“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 29 2024, 15:43
ЎЗO‘Z

Koronavirus: nega ba’zi davlatlarda niqob taqiladi-yu, ba’zilarida taqilmaydi?

26 mar, 15:30 3 696 Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Koronavirus: nega ba’zi davlatlarda niqob taqiladi-yu, ba’zilarida taqilmaydi? Osiyoning aksar qismida, xususan, Xitoyda odamlar ommaviy ravishda niqobda yuribdi. ©️ AFP
Shu kunlarda Hongkong, Seul yoki Tokioda yashayotgan bo‘lsangiz, ko‘chaga yuzniqobsiz chiqish qanchalik yoqimsiz oqibatga olib kelishini yaxshi bilasiz.

Koronavirus epidemiyasi boshlanganidan beri ba’zi davlatlarda tibbiy niqob taqish odatga aylandi, bunga amal qilmaganlar esa ijtimoiy nafratga uchray boshladi.

Biroq dunyoning boshqa hududlarida, masalan, Buyuk Britaniya va AQSHdan tortib Sidney va Singapurga qadar haligacha ko‘chada niqobsiz yurish hech qanday muammo keltirib chiqarmaydi.

Nima uchun ba’zi mamlakatlarda tibbiy niqob taqishga urg‘u berilyapti-yu, ba’zilarida bunga e’tibor past? – Bu faqat hukumatlar va sog‘liqni saqlash xodimlari ko‘rsatmalariga emas, mamlakatlarning madaniyati va tarixiga ham bog‘liq bo‘lgan holat. Biroq pandemiya borgan sari chuqurlashib borar ekan, bu vaziyat o‘zgaradimi?

Yuzniqoblar borasida rasmiy qarash
Koronavirus epidemiyasi boshlanganidan buyon Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining (JSST) tibbiy niqobdan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmasi o‘zgarmagan: faqat ikki toifadagi odamlar niqob taqishi majburiy – koronavirusga chalinganlar va ularga qarayotgan, kasallikni yuqtirib olish ehtimoli katta bo‘lgan tibbiyot xodimlari.

Bulardan boshqa hech kim niqob taqishiga hojat yo‘q va buning bir necha sabablari bor.

Birinchidan, oddiy tibbiy niqoblar ishonchli himoya vazifasini bajarmaydi. Chunki joriy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, virus havo bilan emas, aynan havo-tomchi yo‘li (kasallangan kishining tupugi, so‘lagi, balg‘ami) orqali o‘tadi. Shuning uchun ham mutaxassislar qo‘lni tez-tez sovunlab yuvib turish ko‘proq foyda berishini ta’’kidlab kelyapti.

Yuzdan niqobni yechish alohida diqqatni talab etadi: bu jarayonda ifloslangan qo‘l yuzga tegib ketmasligi kerak. Shuningdek, niqob taqib yurish virusdan himoyalanganlik to‘g‘risida soxta tasavvur beradi.

Xitoyning Uxan va Guanchjou shaharlarida niqob taqmaslik qamalishga olib kelishi mumkin/AFP
Shunga qaramay, hozirda Osiyoning bir qator hududlarida niqob taqib yurish odatga aylandi – bu bilan odamlar o‘zini xavfsiz va sog‘lig‘iga e’tiborli his qilyapti.

Xitoyning materik qismida, Hongkong, Yaponiya, Tailand va Tayvanda har qanday kishi, hatto sog‘lom odamlar ham virus tashuvchisi bo‘lishi mumkin, degan fikr keng tarqalgan. Shunday ekan, ijtimoiy hamjihatlik yuzasidan – boshqalarni o‘zingizdan himoya qilish uchun ham niqob taqib yurishga ko‘nikasiz.

Bir qator hukumatlar o‘z fuqarolarini niqob taqib yurishga undayapti, Xitoyning ba’zi qismlarida esa niqob taqmaganingiz uchun qat’iy ogohlantirilishingiz yoki qamalishingiz mumkin.

Ayni vaqtda Indoneziya va Filippinda yirik shaharlarda yashovchi aksar insonlar o‘zlarini boshqalardan himoya qilish uchun niqob taqishni boshladi. Bu ikki mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni rasmiy raqamlardan ko‘pligi gumon qilinadi.

Bu mamlakatlardan ko‘pchiligi uchun yuzniqob taqish epidemiyadan oldin ham madaniy me’yorlardan sanalgan. Hatto Hongkongda yuzniqoblar modaning bir qismiga aylangan.

Sharqiy Osiyoda ko‘pchilik kasal bo‘lganida yoki havo o‘ta chang bo‘lgan vaqtda niqob taqiishga odatlangan. Chunki bu hududda ochiqchasiga aksirish yoki yo‘talish jamiyatda salbiy qabul qilinadi. Shuningdek, 2003 yili yuz bergan Sars virusi epidemiyasi ham ko‘pchilikni, xususan, bu virus natijasida bir qator insonlar vafot etgan Hongkong aholisini “niqob taqish muhim”, degan fikrga undagan.

