“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Join!
Zamin.uz
, 11 2019, 20:15
ЎЗO‘Z

«Aytsam – o‘ldirurlar, aytmasam – o‘lam...» yoxud Karim Bahriyev 20 yil avval nima degandi?

13 noya, 20:36 2 586 Jamiyat
«Aytsam – o‘ldirurlar, aytmasam – o‘lam...» yoxud Karim Bahriyev 20 yil avval nima degandi?
Xalqimizning manaviy bisotida so‘z erkinligi haqida aytilgan hikmatlar anchagina. Ulardan turlicha xulosalar chiqarish mumkin, albatta. «Boshingga qilich kelsa ham to‘g‘risini so‘zla», - deydilar. O‘ktamlashasan. «To‘g‘ri so‘z tuqqaningga yoqmas» – deydilar. Tarvuzing qo‘ltig‘ingdan tushadi. «Elchiga o‘lim yo‘q» – deydilar. Shoir ham xalqning elchisi ekanini eslab, dadillashasan. «Egilgan boshni qilich kesmas» – deydilar. Ko‘ngling sovuydi. Albatta, egilolmaysan. Chunki ahvoling og‘ir: «Aytsam – o‘ldirurlar, aytmasam – o‘lam…» Shunday yaralgansan – eshitsalar ham, eshitmasalar ham qalbing buyurganini aytaverasan. O‘zingga xiyonat qilolmaysan.

Nasihatgo‘ylar topiladi: «Hovliqma, buni Sharq deydilar. Cho‘rtkesarlik millatimizga yot, milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi!» Darrov yodingga Romen Rollanning so‘zi tushadi: «Haqiqat hamma xalqlar uchun yagonadir, ammo har bir xalqning o‘z yolg‘onlari bor va ularni milliy mentalitet deb ataydilar». Albatta, sen «nasihatgo‘y» birodaringga to‘g‘riso‘zligi uchun dorga tortilgan, otilgan, chopilgan ajdodlaringni, dor tagida, qilich tig‘ida ham so‘zidan qaytmagan bobolaringni eslatishing mumkin.

«Milliy mentalitetimiz zulmga ko‘nikishni, vahshatning qoshida mum tishlab o‘tirishni taqozo qiladimi?!» – deya so‘rashing, «Ananalarimizni ko‘r-ko‘rona tiklash kerak bo‘lsa, shohona saroylardagi haramlarni, shahvatona bachchavozliklarni ham boshlash kerakdir», - deb kesatishing, «Dunyoga bir marta kelasan. Yuz yil avval ham dunyo bor edi, lekin sen yo‘q eding. Yuz yil keyin ham dunyo qoladi, ammo sen bo‘lmaysan. Sen kelmasingdan oldin dunyoning charxi aylanib turganiday, sen ketganingdan keyin hayot to‘xtab qolmaydi.

Sen ham insonsan, qoshida qaltirab turganing kimsadan qadr-qimmatda zarra kam emassan» – deb da’vat qilishing ham mumkin. Ammo bu hamvataning o‘z fikrida yolg‘iz emasligini, so‘z erkinligi masalasi anchayin chuqur muammoligini, kimnidir o‘z fikringga ishontirish uchun uzoq va zalvorli so‘zlash zarurligini o‘ylab, og‘ir xayollarga berilasan, fikrlaysan.

«Yashashni o‘rgansang bo‘lardi!»
«Tayoqdek to‘g‘riliging, qaysarligingdan nima ko‘rding?!»
«Ozgina qayishqoq bo‘lsang-chi…»


Shu taxlit «nasihat»larni ko‘p eshitaman. Jovdirab turgan bolalarimga, javrab turgan xotinimga qarab, xayolga tolaman. Bazan jahlim chiqadi.
Ay, birodarlar, aldab-avrab, yolg‘on-yashiq gapirib, tilyog‘lamalik qilib kun ko‘rish yashashning bir yo‘li bo‘lsa, to‘g‘rilik ham - yashashning yo‘lidir. Men – haqman, deyolmayman. Menga ergashinglar, deb esa umuman aytmadim. Ammo menga o‘zligimni tanish, o‘z bilganimcha yashash imkonini qoldiringlar.

