“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 19 2024, 19:44
ЎЗO‘Z

Koronavirus qatag‘oni: Yevropa mamlakatlari o‘z fuqarolarini uyda o‘tirishga qanday majburlayapti?

26 mar, 21:21 4 129 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Koronavirus qatag‘oni: Yevropa mamlakatlari o‘z fuqarolarini uyda o‘tirishga qanday majburlayapti? Yevropa davlatlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash jarayonida birin-ketin shu paytgacha misli ko‘rilmagan, bajarilmagan taqdirda qattiq jazo ko‘zda tutilgan choralarni qo‘llayapti; fuqarolarga qat’iy zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaslik buyurilyapti.

Dastlab aksar Yevropa davlatlarida odamlarga ko‘chaga kamroq chiqish va atrofdagilar bilan muloqotdan qochish tavsiya qilindi. Ammo oxirgi kunlar va haftalarda vaziyat keskin o‘zgarib, tavsiyadan tahdidga o‘tildi.

Chegaralarni yopish va ommaviy tadbirlarni taqiqlash nisbatan yengil choralar bo‘lib, har bir odamning o‘ziga bevosita ta’sir qiladigan choralarni bajarish muhim. Masalan, Britaniya hukumati bir kunda faqat bir marta sayr qilish uchukn ko‘chaga chiqishga ruxsat berdi. Ammo buni nazorat qilish imkonsiz. Shuning uchun hukumatlar, jumladan, demokratik davlatlarning hukumatlari, fuqarolar sog‘lom aql bilan, hech qanday qatag‘on choralarisiz qoidalarga rioya etishiga umid qilyapti.

Ko‘chada yurganlik uchun jarima

Italiya
“Dastavval odamlarga “Iltimos, to‘planmanglar” deb oddiy murojaat qilishni boshlagandik. Hozir esa odamlar ko‘chada biron shubhali kishini ko‘rishi bilan “Uni tekshiringlar”, deb o‘zlari politsiyaga qo‘ng‘iroq qilyapti. Ko‘rinishidan bunday kishilarda ko‘chaga chiqish uchun ruxsatnoma bo‘lmaydi. Ko‘chada politsiya va karabinerlar (harbiy politsiya) navbatchilik qilyapti. Hammani tekshirishyapti”, deb yozadi WhatsApp ijtimoiy tarmog‘idagi yopiq professional guruh a’zosi, Triyest shahridan bo‘lgan Andrea Saule.

Italiya bugungi kunda dunyoda koronavirusdan eng ko‘p zararlangan mamlakatga aylandi. Shunga mos ravishda karantin choralari keskinlashib boryapti. Oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari barcha muassasalar yopildi, yirik shaharlar bir necha kundan beri huvillab qolgan. Fuqarolar ko‘chaga chiqishdan oldin qo‘llariga nima uchun chiqayotganlari yozilgan qog‘oz ovolishlari kerak. Karantin rejimini buzganlik uchun 300 yevrodan 4 000 yevrogacha jarima to‘lanadi. Agar ko‘chada koronavirusga chalingan odam qo‘lga olinsa, unga 5 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi xavf soladi.

Ispaniya
“Politsiya ko‘pchilikni tekshiryapti. Ishga borish uchun yozma ruxsatnomasi bo‘lmagan kishiga jarima va hatto qamoq jazosi berilishi mumkin”, deb yozadi Ispaniyadan Ramon Vilaro Giralt.

Ispaniyada 14 martdayoq karantin tartibi o‘rnatilgandi. Politsiya dronlar vositasida odamlarni dengiz sohillari, maydonlar va odam ko‘p to‘planadigan boshqa joylarni bo‘shatib qo‘yishga chaqirdi. Bir oiladan faqat bir kishi do‘kondan zaruriy narsalarni olish uchun ko‘chaga chiqishi mumkin bo‘ldi.

Karantin rejimini buzganlik uchun qat’iy jazo o‘rnatildi: 30 000 yevrogacha jarima to‘lash, muayyan holatlarda esa bir yilgacha bo‘lgan qamoq.
Masalan, 23 mart kuni politsiya Kataloniyaning Tortosa shahrida bir ayolni hisbga oldi. U Internetda bir yigit bilan tanishib, u bilan uchrashuvga chiqqan bo‘lgan.

Germaniya
“Agar kimdir biron yig‘in uyushtirsa, yoki ikki kishidan ko‘p odam bir yerda to‘plansa, 200 yevro miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Hojatxona qog‘ozini g‘amlab qo‘ymoqchi bo‘lganlarga qiyin, endi bitta qo‘lga bir qadoq qog‘oz berilyapti”, deb yozadi Germaniyadan Shtefani Vaynberger.

Germaniyada 23 martadan boshlab federal darajada yangi qat’iy qoidalar joriy etildi. Odamlarga bir uyda yashaydiganlardan tashqari bir joyda ikki kishidan ortiq to‘planmaslik buyurildi, bu talablarga rioya etilishini politsiya kuzatadigan bo‘ldi.

