“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 24 2024, 12:26
ЎЗO‘Z

Hollivudni zabt etgan Toshkentlik stilist Shirinning Los-Anjelesdagi hayoti haqida (foto)

12 okt, 20:40 5 383 Hayot tarzi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Hollivudni zabt etgan Toshkentlik stilist Shirinning Los-Anjelesdagi hayoti haqida (foto) O, Hollivud, Hollivud.. Barchani o‘ziga rom etuvchi sirli olam. Oramizda hech bir kimsa yo‘qki, bir bora bo‘lsa ham o‘sha mashhur “Yulduzlar alleya”sidan o‘tishni orzu qilmagan, taniqli yulduzlarni tasodifan bo‘lsa ham hayotda uchratishni xohlamagan yoki dunyodagi eng mashhur media-studiyaning ko‘ngilochar bog‘lariga borishni istamagan!

Biroq astoydil niyat qilinsa, albatta, inson orzular amalga oshadi. Xuddi, Los-Anjelesning taniqli stilistlaridan biri Shirin G‘ulomovaning orzulari kabi. O‘zbekistonlik hamyurtimiz mana bir necha yillardan beri Amerikaning eng oldi va obro‘li hududida o‘z uslubiga ega stilist sifatida faoliyat olib bormoqda. Hozirda u ko‘plab modellar va yulduzlarning sevimli stilisti hisoblanadi.

Shirin G‘ulomova bilan yaqinroq tanishamiz: Shirin Toshkent shahrida tavallud topgan. 2005 yilda Grin karta orqali Nyu-Yorkka keladi. Biroq Amerikada yashash oilasiga yoqmaganligi sabab ikki oydan so‘ng O‘zbekistonga qaytib keladi. 18 yoshida Shirin Amerikaga qaytadi. Bu safar u Nyu-Yorkda emas, balki Los-Anjelesda yashashga qaror qiladi.

Shirin Kaliforniyaga kelganida hech bir ishi, tanishi yo‘q edi. Hattoki, ingliz tilida so‘zlashishni ham bilmasdi. Hozir esa u - mohir stilist, “Shirin Nova” go‘zallik studiyasining rahbari, ko‘plab shogirdlarning ustozi. Xo‘sh, qahramonimiz bu darajaga qanday erishdi? Muvaffaqiyatga erishish yo‘lida unga kimlar va nimalar turtki bo‘ldi? Chet elda yashashning qiyinchilik va afzalliklari nimalardan iborat? Biz bugun Shirin bilan shu va boshqa ko‘plab mavzularda suhbatlashamiz.


Hollivudning go‘zallik olamiga ilk qadam...
Toshkentda “Lazokat” go‘zallik salonida ilk bor soch turmaklashni o‘rganganman. O‘sha vaqtlar televizor orqali jahonning taniqli yulduzlari, ayniqsa, Jennifer Lopesning qo‘shiqlarini eshitganimda, “bir kun shu ayolni ko‘raman va sochlarini o‘zim turmaklayman” deb orzu qilardim. Lekin qanday qilib bu orzu amalga oshadi? Qanday qilib O‘zbekistonda bo‘la turib Amerikaga bora olaman? Bu haqida umuman o‘ylamaganman. Yoshlikda qilingan har bir niyat, albatta, ijobat bo‘ladi, deb bejiz aytishmas ekan.

Ilk bor Nyu-Yorkka kelganimda, shahar aylanayotib, katta bir salon diqqatimni tortdi. Salon oynasida ichkariga qaraganimda, men uchun shiddatli hayot xuddi to‘xtab qolgandek bo‘ldi: odamlar xursand, baxtiyor, musiqa jarangi... Shu onda ichimda eyforiya bo‘lib, o‘z-o‘zimga aynan shu sohada ishlashim kerak, shu yerda qolishim kerak, deganman.


Onajonim qarorimni qo‘llab-quvvatlagan
Men onamga o‘z maqsadlarimni aytganimda, ular meni astoydil qo‘llab-quvvatlaydilar. Aksariyat ota-onalar huquqshunoslik, shifokorlik, o‘qituvchilik kabi sohalarni muhim kasb deb bilishadi. Meni onam esa “senga nima yoqsa, shu ish bilan shug‘ullangin” deb aytganlar. Men buni hech qachon unutmayman.

O‘z studiyamni ochganimga ikki yil bo‘ldi. Unga qadar, Pol Mitchel go‘zallik maktabida tahsil oldim. Keyin ikki yil davomida Hollivudning taniqli stilistlari Frenk Galasso va Skot Barnas qo‘lida shogird bo‘lib ishladim. Ollohim meni shunchalar siyladiki, barcha niyatlarimga yetdim. Bu insonlar bilan ishlash men uchun katta maktab bo‘ldi. Shu qadar ko‘p yulduzlar bilan uchrashaman deb, hech ham o‘ylamaganman. Qanday qilib oddiy qiz bo‘la turib, bu orzu amalga oshirish mumkin, bu haqida umuman o‘ylamaganman (kuladi).

