Soliq to‘lamagani uchun 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Myunxenning “Bavariya” futbol klubi sobiq prezidenti Uli Hyoness mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qamoqdan chiqishga ruxsat oldi. Bu haqda Bavariya federal eri adliya vaziri vakili ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Hyoness butun kun davomida qamoqdan tashqaridagi ish joyida bo‘lishi mumkin, biroq tunni hibsda o‘tkazishi shart. Avvalroq, “Bavariya” vakillari Hyoness klub tuzilmasida qolishi va 62 yoshli mutaxassis jamoa yoshlari bilan ishlashda davom etishini bir necha bor ta’kidlashgandi.
2014 yilning 13 mart kuni Myunxen sudi Uli Hyonessni soliqlarni to‘lamaganligi uchun 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, klubning sobiq prezidenti davlatdan 28,5 million evro miqdoridagi daromadini yashirgan.
Ayblovchi tomon Hyonessni 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan edi. Sud esa Hyonessning aybiga iqror bo‘lgani, avvallari jinoiy javobgarlikka tortilmaganini hisobga olib, jazo muddatini qisqartirgan.
Uli Hyoness 2 iyundan beri jazo muddatini Myunxen yaqinidagi Lansdberg-on-Lex shahridagi qamoqxonada o‘tkazmoqda.