“Butun Germaniyaga taalluqli jarimalar miqdori bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma yo‘q. Buni har bir federal yer (ma’muriy birlik) o‘zi mustaqil hal qiladi. Masalan, Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Reynland -Pfalsda karantin qoidalarini buzganlik uchun 25 000 yevrogacha jarima belgilangan”, deb aniqlik kiritadi Spiegel gazetasi.

Germaniyada ikki kishidan ortiq odamning bir joyda to‘planishi mumkin emas. Ayni qoida boshqa ko‘plab Yevropa mamlakatlarida ham o‘rnatilgan/GETTY IMAGES
Chexiya
Chexiya 13 mart kuniyoq mamlakat hududida favqulodda vaziyat e’lon qilib, qat’iy taqiqlarni kiritgan. Ko‘chaga o‘ta zarur hollarda va albatta niqob taqibgina chiqishga ruxsat beriladi.

Ikkinchi talabni bajarmaganlikni nazorat qilish oson. Shuning uchun 19 mart kuni chex politsiyasi ko‘chaga niqob taqmay chiqqan 1 316 kishini to‘xtatib ogohlantirgani ajablanarli hol emas. Ammo ularga jarima solish uchun avval ishini sudda ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Shuning uchun faqat 14 kishi jirimaga tortilgan, qolganlar esa og‘zaki ogohlantirilgan.

21 mart kuni Chexiyaning bir shahridagi politsiya ikki fuqaroga niqob taqmagani uchun 10 000 kronadan jarima soldi. Aytish kerakki, ular jamoat joyida spirtli ichimlik ichish bilan aybini og‘irlashtirgan.

Umuman olganda, Chexiyada karantin qoidalarini mensimaslik 3 million kronagacha jarimaga olib keladi. Ammo bu bir kishiga karantinda o‘tirish buyurilgan bo‘lib, o‘sha buyruqni buzganidan keyingina sodir bo‘ladi.

Polsha
Polsha hukumati boshida ko‘chada behuda yurmaslikni tavsiya qilgandi, 24 martdan boshlab esa bir joyda ikki kishidan ko‘p odamning yig‘ilishini taqiqladi.

Hatto cherkovdagi ibodat marosimlarida ham bir vaqtning o‘zida 5 kishidan ortiq odam to‘planishi mumkin emas.
Bu taqiq kamida 11 aprelgacha amal qiladi, uni bajarmaganlar esa 5 000 zlotiygacha jarima to‘laydi.

Britaniya politsiyachilari ko‘chada yurganlarni hozircha og‘zaki ogohlantiryapti, ammo tez orada jarima solish boshlanadi/GETTY IMAGES
Buyuk Britaniya
Britaniya hukumati 23 mart kunidan avvalgi tavsiyalarni taqiqqa aylantirdi. Shu kundan boshlab mamlakatda ko‘chaga chiqish man etildi, faqat oziq-ovqat, zaruriy hayotiy ehtiyojlar, dori-darmon va ishga borish uchungina ostona hatlashga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, britaniyaliklarga bir kunda bir marta sayr uchun tashqariga chiqishga izn berilgan. Shunda ham ikki kishidan ko‘p odam bir joyda yig‘ilishi mumkin emas.

Hukumat matbuot xizmati bu talablarni buzgan kishi payshanba kunidan boshlab politsiya tomonidan jarimaga tortilishiga va’da berdi. Jarima miqdori 30 funt.

Politsiyaning aytishicha, bunda birinchi navbatda jarima undirish emas, odamlarning vaziyatni tushunishi va qonunlarga itoat qilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga kuniga bir marta ko‘chaga aylanish uchun chiqish tartibini politsiya umuman nazorat qila olmasligini politsiyachilarning o‘zlari tan olgan.

“To‘g‘ri, politsiya ikki kishidan ko‘p, guruh bo‘lib yig‘iladigan odamlar bilan shug‘ullanadi. Ammo bir kishi do‘konga necha marta chiqib kelayotganini tekshirish – bu mutlaqo imkonsiz”, degan Angliya va Uels politsiyachilari kasaba uyushmasi rahbari Jon Alter.

Qolgan mamlakatlar
Bir guruh Yevropa davlatlari koronavirusga qarshi kurash jarayonida hali bu qadar keskin cheklovlarga – fuqarolarni yumshoq uy qamog‘iga o‘tkazish darajasiga yetib bormagan. Bular Belgiya, Luksemburg, Niderlandiya, Boltiqbo‘yi davlatlari, shuningdek, Finlandiya, Shvetsiya va Norvegiyadir.

Bu mamlakatlar xuddi barcha qo‘shnilari kabi xorijliklar uchun chegaralarni yopgan, ta’lim va ko‘ngilochar maskanlar eshigiga qulf urgan, ommaviy marosim va yig‘inlarni taqiqlagan. Ammo hali ko‘chaga chiqish uchun taqiq o‘rnatilmagan.
Shunga qaramay, vaziyatga qarab ko‘chaga chiqish ham taqiqlanishi mumkin.

