“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 26 2024, 14:58
ЎЗO‘Z

Avtosanoat kimlarning qo‘lida?

14 mar, 07:53 6 812 Avto
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Avtosanoat kimlarning qo‘lida? Rasul Kusherbayevning aytishicha, UzAuto Motors monopoliyasidan «bir guruh noma’lum shaxslar foyda ko‘rayotgani sezilyapti». Murod Muhammad Do‘stning esa ishonchi komil: «Bu yerda qandaydir bir to‘daning manfaati bor».

Kun.uz UzAuto Motorsʼning avtomobillar narxini oshirishi bo‘yicha jamiyatdagi turli soha vakillari fikrini o‘rganishda davom etadi.
Bu gal deputat Rasul Kusherbayev, huquqshunos Nuriddin Murodov va yozuvchi Murod Muhammad Do‘st mavzu yuzasidan o‘z pozitsiyalarini ma’lum qilishdi.

Rasul Kusherbayev: «18 mingta ish o‘rni va soliqni deb, 34 million kishini qiynashyaptimi?»
Rasul Kusherbayev 11 mart kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan tashkil qilingan deputatlar, «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors vakillari o‘rtasidagi muloqotda ishtirok etgan edi.

«Ayni paytda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishlamasa, 34 millionlik O‘zbekiston aholisi nimani yo‘qotadi, deya ulardan so‘radim. Mutasaddilarning argumentiga ko‘ra, 18 mingta ish o‘rni va soliq tushumlari yo‘qotilarkan.

Ochig‘i, men hayron qoldim. Bor yo‘g‘i shumi? 18 mingta ish o‘rni va soliq hisobiga 34 million kishini qiynashyaptimi?
Ya’ni, qiynash deganda, chet eldan ikki barobar arzonga avtomashina olib kirishning iloji bo‘lsa-yu, bunga ruxsat berilmasa. Ichkarida esa odamlarning atayin oshirilgan narx bilan avtomashina olishga majburlanishi qanchalik to‘g‘ri?
» – dedi Kusherbayev.

Deputatning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning 34 million aholisi qiynalishi 18 ming ish o‘rni va davlatga tushayotgan 4 trillion so‘m budjet tushumlari hisobiga bo‘lishi – adolatsizlik.

«Agar zavod shu sabab bilangina ushlab turilgan bo‘lsa, bu judayam noto‘g‘ri ish. Unda bu zavodni yo yopish kerak, yoki xususiy sektorga sotib yuborish kerak.
O‘sha muloqotda biz boshqa yechimlarni ham taklif qildik. Masalan, chetdan import qilish mumkin bo‘lgan avtomobillardan olinadigan davlat bojini 20 foizgacha tushirishning o‘zi davlatga zavod keltiradigan foydani beradi. Balki shu yo‘lni sinab ko‘rish kerakdir.

Mutasaddilar keltirayotgan sabablar ortidan ayonlashib boryaptiki, bu zavodda «milliy mahsulot», «milliy g‘urur» degan gaplar bor, lekin aynan mana shu gaplardan bir guruh shaxslar niqob sifatida foydalanayotganga o‘xshayapti.
Ya’ni, butun bir xalq, jamiyat manfaat topishidan ko‘ra, bir guruh noma’lum shaxslar mana shu ishlar ortidan foyda ko‘rayotgani sezilyapti.

Zavoddagi korrupsion o‘yinlar, ochiqlanmagan, yashirin ishlar yanayam shubhali savollarni tug‘diryapti. Bu ketishda odamlar bu sanoatdan rozi bo‘lmaydi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni qo‘shni davlatlarda arzon, o‘zbekistonliklar uchun esa qimmat sotilayotganini yashirib bo‘lmaydi-ku axir
».

Deputat biz bilan suhbatda, butun dunyoda ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotini xalqiga arzon berishga intilsa, O‘zbekistonda buning teskarisi ekanligi haqida ham gapirdi.
«Bu hammada norozilik keltirib chiqaryapti. Xafa bo‘layotganim – bir guruh shaxslar o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘ymoqda», – deya afsus bilan suhbatni yakunladi Kusherbayev.

Nuriddin Murodov: «Rossiyada narxlar bizdagiga qaraganda 30-40 foizga arzon»
Huquqshunos Nuriddin Murodovning ta’kidlashicha, hozir bildirilayotgan fikrlarni milliy avtosanoatimiz faoliyatiga qarshilik deb tushunish kerak emas.