Demak, bu jamiyatlar bilan G‘arb jamiyatlari o‘rtasida muhim farq bor: Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda odamlar bungacha epidemiya oqibatlarini o‘z tanasida his qilib ko‘rgan va ularning bu boradagi xotirasi haligacha eskirmagan.

Janubi-Sharqiy Osiyoning aholi zich istiqomat qiluvchi shaharlarida ko‘pchilik havoning ifloslanishiga qarshi ko‘chada niqob taqib yuradi.

Hongkongda turli xil ko‘rinishdagi yuzniqoblarni taqib yursa bo‘ladi/AFP
Biroq bu butun Osiyoga xos xususiyat emas. Masalan, Singapurda hukumat aksincha yo‘t tutdi – tibbiyot xodimlariga yetarlicha zaxira bo‘lishi uchun fuqarolarni niqob taqmaslikka undayapti va aksar odamlar ko‘chada niqobsiz yuribdi. Bu jamiyatning o‘z hukumatiga nisbatan o‘ta yuqori ishonchini bildiradi, xalq yuqoridan berilayotgan ko‘rsatmalarga quloq solyapti.

Niqob – ijtimoiy turtki
Bir qator mutaxassislarning ta’kidlashicha, barchaning birdek niqob taqib yurishi bir tomondan virusning xatarini doimiy eslatib turuvchi ko‘rinish bo‘lsa, boshqa tomondan odamlarni yaxshiroq shaxsiy gigiyenaga undab turuvchi axloqiy turtki bo‘ladi.

Har kuni ko‘chaga chiqishdan oldin yuzniqob taqish xuddi maxsus ish kiyimini kiyishdek odatga aylansa va bu niqob tartibida nimalar qilish kerakligini his qilib tursangiz, oxir-oqibatda yuzga qo‘l bilan tegmaslik va ijtimoiy masofa saqlashga rioya etish ham yengil bo‘ladi”, deydi Hongkong Ilm-fan va texnologiyalar universitetidan axloqiy iqtisod bo‘yicha professor Donald Lou.

Niqob taqib yurish sizni shaxsiy gigiyenaga yanada e’tiborliroq bo‘lishga undayaptimi?/AFP
Bundan tashqari, dunyoda virusga qarshi ketayotgan urushda har bir kichik qadam ham foyda beradi, degan qarash bor.
Biz yuzniqoblar samarasiz, deb ayta olmaymiz. Bunda qaysidir darajada samara bor. Chunki tibbiyot xodimlariga o‘zlarini virusdan himoyalashlari uchun aynan shu niqoblarni berganmiz.

Agar yuzniqoblar odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda foydalanilsa, bu odamlarning o‘zaro aloqalariga ta’sir qiladi (nisbatan cheklaydi), deb o‘ylayman. Ayni paytda odamlarning o‘zaro aloqasini cheklaydigan har qanday kichik chora virus tarqalishini sekinlashtiradi
”, deydi Hongkong Universitetidan epidemiolog Benjamin Kouling.

Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Bir qator hududlarda, masalan, Yaponiya, Indoneziya va Tailandda niqob taqchilligi yuzaga kelgan. Janubiy Koreyada esa niqoblarni taqsimlab tarqatishga to‘g‘ri kelyapti.

Niqoblar yetishmovchiligi ulardan foydalanib bo‘lgandan keyin qaytadan ishlatish xavfini vujudga keltiryapti. Bu esa gigiyenaga zidligi ma’lum. Bunda muqaddam ishlatilgan yoki uyda tayyorlangan va talabga javob bermaydigan niqoblarni qora bozordan sotib olib ishlatilishi mumkin.

Shuningdek, bu mamlakatlarda niqob taqmay yurganlar jamiyat tomonidan bosimga uchrayapti: ularni do‘konlar va binolar oldidan quvib solishyapti.

Hongkongda ba’zi gazetalar muqovalarida niqob taqmay yurgan g‘arblik sayyohlar yoki shaharda doimiy yashovchi xorijliklarning suratlari chop qilinib, ularning tunda guruh-guruh bo‘lib yurishi, virusga qarshi yetarlicha xavfsizlik choralarini qo‘llamasligi tanqid etilyapti.

Tailand Bosh vaziri Prayut Chan-Ocha ustidagi kiyimining rangiga mos niqobda omma oldida ko‘rinish berdi/REUTERS
Biroq kamsitish (diskriminatsiya) har ikki tomonda ham yuz beryapti.
Yuzniqob taqishga odatlanilmagan G‘arb mamlakatlarida, niqob taqqanlar nafratga, ba’zi holatlarda esa hujumga ham uchrayapti. Bunda niqob taqqanlarning aksariyati osiyolik bo‘lgani ham yordam bermayapti.