Balkim, men aldab-avrab uch yuz yil yashagandan ko‘ra to‘g‘rilik bilan uch kun yashashni afzal bilarman. Siz o‘z bilganingizcha yashang, ammo men ham o‘z bilganimcha yashashim kerak-ku?!

«Nasihatgo‘y»lar meni o‘z jinoyatiga sherik qilayotganga, yovuzlikda hamkorlikka chorlayotganga o‘xshab tuyuladi.

Bundoq qaraganda, to‘g‘riso‘zligim – mening o‘zligimdir. Shuni bilamanki, kimdir menga tish qayrasa, shu to‘g‘riligim vajidan tish qayraydi. Ayni paytda, agar kimdir meni hurmat qilsa, ana shu to‘g‘riso‘zligim uchun hurmat qiladi. Mabodo kimdir mendan hayiqsa, to‘g‘riso‘zligimdan hayiqadi… Demak, to‘g‘riso‘zligim – mening o‘zligim, boru yo‘g‘imdir. To‘g‘riso‘zligim bo‘lmasa, mendan hech kim hayiqmaydi, meni birov ezozlamaydi, birov yomon ham ko‘rmaydi. Go‘yo men yo‘qman – ana shundan qo‘rqaman.

Yo‘q, men dilimdagini gapirayotganda, mana, endi men hurmat qozonaman yoki dushman orttiraman, degan xayolda gapirmayman. Yuqoridagi fikrlarga men hozir, qog‘oz ustida termulib o‘tirib, sokin mulohazalar surish orqali kelayotirman. Dilimdagini aytishim mening hayot tarzimga aylangan. Bo‘ldi, boshqa gapirmayman deb yurib ham, gap ochilib qolsa, lop etib gapirib yuboraman.

Yana bir istiholani aytishim kerak: «mening to‘g‘riso‘zligim» deganda faqat men to‘g‘risini bilaman, deb o‘ylamayman. Birinchidan, to‘g‘risini bugun jim o‘tirgan, qaysidir istihola, qo‘rquv yoki hisob-kitob tufayli gapirmayotgan odamlarning aksariyati ham bilishi mumkin. Ikkinchidan, hamda bu eng asosiysi – «mening to‘g‘riso‘zligim» deganda men o‘z fikrimni ochiq aytishimni nazarda tutmoqdaman, xolos. Yani, men o‘zim to‘g‘ri hisoblaydigan, o‘z etiqodim, inonchim taqozo etgan fikrni aytaman, bir gapni aytib, boshqa gapni qilib, uchinchi gapni o‘ylab o‘tirgan bo‘lmayman. Men aytayotgan fikr mening uchun to‘g‘ridir, boshqa birov uni mutloq qabul qilishi shart emas, boshqa birov bu fikr bilan bahslashishi, uni muhokama qilishi, unga qarshi fikr bildirishi mumkin va bu tabiiydir.

Men uchun to‘g‘riso‘z odam – tayoqdek to‘g‘ri, shubhasiz fikrlarni aytayotgan odam emas, balkim fikrlayotgan va malum xulosalarga kelayotgan hamda shu xulosalarini ochiq-oshkora aytayotgan odamdir.

Shuningdek, men egriso‘zli deganda noto‘g‘ri fikrni aytayotgan odamni emas, fikrining to‘g‘ri emasligini bilgani holda aytayotgan, balkim, to‘g‘risini bilsa-da, teskarisini gapirib turgan, riyokor odamni tushunaman.

Donishmandlardan biri: «Agar rost so‘zni aytish imkoni bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda, yolg‘on aytmaslik, jim o‘tirish ham hurmatga loyiqdir», - degan edi. Bu ham mulohaza qilishga arziydigan fikrdir, nazarimda.