«Milliy mahsulot bo‘lgani yaxshi. Ammo bu yerda o‘ylanishi kerak bo‘lgan masala – nima qilinsa avtomobil sanoatimizga bozor mexanizmlari kirib kelishi.

Sohadagi bugungi ahvol qoniqarli emas. Vakolatli qo‘mitaning rasmiy xabariga ko‘ra, eksportga yo‘naltiriladigan Ravon R2 (Spark), Ravon R3 (Nexia), Ravon R4 (Cobalt) Rossiya bozorlarida chegirmalar bilan sotilmoqda, bu esa ichki narxlar bilan 20-50 foizgacha tafovut qilmoqda
», – dedi Murodov.

U, shuningdek, Rossiyadagi «AvtoVAZ» mahsulotlarining ichki bozordagi narxlarini O‘zbekiston hududidagi narxlar bilan solishtirdi. Unga ko‘ra, Rossiyada narxlar bizdagiga qaraganda 30-40 foizga arzon.

«So‘nggi uch yil davomida korxona tomonidan 167ta yangi uskuna va texnologiyalar ishga tushirilgan. Bu – korxonada mavjud texnologiyalarning atigi 2,1 foizini tashkil qilgan. 2017-2018 yillarda yangi ish o‘rinlari yaratilmagan.

Bu holatni hech qanaqasiga tushuntirib ham, tushunib ham bo‘lmaydi. Bu na bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari va hatto eski rejalashtirish iqtisodiyoti qonuniyatlariga ham sig‘maydi.

Yana bir gap, biz ko‘pincha Janubiy Koreya aholisi qiyin vaziyatdan chiqishi va davlati rivoji uchun o‘zlarining tillo taqinchoq va buyumlarini berganini misol qilib keltiramiz. Aslida, UzAuto Motors faoliyatini ham bugungi kunga qadar kelishida aholimizning ham ana shunday xizmatlari bor, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki yillar davomida bu avtomobillarni xorijiy valyutada sotib olganmiz
», – dedi Murodov.

Huquqshunosning qo‘shimcha qilishicha, UzAuto Motors kabi monopolistning mahsulotlari ommaviy oferta orqali sotiladi. Ommaviy oferta esa, ikkinchi tomonning, ya’ni aholining roziligi bilan amalga oshiriladi.

«Fuqarolik kodeksining 27-bobida shartnoma tuzish to‘g‘risidagi qoidalar, taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari, shuningdek, taraflardan birining arizasiga ko‘ra kelishib olinishi zarur bo‘lgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, oferta, ofertaga taklif etish, ommaviy oferta, aksept kabi tushunchalar belgilab qo‘yilgan axir
», – dedi Nuriddin Murodov.

Murod Muhammad Do‘st: «Hukumat o‘z o‘yinlarini qo‘yib, bu monopolistni umuman qo‘llamasligi kerak»
Taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning sayt muxbiriga aytishicha, u bir necha kun avval UzAuto Motors mutasaddilarining deputatlar bilan bo‘lgan uchrashuvini OAV orqali kuzatgan.

Yozuvchining xulosasiga ko‘ra, mutasaddilar berilgan savollarga yolg‘on javob berishgan.
«Uchrashuvda korxona mutasaddilari yolg‘on gapirayotgani yuzu ko‘zlaridan shunday sezilib qoldi.
Yaxshi niyatlar bilan barpo etilgan avtomobil zavodi o‘zini oqlamadi. Oqlashi mumkin edi, qachonki bizning zavod bozor munosabatlari, bozor qoidalari asosida ishlaganida.

Esingizda bo‘lsa, 2008 yilda butun dunyo bo‘ylab iqtisodiy inqiroz kuzatildi. O‘sha payti, bizda iqtisodiy inqiroz bo‘lmaydi, deb do‘stlar bilan o‘zaro hazillashar edik, negaki, iqtisodiy inqiroz rosmana iqtisod bor joyda bo‘ladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, inqiroz bizning chor atrofdan ihotalangan biqiq iqtisodimizni chetlab o‘tdi», deya kulgi aralash gapirdi yozuvchi.

Ko‘p yillar prezident devonida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan Murod Muhammad Do‘st suhbatda hukumat endilikda monopolist korxonani qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi kerakligini aytmoqda.