Los-Anjelesga moslashishdagi qiyinchiliklar
Bu yerda men uchun tilni bilmasligim – eng katta muammolardan biri bo‘lgan. Biroq menda bir xislat bor, menimcha bu ko‘plab o‘zbeklarga xos odat: bilmagan narsani ham bilaman deb aytamiz. Bu yaxshi odat, deb hisoblayman. Shu sababli, qiyinchilikni oson yengib, tilni yanada tez o‘rganishga muvaffaq bo‘lganman. Ikkinchi qiyinchilik – yaxshi joy va ish topish. Chunki bu yerda hammaga ham ishonib bo‘lmaydi, sizdan foydalanuvchi, aldab ketuvchi insonlar juda ko‘p.

“Amerika orzusi”dagilarga maslahatlar
O‘zimdan kelib chiqqan holda shuni aytamanki, mening orzularim qisqa va lo‘nda bo‘lgan, ya’ni yaxshi stilist bo‘lish, mashhurlikka erishish va o‘z salonimni ochish. Hayotda o‘zingiz uchun qisqa va aniq maqsadni tanlashingiz kerak. Amerika, yoki umuman boshqa bir davlatga kelishdan avval, o‘z sohangiz va yo‘nalishingizni tanlang. Ana shunda sizga qaysi yo‘ldan borish kerakligini tanlash va diqqatingizni bir yerda ushlash osonroq bo‘ladi.


Ayol kishining oilada tutgan o‘rni
Men uchun ayol kishi juda bir nozik xilqat timsolidir. Bilaman, ko‘p ayollar biznes sohasiga kirib, boshliq sifatida o‘zlarini tutishga o‘rganib qolishadi. Albatta, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, kun-u tun mehnat qilish osonmas. Lekin oilangiz bag‘riga qaytganingizda, xuddi ustingizdagi “jahldor, jiddiy, og‘ir xarakterli” kostyumingizni ko‘chaga tashlab, “nozik, nafis” libosni kiyib, uyga umuman boshqa ayol bo‘lib, haqiqiy uy bekasi sifatida kirishingiz kerak. Chunki har bir xatti-harakatingiz farzandlaringizga o‘rnak bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘ingiz esa “Ayolim shu biznesni olib borsa ham, oilada naqadar nazokatli, lobar” deya sizga boshqacha ko‘z bilan qaraydi.

Oilam haqida
Turmush o‘rtog‘im bilan haqiqiy do‘stligimiz – oilamizni mustahkam qilib turuvchi ustunlardan biridir. Biz bir-birimizdan hech nimani berkitmaymiz. Hali ham o‘zimizni ilk uchrashgan damlarimizdagidek, 18 yoshdek his etamiz. Hech qachon ulardan o‘zimdagi qaysidir xislatlarimni berkitishga urinmaganman. 4 yoshli o‘g‘lim bor. Mening ham, turmush o‘rtog‘imning ham o‘z bizneslarimiz borligi uchun dam olish kunlarini hammamiz birgalikda o‘tkazishga, sayohat qilishga, okean tomonga borishga harakat qilamiz. Turmush o‘rtog‘im bilan esa haftada bir marotaba, albatta, uchrashuvga chiqamiz. Birgalikda restoran, kino, ko‘ngilochar bog‘ga borib, suhbatlashishga harakat qilamiz.

Los-Anjelesda farzand tarbiyasi
O‘g‘lim Yusuf hozirda rus tiliga ixtisoslashgan bog‘chaga boradi. O‘g‘limni rus va o‘zbek tillarini mukammal bilishini judayam xohlayman. Uyda faqat o‘zbek tilida gaplashamiz. Yusufni nasib qilsa, Islom maktabiga beramiz. U yerda Islom dini, madaniyati haqida juda ham boy ma’lumotlarni berishadi. Arab tilida ham darslar bo‘ladi. O‘g‘lim o‘z dini, uning tarixi haqida bilishini istayman. Shuningdek, mazkur muassasa dunyoning turli davlatlarida o‘tkaziluvchi anjumanlarda faol ishtirok etadi. Bolalar esa boshqa din vakillari bilan uchrashgan holda ular bilan turli dinlar haqidagi muhokamalarda ishtirok etib, o‘z diniga sodiq qolishni o‘rganishadi.


Inson uchun zarur bo‘lgan 5 fazilat
1. Sabr. Yomon kunda ham, shu kunga pozitiv qarab, bundan-da yomon bo‘lishi mumkin edi, deb o‘zini qo‘lga olish.
2. Har doim vaziyatga butunlay boshqa tomondan qarab ham baho berish.
3. Alloh borligiga ishonish. Siz yolg‘iz emassiz. Har doim sizni qo‘llab-quvvatlaydigan, kuch beradigan Parvardigor borligini yoddan chiqarmang.
4. Hayotga ishonish. Bu hayotda keladigan har bir narsa vaqtinchalik. Agar imkon berilsa, bu narsadan darhol foydalanishga harakat qiling. Sababi, bari vaqtinchalik, bu imkon boshqa berilmasligi mumkin.
5. Shukronalik. Yaxshi kun uchun ham, yomon kun uchun ham shukur qilish!