Biroq har bir kishi niqob taqishi kerakligiga urg‘u beradigan jamiyatlarning yo‘li virusga qarshi kurashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun mutaxassislar JSSTdan bu borada rasmiy tavsiya kutyapti.

Hujjatlashtirilmagan holatlar
Avvalo, bu virusning “tinch tashuvchilari” ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunda sog‘lom odam yoki kasallik alomatlari mutlaqo sezilmaydigan bemor uning tashuvchisiga aylanadi. Mutaxassislar bu haqda boshidanoq ogohlantirib kelyapti.

South China Morning Post gazetasi Xitoy hukumatiga tayanib tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda aniqlangan kasallik holatlarining uchdan bir qismida uning alomatlari ko‘rinmagan.

Yaponiyaning Yokohama shahri portida karantinda turgan Diamond Princess sayyohlik kemasida aniqlangan 600 tadan ortiq kasallik holatlarining yarmida uning alomatlari sezilmagan.

Islandiyada ham deyarli shunday holat kuzatilgan: bu orol aholisi dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan eng ko‘p koronavirusga qarshi tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Shu paytgacha kasallik alomatlari ko‘rinmagan bemorlar unchalik ham xavfli emas, degan qarash bor edi. Biroq endi bu fikr savol ostiga olinyapti. Agar hamma niqob taqsa, mana shu “tinch tashuvchilar” uni tarqatuvchiga aylanmas, balki?

Xitoyda yaqinda ngashr etilgan tadqiqotda “infeksiyaning hujjatlashtirilmagan holatlari” yoki boshqacha aytganda kasallik belgilari o‘ta zaif yoxud sezilmaydigan bemorlar yaxshigina zararli ekanligi va virusga chalinganlarning 80%iga aynan ular sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytilgan.

Bu faqat birgina tadqiqot, xolos. Kelgusidagi tadqiqotlar esa umumiy manzaraga yanada aniqlik kiritishi shubhasiz.

Yuzniqoblardan foydalanish yaqin tarixdan chiqarilgan xulosa, infeksiyaga qarshi tajriba va madaniy me’yor bo‘lishi (koronavirusga nisbatan katta samara bermasligi) mumkin. Ammo SARS-CoV-2 pandemiyasining hozirgi tarqalish sur’atida bu haqdagi ma’lumotlar va tadqiqotlar bilan birgalikda bizning odatlarimiz, xalq-atvorimiz ham o‘zgarishi kerak.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Xalqaro sud Isroilga majburiyat yukladi 29 mar, 15:40 0
  • Fransiya razvedkasi markaziy osiyoliklarni kuzatishni kuchaytirmoqda 29 mar, 15:15 0
  • Putinning atrofidagilar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligiga ishonmayapti 29 mar, 14:48 1
  • Hibsdan vaqtincha ozod etilgan Dani Alves tonggacha ziyofat uyushtirdi 29 mar, 14:01 2
  • Muzliklarning erishi Yerning aylanish tezligini o‘zgartirmoqda 29 mar, 13:06 50
  • Polshada Rossiya josuslik tarmog‘i ishi bo‘yicha tintuvlar o‘tkazildi 29 mar, 12:39 39
  • So'nggi yangiliklar
  • Putinning atrofidagilar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligiga ishonmayapti 29 mar, 14:48 0
  • O‘zbekiston — Gongkong futbol uchrashuvidan so‘ng uch kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi 29 mar, 14:22 2
  • Hibsdan vaqtincha ozod etilgan Dani Alves tonggacha ziyofat uyushtirdi 29 mar, 14:01 1
  • Toshkentda xavfli holat sodir etib, qarama-qarshi harakatlangan haydovchiga chora ko‘rildi 29 mar, 13:30 4
  • Muzliklarning erishi Yerning aylanish tezligini o‘zgartirmoqda 29 mar, 13:06 50
  • Polshada Rossiya josuslik tarmog‘i ishi bo‘yicha tintuvlar o‘tkazildi 29 mar, 12:39 39
  • Samsung o‘z tarixidagi eng yaxshi selfi kamerali smartfonni namoyish etdi 29 mar, 12:12 23
  • Vadim Abramov: "Bunday sifatli va saviyali futbolchiga doim tarkibda joy topiladi" 29 mar, 11:50 103
  • Chexiya yevropalik siyosatchilarni Rossiyadan pora olish sxemasini fosh etganini da’vo qilmoqda 29 mar, 11:20 90
  • Shomurodovning ahvoli haqida ma’lumot berildi 29 mar, 10:53 237
  • So‘rovnoma: Nursulton Ro‘ziboyev 1-raunddayoq raqibini "uxlatib" qo‘yadi 29 mar, 10:25 122
  • Ronalduning libosini kiygan taniqli bloger Messiga aloqador restorandan haydab yuborildi 29 mar, 10:02 133
  • Bo‘limlar