Jiddiyroq gapiradigan bo‘lsak, hukumat endi o‘zining o‘yinlarini qo‘yib, bu monopolist korxonani umuman qo‘llamasligi kerak. U chegaradagi bojlarni kamaytirishi, odamlarga erkin avtomobil sotib olishi uchun imkoniyat yaratib berishi shart.

UzAuto Motors rahbariyati mard bo‘lsa, haqiqiy raqobatga kuchi yetsa, bozor qoidalari bo‘yicha ishlasin
», dedi u.
Yozuvchining aytishicha, o‘zbek avtosanoati faoliyatida alohida shaxslar manfaati ustuvorlik qiladi.

«Bu yerda qandaydir bir to‘daning kattagina manfaati borday. Esingizda bo‘lsa, bir paytlar korxona ichidagi shaxslar tomonidan avtomobillarni arzon bahoda chetga chiqarib, keyin yana O‘zbekistonga qaytarib qimmat bahoda sotish holatlari ham bo‘lgan», – deya qo‘shimcha qildi suhbatdosh.

Murod Muhammad Do‘st «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirovning muloqotdagi harakatlaridan qattiq ranjiganini ham yashirmadi.

«Kechagi muloqotda Alisher Qodirov degan deputatning gaplari, harakatlarini eshitib-ko‘rib juda uyalib ketdim. Yigit kishida ozgina g‘urur bo‘lishi kerak. Agar u adolatni himoya qilolmasa aqalli jim tursa ma’qulroq bo‘lar edi. Xalq saylagan vakil xalqqa ochiqdan-ochiq jabr qilayotganlar tarafini olishi nimani anglatadi? Va umuman, uni rostdan ham xalq saylagan edimi?», – dedi u.

«UzAuto Motors haqiqiy raqobatga kuchi yetsa bozor qoidalari bo‘yicha ishlasin. Raqobat bo‘lmas ekan, eski o‘yinlar qiyomat qadar davom etaveradi», – dedi Murod Muhammad Do‘st.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.




Mavzuga oid yangiliklar
  • Toshkentda 02 kodli avtoraqamlar taxminan qachon paydo bo‘lishi aytildi 24 apr, 10:02 182
  • O‘zbekistonda o‘tgan uch oyda qancha avtomobil ishlab chiqarilgan? 22 apr, 18:53 159
  • Damas uchun onlayn kontraktatsiya ochiladi 22 apr, 16:22 212
  • O‘zbekiston avtomobil bozorida ketma-ket uchinchi oy faollikning pasayishi kuzatildi 20 apr, 14:03 139
  • Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishdi (foto) 08 apr, 20:30 370
  • O‘zbekistonda elektromobillarga o‘tish tendensiyasi qanday ketyapti? 03 apr, 20:28 205
  • So'nggi yangiliklar
  • Ruslar Abrams tanklarining zaif tomonini topishdi 26 apr, 13:48 1
  • Mariya Zaxarova ukrainaliklarni Amerika hindulariga o‘xshatdi 26 apr, 13:25 1
  • Toshkent shahrida qaysi viloyat haydovchilari ko‘proq taksichilik qilmoqda? 26 apr, 13:03 6
  • Istalgan qonni birinchi guruh qoniga aylantirish yo‘li topildi 26 apr, 12:40 21
  • Urushdan qaytgan Rossiya harbiy xizmatchilari 100 dan ziyod qotillikka qo‘l urgan 26 apr, 12:17 63
  • O‘zbekiston AQSHning “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”dan chiqarildi 26 apr, 10:49 74
  • Lukashenko G‘arbga tahdid bilan chiqdi 26 apr, 10:10 215
  • AQSHning G‘azodagi siyosatidan norozi Davlat departamenti rasmiysi iste’foga chiqdi 26 apr, 09:51 74
  • Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi 26 apr, 08:33 41
  • Faollar Toshkentda yana ikkita bog‘ investorga berilganidan norozi bo‘lishmoqda 26 apr, 08:03 90
  • “Tolibon” Afg‘onistonning Xost viloyatida besh nafar fuqaroni qamchi bilan jazoladi 26 apr, 07:35 100
  • Buxoroda 4 dona qadimiy tangani xorijga olib chiqmoqchi bo‘lganlar aniqlandi 26 apr, 07:11 47
  • Bo‘limlar