Los-Anjelesda yashashning afzalliklari va kamchiliklari nimada?
Bu yerda qish yo‘q. Kuz, bahor yoz... Kaliforniyaning ob-havosi juda ham yoqadi. Keyin insonlarning hayotga bo‘lgan dunyoqarashi, erkinligi yoqadi. Bu yerda manmanlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish yo‘q. Shuningdek, xohlagan kasbingiz bilan shug‘ullanish imkoni mavjud.

Yomon tomoni – bu yerdagi maktablarda yoshi kattalarga hurmatda bo‘lish, o‘qituvchilarni e’zozlash, degan tushunchalar yo‘q. Yana bu yerda bir jinsli nikohga ham ruxsat etilgan. Shuning uchun bu yerda farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish juda muhim.

Aziz qizlarga chin qalbdan tavsiya ...
Hayot shunchalar qiziq va shirin. Hech qachon umidingizni uzmang. Hayotga shunday qarangki, yoshligingizda qanday niyatlar qilgan bo‘lsangiz, shu orzularni yuragingizda saqlab qoling. Sizdan buni hech kim tortib ololmaydi. Qalbingiz qanchalik pok bo‘lsa, atrofingizdagi insonlar ham shunchalik toza bo‘ladi. Siz o‘zingizni yuragingizdasiz, siz ulug‘siz, siz shirinsiz. Siz shu o‘zligingizni saqlab qolsangiz, atrofingizdagi odamlar, turmush o‘rtog‘ingiz, adajoningiz, do‘stlaringiz sizga mutlaqo boshqa ko‘zda qaray boshlashadi. To‘g‘ri, hayotda juda ham ko‘p narsani boy berishingiz mumkin. Lekin har safar uxlashdan avval, qalbingizdagi kichik umidga ishonib, uni yanada boyitsangiz, hayotingiz albatta o‘zgaradi.

Kelgusidagi niyatlarim
Kelajakda salonimni yanada kengaytirishni va shogirdlarim sonini oshirishni istayman. Shunday komyuniti (community) ochishni istaymanki, inson tashrif buyurganida soch turmaklash, pardoz, yuz parvarishlash, massaj xizmatlaridan foydalanishi va ruhan tetik bo‘lib ketsin. Shuningdek, ayollarga psixologik yordam ko‘rsatish, qanday qilib o‘z ayollik xislatlarini saqlab qolishi va o‘zini doim a’lo holatda ushlab turishini o‘rgatuvchi seminarlar o‘tkazishni istayman.

Aynan, shu kabi seminarlar, mahorat darslarini O‘zbekistondagi ayollar uchun ham o‘tishni maqsad qilganman. Yurtimizga professional darajadagi soch bo‘yash va turmaklash uslubini olib kirishni istayman.
Manba: Kun.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • Qaysi kundalik odatlar immunitet pasayishiga olib kelishini bilasizmi? 24 apr, 06:00 62
  • Parhezshunos uzoq yashash uchun muhim sirni «ochdi» 22 apr, 21:30 202
  • Xom go‘shtni nega yuvib ishlatish kerak emas? 22 apr, 14:18 314
  • Ozish uchun nonushtaning uchta oltin qoidasi 19 apr, 21:00 163
  • Xotirani yaxshilashning juda oddiy usuli topildi 18 apr, 12:22 282
  • Yulduzlar parhezi: tez ozdiradigan uchta ziravor 17 apr, 17:00 148
  • So'nggi yangiliklar
  • Toshkentda qalbaki 70 ming dollarning muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi 24 apr, 12:00 1
  • CNN: AQSHning Ukrainaga yangi harbiy yordami Yevropadagi omborlarda turibdi 24 apr, 11:33 1
  • Latviya O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha grant loyihasini boshlaydi 24 apr, 11:11 1
  • Erdo‘g‘on Isroil bosh vaziri Netanyaxuni Gitlerga qiyosladi 24 apr, 10:46 20
  • Devid Kemeron O‘zbekistonga nima maqsadda kelganini aytdi 24 apr, 10:23 61
  • Toshkentda 02 kodli avtoraqamlar taxminan qachon paydo bo‘lishi aytildi 24 apr, 10:02 33
  • Osiyo kubogi U23. O‘zbekiston chorakfinalga guruh peshqadami sifatida yo‘l oldi 24 apr, 09:37 55
  • Eshkak eshuvchilar Parij Olimpiadasiga 5 ta litsenziya qo‘lga kiritishdi 24 apr, 09:09 23
  • Rossiya mudofaa vazirining pora olgani aytilayotgan o‘rinbosari aslida kim? 24 apr, 08:40 273
  • Ogohlantirishning yangi rangli shkalasi taqdim etildi 24 apr, 08:13 24
  • Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosari hibsga olindi 24 apr, 07:50 172
  • Organizmda tromb hosil bo‘lganining 10 ta belgisi 24 apr, 07:22 168
  • Bo‘limlar