“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 29 2024, 17:29
ЎЗO‘Z

Sadaqa raddi balomi yoki daromad manbai?

25 fev, 09:30 4 422 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Sadaqa raddi balomi yoki daromad manbai? Ishimiz yurishmaganda yo bo‘lmasa biron xatardan omon qolganimizda, yomon tush ko‘rganimizda to‘rt-besh so‘m sadaqa qilish orqali ko‘nglimizdagi xijillikni yengillatishga odatlanganmiz. Bunday paytda odam gavjum joylarda yoki ko‘chama-ko‘cha yurib, «Xudoning yo‘liga sadaqa qiling», deya rizqini terib yuruvchilarga ataganingizni berasiz. Pul topishning yengil usulini o‘rgangan bunday kimsalar esa mehnat qilib ter to‘kishni xohlashmaydi.

Har qanday illatning ildiz otishiga avvalo o‘sha jamiyatda yashovchi kishilarning beparvoligi sabab bo‘ladi. Bizda tilanchilarga sadaqa berish odatiy holga aylangan. Ana shunday muruvvatpeshaligimiz tilanchilarning ko‘payishiga zamin yaratmayaptimikan? O‘zi kimlarga sadaqa berish kerak?

– Allohga beadad shukur, yurtimiz tinch, hayotimiz kundan-kunga farovonlashib bormoqda, – deydi O‘zbekis­ton musulmonlari idorasi vakili, Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatulla Usmonov. – Shunday dorilomon zamonda yuzining terisini qalin qilib sadaqa so‘rashning o‘zi aqlga sig‘maydi. Sababi, bugungi kunda ozgina jon koyitib mehnat qilgan kishi hech bir qiyinchiliksiz kunlik ehtiyojiga yarasha pul topa oladi. Aslida insonlarning qalbiga ozor yetkazadigan holatda sadaqa so‘rash shariatda harom qilingan. Hayotda ko‘p ko‘rganmiz, ba’zilar o‘zini o‘ta nochor holda ko‘rsatishga urinadi. Nogironlik «roli»ni maromiga yetkazib ijro etish orqali pul topayotganlar ham yo‘q emas.

Ba’zan Qur’oni karimdan bir necha oyatni chalakam-chatti yod olib, tilovat qilish orqali manfaat ko‘rishga urinayotganlar ham uchraydi. «Kimki tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga xorlik eshigini ochadi», – deya marhamat qiladi payg‘ambarimiz bir hadisida. Darhaqiqat, to‘rt muchasi sog‘ kishining tilanchilik qilishi islom dinida qattiq qoralanadi. Insonlardan behojat bo‘lish, birovga og‘irligini tashlamaslik, halol kasb bilan hayot kechirish fazilat sanaladi. Rasululloh(s.a.v.)ning muborak vasiyatida «Hech kimdan hech narsa so‘rama, agar qamching yerga tushib ketsa ham» deyilishi insonlarni behojat bo‘lishga chaqirishdir.

Xayrixohlik bilan berilgan sadaqa farz amallardan sanaladi. Aslida sadaqa juda e’tiborli narsa, uning katta-kichigi bo‘lmaydi. Zotan, sadaqa so‘zi sidq, sodiq so‘zlaridan olingan bo‘lib, bandaning iymoni va himmatiga taalluqli kalomlardir. Kishining iymoni, Alloh taologa ishonchi bo‘lsa, qilayotgan ehsonining savobidan qalbida umidvorlik tuyg‘usi bo‘lsa, bergan sadaqasi ana shu tuyg‘ularning chinligini tasdiqlaydi.

Savol tug‘ilishi mumkin: «Kimlarga qilingan sadaqa savobliroqdir?». Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislaridan birida «Sadaqani eng avvalo o‘z oila a’zolaringizga qiling, ulardan ort­sa yaqin qarindoshlaringizga, so‘ng esa boshqalarga ulashing» deya marhamat qiladi. Albatta, xayr-ehson ehtiyojmand oilalarga, yetim-yesir va nogironlarga qilinsa nur ustiga nur bo‘ladi.
* * *
Bugungi kunda ko‘cha-ko‘yda, bekat, vokzal yo aeroportlarda, bozorlarda, hatto uyma-uy yurib sadaqa so‘rab qo‘l cho‘zayotgan ba’zi tilanchilar va hatto bolalarni ko‘rib, beixtiyor o‘yga tolasan kishi: nahotki, ular qilayotgan ishlarining mohiyatidan bexabar bo‘lsa?

Shunday dorilomon zamonda chet ellardan kelgan mehmonlar tilanchilarga ro‘baro‘ kelsa, yurtdoshlarimiz haqida nima deb o‘ylaydi? Afsuski, tilanchilikni kasb qilib olganlar faqat o‘z manfaatini o‘ylaydi xolos. Ular uchun xorijlik mehmonlar yurtimiz haqida qanday taassurotda bo‘lishining ahamiyati yo‘q.