Fikr va faktni ajratish lozim. Fikr hamisha nisbiydir, munozaralidir. Fakt lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra ham «bo‘lgan voqea, haqiqat, bor narsa» demakdir. Muayyan shart-sharoitlarda va muayyan vaqtda yuz bergan yoki yuz berayotgan qaysidir voqea, xodisa, jarayon haqida xabar beradigan axborotlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Bunday axborotlar yo haqiqatga to‘g‘ri keladi, yo kelmaydi. Agar jurnalist bo‘lmagan voqeani bo‘ldi, deb yozsa yoki aytsa, u tegishli tarzda javobgar bo‘ladi.

Fakt haqiqatga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.
Fikr esa progressiv yoki reaksion, asosli yoki asossiz, foydali yoki zararli, taraqqiyparvar yoki johilona bo‘lishi mumkin.

Voqea va xodisa to‘g‘risidagi faktik axborot haqiqatga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani jihatidan tekshirilishi mumkin. Ammo fikrlar, mulohazalar, inonchu ehtiqodlarni ifoda etuvchi axborotlar - mafkuralar, g‘oyalar, nazariyalar, konsepsiyalar, dasturlar, rejalar, taxminlar, baholar va hakozolar mohiyat etibori bilan haqqoniy yoki yolg‘on bo‘lolmaydi, ularning haqiqatga to‘g‘ri kelish-kelmasligi tekshirilishi mumkin emas. Bu fikrlar ishonchli yoki bahsli bo‘lishi mumkin.

Ammo ularni aytgani yoki yozgani uchun yozuvchi yoxud chop etgani, oshkor qilgani uchun ommaviy axborot vositasi javobgar bo‘lishi mumkin emas, zero O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborotlarni va qonun bilan cheklangan davlat siri hamda boshqa sirlarga taalluqli axborotlarni istisno qilgan holda, har kimning fikrlash, so‘z va etiqod erkinligi kafolatlangandir (29-modda), mamlakatda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi takidlangandir (12-modda).

Shundan kelib chiqib, g‘oyalar, mulohazalar, muhokamada aytilgan baholar sudning qarori bilan «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydiganligi» uchun rad etilishi mumkin emas. Ular bahs, munozara tartibida muhokama qilinishi, ularga etiroz bildirilishi mumkin, yani g‘oyalar va fikrlarga (O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida» Qonuning 27-moddasida ko‘zda tutilgan tartibda) ular tarqatilgan ommaviy axborot vositalarida javob (luqma, sharh) berilishi lozim. G‘oyalarni, hur fikrlarni bo‘g‘ish totalitar, avtoritar tuzumlarga xosdir. Demokratik tuzum esa fikrlarning, g‘oyalarning rivojlanishidan quvvatlanadi.

Agar odam o‘zi ishongan fikrini aytayotgan bo‘lsa, bu fikrning munozarali ekanidan qati nazar, bu odamni hurmat qilish kerak. Volter shuning uchun ham: “Men Sizning fikringizga qo‘shilmasman, ammo Sizda ham fikr bo‘lishi kerak va men Sizning ana shu fikringizni aytish huquqingiz uchun jon berishga tayyorman”, - degandi.

“Agar jim yursang, sen ham katta-patta bo‘lib, mashinada yurarding”, - degan gaplarni “do‘stlar”dan eshitib turaman. Bugun xotinim ham shunga o‘xshash tana qildi: “Tilingizning achchiqligidan shu kuyga tushdingiz… Odamlar rohat qilib, restoranlarda to‘y berayapti, billur idishlarda ovqat yemoqda”. Ana, xolos!

Hozirgi paytda – xalqning aksariyat qismi ochlik iskanjasiga qolgan bir zamonda oshib-toshish uyatdir. Konfutsiy: “Adolatsiz tuzumda boy bo‘lish – uyat, adolatli tuzumda – kambag‘al bo‘lish uyatdir”, - degandi. Zero, adolatli tuzumda shaxsning halol yo‘l bilan boy bo‘lishi uchun imkon bo‘ladi, halol yo‘l bilan yashash mumkin bo‘lganda och o‘tirish sog‘-salomat odam uchun uyatdir. Agar halol yashashning imkoni bo‘lmasa, boy bo‘lish uchun albatta qing‘ir yo‘llardan borish kerak bo‘lsa, xususan, kimgadir xushomad qilish, yolg‘on so‘zlash lozim bo‘lsa, bu tizim - adolatsizdir, bu yo‘l bilan boyish – sharmandalikdir.

