qisqa satrlarda

02 apr, 00:30 4 296 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Barchasi koronavirus haqida – qisqa satrlarda 2019 yilning so‘nggi kunlarida Xitoyning Uxan shahrida yangi koronavirus paydo bo‘ldi. Uning ta’siri dastlab ommaviy axborot vositalarida bilindi: SARS-CoV-2 haqida yangiliklar, tahlillar, ilmiy maqolalar e’lon qilina boshladi. Oradan bir necha oy o‘tib, 2020 yilning mart oyi o‘rtalariga kelib atrofimiz deyarli shu so‘z bilan boshlanadigan yoki shu so‘z qatnashadigan gaplardan iborat bo‘lib qoldi. Bugun “koronavirus” degan so‘zni bilmaydigan odam yo‘q, hisobi – tili chiqqan bolakaydan o‘lim to‘shagida yotgan keksalargacha bu haqda nimadir biladi.

Hamma joyda shu so‘z aylanar ekan, u haqdagi to‘g‘riyu noto‘g‘ri ma’lumotlar ummoniga cho‘kib ketish hech gap bo‘lmay qoldi. Shuning uchun quyida u haqdagi eng muhim ma’lumotlarni to‘plab, ushbu virus va u keltirib chiqaradigan kasallik haqidagi 80 ta haqiqatni sizga yetkazishga harakat qildik. Umid qilamizki, bu siz uchun foydali axborot bo‘ladi.

1-haqiqat. COVID-19 va SARS-CoV-2 – bu ikkisi bir narsa emas. COVID-19 – dastlab Uxanda paydo bo‘lgan yangi koronavirus keltirib chiqargan kasallik, undagi D harfi “disease” – “kasallik” so‘zining birinchi harfini bildiradi. SARS-CoV-2 – bu o‘sha, yangi paydo bo‘lgan koronavirusning rasmiy, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) tomonidan berilgan nomi.

2-haqiqat. CoV – virus nomining qisqartmasi, to‘liq shakli: CoronaVirus (koronavirus). Boshoqli uchi tashqaridan qaraganda quyosh tojini eslatgani uchun u shunday, CoronaVirus – “tojli virus” deb nomlangan. Biz hozir tilga olayotgan virus koronaviruslar oilasining bir vakili bo‘lib, uning 40 ga yaqin turi bor.

3-haqiqat. Koronaviruslar – “biologik yolg‘onchilar” hisoblanadi. Virusning har bir boshog‘i o‘zini foydali molekula sifatida namoyon etadi. Shuning uchun hujayra to‘qimalari mamnuniyat bilan ularni o‘ziga tortib oladi: boshoqning ortidan hujayraga virus to‘liq holatda kirib ketadi. Zararlanish, yuqish mana shunday ro‘y beradi.

4-haqiqat. “Yangi koronavirus” (novel yoki nCoV) atamasi bu virusni shu paytgacha na olimlar, na bizning hujayralarimiz uchratganini bildiradi.

5-haqiqat. Minglab yillar davomidagi rivojlanish tufayli bizning immun tizimimiz ko‘plab taniqli yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni o‘rganib olgan. Ammo yangi koronavirus notanish bo‘lgani uchun immun tizimimizni ajablantirib, unga qarshi kurashni murakkablashtirib qo‘ydi. Shuning uchun uni bartaraf etish qiyin, undan zararlanish esa oson.

6-haqiqat. Hujayraga tushgan virus uni “egallab”, ustidan nazorat o‘rnatadi va to‘xtovsiz ravishda odatiy oqsillar o‘rniga o‘zining nusxalarini ishlab chiqarishga majbur qiladi. Natijada zanjirli (ketma-ket ulanib ketadigan) jarayon boshlanib, hujayra halok bo‘ladi, kasallikning tashuvchisi esa faol holatda – boshqa odamga o‘tishga shay bo‘lib qolaveradi.

7-haqiqat. Dastlabki bosqichda yangi koronavirus tomoqda va nafas yo‘llarining yuqori qismida ko‘payadi. Keyin esa pastroqqa tushib, o‘pkagacha yetib boradi va uning yallig‘lanishiga olib keladi.

8-haqiqat. Shuning uchun yangi koronavirusning birinchi belgisi – yo‘tal. Undan keyin tana haroratining ko‘tarilishi boshlanadi.