Tilanchilarning aksariyati aslida o‘zgalarning muruvvatiga zor bo‘lmasa-da, bu kasbidan voz kechmaydi. Ular inson psixologiyasini juda yaxshi bilib olishgan. Odamlarning rahmdilligidan foydalanib qolishga urinishadi.

O‘zingiz o‘ylang, bozorlar va boshqa gavjum joylarda «Nonga pul bering» deguvchilar nahotki ertalabdan kechgacha sandiroqlab ham nonga pul topisholmasa? To‘g‘ri, har qanday davlatda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam bo‘lishi tabiiy. Biroq davlat ularning ta’minotini o‘z gardaniga oladi. Bizda ham xuddi shunday.

Qishlog‘imizda bir qo‘li yo‘q otaxon bo‘lardi (joyi jannatda bo‘lsin). Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. Uni Xotira va qadrlash kuni oldidan Toshkentga chaqirishgan, nabirasi bobosini bog‘dagi o‘rindiqqa o‘tqazib, magazinga borib kelish uchun ketgan. Shunda otaxon pinakka ketib, boshidagi shlyapasi yerga tushgan. Yarim soatlarda nabirasi kelsa, shlyapaning ichi pulga to‘la emish.

Kezi kelganda o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqeani aytib bermoqchiman. Bozorga kirishdagi yo‘l chetida bir ayol «Bolam avariya bo‘lib kasalxonada yotibdi, dori olishim uchun o‘n ming so‘m yetmayapti, iltimos, yordam beringlar» deya o‘tgan-qaytgandan najot so‘rardi. Ayolga juda rahmim keldi. Haqiqatan ham juda muhtoj ekan deb unga aytgan pulini berdim. Oradan bir necha oy o‘tib, boshqa joyda yana shu ayolga duch keldim.

U yana o‘sha «ssenariy»ni takrorlar edi. Sekin uning oldiga bordim. «Opa, uyalmaysizmi? Nahotki, to‘rt-besh so‘m pul topaman deb o‘g‘lingizga yomonlik tilayotganingizni bilmasangiz?! Axir bobo-momolarimiz “Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin deydi” deb bekorga aytishmagan. Bu yaxshi emas, oqibatini yaxshilab o‘ylab ko‘ring», – dedim. Ayol biroz xijolat chekkandek bo‘ldi-yu, lom-mim demasdan yo‘lida davom etdi.
* * *
Bir kuni bozor darvozasiga yaqinlashganimda yo‘l chetida o‘tirgancha, chap qo‘lini oldinga cho‘zib, o‘tgan-ketgandan sadaqa so‘rayotgan qizcha e’tiborimni tortdi. O‘ng yengi muallaq turishiga qaraganda bir qo‘li yo‘q edi uning. Biror baxtsiz hodisa tufayli qo‘lidan ajralgandir degan xayolga bordim. Bechora qizaloq! Balki u oilasidagilarga og‘irim tushmasin deb tilanchilik qilayotgandir? Qizchaga yaqin borib, pul uzatdim. U pulni olar ekan, «Rahmat, amaki, umringizdan baraka toping» deya duo qilgan misol chap kaftini yuziga tortgan bo‘ldi.

Savob ishga qo‘l urganimdan mamnun edim. Shu tariqa har bozorga borganimda o‘sha joyda qizchaga ro‘baro‘ kelardim va pul berishni kanda qilmasdim. Bir kuni qizchaga yaqinlashar ekanman, hayratdan yoqa ushladim. Endi u o‘ng qo‘lini cho‘zgancha sadaqa so‘rar, chap yengi esa havoda muallaq turardi. Hayotning past-balandi, achchiq-chuchugi haqida tasavvurga ega bo‘lmagan qizchani shu taxlit riyokorlik qilishga nima undadi, kim majbur qildi ekan?

Haligi qizcha to‘rt-besh oy ko‘rinmay ketdi. Ehtimol, endi u aldov yo‘li bilan sadaqa so‘rashdan voz kechgandir degan xayolga bordim. Bir kuni o‘sha qizchani yana uchratdim. Bu safar u nogironlar aravachasida edi. Ajablanarlisi, endi uning ikki qo‘li ham sog‘, biroq ikkala oyog‘ining tizzadan pastki qismi yo‘q edi. Bo‘lgan voqeani onasi aytib berdi. Qizcha avval soppa-sog‘ bo‘lgan ekan. Onasi «Nogironlarga odamlar ko‘proq pul beradi» deb uni bir qo‘li yo‘q qiyofada sadaqa so‘rashga majbur qilarkan. Kunlardan birida qizcha avtohalokatga uchrabdi. Oyog‘idan qattiq jarohat olib, chindan ham nogiron bo‘lib qolibdi. Onasi bu gap­larni aytar ekan, ko‘zlaridan yosh to‘xtamas, qilmishidan qattiq pushaymonligi shundoq bilinib turardi.