Ko‘pchilikning o‘zi ham, qavm-qarindoshlari ham zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan bo‘lsa-da, qalbida oqsuyaklar toifasiga suqilib-sirg‘alib kirish istagi barq urib yotadi.

Albatta, men och qolayotganlarga kuyunganim tufayli o‘zim ham och qolishga harakat qilayotganim yo‘q. Och qolayotganim ham yo‘q. O‘zimdan qahramon yasashim kulgili bo‘lardi. Ammo men xalqni talayotganlar to‘dasiga qo‘shila olmayman.

Agar “jim o‘tirsam – albatta amaldor bo‘lishim”ga, yani avvalgidek “xalq deputati” bo‘lishimga, “yuqori idoralar”da ishlashimga kelsak, men 1990 yilda aynan jim o‘tirmaganim uchun deputat bo‘lgan edim, men xalqqa qayishganim uchun xalq deputati qilib saylagan edi (menga mahalliy hokimiyat tarmashib-tirmashib qo‘lidan kelgancha qarshilik qilib ko‘rgandi, o‘shanda), shuning uchun men “jim” o‘tirganimda, aniqki, umuman hokimiyat idorasiga kelmasdim, adabiyot gazetasida yozib-chizib yurgan bo‘lardim, yana ham orqaga qaytsak, men “jim” o‘tirganimda edi, umuman Toshkentga ham kelib o‘tirmas edim, Urgutda – tog‘ bag‘ridagi so‘lim qishlog‘imda “jim” o‘tiraverar edim… Men Toshkentga umummillat minbaridan elga nimadir so‘z aytish uchun kelganman. Jim o‘tirolmayman.

To‘g‘ri, rost so‘zni tinglashga toqati bo‘lmagan ayrim amaldorlar meni chetga surishga urinadi, jilla qursa, ko‘rmaslikka oladi, men ham tiqilib-surilib amaldorlarning safiga talpinmayman… Ammo fikrlashda davom etaman.

“Jim” o‘tirsam, bu qadar tilga tushmagan bo‘lardim. Balkim, “xayrixoh”lar aytayotgan gapning tagida boshqa gap bordir: “Gapirib-so‘zlab tepaga chiqib oldingiz, chiqib olgandan keyin, yuqorida turish uchun jim yurishingiz kerak edi, amaldor bo‘lib turishning boshqa yo‘li yo‘q”, - demoqchidirlar. Bu shubhasiz fohishachilikka o‘xshaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy fohishabozlikni tushunish va kechirish mumkindir, ammo siyosiy fohishabozlikni kechirish mumkin emas.

Faylasuflar: “Yolg‘onni ravon aytsang, o‘zini fosh qiladi”, - deganlar. Gap shundaki, yolg‘on fosh bo‘lmaslik uchun turli-tuman libosga burkanadi, shuning uchun yolg‘on quloqqa oson quyiladi va ko‘pchilikka xush yoqadi. Rost so‘z esa ochiq-oydin bo‘ladi, shuning uchun qattiq botadi. Ammo inson ham, insoniyat ham, millatu ummat ham rost so‘zga ko‘nikishi kerak.