9-haqiqat. Yoki hech qanday isitma bo‘lmaydi – Uxanda bemorlarning 30%i kasalxonaga olib kelinganida ularning tana harorati me’yoridan yuqoriga ko‘tarilmagan.

10-haqiqat. Kasallanganlarning ko‘pchiligida (18%i yoki har besh kishidan birida) hatto yo‘tal ham bo‘lmaydi. Kasallik umuman alomatlarsiz kechishi – inson o‘zining kasal bo‘lganidan shubhalanmay uni o‘tkazib yuborishi, to‘liq tuzalib ketishi ham mumkin.

Koronavirus bilan zararlanishning dastlabki belgilaridan biri quruq yo‘tal sanaladi
11-haqiqat. Shunga qaramay, aynan shu – kasallikni hech qanday alomatsiz o‘tkazib yuborayotgan kishi virusning faol tashuvchisi bo‘lib, boshqalarni zararlantirishi mumkin.

12-haqiqat. Agar COVID-19 kasalligi yengil shaklda o‘tsa, uning alomatlari oddiy mavsumiy grippnikiga o‘xshaydi: quruq yo‘tal, isitma, umumiy quvvatsizlik, ba’zida bo‘g‘imlarda og‘riq turishi yoki boshog‘rig‘i.

13-haqiqat. COVID-19 kasalligi ham xuddi oddiy gripp kabi davolanadi – uy sharoitida va bosqichma-bosqich.

14-haqiqat. Koronavirusning o‘ta noodatiy belgilaridan biri – ta’m yoki hid bilish hissining yo‘qolishi.

15-haqiqat. Yuqorida qayd etilgan oxirgi belgi virus bilan kasallanganlarning hammasida ham uchramaydi. Shuningdek, u kasallikning yagona belgisi emas.

16-haqiqat. Shunday ekan, sizda birdan hid yoki ta’m bilish hissi yo‘qolsa, bu xavfsirashga va kerakli choralarni qo‘llashga arziydi.

17-haqiqat. Bunisi muhim: yangi koronavirusning tashuvchisi undan zararlanishi bilanoq, hali kasallik alomatlari ko‘rinmagan bo‘lsa ham atrofdagilar uchun xavfli bo‘lib qoladi.

18-haqiqat. Yaxshi yangilik: xavfli virus qanchalik o‘ldiruvchan bo‘lsa, uning tarqalish imkoniyati shunchalik past bo‘ladi – bir kishi bir virus tufayli vafot etsa, endi o‘sha virus boshqa odamni zararlay olmaydi. Shuning uchun virus yanada o‘ldiruvchan shaklga mutatsiya qilmaydi – o‘zgarmaydi, bu uning foydasiga emas.

19-haqiqat. Yomon yangilik: SARS-CoV-2 (biz ko‘rib chiqayotgan koronavirus) – aynan boshqa toifaga mansub: u unchalik xavfli emas, ammo o‘zi o‘rnashgan insonni kasallanish manbasiga aylantiradi. Koronavirusga chalingan kishi hali uning alomatlari ko‘rinmay turib yana bir necha kishini zararlantirishi mumkin.

Tibbiy niqoblar koronavirusdan himoya qilmaydi. Virusning zarralari shunchalik maydaki, ular niqobdagi teshiklar orasidan osongina o‘tib ketadi.
20-haqiqat. Yangi koronavirus bilan zararlangan kishi o‘rtacha 2 nafardan 4 nafargacha insonga uni tarqatib ulguradi. Bu son mavsumiy grippdan yuqori (kasallangan inson 1-3 kishini zararlaydi), ammo qizamiqdan (12 va undan ko‘p insonni zararlaydi) ancha past.

21-haqiqat. Shunday bo‘lsa ham har qanday boshqa yuqumli kasallik kabi SARS-CoV-2 koronavirusining ham o‘z “supertarqatuvchi”lari bo‘ladi. Bunday kishilar nisbatan ko‘proq odamlarga – yuzlab, hatto minglab kishilarga virus tarqatib ulguradi. Bunga aniq misolni keyingi bandda o‘qing.

22-haqiqat. Janubiy Koreyada koronavirusga chalinganlar soni 30 kishiga yetgunicha hammasi joyida edi. Ammo “31-raqamli bemor” deb nomlangan keksa ayol o‘zining kasalligini rad etib, tekshiruvdan o‘tish o‘rniga uning ochiq belgilariga qaramay, bir necha kun davomida 1 160 kishi bilan muloqotda bo‘lgan va keyinchalik ularning aksarida koronavirus aniqlandi.

