“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 29 2024, 06:23
ЎЗO‘Z

Bloger minbari: Tarvuzning zarari haqida

05 dek, 11:30 5 823 Jamiyat
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Bloger minbari: Tarvuzning zarari haqida Tarvuz mazali va foydali polizmeva. Tanani rohatlantiradi, och qolganda yesangiz to‘ydiradi, ovqatdan keyin yesangiz, huzur qilasiz. Qolaversa, tanani zararli moddalardan tozalash xususiyati bor, har xil kasalliklarga davo. Tarvuz isli atirlar qimmat turadi.

Tasavvur qiling: tarvuzni suymaydigan bir kishiga amal tegdi va u ishni tarvuzni taqiqlashdan boshladi. Ishonavering, bunaqasi yuz berishi mumkin. Tarixda fransuz qiroli Genrix To‘rtinchi qovunni sudga bergan. O‘zimizning yozuvchi Said Ahmadning “O‘rik domla” deb ataluvchi mashhur hikoyasi sho‘ro davrida O‘zbekistonning “o‘rik” laqabli hokim boshqaruvchi viloyatida chop etilmagan. Chunki o‘rik repressiyada bo‘lgan-da.

Tarvuzimizga qaytaylik. Shunday qilib, eng avvalo turli-tuman gazeta-jurnallar tarvuzning zarari haqida olimlarning ilmiy maqolalarini chop eta boshlaydi. Ilmiy-ommabop maqolalar quyidagicha boshlanadi “Tarvuz mazali, biroq...”, “Dasturxonimizdagi dushman..”, “Hamma shirin narsa ham foydali bo‘lmas”, “Lazzat og‘ushidagi og‘u”.

Bu holvasi, televideniye tarvuzni qoralovchi ko‘rsatuvlarga to‘ladi. Qora fonda, o‘rgimchak to‘ri tasviri ustida oqayotgan qonday harflar bilan “Tarvuzga bandi bo‘lganlar”, “Nafs sirtmog‘ida” nomli ko‘rsatuvlar namoyish etiladi. Videoroliklar olinadi. “Men Eshonov Bohodir Kapponbozordan tarvuz olgandim, ichi selitraga to‘la chiqdi. So‘ysam ichidan sharvat emas, selitra oqib ketdi. Tarvuzdan keching, Dubayga uching”. Ovozi kishi qalbiga g‘ulg‘ula soladigan diktor amaki uzuq-yuluq qoramtir kadrlar aro hikoya qiladi: “Men Qozog‘istonga bir KamAZ tarvuz olib borgandim, u yerda meni Marat ismli kimsa kutib oldi. Tarvuzlarim achib-bijib o‘zidan zaharli gaz chiqara boshladi. Hozirda birinchi guruh nogironiman”

Imom-domlalar jamoatga keng targ‘ibot ishlarini olib borishga kirishadi. “Birodarlar! Ahli jamoat! Shu tagi-zoti betayin odamning boshini eslatadigan dumaloq ekinni tanovul qilishimiz joizmi? Shu kerakmi bizga, aytinglar. Ayrim betavfiqlar ichini teshib, spirt aralashtirib samogon, deb atalgan harom ichimlik tayyorlashyapti, axir. Shaytonning siydigiku bu, vallohi a’lam. O‘zlaringni halokatga tashlamanglar, ahli jamoa. Xarid qilish harom, xarid qilgan bilan muloqot qilish makruh!”.

Shu zaylda jamiyat tarvuz asli shirin qotilligi haqida ma’lumotga to‘yadi. Natijada, biror izdihomda tarvuzdan gap ketsa, ziyolilar “...shunaqa deysizlaru, ammo bu tarvuzning foydasidan ziyoni ko‘p...” deb gap boshlaydigan bo‘ladi. Tarvuz raddi ma’rakaga aylanadi.

Xo‘sh, turgan-bitgani zarar bo‘lgan bu narsani yosh bolaga berib, navqiron umriga bolta urishga ne hojat. Tezda bolalarni tarvuzdan asrash borasida chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur. Nafaqat, tarvuz, balki qovun, oshqovoq kabi ortiqcha polizmevalarni bolalar dasturxoniga yaqinlashtirmaslik kerak. Negaki, ular tarvuzni eslatadi. Qovun-tarvuz, deb bejizga qo‘shib aytilmaydi, axir. “Bolalarni tarvuzdan asrashning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yangi qarorda 16 yoshga yetmagan bolaga tarvuz berish, uning yashash huquqiga daxl qilish ekanligi belgilab qo‘yildi.

Falon mahallada qiyomat qo‘pibdi. E,voh, nima bo‘libdi? So‘ramang, asti, kecha Rossiyada ishlab kelgan falonchivoy yosh-yalanglarni to‘plab tarvuz so‘yib berayotganda qo‘lga tushibdi. So‘mkasida ikkita yashirib olib kelgan ekan. O‘zingiz bilasiz, Krasnodar tarvuzlari ja boshqacha bo‘ladi. Shirasini oqizib yeb o‘tirishganda shappa bosishibdi. Hademay televizorda ko‘rsatib qolishadi. Tarvuz, axir poloniydan battar ziyon narsa bo‘lsa, chegarada ushlab qolsa o‘larmikan. Essiz, yosh-yosh yigitlar...