Rost gapirish insonning boshqa insonlar oldidagi birinchi majburiyatidir. Hech kimning boshqa birovni aldashga haqqi yo‘q. Birovni aldash, ko‘zni lo‘q qilib, yolg‘on so‘zlash unga nisbatan hurmatsizlikdir. Umuman olganda, muayyan odamni aldaganingizni bilib qolsa, qattiq xafa bo‘ladi: “Meni aldading, bola ko‘rding, befahmga yo‘yding!” – deydi. Zero so‘zlangan yolg‘on yolg‘on so‘zlanayotgan insonga nisbatan hurmatsizlikdir. Butun bir xalqqa yolg‘on so‘zlashni aytmasa ham bo‘ladi. Bir kishiga aytilgan yolg‘on kechirilmas ekan, butun bir xalqni tinimsiz aldash mumkinmi?! Bu - nafaqat xalqqa nisbatan nopisandlik, barchani qadr-qimmatda teng qilib Yaratganning qoshida ham gunohdir. Zero, muqaddas kitoblarda aytilganiday, Alloh rost gapirganlarni sevadi.

Haqiqat baribir oshkor bo‘ladi. Kecha sho‘ro totalitarizmi davrida aytilmagan gaplar bugun aytilmoqda, oshkor etilmoqda. Bugun aytilmayotgan gaplar ertaga aytiladi. Avraam Linkoln aytganiday: “Bir hovuch muayyan odamlarni bir umr aldab yurish mumkin, butun xalqni muayyan vaqt davomida aldab yurish mumkin, ammo butun xalqni hamisha aldab yurishning iloji yo‘q”.

Yolg‘on bir kuni kelib fosh bo‘ladi, haqiqat esa fosh bo‘lish xavfidan xolidir, chunki u ochiqdir. Yolg‘on aytilgan paytida foyda keltirishi mumkin, ammo perspektivada – kelajakda baribir ayon zarar keltiradi. Haqiqat esa aytilgan payti zararli tuyulishi, aytgan odamning boshiga kaltak sindirishi mumkin, ammo istiqbolda baribir xalqqa va jamiyatga foyda keltiradi.

Yolg‘onning tagida tama yotadi, haqiqat esa tamasiz aytiladi. Zero bobolarimiz kinoya bilan: “Gapirganim uchun ko‘p pushaymon bo‘ldim, ammo gapirmaganim, jim o‘tirganim uchun hech pushaymon bo‘lmadim”, - deya istehzo qilganlar.

Yolg‘on laganbardorlikning vositasidir. Xushomad - tiz cho‘kib qilingan hujum, egilib qilingan qaroqchilik, deydilar. Bir odam ikkinchi odamni yolg‘ondan maqtar ekan, uning nimadandir tamasi bor. U nimagadir erishmoqchi, nenidir olmoqchidir.

Haqiqat bekorga aytilishi mumkin, ammo yolg‘on bekorga aytilmaydi. Xushomad qilayotgan odam maqtalayotgan odamga muhtojdir, maqtalayotgan odam esa unga muhtoj emas. Shuning uchun xushomad eng avvalo xushomad qilinayotgan odamni haqorat qiladi.

Jamiyatda munosabatlar xushomadga qurilsa, bu millat uchun jiddiy fojeadir.

“Kattaga gap qaytarma, betgachoparlik qilma!” – degan nasihatlar hali suyagi qotmagan bolaga qilinganda, ehtimol, tushunarlidir. Ammo u o‘zini tutib olgan xalqning hayot tarziga aylanmasligi kerak.

“Rost so‘zni dab-durustdan aytsang, xalq izdan chiqib ketadi. To‘polon bo‘ladi. janjal qo‘zg‘aladi…” – degan gaplar xalqqa nisbatan adolatsizlikdir. Bu, birinchidan, xalqni o‘z fikriga ega bo‘lmagan, birov bir narsa desa, ergashib ketaveradigan suyagi qotmagan, amorf bir go‘dak sifatida fahmlashdan kelib chiqadi. Ikkinchidan, buning oqibatida xalqni ozod insonlarga xos hurfikrlikdan mosuvo etish fikrlash jarayonini to‘xtatadi, yurtni orqaga, tanazzulga sudraydi. Uchinchidan, aynan rost so‘zlash, rostlik qo‘zg‘olishi mumkin bo‘lgan janjallardan saqlaydi. Zero, to‘polonu fitna rost so‘zdan emas, hamisha aynan yolg‘on so‘zlarning, makkorlik va ayyorlikning, rost so‘z aytilishi imkoni bo‘lmaganidan urchiydigan mish-mishlarning natijasida yuzaga keladi.