23-haqiqat. Aniqlanishicha, u o‘ta dindor bo‘lgan, qattiq yo‘tal va yuqori isitma bo‘lsa ham cherkovga qatnashda davom etgan, koronavirusga qarshi tekshiruvdan o‘tish taklifini inkor qilgan.

24-haqiqat. Natijada atigi 10 kun ichida Janubiy Koreyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 30 kishidan 500 kishiga oshib ketdi.

25-haqiqat. COVID-19 kasalligidan vafot etish ko‘rsatkichini hozircha aniq aytish mushkul. Ammo ko‘plab tadqiqotlarga ko‘ra bu kasallik bilan og‘riganlarning 1-3%i undan vafot etadi.

26-haqiqat. Bu mavsumiy grippga nisbatan 20 baravar yuqori, ammo o‘zining o‘tmishdoshlari bo‘lgan SARS (10%) va MERS (25%) viruslariga yaqin ham kelmaydi.

Koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha Italiya mutlaq yetakchi bo‘lib turibdi
27-haqiqat. COVID-19’dan o‘lim darajasi muayyan mamlakatdagi sog‘liqni saqlash tizimi va tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatiga bog‘liq: kasallikdan o‘lim ko‘rsatkichi tibbiyoti yaxshi rivojlangan Germaniyada 0,3%ni, shu paytgacha tibbiyotida muammolar yetarlicha bo‘lgan Italiyada esa deyarli 9%ni tashkil etyapti.

28-haqiqat. 70 yoshdan yuqori guruhda o‘lim ko‘rsatkichi 5%dan oshadi, 80 yoshdan yuqori guruhda esa COVID-19’ga chalingan har o‘n kishidan biri vafot etadi.

29-haqiqat. Aynan shuning uchun ham butun dunyodagi hukumatlarning asosiy vazifasi – epidemiya tarqalishini uzoqroq muddatga cho‘zib turish va bir vaqtning o‘zida ko‘proq odam koronavirus bilan kasallanmasligiga erishish hisoblanadi. Shunda kasalxonalar to‘lib qolmasligi va har bir bemorga yordam ko‘rsatilishiga erishish mumkin.

30-haqiqat. SARS-CoV-2 koronavirusining tarqalishi pandemiya darajasiga yetganidan keyin tezlik bilan rivojlana boshladi: bu virus aniqlangan birinchi kishidan 100 minginchi kishiga yetgunicha 67 kun kerak bo‘ldi; 100 minginchidan 200 minginchi bemorgacha 11 kun ketdi; undan keyin bemorlar soni 300 000 ga chiqishiga 4 kun yetarli bo‘ldi.

Jarayon shu tarzda davom etyapti:
300 000 dan – 400 000 kishigacha 2 kun;
400 000 dan – 500 000 kishigacha 47 soat;
500 000 dan – 600 000 kishiga 41 soat;
600 000 dan – 700 000 kishigacha 31 soat va hokazo.

31-haqiqat. Har kuni koronavirus bilan kasallanganlar soni umumiy hisobning uchdan biricha miqdorda ko‘payyapti.

Koronavirus dunyodagi eng olis aholi manzilgohi bo‘lgan Pasxa oroliga yetib bordi. U Chili sohillaridan 3 514 km, eng yaqin aholi yashash joyi – Pitkern orolidan 2 075 km uzoqlikda joylashgan.
32-haqiqat. Pandemiya Yer yuzining inson yashaydigan eng uzoq hududlariga ham yetib bordi: 24 mart kuni Chiliga qarashli Pasxa orolida 42 yoshli erkakda koronavirus aniqlandi. Tinch okeanida joylashgan Pasxa oroli dunyoda eng olis aholi yashash joyi hisoblanadi: u Chili sohillaridan 3 514 km, eng yaqin aholi yashash joyi – Pitkern orolidan 2 075 km uzoqlikda joylashgan.

33-haqiqat. Mutaxassislar yirikroq ko‘lamdagi falokatga ruhan tayyor turishni uqtirmoqda: koronavirusga chalinganlar soni o‘n millionlarga yetishi, o‘lganlar soni esa yuz minglab kishini tashkil qilishi ehtimoli bor.