Tarvuzning nomini ham barcha joydan o‘chirish kerak. Kitoblardan oq bo‘yoq bilan “tarvuz” yozuvi o‘chirib chiqilsin. Biologiya fanida, kulinariyada tarvuz mavzui qoldirib o‘tilsin. Ma’no buzilish ehtimoli vujudga kelsa, “ko‘k dumaloq” deb atalsin. Neft koni bilan adashtirishadi? Konning nomini o‘zgartiramiz, shuyam ishmi? Tamom, adabiyotlardan ham tarvuzning qorasi o‘chdi.

Kechagina paykal boshida tarvuzni yorib yeb yurgan odam dunyoni bir aylanib kelishi bilanoq bu holni ko‘rib hushi boshidan uchdi. Iya, bu qanaqasi bo‘ldi? Hushini yig‘ib olmasidanoq, tarvuzrang formali ikkitasi tirsagidan tutdi: - Hujjatlarni ko‘rib qo‘yaylik. – Marhamat. - Og‘zingizdan tarvuz hidi kelyapti-ku. Biz bilan mahkamaga yurishingizga to‘g‘ri keladi. Tarvuz taqiqlanganini bilsangiz kerak. – Kechirasiz, tarvuz yeganim yo‘q, tarvuz isli atir sepganman. – Ekspertiza aniqlaydi. – Qanday qilib? – Qoningizdan aniqlaydi. Shuningdek, oshqozon mikroflorasidan. Axlat va siydigingizni topshirasiz. – Men, axir tarvuz yemaganman. – Tez yuring, gapni ko‘paytirmay. Bir soat kechiksak, tarvuzning asosiy tarkibi glyuzoka qonga so‘rilib ketishi mumkin, unda tahlilchilarimiz qiynalib qolishadi.

Ketishdi. Biz ham hikoyamizni shu yerda tugatib o‘z yo‘limizga ketamiz. Davomini so‘rayapsizmi? To dorilomon zamonlar yetib kelguncha avlodlar tarvuz nimaligini bilmay o‘sadi. Bilasizmi, shunga qaramasdan tarvuz mazali va foydali ne’matligicha qoladi. Kim biladi, deysiz, ehtimol, yashirincha yeb, urug‘ini saqlab qo‘yishar.
Shukurjon Islomov

Manba: Sof.uz




Mavzuga oid yangiliklar
  • Mirziyoyev Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati raisi bilan uchrashdi 28 mar, 20:40 65
  • Qashqadaryo viloyatida sudya qo‘lga olindi 28 mar, 20:20 173
  • Jizzaxda energiya resurslaridan 7,5 milliard qarzdorliklar majburiy undirildi 28 mar, 19:31 43
  • Surxondaryoda YTHda haydovchi ayol va uning farzandlari halok bo‘ldi 28 mar, 19:08 250
  • Korrupsiya darajasi yomon va yaxshi bo‘lgan tashkilotlar e’lon qilindi 28 mar, 18:23 108
  • Toshkentda qalbaki dollarni sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi 28 mar, 17:17 40
  • So'nggi yangiliklar
  • Nikol Pashinyan: “Armaniston quvg‘indagi Tog‘li Qorabog‘ hukumatini tan olmaydi” 29 mar, 06:00 0
  • Qo‘shtepa kanali qurilishi butun Markaziy Osiyoga tahdid solmoqda 29 mar, 05:00 94
  • «Krokus»dagi terakt ishi bo‘yicha yana bir kishi ushlandi 29 mar, 00:30 306
  • Nima uchun «Krokus»da kerakli pallada xavfsizlik kuchlari yo‘q edi? 29 mar, 00:11 262
  • Zelenskiy: “Agar snaryadlar yetarli bo‘lmasa, Ukraina Rossiya hujumini qaytara olmaydi” 28 mar, 23:45 130
  • Meksikadagi matbuot anjumanida butun jamoa ishtirok etib, muxlislardan uzr so‘radi 28 mar, 23:27 107
  • Mijozlarni 1,8 mlrd dollarga aldagan kriptovalyuta birjasi asoschisi 25 yilga qamaldi 28 mar, 23:04 61
  • Futzal. O‘zbekiston ikkinchi o‘yinda Qirg‘iz Respublikasini mag‘lub etdi 28 mar, 22:56 50
  • Superliga. “Dinamo” “Metallurg” ustidan irodali g‘alabaga erishdi 28 mar, 22:51 57
  • Nima uchun olimlar ayollarga vaqti-vaqti bilan yig‘lab turishni tavsiya qiladi? 28 mar, 22:22 60
  • Kirill Budanov: “Rossiya o‘z hududida terakt tayyorlanayotganini kamida bir oy oldin bilgan” 28 mar, 21:56 234
  • Yakuni mavhum bo‘lib borayotgan Ukraina urushi: tarixiy bashorat va yechimlar 28 mar, 21:29 374
  • Bo‘limlar