Qadimda bir kambag‘al kishi donishmandga o‘zining nochorligidan shikoyat qilibdi. Shunda donishmand avval ikkala ko‘zi, so‘ng oyoq va qo‘llari evaziga katta pul taklif etibdi. Kambag‘al esa uning takliflariga rozi bo‘lmabdi. Shunda donishmand «Shuncha boyliklardan ham qadrli ne’matlarga ega bo‘la turib noligani uyalmaysanmi?» deb uni izza qilgan ekan.

O‘tgan yili kuzda istirohat bog‘ida yana bir ajablanarli holatga guvoh bo‘ldim. Ikki lo‘li qiz va bir bolakay sayr qilib yurgan yigit-qizlarning oldiga borib sadaqa so‘rar, pul bermagan qizlarning sumkasiga yopishib, tortqilardi. Aftidan, yigit-qizlar kursdosh bo‘lishsa kerakki, yigitlar qizlarni himoya qilish o‘rniga mazax qilar, ustidan kulishardi. Ularning harakatini biroz kuzatib turdim. Lo‘li qizlarning bu uslubi ish bermasa, yonidagi bolakay yerdan tosh olib qizlarga xezlanardi. Ushbu vaziyatdan chiqish uchun qizlar noiloj sumkasidan pul chiqarib berishga majbur bo‘lardi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Tilanchilar to‘yxona, shifoxona, avtobus, ishxona va hatto uylarga ham bemalol kirib borayapti… Xo‘sh, sadaqani tortib olishgacha borayotganlarga kim chora ko‘radi? Yurtimiz, xalqimiz sha’niga dog‘ bo‘lib tushadigan bunday illatlarga barham berishning allaqachon vaqti yetdi deb o‘ylayman. Tilanchilikni kasb qilib olganlarning bu qilmishini mahalla faollari, profilaktika inspektoridan tortib hamma bilsa-da, parvo qilmasligi ularni ana shunday uyatsizlikka o‘rgatib qo‘ygan bo‘lsa kerak.

Gohida ocharchilik va qahatchilikni ko‘rgan qariyalarning so‘zlarini eshitsangiz, bugungi dorilomon kunlarda ham tilanchilik qilayotganlardan nafratlanib ketasiz. Shukur qilishimiz kerak! Binobarin, shukur ham insonning iymon-e’tiqodidan dalolatdir. Qolaversa, shukur rizq va baraka, imkonning yanada kengayishiga sabab bo‘ladi.

Manba: Huquq.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • O‘zbekiston — Gongkong futbol uchrashuvidan so‘ng uch kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi 29 mar, 14:22 69
  • Toshkentda xavfli holat sodir etib, qarama-qarshi harakatlangan haydovchiga chora ko‘rildi 29 mar, 13:30 40
  • Sirdaryoda egizaklarini bir xonali uyga almashtirmoqchi bo‘lgan ota-onaga hukm o‘qildi 29 mar, 09:36 89
  • O‘zganing fotosuratlari ustiga haqoratli so‘zlar yozib, ijtimoiy tarmoqda tarqatgan ayol ushlandi 29 mar, 08:48 137
  • Mirziyoyev Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati raisi bilan uchrashdi 28 mar, 20:40 102
  • Qashqadaryo viloyatida sudya qo‘lga olindi 28 mar, 20:20 221
  • So'nggi yangiliklar
  • Olimlar qashshoqlik miyaning tez qarishiga sabab bo‘lishini aniqladilar 29 mar, 16:53 0
  • ISHID o‘z tarafdorlarini Isroilda hujumlar uyushtirishga chaqirdi 29 mar, 16:30 0
  • Rossiyada «Krokus»dagi terakt haqida izohlar uchun qo‘lga olishlar boshlandi 29 mar, 16:03 0
  • Xalqaro sud Isroilga majburiyat yukladi 29 mar, 15:40 0
  • Fransiya razvedkasi markaziy osiyoliklarni kuzatishni kuchaytirmoqda 29 mar, 15:15 34
  • Putinning atrofidagilar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligiga ishonmayapti 29 mar, 14:48 96
  • O‘zbekiston — Gongkong futbol uchrashuvidan so‘ng uch kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi 29 mar, 14:22 69
  • Hibsdan vaqtincha ozod etilgan Dani Alves tonggacha ziyofat uyushtirdi 29 mar, 14:01 114
  • Toshkentda xavfli holat sodir etib, qarama-qarshi harakatlangan haydovchiga chora ko‘rildi 29 mar, 13:30 40
  • Muzliklarning erishi Yerning aylanish tezligini o‘zgartirmoqda 29 mar, 13:06 153
  • Polshada Rossiya josuslik tarmog‘i ishi bo‘yicha tintuvlar o‘tkazildi 29 mar, 12:39 70
  • Samsung o‘z tarixidagi eng yaxshi selfi kamerali smartfonni namoyish etdi 29 mar, 12:12 43
  • Bo‘limlar