“Ba’zilar karantinni xuddi kutilmagan xursandchilik ta’tilidek qabul qilyapti. Ko‘pchilik bo‘lib savdo markazlariga boryapti va hokazo. Ogohlantirish, iltimos va tavsiyalar, afsuski, devorga gapirgandek bo‘lib qolyapti. Shuning uchun boshqa yo‘llarni qo‘llash kerak”, deb yozdi 23 mart kuni Litva Bosh vaziri Saulyus Skvernyalis Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida.

25 martdan boshlab Litvada ko‘chada ikki kishidan ortiq bo‘lib to‘planish man etildi.

Ukraina poytaxti Kiyevda jamoat transportidan foydalanish uchun maxsus ruxsatnoma talab etiladi/UKRINFORM/BARCROFT MEDIA
Alohida karantin
Sobiq Sovet Ittifoqi hududida koronavirusga qarshi turli xil munosabat bildirilyapti: kimdir jamoat transportini to‘xtatyapti, kimdir butun mamlakatda bir haftaga ta’til e’lon qilyapti.

Qozog‘iston hukumati faqat hududiy emas, alohida, cheklangan mintaqa bo‘yicha ham karantin joriy qildi.
Mamlakatning ikki poytaxti – Nursulton va Almatida karantin e’lon qilindi, bu ikki shaharga kirish va chiqish yo‘llari yopildi, shaharlardagi barcha do‘konlar, savdo markazlari va oshxonalar berkitildi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda koronavirusga chalingani tasdiqlangan yoki gumonlangan inson yashagan butun boshli ko‘pqavatli uylar ham karantinga olinyapti.

“19 mart kuni avval politsiyachilar, keyin milliy gvardiya askarlari keldi, hovlida o‘zlariga biohojatxonalar o‘rnatdi, kirish-chiqish joylarida panjarali devor qurishdi. Endi hech kimni chiqarishmayapti va kirg‘izishmayapti. 15 kun karantin o‘tirish kerak ekan”, deydi Almatida yashovchi Polina.
U mana shunday “karantinga olingan” 22 qavatli uyga qo‘shni bo‘lib yashaydi.

Almati hokimiyatiga ko‘ra shaharda hammasi bo‘lib 15 ta shunday bino tashqi dunyodan ihotalangan. Hokimiyatdagilar bu binolarni “zararlanish o‘chog‘i” deb nomlagan va mart oyi oxiridan boshlab ularga nisbatan o‘rnatilgan cheklovlarni sekin-asta olib tashlashga va’da bergan.




Mavzuga oid yangiliklar
  • G‘azodagi urush Isroil iqtisodiyotiga qanday ta’sir qildi? 19 apr, 18:00 2
  • Dunyodagi eng boy arab shayxining rafiqasi qanday ko‘rinishga ega? 19 apr, 17:33 75
  • Stavropol o‘lkasida harbiy samolyot quladi (video) 19 apr, 15:48 107
  • Tramp: “Ukrainaning omon qolishi AQSH uchun ham muhim” 19 apr, 15:37 154
  • AQSH razvedkasi: Ukraina 2024 yil oxirigacha urushda yutqazishi mumkin 19 apr, 12:23 251
  • Rossiyada amaldorlarning xorijga chiqishiga cheklovlar kuchaytirilmoqda 19 apr, 11:36 83
  • So'nggi yangiliklar
  • Shomurodov qaytgach «Yuve»dan ko‘proq ochko yig‘ayotgan «Kalyari». «Inter»dan keyin «Yuve» ham to‘xtatiladimi? 19 apr, 18:48 1
  • Isroil Madrimov mutlaq chempion Terens Kroufordga qarshi ringga ko‘tarilishi mumkin 19 apr, 18:28 1
  • G‘azodagi urush Isroil iqtisodiyotiga qanday ta’sir qildi? 19 apr, 18:00 2
  • Dunyodagi eng boy arab shayxining rafiqasi qanday ko‘rinishga ega? 19 apr, 17:33 74
  • Tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarima kamaytiriladi 19 apr, 17:12 31
  • Toshkentda bolalarning qo‘liga igna va “samorez” sanchgan o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi 19 apr, 16:48 28
  • Futzal. O‘zbekistonda o‘tadigan jahon chempionatining mezbon shaharlari bilan tanishing (video) 19 apr, 16:32 97
  • Toshkent viloyatida jahl ustida mijozining sochini kalga olib tashlagan sartarosh uzr so‘radi (video) 19 apr, 16:09 75
  • Stavropol o‘lkasida harbiy samolyot quladi (video) 19 apr, 15:48 107
  • Tramp: “Ukrainaning omon qolishi AQSH uchun ham muhim” 19 apr, 15:37 154
  • Shomurodovning ustoziga maxsus mukofot topshirildi 19 apr, 13:57 171
  • Abbosbek Fayzullayev ushbu reytingda peshqadam! 19 apr, 13:30 226
  • Bo‘limlar