“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 19 2024, 10:07
ЎЗO‘Z

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish joriy qilinadi

18 mar, 12:30 3 661 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish joriy qilinadi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish joriy qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek “Qonunchilikni yangilashdan maqsad – faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim”.

Bugungi kunda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasi mavjud amaliyot, tizimli kamchilik va muammolar, manfaatdor vazirlik va idoralar takliflari, shuningdek ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda takomillashtirilmoqda. Kodeks loyihasiga ishni ko‘rishning protsessual tartibini takomillashtirish, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish hamda jarima jazosini ixtiyoriy ijro etishni rag‘batlantirishning differensial tartibini joriy etish bilan bog‘liq yangi qoidalar kiritilmoqda.

Xususan, Kodeks loyihasiga huquqbuzarlikka oid ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yangi bob va qoidalar kiritildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ishlarni tez va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash hamda fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lishlarini oldini olishdir.

Ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish qanday amalga oshiriladi?
Ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilganda bayonnoma tuzilmaydi. Vakolatli mansabdor shaxs huquqbuzarlik faktini aniqlagan paytda, huquqbuzar ishtirokida elektron tizim o‘rnatilgan qurilma yordamida jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Qaror elektron qurilmaning maxsus barmoq izlarini skanerlovchi uskuna yordamida huquqbuzar tomonidan barmoq izlarini tushirish orqali tasdiqlanadi.

Qaror nusxasi elektron yoki qog‘oz shaklida huquqbuzarga beriladi.
Soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilgan ish yuzasidan chiqarilgan jarima solish to‘g‘risidagi qaror ishni umumiy tartibda ko‘rish natijalari bo‘yicha chiqarilgan qaror bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘ladi.

Ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun, avvalo, huquqbuzarning roziligi va sodir etilgan huquqbuzarlik fakti huquqbuzar tomonidan tan olingan bo‘lishi talab etiladi. Agar huquqbuzarning e’tirozi bo‘lsa, ish umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, muqaddam ma’muriy jazo qo‘llanilganligi haqidagi ma’lumotni darhol olishning imkoni bo‘lmaganda ham ish yuritish umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi.

Huquqbuzar qanday huquqlarga ega bo‘ladi?
Ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilganida, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
- ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rilishi oqibatlari haqida tushuntirish olish;
- ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rishga roziligini berish;
- vakolatli mansabdor shaxs tomonidan chiqarilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror matni bilan joyida tanishish.

Amaldagi kodeksdan farqli ravishda ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilganda, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquqlari alohida belgilanmoqda. Sababi ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish natijalari bevosita shaxsning huquqlariga daxl qiladi va qaror ustidan shikoyat berish huquqini cheklaydi.

Ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilganda, huquqbuzarning shaxsi qanday aniqlanadi?
Vakolatli mansabdor shaxs huquqbuzarning yuz tuzilishini rasmga olish yoki uning barmoq izlarini tushirish orqali elektron tizim qurilmalari yordamida real vaqt rejimida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bazasidan uning shaxsini aniqlaydi.

Qaror qanday ijro etiladi?
Ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilganda, jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish huquqbuzar tomonidan unga qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh sutka muddatda amalga oshiriladi.
Jarima bank muassasasi yoki elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lanadi. Bu haqida huquqbuzarga qat’iy moliyaviy hisobot hujjati hisoblanadigan kvitansiya beriladi.

Huquqbuzar jarima summasini ixtiyoriy tarzda to‘laganligi haqidagi ma’lumot elektron bazaga qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh sutka ichida kelib tushmagan taqdirda, elektron bazaga kiritilgan qaror avtomatik tarzda qaror ijrosini ta’minlash maqsadida majburiy ijroga qaratiladi.

Agar huquqbuzar jarima summasini qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh sutka muddatda ixtiyoriy tarzda to‘lasachi?
Jarima tarzidagi ma’muriy jazo qo‘llanilgan shaxslar jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, qolgan summani to‘lashdan ozod etiladilar.