34-haqiqat. SARS-CoV-2 koronavirusi aniq qayerdan paydo bo‘lgani haligacha noma’lum. Ammo unga o‘xshash viruslar ko‘rshapalak va pangolinlarda uchraydi.

35-haqiqat. Katta ehtimol bilan virus mutatsiyaga (o‘zgarishga) uchrab, boshqa bir hayvonga, undan esa insonga o‘tgan.

36-haqiqat. Koronavirus birinchi marta insonga o‘tganida odamlar uchun xavflimidi? Yoki u mutatsiyaga uchrab, bizning hujayralarimizga kirishni o‘rganib olganidan keyin xavfga aylandimi? Olimlar bu savollarga hali javob topganicha yo‘q.

37-haqiqat. Agar odamlar o‘zaro aloqa qilganida virus o‘tishi xavfi bo‘lsa, unda u haligacha hayvonot dunyosida ham kezib yuribdi: ertami-kechmi insonni yana zararlashi mumkin.

38-haqiqat. Aynan shuning uchun ham Uxanda kasallik tarqala boshlaganida birinchi bo‘lib u yerdagi yovvoyi hayvonlar sotiladigan bozorni yopishdi.

39-haqiqat. Aytgancha, bu Xitoyda oddiy hol – har safar yangi yuqumli kasallik chiqib, karantin e’lon qilinganida birinchi bo‘lib bozorlar yopiladi. Bu odatda vaziyatni o‘nglashga yordam beradi. Biroq bu safar kech qolishdi: belgisi doim ham ko‘rinmaydigan virus omma ichida tarqab ketishga ulgurdi.

Uxan shahrida yopilgan yovvoyi hayvonlar bozori
40-haqiqat. Yo‘q, virus qandaydir biologik laborotoriyadan tashqariga chiqib ketgani yo‘q. Garchi bunga kimdir ishonishni istamasa ham bor gap shu.

41-haqiqat. Virusning sun’iy ravishda ishlab chiqarilgani haqidagi taxmin bir vaqtning o‘zida turli xil davlatlarning bir qator olimlari tomonidan sinchiklab o‘rganildi va… asosga ega bo‘lmagani uchun bu fikr rad etildi.

42-haqiqat. “O‘tkazgan tahlillarimizning ko‘rsatishicha, SARS-CoV-2 laborotoriyada ishlab chiqarilmagan va qandaydir aniq maqsadni ko‘zlab tarqatilgan virus emas” – Nature jurnalidagi tadqiqiy maqoladan olingan iqtibos.

43-haqiqat. Modomiki, koronavirus haqidagi asotirlarni (mif) fosh qilishni – yolg‘onligini ochishni boshladikmi, unda yana bittasi bilan tanishing: tibbiy niqoblar koronavirusdan HIMOYA QILMAYDI. Virusning zarralari shunchalik maydaki, ular niqobdagi teshiklar orasidan osongina o‘tib ketadi.

44-haqiqat. Agar koronavirusning o‘lchamini tasavvur qilmoqchi bo‘lsangiz, mana, bir misol: ignaning uchiga virusning 100 millionta nusxasini joylashtirish mumkin.

45-haqiqat. Koronavirus bilan kasallangan kishi yo‘talganida so‘lakning mayda tomchilari havoga tarqalib ketadi, har bir tomchida milliardlab (!) virus zarralari bo‘ladi.

46-haqiqat. Tibbiy niqoblarni taqishdan maqsad – koronavirusga chalingan bemor boshqalarni zararlantirmasligidir. U kasallikdan 100% himoya qilmaydi, ammo atrofdagilar uchun xavfni biroz kamaytiradi.

47-haqiqat. Ko‘pchilik tomonidan tasdiqlangan fikrga ko‘ra, uy hayvonlari koronavirusni TARQATA OLMAYDI. Biron kishi it yoki mushukdan zararlangani haqida bironta ham holat qayd etilmagan.

48-haqiqat. Ammo virus avval u bilan kasallangan bemor kirib o‘tgan bo‘m-bo‘sh binoda saqlanib turishi va boshqa odamga o‘tishi mumkin.

49-haqiqat. Koronavirus havoda uch soat davomida hayotiy layoqatini saqlab turishi, ya’ni, odamlarni zararlashi mumkin.

50-haqiqat. SARS-CoV-2 virusi plastik va po‘lat yuzalarda uch sutkagacha, qog‘oz va kartonda bir sutkagacha, misda to‘rt soatgacha yashashi mumkin. Demak, eng xavfli yuzalar – plastik va po‘lat sirtlar hisoblanadi.