Bugun rost so‘z aytilmagani natijasida yashirilgan illatlar ertaga to‘planib, yig‘ilib, ulkanlashib, katta bir buhronni yuzaga keltiradiki, uning ertangi muqarrar zarbasi bugun rost so‘z aytilsa, keladigan zarbadan yuz bor, ming bora dahshatlidir. Muammolarni orqaga surib, o‘zini ovutishdan ko‘ra, ularni oshkor etish va yechishga kirishish kerak. Toshchalar yig‘ilib, bir kuni tog‘ o‘laroq el boshiga tushadi.

Endi, rostini aytganda, haqiqatdan qo‘rqaman, deya o‘zini yolg‘on bilan ovutish bir odam uchun ham uyatli bo‘lganiday, butun bir jamiyat uchun ayniqsa sharmandalidir.

To‘g‘riso‘zlik - odamning boshqa odam oldidagi, xalqi va millati olididagi burchidir.

O‘tgan asrda to‘g‘riso‘zligi uchun hukmdorlar “telba” deb elon qilgan va mahbusxonaga tashlagan faylasufga qo‘shilib aytish mumkinki, men xalqimga hech qachon yolg‘on so‘zlay olmayman, chunki uning ko‘ziga hamisha uyalmay tik qarashni istayman.

Men xalqimning kamchiliklarini fosh etaman, chunki uni kamchiliklarsiz, barqaror, komil va sobit ko‘rishni istayman.
Men xalqimni tanqid qilaman, chunki uni sevaman.
Men xalqimga rost so‘zlayman, chunki uni hurmat qilaman.
Karim BAHRIYeV
2 yanvar, 2000 yil, Toshkent

Manba: Azon.uz

“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Mavzuga oid
  • Solih do‘st 06 avg, 10:57
  • Megapalov, megaqozon va endi megalagan... 29 mar, 23:03
  • Mana buni chin muhabbat deydilar: Amerikalik yigit saratonga chalingan yoriga uylandi, qiz esa to’ydan bir necha soat o’tib vafot etdi 02 yanv, 10:15
  • Buni taqdir deydilar! Britaniyalik qiz bolalikdagi suratidan bo’lg’usi turmush o’rtog’i tasvirini topib oldi 11 dek, 23:30
  • Mana buni muhabbat deydilar! Bitta libosini 20 yil tashlab yubormay kiygan erkakning bunday qilishiga nima sabab bo’lgandi? 27 noya, 19:32
  • So'nggi yangiliklar
  • Dushmanga ham ravo ko‘rmaymiz bunday joylarda jazo muddatini o‘tashni - Artikova 11 dek, 19:43 137
  • Tadqiqot: yoshi katta tadbirkor – muvaffaqiyatli kompaniya degani 11 dek, 19:18 113
  • "El-klasiko" yana qoldirilishi mumkin 11 dek, 18:54 267
  • Xitoylik migrant AQShga kir yuvish mashinasi ichida kirishga urindi 11 dek, 18:32 227
  • «Bunyodkor» futbolchisi Ozarbayjon klubi bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi 11 dek, 18:11 285
  • Chexiyadagi otishma: Ostrava kasalxonasida besh kishi o'ldirildi 11 dek, 17:47 311
  • Qoraqalpog‘istonda saksovul o‘g‘rilari ekologiya va IIB xodimlariga hujum qildi 11 dek, 17:25 562
  • Prezident Farmoni asosida 575 nafar shaxs afv etildi 11 dek, 17:02 399
  • Minskda O‘zbekiston fuqarosining pulini o‘margan 21 yoshli qiz qo‘lga olindi 11 dek, 16:42 512
  • Vazirlar Mahkamasining vakolatlari aniq belgilandi 11 dek, 16:19 280
  • Bo‘limlar