“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 25 2024, 16:22
ЎЗO‘Z

Oliy sud & OAV: endi boshqacha ishlanadi

27 fev, 23:50 3 090 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Oliy sud & OAV: endi boshqacha ishlanadi O‘tgan hafta Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisida boshqa masalalar qatori «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama qilgani xabari berilgandi.

Sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida ob’ektiv axborot berish bugunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangani e’tiboridan tizimning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini son va sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishni taqazo qilgani bor gap.

Oliy sud Plenumining «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi qarori ayni shu ehtiyojning ijobiy hosiladir. Zero, sud va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi munosabatlar Plenum qarori darajasida tartibga solinayotgani bu boradagi yana jiddiy qadam hisoblanadi. Qaror loyihasi muhokamasida ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etgani va bunga yetarlicha imkoniyat taqdim etilgani oliy mahkama rahbariyati tomonidan masalaga jiddiy e’tibor qaratayotganiga yana bir bor dalolat qiladi.

Plenum majlisida qaror loyihasi jiddiy va qizg‘in muhokama etilgach, asos tariqasida qabul qilinib, bildirilgan takliflar asosida yanada takomillashtirish haqida to‘xtamga kelingandi. Ishchi guruhi tomonidan loyiha ustidagi ishlar nihoyasiga yetkazilib, bugun mazkur huquqiy hujjat Oliy sud raisi va Oliy sud Plenumi kotibi tomonidan imzolandi va oliy mahkama rasmiy saytida e’lon qilindi.

Plenum qarori bilan sudlarga tushuntiriladiki: «...sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida va ob’ektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi, odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanadi, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi».

Shuningdek: «Sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi». Bundan tashqari: «ommaviy axborot vositalari muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda ta’sir etishga (bosim o‘tkazishga) haqli emas».

Sudya sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish bo‘yicha intervyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emasligi ham qarorda alohida qayd etiladi. Unda yana alohida qayd etiladi: «Ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish bo‘yicha ma’lumotlar olish maqsadida qatnashishi ma’lumot olishning qonuniy yo‘li ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslarga ko‘ra, sud majlisi zaliga kirishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.»

Plenum qarorida ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisida ishtiroki va unda o‘z ish qurollaridan foydalanish tartiblari alohida band sifatida o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra:

Ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:
- fuqarolik ishini ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
- jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.

Sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, iqtisodiy ish yoki ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ish ko‘rilayotganda esa, shuningdek, audioyozuv olib borishlari mumkin.

Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, mazkur Plenum qarori qabul qilinishi munosabati bilan Oliy sud rahbariyati ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun maxsus tadbir uyushtirni rejalantirmoqda.




Mavzuga oid yangiliklar
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 76
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 72
  • O‘zganing nomiga onlayn qarz olib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi 25 apr, 10:35 63
  • Yashil hududlarda yashash depressiya va tashvishni kamaytiradi 25 apr, 06:38 92
  • Olimlar 2024 yilda kuchli jaziramadan aziyat chekishi kutiladigan hududlarni aytdi 24 apr, 22:42 554
  • Vazirning “dakki”si, bu ishlardan zerikkan Jo‘rayevlar oilasi va Botir Qodirovning iqrori... 24 apr, 21:37 519
  • So'nggi yangiliklar
  • Qirg‘izistonda elektromobillar yashil davlat raqamida harakatlanadi 25 apr, 15:45 4
  • Ukraina Vazirlar Mahkamasi: Xorijdagi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan ukrainalik erkaklar endi pasport ololmaydi 25 apr, 15:22 11
  • Futzal. Osiyo chempionati 1/4 final: Vetnam qanday taslim etildi? (video) 25 apr, 15:06 16
  • Timur Kapadze matbuot anjumanida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan bahs haqida nimalar dedi? 25 apr, 14:39 139
  • Velosipedda sayr qilish uchun 3 sabab: yoshartiradi, ozdiradi va umrni uzaytiradi 25 apr, 14:30 45
  • Tojikistonda 17 yoshli yigitni yashin urdi 25 apr, 14:11 135
  • Ukrainalik model dunyodagi eng uzun sochli ayol sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi 25 apr, 13:43 75
  • Usmon Toshev: "Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz" 25 apr, 13:17 153
  • Ortiqcha vaznli insonlar uchun sog‘lom ovqatlanishning beshta muhim qoidasi 25 apr, 12:59 39
  • MIB xodimi va ikki soliqchi jinoyat ustida ushlandi 25 apr, 11:55 75
  • Moskva viloyati hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi 25 apr, 11:33 163
  • Atmosfera havosini zararlayotgan 500 dan ortiq avtomobil egalariga chora ko‘rildi 25 apr, 11:12 72
  • Bo‘limlar