51-haqiqat. Aynan shuning uchun ham kasallikning oldini olish uchun eng asosiy va ishonchli vosita – uyingizdan tashqaridagi har qanday yuzani ushlaganingizdan keyin qo‘lni yaxshilab, sovunlab yuvish bo‘ladi.

52-haqiqat. Qo‘lni qanday yuvish kerakligi haqidagi ko‘rsatmalarni shu kunlarda qayta-qayta ko‘raverganingizdan yod bo‘lib ketgandir. Aytish kerakki, bunda hech qanday noodatiy narsa yo‘q: har doimgidek diqqat bilan, qo‘lning oldiyu orqasini, bo‘g‘imlar orasini, tirnoqlar tagini taxminan yigirma soniya davomida ishqalab yuvsangiz kifoya.

Mutaxassislar qo‘lni 20 soniya davomida yuvish, yo‘talganda va aksirganda og‘izni qo‘l yoki qog‘oz sochiq bilan to‘sish, yuzga qo‘l bilan teginmaslikni tavsiya qilmoqda
53-haqiqat. Agar yaqin o‘rtada suv va qo‘lni yuvishga sharoit bo‘lmasa, unda antiseptik suyuqlikdan foydalanish mumkin. Ammo qo‘lni yuvish ishonchliroq vosita.

54-haqiqat. Agar sizda har qanday turdagi ichimlik yoki texnik spirt bo‘lsa, undan uy sharoitida ham antiseptik tayyorlash mumkin.

55-haqiqat. Juda bo‘lmasa dezinfeksiya uchun miramistin yoki xlorgeksidindan foydalanish mumkin – bularning har ikkisi faqat bateriyalarnigina emas, viruslarni ham o‘ldiradi.

56-haqiqat. Antibiotiklar koronavirusga qarshi befoyda. Bu vositalar hech qanday virusga, hatto gripp va gerpes – terida yaralarni keltirib chiqaruvchi viruslarga ham qarshi tura olmaydi.

57-haqiqat. Butun dunyoda amal qilayotgan karantin va boshqa cheklov choralari toki koronavirusga qarshi vaksina yoki COVID-19’dan samarali davolash usuli topilgunicha (biroz tanaffuslar bilan) cho‘zilishi mumkin.

58-haqiqat. SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi vaksina kelgusi 1-1,5 yil, ya’ni, 2021 yil o‘rtalari yoki oxiridan avval paydo bo‘lmasligi ANIQ. Ungacha esa katta ehtimol bilan virus tahdid solayotgan odamlarning katta qismi unga chalinib, davolanib ham bo‘ladi.

59-haqiqat. Ehtimol, koronavirusga qarshi vaksina hech qachon ishlab chiqilmas. Masalan, OITVga (odam immun tanqisligi virusi – VICH) qarshi vaksina ishlab chiqarish ustida butun dunyo 25 yildan beri harakat qiladi – bundan haligacha natija chiqmadi. Faqat uning oldini olish uchun samarali vosita bo‘lgan tabletkagina bor.

Koronavirusga qarshi vaksina qachon paydo bo‘lishi noma’lum. Balki u umuman ishlab chiqarilmas
60-haqiqat. SARS-CoV-2 virusiga chalingan odamni maxsus davolash usuli hozircha mavjud emas. Kasallanganlar ulardagi kasallik belgilariga qarab davolanyapti. Ya’ni, kasallikning o‘ziga emas, uning natijalariga qarshi kurashilyapti.

61-haqiqat. COVID-19 kasalligiga chalinganlardan qariyb 185 000 kishi undan to‘liq tuzalib ketdi.

62-haqiqat. Kasallanganlarning aksariyati – 80%dan ortig‘iga shifokorlarning yordami umuman kerak bo‘lmaydi. Ular uyda, oddiy grippga qarshi vositalardan foydalanib davolanyapti va o‘rtacha bir haftada to‘liq tuzalib ketyapti.

63-haqiqat. Har beshinchi yoki oltinchi bemor kasalxonaga borishga ehtiyoj sezyapti. Bu asosan keksa yoshdagilar yoki avvaldan surunkali kasallikka ega kishilar bo‘lyapti.