Rasmiy ogohlantirish
Loyihaga yo‘l harakati ishtirokchilarining madaniyatini yanada oshirish maqsadida soddalashtirilgan tartibda ishni ko‘rib chiqishda ayrim turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni rasmiy ogohlantirish bilan bog‘liq rag‘batlantiruvchi qoidalar ham kiritilmoqda.

Ya’ni, huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs, agar u muqaddam bir yil mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etmagan bo‘lsa, qaror bilan rasmiy ogohlantiriladi.
Biroq, ushbu qoidalar muqaddam yo‘l harakati qoidasini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etganligi uchun soddalashtirilgan tartibda ogohlantirilgan yoki sud tomonidan jazodan ozod qilinib, bir yil davomida qayta huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

Qaysi ishlar soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilmaydi?
- Ish soddalashtirilgan tartibda yuritilishiga huquqbuzar yoki jabrlanuvchining e’tirozi bo‘lgan ishlar;
- sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima jazosidan boshqa turdagi ma’muriy jazo qo‘llanilishi nazarda tutilgan ishlar;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar;
- ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida davlat va jamiyatga zarar yetkazilgan yoxud zarar ko‘rgan taraf yoki uning vakili zararni undirishni talab qilgan ishlar;
- ma’muriy huquqbuzarlik bir necha shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ularning loaqal bittasi huquqbuzarlik sodir etganini rad etgan ishlar.
Qonunchiligimizda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish tartibining joriy qilinishi, ishlarni tez va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash bilan birga fuqarolarimizning ham ortiqcha vaqt sarflashlarini oldini oladi.

S.Avezov
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i




Mavzuga oid yangiliklar
  • Markaziy Osiyo davlatlari 2024 yil yozi uchun Amudaryo va Sirdaryo suvini taqsimlab oldi 18 apr, 21:45 302
  • Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon bayonot bilan chiqdilar 18 apr, 20:00 423
  • O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi 18 apr, 17:40 99
  • Toshkentda daraxtga qasd qilgan «maskalilar» qo‘lga olindi 18 apr, 17:23 246
  • Jinoiy ish qo‘zg‘atilgach kelishuvga erishildi 18 apr, 16:48 183
  • O‘zbekistonda zilzilaga tayyorgarlik kuchaytiriladi 18 apr, 13:24 217
  • So'nggi yangiliklar
  • Turkiya shimolida 5,6 magnitudali zilzila yuz berdi (video) 19 apr, 10:00 0
  • Isroil dronlar orqali Eronga zarba berdi 19 apr, 09:35 93
  • NASA: Xitoy Oyni o‘ziniki qilib olmoqchi 19 apr, 09:09 72
  • Ibrohimhalil Yo‘ldoshev: "Klubim meni qo‘yib yubormoqchi emasdi, biroq..." 19 apr, 08:50 75
  • Yens Stoltenberg: “Ukraina harbiylar yetishmovchiligi muammosini o‘zi hal qilishi kerak” 19 apr, 08:26 69
  • U-23 Osiyo Kubogi. Qatar Iordaniyaga qarshi bahsda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi 19 apr, 08:08 67
  • Yevropa ligasi. "Milan" va "Liverpul" musobaqani tark etdi, "Bayer" va "Roma" esa yarim finalda! 19 apr, 07:48 99
  • Shirinliklar yuz terisiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? 19 apr, 07:30 44
  • Zelenskiy: Rossiya Ukrainaning issiqlik energetikasini deyarli to‘liq yakson qildi 19 apr, 07:00 148
  • Zelenskiyga ehtimoliy suiqasdning tafsilotlari oshkor bo‘ldi 19 apr, 06:30 276
  • Jasur Jaloliddinov: "Olimpiada yo‘llanmasi beriladigan musobaqada qanday holatda bo‘lishimizga qaramay, natija ko‘rsatishimiz kerak" 19 apr, 06:00 94
  • Geosiyosiy ziddiyatlar: O‘zbekiston pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerak? 19 apr, 00:12 223
  • Bo‘limlar