64-haqiqat. COVID-19 kasali bilan og‘riganlarning o‘rtacha 4%i og‘ir ahvolga tushyapti: bemorni sun’iy nafas beruvchi jihozga ulash kerak bo‘lyapti. Bunday bemorlar soni ko‘payib ketgan mamlakatlarda jihozlar yetishmayapti. Natijada bir qator avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar sun’iy nafas beruvchi jihozlarni ishlab chiqarishni boshladi.

65-haqiqat. Aynan shu – sun’iy nafas beruvchi jihozlarning yetishmasligi Italiyada koronavirusdan o‘lim darajasi ortib ketishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib turibdi. Bu mamlakatda keksa yoshdagi bemorlar sonining ko‘pligi, kasalxonalarda yuklamaning oshib ketishi, tibbiyot xodimlari va tibbiy jihozlarning yetishmasligi katta fojea bo‘ldi.

66-haqiqat. Italiyada COVID-19’ga chalinganlardan 15 729 kishi tuzalgan, 12 428 kishi vafot etgan. Yana 77 635 kishi esa hali davolanyapti. (2020 yil 1 aprel kunidagi ma’lumot).

67-haqiqat. Koronavirusga qarshi aniq bir davolash usuli bo‘lmagani bilan unga qarshi dori topish uchun harakatlar to‘xtovsiz davom etyapti. Yangi dori vositalarini ishlab chiqishga vaqt yo‘q, shuning uchun tibbiyot xodimlari shu paytgacha mavjud virusga qarshi dorilarni qo‘llab, tekshirib ko‘rishyapti. Ularning qaysi biri SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi samarali natija berishi hali aniq emas.

68-haqiqat. 2020 yil fevral oyida xitoylik shifokorlar koronavirusga qarshi xloroxin yomon samara bermasligini aniqlagan edi. Xloroxin aslida bezgakning oldini olish va davolash uchun ishlab chiqarilgan dori. Xitoylik shifokorlarning tajribalaridan keyin o‘tkazilgan bir qator tadqiqotlar ham xloroxinning COVID-19’ga qarshi samara berishini tasdiqladi.

69-haqiqat. Bundan tashqari, koronavirusga qarshi yordam berishi mumkin bo‘lgan yana ikkita dori vositasi bor: lopinavir – odatda OITV (odam immun tanqisligi virusi – VICH) bilan kasallangan bemorlarni davolashda ishlatiladi; remdesivir – dastlab Ebola isitmasi va Marburg virusini davolash uchun ishlab chiqarilgan. Hozircha bu ikki dori vositasi ham sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tyapti.

70-haqiqat. So‘nggi umid beruvchi kashfiyotlardan biri – avigan (favipiravir) virusga qarshi vositasi. U Yaponiyada grippga qarshi davolanishda ommabop. Avigan RNK-viruslarga qarshi kurashish uchun maxsus ishlab chiqilgan.

Koronavirusga qarshi vaksina yoki aniq bir dori vositasi yo‘q. Ammo shu paytgacha boshqa kasalliklarga qarshi qo‘llab kelingan avigan (favipiravir), xloroxin, lopinavir va remdesivir bilan davolash samara bergani kuzatilgan
71-haqiqat. Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxanda avigan qo‘llangan bemorlar o‘rtacha to‘rt kunda kasallikdan tuzalib ketdi.

72-haqiqat. Xitoyda deyarli barcha bemorlarga davolanish jarayonida zamonaviy tibbiy vositalar bilan bir qatorda an’anaviy xitoy tabobati (AXT) vositalari ham qo‘llangan.

73-haqiqat. AXT (an’anaviy xitoy tabobati) bilan davolash usuli Guanchjoudagi 8-xalq kasalxonasida ishlab chiqilgan, Guandun provinsiyasi ilm-fan va texnologiyalar vazirligi tomonidan e’tirof etilgan va mintaqaviy hukumat tomonidan tasdiqlangan.

74-haqiqat. Sinxua axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra COVID-19 kasalligidan davolashda asosiy terapeya vositalari bilan birga Sinfey paydu (Qingfei Paidu) aralashmasini qo‘llash ayniqsa samarali hisoblanadi.

75-haqiqat. Ushbu an’anaviy tabobat vositasi shifobaxsh giyohlar va boshqa o‘simliklar asosida tayyorlanadi. Uning tarkibiga Xitoy ignabargli daraxti va qizilmiya ildizi kiradi. Ammo bu dori vositasini tayyorlashda o‘nlab, ba’zida yuzlab o‘simliklardan foydalaniladigan usullar ham bor.

76-haqiqat. Ba’zida COVID-19 kasalligining og‘ir shakliga chalinganlarni ham saqlab qolsa bo‘ladi. Buning uchun ushbu kasallikni o‘tkazib, to‘liq tuzalgan kishining virusga qarshi antijism hosil bo‘lgan qonini bemorga quyish kerak. Bu tajriba SARS, MERS va Ebola viruslari tarqalganida muvaffaqiyatli o‘tgan va Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) tomonidan rasman tavsiya etilgan.

77-haqiqat. Aksirish koronavirusning belgisi EMAS. Yo‘tal – koronavirusning belgisi bo‘lishi mumkin, ammo aksirish – uning belgisi bo‘lmaydi.

78-haqiqat. SARS-CoV-2 mutatsiyaga uchrashda (holatini o‘zgartirishda) davom etyapti. 2019 yil dekabr oyidan 2020 yil mart oyiga qadar virusning bir qator ko‘rinishlari 14 marta genomini (tarkibiy holatini) o‘zgartirishga ulgurdi.

79-haqiqat. Umuman olganda, ushbu virusning genetik turlari – kichik farqlar bilan – allaqachon 1 200 tadan ortib ketdi. Ularni mana bu havola orqali kuzatishingiz mumkin.

80-haqiqat. Sankt-Peterburg Gripp instituti olimlari tomonidan o‘rganilgan koronavirusning “Rossiya talqini” genetik jihatdan uning yevropacha ko‘rinishiga yaqin bo‘lib chiqdi. Bu ushbu yuqumli kasallik Rossiyaga bevosita Xitoydan emas, Yevropa orqali kelganini bildiradi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Afg‘onistondagi dalalarga chigirtkalar hujum qildi 23 apr, 21:44 57
  • Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi o‘g‘li haqida gapirdi 23 apr, 20:53 355
  • Eron prezidenti jiddiy bayonot berdi: «Isroildan hech narsa qolmaydi» 23 apr, 20:00 468
  • Xitoyda poraxo‘r amaldorlarni qidirish bo‘yicha “Tulki ovi” operatsiyasi boshlandi 23 apr, 18:29 149
  • Rossiya dronlari Odessaga hujum qildi: 9 kishi jarohat oldi 23 apr, 15:26 196
  • Amerika Urushni o‘rganish instituti: Rossiya Xarkiv aholisini shahardan qochishga majburlamoqchi 23 apr, 14:36 274
  • So'nggi yangiliklar
  • Rossiya dunyodagi birinchi vodorod yoqilg‘ili avtomobilni taqdim etdi 24 apr, 00:40 0
  • Shomurodovning kelishini bu jamoa muxlislari intizorlik bilan kutmoqda 24 apr, 00:13 1
  • Timur Kapadze: "Raqibimiz Saudiya bo‘ladimi yoki boshqa bir jamoa, biz o‘z maqsadimizga erishishimiz kerak" 23 apr, 23:48 11
  • Vetnam futzal termasi bosh murabbiyi: "O‘zbekiston — turnir favoriti" 23 apr, 23:20 12
  • Iroq OTJ bosh murabbiyi: "Chorak finalda oson raqib bo‘lmaydi, eng muhimi bor kuchimizni ishga solish" 23 apr, 23:03 31
  • U-23 Osiyo Kubogi. O‘zbekiston terma jamoasi Vetnam ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi (video) 23 apr, 22:44 52
  • Abbosbek Fayzullayev birdaniga uchta sovringa da’vogar 23 apr, 22:24 111
  • Saudiya Arabistoni OTJ bosh murabbiyi: "Ikki yil avvalgi musobaqada Vetnamni ham, O‘zbekistonni ham mag‘lub etganmiz" 23 apr, 22:20 105
  • Xose Venansio Lopes: "Yarim finalga chiqish uchun Vetnamga qarshi uchrashuvda nazoratni qo‘lga olishimiz talab etiladi" 23 apr, 22:02 71
  • Afg‘onistondagi dalalarga chigirtkalar hujum qildi 23 apr, 21:44 57
  • Mutaxassis Toshkent havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalar nima ekanini aytib o‘tdi 23 apr, 21:21 122
  • Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi o‘g‘li haqida gapirdi 23 apr, 20:53 355
  • Bo‘limlar